Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272879 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:28:47

46-bob
Taomlar haqida kelgan rivoyatlar


Axvas ibn Hakim otasidan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Sirka va yog' qanday yaxshi", dedilar.

Amr ibn Dinor Abu Ja'fardan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Sirkasi bo'lgan uy ahli kambag'al bo'lib qolmaydi", dedilar.

Anas ibn Molik Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) oshqovoqni yaxshi ko'rganlarini rivoyat qilganlar va aytganlarki: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oshqovoqni yaxshi ko'rishlarini bilganimdan beri men ham uni doim yaxshi ko'rdim".

Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: "Qachon anor esam, jannat suvining bir tomchisini ichgandek bo'laman".

Ali ibn Abu Tolib: "Agar anor esanglar, yumshoq joyini englar, chunki oshqozonga parda bo'ladi", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:28:58

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) haqlarida: "U zotning eng yaxshi ko'rgan mevasi tarvuz va ho'l xurmo, suyuq oshlarning eng yaxshisi oshqovoq edi", deb rivoyat qiladilar.

Talha ibn Abdulloh otasidan rivoyat qiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirdim. Qo'llarida behi bor edi. Uni menga berib: "Bu senga, u aqlni to'ldiradi", dedilar.

Vahb ibn Munabbah: "Ba'zi kitoblarda tarvuzning taom, sharob, meva, sirka rayhon (o'rnida) ekani, ovqatni hazm qilishi, taomga ishtahani ochishi, rangni tozalab, urug'ni ko'paytirishi yozilganini ko'rdim", deydilar.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Tarvuzlar to'rt xil: shirin, nordon, mazali, achchiq bo'ladi. Shirini go'shtni o'stiradi, mazalisi yog'ni ko'paytiradi, nordoni qurtlarni o'ldiradi, achchig'i bavosirni (gemorroy) kesadi", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:29:06

Faqih (rahimahulloh) aytdilar: "Kishi ahli ayolining taomi va sharobini mo'l qilishi mustahab. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo serhosil, keng uyni yaxshi ko'radi", deganlar.

Ibrohim Naxa'iy: "Solihlar saxiy kishilarni yaxshi ko'rardilar va libosda cheklanardilar", deydilar.

Umar (roziyallohu anhu): "Taom va sharob bilan uylaringizning yaxshiligini ko'paytiringlar. Ko'pincha moli ko'p kishining uyida bu yaxshiliklar kam bo'ladi", deganlar. Hasan Basriy: "Taomda isrof yo'qdir" (ya'ni, agar ahli ayoliga kenglik qilsa), deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:31:09

47-bob
Sarimsoq yeyish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytdilar: Ba'zilar sarimsoq eyishni makruh deyishdi, ba'zilar muboh. Makruh deganlar Abu Bakrning quli Qosim rivoyat qilgan hadisni olishdi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kishi mana bu sassiq sabzavotlardan esa, uning hidi og'zidan ketmagunicha bizning masjidimizga yaqinlashmasin", deganlar.

Ibn Yasordan rivoyat qilinadi. Nabiy: "Kim mana bu sassiq o'tdan esa, bizning masjidimizda bizga ozor bermasin, uyida o'tirsin", dedilar.

Yana Nabiydan ipga tizib kabobxonaga osib qo'yiladigan sarimsoq haqida so'rashganda, uni ham bo'lmaydi, dedilar. So'ng kabob faqat u bilan durust bo'ladi, deyishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Faqatgina sarimsoq bilan durust bo'ladigan taomda yaxshilik yo'q", dedilar.

Muboh deganlar Abdurahmon ibn Abu Laylo rivoyat qilgan hadisni olishadi: Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) sarimsoq solingan sho'rva hadya qilindi. Uni Abu Ayyub Ansoriyga yubordilar. Shunda Abu Ayyub: "Ey Rasululloh, siz yomon ko'rgan narsani eymanmi?" dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Men yomon ko'rdim, chunki men Jabroil bilan suhbatlashaman, u uning hidini biladi", deb aytdilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:31:16

Sufyon Abdullohdan, u Abu Yaziddan, u esa otasidan rivoyat qiladi: "Men  Abu Ayyub Ansoriy onasining uyiga tushdim. U menga Rasulullohga mana bu sabzavotlar solingan taomni berganlarida u zot (sollallohu alayhi vasallam) uni qarih ko'rganlarini va ashobiga uni eyishga ijozat berganlarini, o'zlari Jabroilga ozor berib qo'yishdan qo'rqib emaganlarini aytib berdi".

Ibn Siyrin aytadilar: "Ibn Umar sarimsoqni bir ipga tizib, qozonga tashlardi, so'ng pishganida ipi bilan ko'tarardilar". Muhammad ibn Hasan ibn Ali: "Biz Muhammad oilasi sarimsoq, piyoz va karrot erdik", deganlar.

Abu Lays: "Men uni yeyish mubohligi haqida Faqihdan so'radim. U biz, buni muboh, deymiz, dedi", deb naql qilgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:33:21

48-bob
Muruvvat haqida aytilgan so'zlar


Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kim insonlarga zulm qilmasdan, ularga yolg'on gapirmasdan, va'da berib, xilof qilmasdan muomalada bo'lsa, u muruvvati gapiriladigan kishilardan bo'ladi, adolati ko'rinadi, uni birodar tutish vojib, g'iybat qilish harom bo'ladi", dedilar.

Ibn Zayyod ulug'larning biridan: "Sizlarda muruvvat nima?" deb so'radi. U: "To'rtta xislat,— dedi. — Birinchi, kishi gunohdan uzoqlashishi lozim, chunki gunohkor bo'lsa, xor bo'ladi, muruvvati bo'lmaydi. Ikkinchi, o'zida bor molini isloh etishi, fasod qilmasligi lozim, uni fasod qilsa va boshqaning moliga muhtoj bo'lsa, uning muruvvati bo'lmaydi. Uchinchi, ahliga ular muhtoj bo'ladigan narsani hozirlab qo'yishi lozim, chunki kimning ahli ayoli insonlarga muhtoj bo'lsa, uni muruvvati bo'lmaydi. To'rtinchi, o'ziga mos keladigan taom va sharobga ahamiyat berishi va o'shandan iste'mol qilishi lozim. O'ziga mos bo'lmagan taomni tanavvul qilsa, muruvvati nuqsonli bo'ladi".

Qays ibn Sobit ibn Saidadan rivoyat qilinadi. U Qaysarning oldiga kelib turardi. Qaysar unga: "Oqilning afzali nima?" dedi. U: "Kishi o'z nafsini bilishi", deb javob qildi. "Ilmning afzali nima?" deb so'radi. "Bilmagan vaqtida tek turish", dedi. "Muruvvat nima?" deb so'radi. "Kishi yuzining suvini saqlab qolishi", dedi. "Molning afzali nima?" deb so'radi. "Haqqi ado qilingan", dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:33:45

Rabiatur Ra'y aytadilar: "Muruvvat oltita, uchtasi muqimlikda, uchtasi musofirlikda bo'ladi. Muqimlikdagisi — tilovatul Qur'on, Alloh taoloning masjidlarini obod qilish, Alloh yo'lida birodar tutinish. Musofirlikdagisi — ozuqani sarf etish, sheriklarga kam xilof qilish, Allohga osiy  bo'lmaydigan o'rinlarda hazil-mutoyiba qilish".

Ba'zi ulamolar: "Muruvvatning afzali so'zida sodiq, ahdiga vafodor bo'lish, o'zining foydasiga sarf-xarajat qilish", deyishadi.

Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: Sartaroshga mo'ylablarini qisqartirib bir dirham berdilar. Bu haqda (ya'ni, nega ko'p berganlari haqida) so'rashganda: "Torlik — ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi", dedilar. U kishi mayda chaqalar ustida gapirayotgan kishini ko'rsalar: "Alloh mayda chaqani la'natlasin, kim shuning uchun gapirsa, muruvvati bo'lmaydi. Kimning muruvvati bo'lmasa, dini ham bo'lmaydi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:34:04

Muhammad ibn Hasan aytadilar: "Uchta narsa pastkashlikdir: qon oluvchining haqqi ustida shartlashish, qon oluvchilarning oynasiga qarash, nonni o'lchab qarz olish".

Aytiladiki, yo'llarda o'tirish, muruvvatdan emas. Ba'zi hukamolardan muruvvat nimaligi so'raldi. Aytishdiki: "Ochiq eshik, ehson qilingan taom, qattiq bog'langan bel", ya'ni, insonlarning hojatini ado etish uchun.

Hasan Basriy: "To'rtta narsa kishining muruvvatidan: tilining rostgo'yligi, birodarlarining xato-kamchiliklarini kechirishi, ahli zamonining taniqli kishisiga saxovat qilishi, tanish va qo'shnilarga ozor berishdan tiyilishi", dedilar.

Umar (roziyallohu anhu): "Men qachon arablar halok bo'lishini bilaman", dedilar. "Ey amirul mo'minin, qachon halok bo'ladi?" deyishdi. "Ularni islomiy taqvosi va johiliyat saxovati bo'lmagan kishi boshqarsa", dedilar.

Roviy: "Amirul mo'minin (roziyallohu anhu) rost gapirdilar. Ularni muttaqiy Abu Bakr, Umar, Usmon, Alilar boshqarib turganida halok bo'lmadi. Johiliyat saxovati bo'lgan Muoviyaga o'xshagan kishi boshqarganida ham halok bo'lmadi. Taqvosiz va baxil Yazidga o'xshash kishilar boshqarganda halok bo'ldi", deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:34:31

Hukamolarning ba'zisi aytadi: "Komil muruvvat ikki narsada: insonlarda bo'lgan narsadan tiyilish va ulardan sodir bo'lgan narsani kechirish".

Ali o'g'li Hasanga: (roziyallohu anhumo): "Muruvvat nima?", dedilar. U: "Tiyilish, nafsga egalik qilish, qiyinchilik va farovonlikda ehson berish", deb javob qildilar. So'ng: "O'zini erga urish nima?" dedi. "Nafsining ishini himoya qilish, qarindoshlargagina nafaqa berish, qo'lidagi narsani sharaf, nafaqa qilganini talofat etgan deb bilish", dedilar.

Muruvvatning hammasi Alloh taoloning oyatida jamlangan, deyiladi.

Abdulvohid ibn Zayd aytadilar: "Din ahli bilan o'tiringlar, agar qodir bo'lmasanglar, ahli dunyoning muruvvatli kishilari bilan o'tiringlar, chunki ular majlislarida noloyiq so'zlarni (fahshni) gapirmaydilar".

Ahnaf ibn Qays: "Hasadgo'yda rohat, yolg'onchida muruvvat, baxilda do'stlik, so'zni uzun qiluvchida (tiliga erk beruvchida) vafo, xulqi yomonda rahbarlik, malollik keltiruvchida birodarlik bo'lmaydi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:36:16

49-bob
Aql xususidagi so'zlar


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): "Ilm — kishining do'sti, aql — yo'lboshchisi, halimlik — vaziri, amal — qo'mondoni, sabr — qo'shinining amiri, muloyimlik — otasi, yaxshilik — akasi", dedilar. So'ng o'g'illari Hasanga: "Ey o'g'lim, doimo ko'rib turadigan kishingni hech yengil sanama. Agar u sendan katta bo'lsa, otang hisobla, agar o'zingga o'xshash bo'lsa, aka, bil, agar kichkina bo'lsa, o'g'il bil", deb nasihat qildilar. Ba'zi hukamolar, oqil kim, deb so'ralganda: "Oshkora qilishdan hayo qiladigan ishni maxfiy holatda ham qilmaydigan kishidir", deyishdi.

Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Bu gap Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan hadisga muvofiq keladi: "Avvalgi payg'ambarlardan qolgan kalomning oxirgisi — agar hayo qilmasang, xohlaganingni qil". Ya'ni, agar hayo qilinmaydigan ish bo'lsa, bu ishni xohlaganingcha qil.

Luqmoni Hakim o'g'liga: "Ey o'g'lim, yaxshi hojatni talab qilish — ilmning yarmi, insonlarga do'stlashish — aqlning yarmi, yashashda tadbir qilish — kasbning yarmi", deganlar.

Qayd etilgan