69-bob
Gapning me'yori haqida
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Aqlli kishining gaplari o'lchovli, o'rnida ishlatilgan bo'ladi. Oqil behuda gap gapirmaydi, ask holda, foydali gaplari ham yo'qoladi. So'ralmagan narsaga javob bermaydi, chunki bu ishda yengil tabiatlilik, aqli kamlik va nodonlik belgisi bor. Oqil kishi besabab g'azab qilishi loyiq emas. Kishining hayvonlarni urib-so'kishi johilligiga belgidir, deyiladi. Chunki hayvonlar aqlsiz, xitobni bilmaydi. Shuning uchun ularni urib-so'kish to'la johillikdir.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir kishi shamolni la'natlayotganini eshitib: "Kimda kim bir narsani la'natlasa-yu, o'sha narsa la'natga loyiq bo'lmasa, la'nat o'ziga qaytadi", deganlar.
Abul Malih otasidan rivoyat qiladi: "Rasululloh sahobalardan birini mingashtirib olgan edilar. To'satdan ot qoqilib ketdi, shunda haligi kishi: "Badbaxt shayton", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Badbaxt shayton desang, shayton kattalashib, uyga sig'may ketadi. Lekin "Bismillah" desang, u pashshadek maydalashib qoladi", dedilar".
Sammok ibn Harb Abu Lifofa Adaviydan rivoyat qiladi: "Bokira joriya oldim va Madinaga kirdim, so'ng uni sotishni xohladim. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) oldimdan o'tdilar va: "Ey a'robiy, bu qizni sotasanmi?, deb so'radilar. "Ha, ey Rasulullohning xalifasi", dedim. "Qanchaga sotasan?", dedilar. "Bir yuz elikka", dedim. "Yuzga sotmaysanmi", degan edilar. "Yo'q, Alloh sizga ofiyat bersin", dedim. U zot: "Yo'q, Alloh sizga ofiyat bersin", dema, balki "Yo'q, va Alloh sizga ofiyat bersin", degin, dedilar". Abu Bakr Siddiq bu erda kalomning haddini o'rgatyaptilar, ya'ni, "Yo'q, Alloh sizga ofiyat bersin", deyishda duoni ofiyatni inkor qilishga o'xshash ma'no chiqib qoladi.