Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 273055 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:50:23

Abdulloh ibn Ma'sud: "Alloh azza va jalla bu dinni fojir kishi bilan  ham quvvatlaydi", dedilar. Huzayfa ibn Yamon aytadilar: "Alloh sizlarga azob beruvchi amirlarni, albatta, yuboradi. Qiyomat kunida Alloh taolo ularni do'zaxda azoblaydi". Muso ibn Ubayda Ayyub ibn Xoliddan rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Yaqinda sizlarga mendan so'ng amirlar kelib, o'zlari yomon ko'radigan narsani qiladilar va o'zlari qilmaydigan narsalarni sizlarga buyuradilar, sizlar uchun ularga itoat yo'q", dedilar".

Zubayr ibn Adiydan rivoyat qilinadi: "Anas ibn Moliknikiga bordik, unga  Hajjojning qilganlarini aytib shikoyat qildik, u kishi: "Sabr qilinglar, chunki bir zamonning ortidan faqat undan yomonrog'i keladi", men buni Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) eshitganman", - dedilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:50:46

62-bob
Amirlardan (hadya) olish haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Insonlar sultonlardan mukofot olish haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar: "Uni olish joiz, modomiki uni haromdan olganini bilmasa", deyishdi. Ba'zilar: "Yo'q, joiz bo'lmaydi", deb aytishdi. Joiz deganlar Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilingan hadisni olishadi: "Sultonga, albatta, halol va harom etadi, nimaniki senga bersa uni ol, u senga haloldan beradi". Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kimgaki so'ramasidan oldin biror narsa berilsa, uni olsin, bu Alloh taolo uni rizqlantirgan rizqdir", dedilar.

A'mash Ibrohim Naxa'iyning: "Amirlardan biror narsani olishda zarar yo'q", degan fikrda bo'lganlarini rivoyat qilganlar.

Habib ibn Abu Sobitdan rivoyat qilinadi: "Muxtor ibn Ubaydan Ibn Umar va Ibn Abbosga hadyalar kelar va ular qabul qilar edilar".

Hasan Basriy ham  amirlarning hadyalarini qabul qilganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:50:54

Muhammad ibn Hasan Abu Hanifadan, u kishi esa (ustozlari) Hammoddan rivoyat qiladilarki, Ibrohim Naxa'iy Xulvonda (Misrdagi mavze') ishboshi bo'lib turgan Zuhayr ibn Abdulloh Azudiydan mukofot talab qilar, o'zlari ham, Hamadoniy ham olar edilar.

Muhammad aytadilar: "Modomiki ayni haromligi haqida biror narsa bilmas ekanmiz, yuqoridagi hukmni olamiz". Bu gap Abu Hanifaning fikrlari hamdir.

Ammo amirlar hadyasini makruh degan kishilar Habib ibn Sobit rivoyat qilgan xabarga amal qilishgan: "Bir amir Abu Zarr G'iforiyga hadya yuborganda, u zot: "Hamma musulmonlarga shunday hadya yuborildimi?", deb so'radilar. "Yo'q", degan javobni eshitib Abu Zarr ushbu oyatni o'qidilar:

"Yo'q, (hech qanday to'lov uni azobdan qutqara olmas!) Albatta, (kofirlar tashlanadigan do'zax o'z harorati bilan bosh terilarini sidirib olguvchi bo'lgan) bir olovdir!" (Maorij, 15-16).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:51:02

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) masjid devorining ustida uxlab yotgan Abu Zarr G'ifforiyning oldidan o'tib ketayotib, qullariga: "Ushbu dinorlarni olib, to bu kishi uyg'ongungacha kutib tur, so'ng dinorlarni unga ber. Olsa, ozodsan", dedilar.

Qul Abu Zarr uyg'onganlarida pulni berdi, ammo u zot qabul qilmadilar. Qul dedi: "Olsangiz-chi, bu ishda ozodligim masalasi bor". Abu Zarr: "Ularni olmasman, chunki bu ishda mening qullikka tushib qolishim xavfi bor", dedilar.

Abu Voilning quyidagi so'zlari rivoyat qilinadi: "Tijoratdan kelgan birgina dirham, menga hadya qilingan o'n dirhamdan yaxshiroqdir".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:51:33

Abdul Mur'im ibn Idris otasidan, u esa Vahb ibn Munabbahdan rivoyat qiladi: "Abu Dardoning oldiga bir kishi kelib: "Ey Abu Dardo, falon kishi meni so'kdi, zulm qildi", dedi. Abu Dardo unga: "Agar rost gapirayotgan bo'lsang, yaqin kunlarda Alloh uni azoblaydi", dedilar. Bir necha kun o'tmasdan o'sha zolim amirdan o'n ming  dirham hadya oldi. Abu Dardo unga: "Ey birodar, rost aytgan ekansan, Alloh unga uqubat etkazdi", dedilar. "Ey Abu Dardo, bu ham uqubatmi?", deb so'radi. Allohga qasamki, agar orqasiga o'ng ming qamchi urilganda o'ng ming dirham olganidan yaxshiroq bo'lardi", deb javob berdilar u zot.

Faqih aytadilar: Sovg'ani qabul qilish bizning nazdimizda ikki xil bo'ladi.

1. Amirning boyligi pora va haromdan iborat bo'lsa, sovg'ani olish joiz emas. Faqat yuborilgan sovganing halol moldan ekani bilinsa, olish mumkin.

2. Boyligining aksari meros yoki tijoratdan orttirilgan bo'lsa, sovg'a olishning zarari yo'q. Faqat yuborilgan sovg'aning harom yoki shubhali ekani bilinsa, olish joiz emas. Umuman, har qanday holatda olmaslik afzal.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:53:06

63-bob
Birovning uyi ichiga qarashdan qaytarish haqida


Faqih aytadilar (Alloh rahmat qilsin): Biror kishi boshqaning uyiga ruxsatsiz qarashi joiz emas. Kim qarasa gunohkor bo'ladi. Qaragan kishining ko'zini uy egasi o'yib olsa, ba'zi faqihlarning fikricha, aslo javobgar bo'lmaydi. Boshqalarning fikricha esa, uy egasi javobgar bo'ladi. Shu hukmni olamiz. "Javobgar bo'lmaydi" degan faqihlar Ibn Shihob Sahl ibn Sa'd So'idiydan rivoyat qilgan hadisga tayanishgan: Bir kishi Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) uylariga kelib qoldi. Rasululloh sochlarini tarab turardilar. U kishini Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ko'rib: "Agar menga qarab turganingni bilganimda, taroqni ko'zingga tiqib olardim. Chunki ruxsat so'rash nazardan saqlanish uchun joriy qilindi", dedilar.

Abu Zannod A'rajdan, u Abu Hurayradan rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Agar biror kishi senga beruxsat  qarasa, uni ko'zini o'yib olsang ham, senga gunoh bo'lmaydi".

"Javobgar bo'ladi" degan kishilar ushbu oyati karimalarga suyanishgan:

"Hurmatlar (buzilsa, rioya qilinmasa) qasos (olinadi). Bas, kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham ularga tajovuzlari muqobilida tajovuz qiling! Va Allohdan qo'rqingiz! Bilinglarki, Alloh o'zidan qo'rquvchilar bilan birgadir" (Baqara, 194);

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:53:28

"(Ey mo'minlar), agar sizlar (o'zingizga etgan biron ziyon-zahmat uchun) intiqom olmoqchi bo'lsangizlar, u holda faqat sizlarga etkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz. (Ammo) agar (intiqom olmay) sabr-toqat qilsangizlar, albatta sabr qilguvchi kishilar uchun (bu ish intiqom olmoqdan) yaxshiroqdir" (Nahl, 126).

Demak, hadis oyatning hukmiga zid, bunday holatda hadisga amal qilinmaydi. Ehtimol, yuqoridagi oyatlar nozil bo'lishidan oldin hadis mansux bo'lgandir yoxud va'id uchun bo'lib, vujubga dalolat qilmas. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bir gapni aytsalar boshqa ma'noni qasd qilar edilar. Masalan, Abbos ibn Mardos Salmiy u kishini maqtaganda Bilolga qarata: "Tur-da, tilini kesib tashla", dedilar. Bu gaplari bilan kesishni emas, balki biror narsa berishni iroda qilganlar.

Shunga o'xshab hadisdagi ko'zni o'yishdan murod, birovning uyiga bundan keyin beruxsat qaramaslik iroda qilingan bo'lishi mumkin. To'g'risini Alloh bilguvchiroqdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:54:04

64-bob
Tuhmatga tushib qolishdan qaytarish haqida


Faqih deydilar: Kishi o'zini tuhmatga tushirib qo'yishi to'g'ri emas. (Shuning uchun) tuhmatchilar bilan o'tirmasin, ularga aralashmasin. Chunki o'zi ham tuhmatchiga aylanib qoladi. Alloh taolo marhamat qiladiki:

"Axir Alloh sizlarga Kitobda: "Qachonki Allohning oyatlari inkor etilayotganini va masxara qilinayotganini eshitsangizlar, to boshqa gapga o'tmagunlaricha unday kimsalar bilan birga o'tirmanglar", degan so'zlarni nozil qilgan edi-ku?! (Modomiki, ular bilan o'tirgan ekansiz) demak, sizlar ham shak-shubhasiz ularning o'zisiz. Albatta, Alloh barcha munofiq va kofirlarni jahannamga jamlaguvchidir" (Niso, 140).

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki biror qavmga o'xshashga harakat qilsa, o'sha qavmdan bo'lib qoladi", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:54:12

Luqmoni Hakimdan rivoyat qilinadi: "Yomon kishi bilan do'st bo'lgan kishi salomat bo'lmas, noloyiq ishlarga kirishgan kishi tuhmatga qolur, tiliga egalik qilolmagan kishi pushaymon bo'lur". Shunga o'xshash ma'no Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) ham rivoyat qilingan.

Ibn Shihob Ali ibn Husayndan rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oldlariga ammalari Safiyya kelganlarida masjidda o'tirgan edilar. Birga qaytishayotganlarida ansorlardan ikki kishini uchratdilar. Rasululloh  ularga: "Bu ayol ammam Safiyya bo'ladi", dedilar. Ikki ansor birdaniga: "Subhonalloh", deb yuborishdi. Shunda Rasululloh: "Shayton odam bolasining qon yo'llarida yuradi, yomon gumon qilib halokatga tushib qolishingizdan qo'rqdim", dedilar.

Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) quyidagi hadis ham rivoyat qilingan: "Kimki Allohga va qiyomat kuniga ishonsa, tuhmat paydo bo'ladigan o'rinlarga tushib o'zini fitnaga solmasin".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 06:54:33

65-bob
Yumshoq bo'lish haqida


Faqih aytadilar: Musulmon kishiga har bir narsada yumshoq va o'zini xorlamaydigan darajada tavoze'li bo'lish loyiqdir. Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Qaysi bir narsaga rifq — muloyimlik kirsa, uni bezaydi, qaysi bir narsaga qo'pollik kirsa, uni obro'sizlantiradi", dedilar. Mujohid rivoyat qiladi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Agar insonlar rifqning yaratilishiga qarasalar, undan yaxshiroq maxluqni ko'rmaydilar va agar qo'pollikning yaratilishiga nazar solsalar, undan xunukroq maxluqni ko'rmaydilar", dedilar". Urva Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: "Bir kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) kirishga ruxsat so'radi. Rasululloh: "Unga ruxsat beringlar, Ibn Ashira qanday yomon" (yoki Ashira qanday yomon odam yoki Ashiraning akasi qanday yomon), dedilar. U kirganda esa unga yumshoq so'z aytdilar. Shunda men: "Ey Rasululloh, siz u haqda unday degan edingiz so'ng yumshoq so'z aytdingiz", dedim. Rasululloh: "Albatta insonlarning Qiyomat kunida yomon manzilda turadigani insonlar uning yomonligidan qo'rqqib hurmat qilishgan kishi", dedilar. Abu Dardo: "Biz ba'zi bir qavmlarning yuziga xo'mrayib qaramaymiz, vaholanki, qalblarimiz ularni la'natlab turadi", deganlar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kam-ko'stsiz tavoze' qilgan, to'plagan molini savob ishga nafaqa etgan, miskin va bechoralarga mehribon bo'lgan, hakim va faqihlar bilan muloqotda bo'lgan kishiga xushxabar bo'lsin", deganlar.

Hishom ibn Urva otasidan, u Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: "Bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bilan xusumatlashganda: " U xusumat qilyapti. Alloh bizga kifoya qiladi va U naqadar yaxshi vakildir", dedilar". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo bandasini ojizligi uchun malomat qiladi. Ojizligingni tan olib, Alloh menga kifoya. U qanday yaxshi vakildir", degin", deb aytganlar.

Luqmoni Hakim o'g'liga: "Ey o'g'lim, achchiq bo'lmaginki, sotilasan, shirin bo'lmaginki, yutilasan", dedi.

Qayd etilgan