65-bob
Yumshoq bo'lish haqida
Faqih aytadilar: Musulmon kishiga har bir narsada yumshoq va o'zini xorlamaydigan darajada tavoze'li bo'lish loyiqdir. Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Qaysi bir narsaga rifq — muloyimlik kirsa, uni bezaydi, qaysi bir narsaga qo'pollik kirsa, uni obro'sizlantiradi", dedilar. Mujohid rivoyat qiladi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Agar insonlar rifqning yaratilishiga qarasalar, undan yaxshiroq maxluqni ko'rmaydilar va agar qo'pollikning yaratilishiga nazar solsalar, undan xunukroq maxluqni ko'rmaydilar", dedilar". Urva Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: "Bir kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) kirishga ruxsat so'radi. Rasululloh: "Unga ruxsat beringlar, Ibn Ashira qanday yomon" (yoki Ashira qanday yomon odam yoki Ashiraning akasi qanday yomon), dedilar. U kirganda esa unga yumshoq so'z aytdilar. Shunda men: "Ey Rasululloh, siz u haqda unday degan edingiz so'ng yumshoq so'z aytdingiz", dedim. Rasululloh: "Albatta insonlarning Qiyomat kunida yomon manzilda turadigani insonlar uning yomonligidan qo'rqqib hurmat qilishgan kishi", dedilar. Abu Dardo: "Biz ba'zi bir qavmlarning yuziga xo'mrayib qaramaymiz, vaholanki, qalblarimiz ularni la'natlab turadi", deganlar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kam-ko'stsiz tavoze' qilgan, to'plagan molini savob ishga nafaqa etgan, miskin va bechoralarga mehribon bo'lgan, hakim va faqihlar bilan muloqotda bo'lgan kishiga xushxabar bo'lsin", deganlar.
Hishom ibn Urva otasidan, u Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: "Bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bilan xusumatlashganda: " U xusumat qilyapti. Alloh bizga kifoya qiladi va U naqadar yaxshi vakildir", dedilar". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo bandasini ojizligi uchun malomat qiladi. Ojizligingni tan olib, Alloh menga kifoya. U qanday yaxshi vakildir", degin", deb aytganlar.
Luqmoni Hakim o'g'liga: "Ey o'g'lim, achchiq bo'lmaginki, sotilasan, shirin bo'lmaginki, yutilasan", dedi.