Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272829 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:44:54

57-bob
Ichish odobi


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ichimlikni uch nafas bilan ichish mustahab. O'tirgan holatida bir nafasda yoki tik turib ichsa, ziyoni yo'q. Asarlarda buning mubohligi ham, xilofi ham kelgan. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Suvni birdan ichmanglar, tuyaning ichishiga o'xshab, ikki-ikki yoki uch-uch bo'lib ichinglar va ichayotganda Alloh taoloning nomini aytinglar, ichib bo'lsanglar, Allohga hamd aytinglar".

Qatoda Anasdan rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tik turgan holatda ichishdan qaytardilar".

Nazzol ibn Sabra aytadilar: Men Alining (roziyallohu anhu) tahoratdan qolgan suvni tik turib ichayotganlarini ko'rdim. U zot shunda: "Tikka turgan holda ichishni insonlar yomon ko'rishadi, ammo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) men qilgan ishni qilganlarini ko'rganman", dedilar.

Amr ibn Shu'ayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: "Men Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam)ni tik turgan va o'tirgan hollarida suv ichganlarini ko'rganman".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:45:02

Nofi' Ibn Umardan: "Biz tik turgan holatimizda ichar va yurgan holatimizda er edik", deganlarini rivoyat qilgan.

Ibrohim ibn Said Abu Hurayradan bu holatning xilofini rivoyat qiladi. U zot: "Agar tik turgan holda ichgan kishi o'ziga ziyonni bilganida, albatta, qayt qilib tashlardi", dedilar.

Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Agar o'tirgan holatida ichsa, bu ish chiroyliroq va ziyon-zarardan uzoqroqdir. Sha'biydan rivoyat qilinadi: "Tik turib ichish kasallik keltirishi sababli makruhdir, shuningdek: yonboshlab yeyish qorin kattalashib ketishi xavfi tufayli yomon ko'rildi, bu ishlardan ular harom bo'lgani uchun emas, balki shafqat qilib qaytarildi. Xuddi idishning og'zidan ichishdan qaytarilganidek".

Darhaqiqat, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) idishning og'zidan ichishdan qaytarganlar. "Idishning ulangan va yorilgan joyidan ichma, chunki u erda shayton o'tiradi", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:45:19

58-bob
O'ng tomonni chap tomondan afzal bilish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Agar suv ichsang va sening o'ngingda, so'lingda kishilar bo'lsa, o'ng tomoningdan boshlab uzat, chunki o'ngda fazl bor. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) har bir narsani o'ngdan boshlashni yaxshi ko'rardilar. "Agar sizlarga ikkita yo'l tursa, o'ng tomonga yuringlar", deganlar. Sahl ibn Sa'd rivoyat qiladilar: "Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) qadah keltirildi, ichdilar, o'ng tomonlarida bir yosh bola bor edi, u qavmning eng kichigi edi. Kattalar so'llarida edi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) yigitchadan: "Shayxlarga bersam maylimi?" deb so'radilar. U: "Siz tomondan kelgan nasibamni birortaga hadya qilmayman", dedi, shunda Rasululloh unga berdilar".

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadilar: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) chap tomonlarida Abu Bakr (roziyallohu anhu) va o'ng tomonlarida bir a'robiy bor edi. Ichib bo'lgach, a'robiyga berdilar. U: "Ey Rasululloh, Abu Bakrga bering, u mendan afzalrog'i", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "O'ng tomon, o'ng tomon", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:45:31

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlarini rivoyat qiladilar: "Agar oyoq kiyimingni kiysang, o'ngdan boshla, agar echsang, chapdan". Va yana aytganlar: "Birortangiz bir poy kavushda yurmasin, ikkalasini baravariga kiysin yoki echsin". Oisha (roziyallohu anho) yo'lda ketayotgan edilar, bir payt kavushlari oyoqlarini og'ritdi, echdilar va bir poyda yura boshladilar, so'ng: "Men Abu Hurayra aytgan narsaga xilof qilyapman", dedilar.

Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Agar uzrli sabab bo'lsa ziyoni yo'q, uzrsiz bo'lsa, makruhdir, ikkalasi hadisning ma'nosi shundaydir. Vallohu a'lam.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:47:32

59-bob
Manzildan chiqish va hamrohlik qilish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Kishi uydan chiqayotganda: "Bismillah, Allohga suyandim, Allohdan o'zga kuch ham, quvvat ham yo'q", deb aytishi mustahabdir. Agar u "bismillah" desa, farishta unga, hidoyat topding, dedi, agar "Allohga suyandim" desa, senga kifoya qildi, deydi, agar "Allohdan o'zga kuch ham, quvvat ham yo'q" desa, saqlanding, deydi. Uydan chiqqach, erga qarab yuriladi, hojatsiz o'ng va chapga qaralmaydi, nazar qadam qo'yiladigan joyga tashlanadi. Chunki olazarak bo'lish shahvatni paydo qiladi, oyog'i ostidagi ozorlardan g'ofil qoladi, natijada o'zi sezmagan holda musibatlanadi. Bir musulmonga yo'liqsang, yuzlangan holatda salom ber. Agar u do'sting bo'lsa, qo'l berib ko'rish va qo'lingni uning qo'lidan oldin olma, yuziga tabassum qil, chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kim buni qilsa, gunohlari kechiriladi", deganlar. Piyodalar yo'l chekkasidan, otliqlar shahar ichida bo'lsa, yo'lning o'rtasidan yuradi. Yalanglik bo'lsa, yayov kishilarga yo'lning o'rtasidan, otliq esa xohlagan tarafdan yurishi mumkin.

Agar yo'lovchining oldidan kofir yoki ayol kishi chiqsa, yo'lning o'rtasidan yurib o'tadi. Darhaqiqat, bu haqda asarlar vorid bo'lgan. Sahl ibn Abu Solih otasidan, u Abu Hurayradan rivoyat qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Agar yo'lda yahudiy va nasorolarga yo'liqsanglar, ularni yo'lning tor joyiga siqinglar", deganlar. Miqdoddan rivoyat qilingan hadisdi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Ayollarga katta yo'lda nasiba yo'q", deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:47:40

Oqil kishi insonlar o'tadigan joyda burun qoqishi, tuflashi durust emas.

Shayxlar, yaxshi kishilar bilan o'tirishi mustahab. Yoshlar, bolalar, ahmoqlar bilan o'tirish makruh, chunki bu hol kishining haybatini ketkizadi. Oxirat va o'limni ko'p eslaydigan, ularga rag'bati bor kishilar bilan o'tirish yaxshidir. Ammo dunyo ishlariga berilganlar bilan o'tirish makruh xisoblanadi, chunki ular kishining qalbini, dinini va hayotini buzadi. Agar bozorda ishing bo'lmasa, kirma, chunki unda insdan bo'lgan shayton malaylari va kiyimli bo'rilar bor, deyiladi. Kishi agar bozorga kirsa, "La ilaha ilallohu vahdahu la-sharika lah. Lakul mulku va lahul hamd. Yuhyiy va yumiyt. Va huva hayyul la-a yamut. Biyadihil xoyr va huva 'ala kulli shay'in qodiyr", deb aytishi mustahab. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) kim shu kalimani aytsa, unga bozordagi butun odamlar sonidan o'n barobar ko'p savob olishini aytganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:47:54

60-bob
Sotish va sotib olish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Kishi savdo-sotiq hukmlarida nima joiz va nima nojoizligini bilmay turib, tijorat bilan shug'ullanishi mumkin emas. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) aytadilar: "Dinda faqih bo'lmagan kishi bozorlarimizda hargiz narsa sotmasin".

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) esa: "Kimki dinda faqih bo'lishdan oldin tijorat bilan shug'ullansa, riboga botibdi, riboga botibdi, riboga botibdi", deganlar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Alloh yengil savdo- sotiqni, hukmni, talabni yengil qilgan kishini rahmat qilsin". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) yana: "Kim kambag'alga qarashsa yoki undan qiyinchilikni olib tashlasa, Alloh unga hech soya bo'lmagan kunda Arshning soyasida joy beradi", deganlar.

Muhammad ibn Samlok bozorga kirib: "Ey bozor ahli, bozorlaring kasod, savdolaring fasod, qo'shnilaring hasadgo'y, boradigan joylaring qizib turgan do'zax", derdi. Ya'ni, tojir johil bo'lsa, ribodan saqlanmasa.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:48:03

Ammo tijoratchi fiqhni o'rgansa, savdo vaqtida pok bo'lsa, u jihoddadir, chunki xabarda haloldan kasb qilish jihoddan afzal, deb rivoyat qilingan. Qatoda: "Bizga rostgo'y savdogar qiyomat kuni arshning soyasida bo'lishini aytishdi", deydilar.

Agar bir kishi biror narsani sotsa yoki sotib olsa, so'ng pushaymon bo'lsa va savdoni bekor qilishni so'rasa, unga narsasini qaytarib berish lozim, chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim afsuslanuvchining savdosini bekor qilsa, Alloh qiyomat kunida uning gunohlarini bekor qiladi", deganlar.

Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) bir kishiga ipak matoni sotdilar, so'ng sotib olgan kishi qaytib kelib savdoni bekor qilishni talab etdi, Imom rozi bo'lib, savdoni bekor qildilar. So'ng xodimlariga: "Tur, narsalarni uyga olib bor, savdo-sotiqqa hojatim yo'q edi, faqat Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) "Kim afsuslanuvchining savdosini bekor qilsa, Alloh qiyomat kunida uning gunohlarini bekor qiladi", degan so'zlariga doxil bo'lish uchun chiqqan edim. Darhaqiqat, hozir niyatimga erishdim", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:48:20

Bozordan narsa olmoqchi bo'lsang, sotuvchi sotib olishdan oldin buni tatib ko'r, desa, undan ema, chunki uning eyishga ruxsat berishi sen sotib olishing uchundir. Ko'pincha o'rtangizda savdo amalga oshmaydi, natijada bu tatib ko'rish shubhali narsani yeyish bo'lib qoladi. Lekin agar u narsasini ta'riflasa, sen u sifatlarni topmasang, ixtiyor o'zingda.

Savdogarga savdosi yurishishi uchun qasam ichishi makruhdir. Tijorat kishini farzlarni ado etishdan mashg'ul qilib qo'ymasligi kerak. Agar namoz vaqti kelsa, savdogar tijoratini tark qilishi lozim. Alloh taolo bu haqda aytadi:

"U (masjidlarda)  ertayu kech U zotni poklaydigan kishilar bordirki, ularni na tijorat va na oldi-sotdi Allohni zikr qilishdan, namozni to'kis ado etishdan va zakotni (haqdorlarga) ato etishdan mashg'ul qila olmas. Ular dillar va ko'zlar iztirobga tushib qoladigan (qiyomat) kunidan qo'rqurlar. Ular Alloh o'zlarini qilgan amallarining eng go'zallari sababli mukofotlashi va yana ularga o'z fazlu karami bilan ziyoda (savoblar ato) qilishi uchun (ertayu kech Allohni poklab ibodat qilurlar). Alloh o'zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur" (Nur, 37-38).

Odamlar oyatda vasfi kelgan kishilar haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar: "Ular tijoratni butunlay tark qilib, suffa ahli kabi doim ibodatda bo'lgan kishilardir", deyishdi. Ba'zilar: "Ular tijorat bilan shug'ullanganlarida ularning tijorati namozlarni vaqtida o'qishdan mashg'ul qilib qo'ymagan kishilardir", deb aytishdi. Hasan Basriy: "Ular tijorat bilan shug'ullanib, tijoratlari ularni Allohning zikridan va namozdan chalg'itib qo'ymagan kishilardir", deganlar.

Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Oyatning ma'nosiga ikkala firqa doxildir, vallohu a'lam.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:49:58

61-bob
Voliylarga toat qilish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ra'iyatga hokimlarga itoat qilishi vojib, modomiki ularni ma'siyatga buyurmasa. Agar ma'siyatga buyursa, itoat qilishi joiz emas, shuningdek, ularga unga qarshi chiqish ham mumkin emas, ammo zulm qilsalar, ularning zulmidan himoyalanish uchun qarshi chiqish joizdir. Biz aytamizki, hokimlarga itoat qilish Alloh taoloning:

"Ey mo'minlar, Allohga itoat qilingiz va Payg'ambarga itoat qilingiz hamda o'zlaringizdan bo'lgan (ya'ni, musulmon) hokimlarga bo'ysuningiz!" (Niso, 59), degan so'ziga binoan vojib. Ba'zi mufassirlar, o'zlaringdan bo'lgan amirlardir, dedilar. Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Quloq solinglar va itoat qilinglar, garchi sizlarga habash qul boshchilik qilsa ham", deganlar. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki amirida biror yomon narsani ko'rsa, sabr qilsin, biror kishi jamoatdan bir qarich chiqsa va o'lsa, johiliyat o'limi bilan o'ladi", dedilar. Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi. Yazid ibn Muoviyaning xalifa bo'lgani xabari u kishiga etgan vaqtda: "Yaxshi bo'lsa, rozimiz, yomon bo'lsa, sabr qilamiz", deganlar. Ba'zi sahobalar: "Agar imomlar fuqaroga adolat qilsa, fuqaroga shukr va imomlarga ajr bo'ladi. Agar jabr qilsa, fuqaroga sabr va imomlarga gunoh bo'ladi", deyishdi. Ammo  gunohga buyursalar, itoat joiz bo'lmaydi. Chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Xoliqqa osiy bo'linadigan ishda maxluqga itoat yo'q", deganlar. Nofi' Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi:, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Muslim kishi yaxshi va yomon ko'rgan narsalarida quloq solishi va toat qilishi vojib, modomiki, ma'siyatga buyurmasa, agar ma'siyatga buyursa, quloq solinmaydi va toat qilinmaydi", dedilar. Ali (roziyallohu anhu) rivoyat qildilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) qo'shin yubordilar va ularga bir kishini amir qildilar. U amir bir kuni o't yoqdi va g'azab qilib, unga kiringlar, dedi. Ba'zilar unga kirmoqchi bo'lishdi, ba'zilar o'zimiz o'tdan qochib yuribmiz, unga kirmaymiz, deyishdi. Bu voqeani Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) aytishgan edi, u zot: "Agar o'tga kirganlarida, abadiy undan chiqmas edilar". Allohga osiy bo'ladigan ishda maxluqqa itoat yo'q, balki toat ma'rifatda, yaxshilikdadir", dedilar.

Qayd etilgan