Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272740 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 38 B


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:55:01

36-bob
Uyga kirganda salom berish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Agar uyingga kirsang, ahli baytingga salom ber, uyda hech kim bo'lmasa, "assalomu alayna va 'ala 'ibadillahis solihin", de, chunki Alloh taolo: ... deb marhamat qiladi. Bu oyat ikki amrni: agar uyda birorta odam bo'lsa, ahliga salom berishni, bo'lmasa, o'ziga salom berishni taqozo qiladi.

Said ibn Jubayr Qatodadan rivoyat qiladi. Agar uyingga kirsang, ahlingga salom ber, ular sen salom beradigan kishilarning eng haqlisi. Agar biror kishi bo'lmagan uyga kirsang, "assalamu 'alayna va 'ala 'ibadillahis solihin", de, chunki shunga buyurilgansan". Bizga zikr qilinishicha, maloikalar ularning salomiga javob qaytaradi. Ato rivoyat qiladilar: "Abu Hurayraning (roziyallohu anhu) "Bir kishi senga, kir, desa, yo'q, to kalitni keltirguningcha kirmayman, degin, deb aytganini eshitdim. Shunda men: "Kalit "assalomu alaykum"mi?" dedim. U: "Ha", dedi".

Mug'iyra ibn Shu'ba Ibrohimdan rivoyat qiladi: "Agar bir kishi uyga kelib salom bersa, shayton menga o'rnashishga joy qolmadi, deydi. Agar taomga kelsa va Alloh taoloning nomini aytsa, shayton, dam olish o'rni ham, taomlanish o'rni ham qolmadi, deydi. Ichimlik kelsa va Alloh taoloning nomini aytsa, shayton, dam oladigan, taom eydigan, ichimlik ichadigan o'rin qolmadi, deydi. Natijada omadsiz bo'lib, qochib chiqib ketadi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:58:30

37-bob
Mustahab bo'ladigan kiyimlar haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Kishi kiyinishda yaqinlariga muvofiq bo'lishi lozim. Qimmat va juda ko'rimsiz libosni kiymasligi kerak. Agar bunday qilsa, nahiyni kasb etgan va insonlarni g'iybatga solgan bo'ladi. Rivoyat qilinadiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ikki shuhratdan — narxi juda baland va juda uzun libosdan qaytarganlar.

Sha'biy aytadilar: "Ahmoq ustingdan kulmaydigan va fuqaholar ayblamaydigan kiyimni kiy".

Muhammad ibn Siyrin: "Shuhrat oldin kiyimni uzun kiyishda edi, so'ng  uni yangilashga aylandi", deydilar.

Ba'zilar libosni kalta kiyishni ixtiyor qilishdi va bunga Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) qilingan rivoyatni hujjat keltirishadilar. U zot Qanbar bilan birga bozorga chiqdilar va ikkita dag'al qo'ylak sotib oldilar, so'ng Qanbarga tanlash ixtiyorini berdilar. Qanbar bittasini tanlab oldi, unisini o'zlari kiydilar.

Ali ibn Abu Tolibga (roziyallohu anhu) bir qo'ylak olib kelishganda englaridan oshiqchasini kesib tashlashni buyurganlar. Tobe'inlardan biri rivoyat qiladi: "Umar ibn Xattobning xutba o'qiyotganini ko'rdim, ustida yettita yamoqli ko'ylak bor edi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:58:36

Umar (roziyallohu anhu) aytadilar: "Dag'al va eskirganini kiyinglar, ko'payinglar, bir bandaning o'rnini ikkita qilinglar".

Ali ibn Abu Tolib bir ko'ylak sotib oldilar va ikkala engining barmoqlaridan oshganini kesib tashladilar, so'ng xodimlariga: "Engini tikib qo'y", dedilar.

Oq rangli kiyim kiyish mustahabdir. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Alloh jannatni oq rangda yaratdi. Kiyimlarning yaxshisi oq ranglisi, sizlar uni kiyasizlar va o'liklaringni u bilan kafanlaysizlar".

Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kiyimlarning oqini kiyinglar va unga o'liklaringni kafanlanglar, chunki u kiyimlarning eng yaxshisidir", dedilar".

Ibni Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilarki: "Agar seni xayol surish va isrof adashtirmaydigan bo'lsa, haloldan xohlaganingni egin va xohlaganingni kiygin, chunki men qay bir o'rinda isrofni ko'rsam, uning yonida zoe' ketgan haqni ko'rdim".


Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:58:52

38-bob
Chiroyli bo'lib yurish haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Agar kishi muruvvatli, ilmli bo'lsa, kibrlanmasdan eng toza liboslarni kiyishi kerak. Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Libosining saraligi kishining olijanobligidandir".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Kishi ish kiyimidan tashqari yana ikkita libos qilib olishi lozim emas".

Masalda: "Kiyimi eskirmagan kishiga yangisi yo'q", deyilgan.

Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Bandaning xidi hech qachon xushbo'y bo'lmaydi, g'ami kamaymaguncha,  libosi toza bo'lmaydi, tashvishi kamaymaguncha", dedilar".

Umar (roziyallohu anhu) aytadilar: "Men kiyimi oppoq qoriga qarashni xush ko'rmayman", deganlar. Va yana: "Agar Alloh sizlarga kenglik bersa, nafslaringga sizlar ham kenglik qilinglar", deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:59:03

Omir ibn Sa'ddan rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko'radi, chiroylidir, chiroylilikni yaxshi ko'radi, saxiydir, saxiylikni yaxshi ko'radi, ulug'dir, ulug'likni yaxshi ko'radi, xushbo'ydir, xushbo'ylikni yaxshi ko'radi", dedilar".

Zayd ibn Aslam Ato ibn Yasordan rivoyat qiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o'tirgan edilar. Soch-soqoli to'zg'igan bir kishi kirib keldi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga, chiq, soch-soqolingni to'g'irla, deb ishora qildilar. U shunday qildi, so'ng qaytib kirdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bu hol shaytonga o'xshab sochi va soqoli to'zg'ib yurishidan yaxshi emasmi?" dedilar. Zayd ibn Aslam Jobir ibn Abdullohdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi: "Biz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga Anmor g'azotiga chiqdik, men bir daraxtning tagiga tushib joylashdim. To'satdan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o'tib qoldilar. Shunda men: "Ey Rasululloh, soyaga kelmaysizmi?" dedim. Tushdilar. Men to'rvamni olib, non, kulcha va bodring chiqardim va  Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oldlariga qo'ydim. Tuyalarni boqib ketgan sherigimiz bor edi. U ham keldi, ustida eskirgan ikkita libosi bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) unga qaradilar, so'ng menga yuzlanib: "Uning bu ikki libosidan boshqa libosi yo'qmi?" dedilar. Men: "To'rvasida boshqa ikkita kiyimi bor", dedim. Rasululloh: "Ularni kiysa bo'lmaydimi?" dedilar. Shunda men uni chaqirib aytdim. U kiyimlarini kiydi, so'ng burilib ketdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh uning bo'yniga ursin, unga nima bo'ldi? Bu yaxshi emasmi?" dedilar. U Nabiyning gaplarini eshitdi va: "Ey Rasululloh, Alloh yo'lida deb ayting?" dedi. Rasululloh: "Alloh yo'lida", dedilar. So'ng Alloh yo'lida o'ldirildi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:10:06

39-bob
Kiyish durust bo'lgan va durust bo'lmagan liboslar haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Erkagu ayolga hazzani – ipakdan kiyim kiyish joizdir, chunki sahobalar hazzani kiyishgan. Ba'zilar uni kiyishni makruh sanashgan. Hasan Basriy (rahimahulloh) aytadilar: "Uzilib ketguncha qamchini bo'ynimga o'rashim menga ipakni kiyishimdan yaxshiroqdir".

Lekin biz aytamizki, bu kiyimning makruhligi xossatan o'zlariga tegishli bo'lishi mumkin, chunki Hasan Basriy juda kamtar bo'lganlar. Boshqalarga harom qilmaganlar.

Haysamadan rivoyat qilinadi: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashobidan o'n uchtasini ko'rdim, ular hazzani kiyishardilar.

Ikrima aytadilar: "Ibn Abbosning (roziyallohu anhumo) hazzadan bo'lgan kiyimi bor edi".

Vahb ibn Hayson aytadilar: "Jobir ibn Abdullohning ustida hazzadan bo'lgan kiyimni ko'rdim".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:14:57

Shuningdek, Abu Hurayrada (roziyallohu anhu) ham hazza kiyim bo'lgani rivoyat qilinadi.

Erkakka harir, yaltiroq, ipak kiyish joiz emas, ayollarga mumkin. Bu hukm Anas ibn Molik Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan hadisga binoan: "Kimki bu dunyoda harir kiysa, oxiratda uni kiymaydi".

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) aytadilarki: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) chiqdilar, bir qo'llarida oltin va bir qo'llarida harir bor edi va: "Bu ikkalasi ummatimning erkaklariga harom, ayollariga halol qilindi", dedilar".

Muhammad ibn Siyrin erkagu ayolga harir kiyishni makruh sanaganlar. Hujjatlari Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Oxiratda nasibasi bo'lmagan kishi harirni kiyadi", degan hadislaridir, chunki bunda erkak va ayollar orasini ajratilmagan. Javoban aytamizki, albatta, bu xabar erkaklarga qaratildi, chunki boshqa hadisda "ayollarga halol" deb aytilgan so'z uni tafsir qiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:15:31

Jangda harirni kiyish to'g'risida ixtilof qilingan. Ba'zilar joiz emas deydi. Abu Hanifa ham shunday deganlar. Ba'zilar buni zarari yo'q, deydi. Bu Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning fikrlari.

Urushda harir kiyishni makruh deganlarning hujjati hadisdagi qaytariq ommatan kelganidir. Ikrima jangda harir va yaltiroq libos kiyishni makruh sanardilar va aytardilarki: "Ular harir kiyish sababli shahidlikni rad qildi". Hasan Basriy ham jangda harir kiyishni makruh deganlari rivoyat qilingan.

Ammo joiz deganlarning hujjati Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisdir. "U zotga: "Dushmanga yo'liqqanimizda, ularning qurollaridagi harir va yalt-yultlari ko'zimizga haybatli ko'rindi", deyishdi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): "Sizlar ham qurollaringizga harir va yaltiroq narsalarni o'ranglar", dedilar.

Qosim ibn Muhammad aytadilar: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) ashobi jangda harir va yaltiroq libos kiyishda karohiyat ko'rmasdi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:15:47

40-bob
Kiyimga belgi qo'yish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ba'zilar kiyimdagi harirdan va yaltiroq belgi (naqsh) qo'yish makruh, deyishdi. Boshqalar esa, buni muboh sanashdi. Biz shunisini olamiz. Makruh deganlar Mujohidning hadisiga asoslanishadi: Ibn Umar (roziyallohu anhumo) salla sotib olganlarida unda ipakli naqshni ko'rdilar.

Muso ibn Ubayda G'olib ibn Yasordan, u Jobir ibn Abdullohdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi: Biz sallalardagi naqshlarni kesib tashlardik".

Ibn Umar (roziyallohu anhumo) aytadilar: "Ipak aralashgan kiyimdan chetlaninglar, chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) erkaklarga ipakni harom qildilar".

Muboh deganlarning hujjati Abu Umoma Bohiliy rivoyat qilgan hadisdir: Bir qavm: "Ey Rasululloh, bizni ipak kiyishdan qaytardingiz, bizga undan qanchasi halol bo'ldi?" dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Uch barmoqchasi, ammo bunda ham yaxshilik yo'q", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:15:58

Ibn Abbos aytadilarki: "Naqshning zarari yo'q, balki kiyimdan bir navi makruh".

Ibrohim aytadilar: "Ular belgilarga ruxsat berardilar".

Suvayd ibn G'afla Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: "Bir, ikki va uch barmoq miqdoridagisining zarari yo'q". Chunki oz avf o'rnida, xuddi ozgina amal avf o'rnida bo'lganidek, xuddi namozdagi ozgina amal namozni buzmaganidek, xuddi najosatning ozginasi namozning joizligini man' qilmaganidek. Shuningdek, ro'zadorning halqumiga chang kirsa, ro'zasi buzilmaydi, chunki chang oz, bu ham shunga o'xshashdir.

Qayd etilgan