61-bob
Voliylarga toat qilish haqida
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ra'iyatga hokimlarga itoat qilishi vojib, modomiki ularni ma'siyatga buyurmasa. Agar ma'siyatga buyursa, itoat qilishi joiz emas, shuningdek, ularga unga qarshi chiqish ham mumkin emas, ammo zulm qilsalar, ularning zulmidan himoyalanish uchun qarshi chiqish joizdir. Biz aytamizki, hokimlarga itoat qilish Alloh taoloning:
"Ey mo'minlar, Allohga itoat qilingiz va Payg'ambarga itoat qilingiz hamda o'zlaringizdan bo'lgan (ya'ni, musulmon) hokimlarga bo'ysuningiz!" (Niso, 59), degan so'ziga binoan vojib. Ba'zi mufassirlar, o'zlaringdan bo'lgan amirlardir, dedilar. Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Quloq solinglar va itoat qilinglar, garchi sizlarga habash qul boshchilik qilsa ham", deganlar. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki amirida biror yomon narsani ko'rsa, sabr qilsin, biror kishi jamoatdan bir qarich chiqsa va o'lsa, johiliyat o'limi bilan o'ladi", dedilar. Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi. Yazid ibn Muoviyaning xalifa bo'lgani xabari u kishiga etgan vaqtda: "Yaxshi bo'lsa, rozimiz, yomon bo'lsa, sabr qilamiz", deganlar. Ba'zi sahobalar: "Agar imomlar fuqaroga adolat qilsa, fuqaroga shukr va imomlarga ajr bo'ladi. Agar jabr qilsa, fuqaroga sabr va imomlarga gunoh bo'ladi", deyishdi. Ammo gunohga buyursalar, itoat joiz bo'lmaydi. Chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Xoliqqa osiy bo'linadigan ishda maxluqga itoat yo'q", deganlar. Nofi' Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi:, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Muslim kishi yaxshi va yomon ko'rgan narsalarida quloq solishi va toat qilishi vojib, modomiki, ma'siyatga buyurmasa, agar ma'siyatga buyursa, quloq solinmaydi va toat qilinmaydi", dedilar. Ali (roziyallohu anhu) rivoyat qildilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) qo'shin yubordilar va ularga bir kishini amir qildilar. U amir bir kuni o't yoqdi va g'azab qilib, unga kiringlar, dedi. Ba'zilar unga kirmoqchi bo'lishdi, ba'zilar o'zimiz o'tdan qochib yuribmiz, unga kirmaymiz, deyishdi. Bu voqeani Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) aytishgan edi, u zot: "Agar o'tga kirganlarida, abadiy undan chiqmas edilar". Allohga osiy bo'ladigan ishda maxluqqa itoat yo'q, balki toat ma'rifatda, yaxshilikdadir", dedilar.