Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272747 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:11:43

Abdulloh ibn Mas'ud bu savolga quyidagicha javob berganlar: "Xohlasang azl qil, xohlasang qo'shil".

Abu Said Xudriy Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) azl haqida so'rashganda, shularga o'xshash javob berganlarini rivoyat qilganlar.

Ibn Umardan yuqoridagi oyat haqida so'rashganda: "Xohlaganingizni qiling", deb tushuntirganlar.

Ato Jobirdan rivoyat qiladilar: "Biz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) davrlarida, Qur'on nozil bo'lib turgan vaqtda azl qilar edik, lekin azldan man' qiluvchi oyat tushmadi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:12:03

75-bob
O'lik yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanishi haqida


Faqih aytadilar: Odamlar o'lik yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanishi haqida bahs qilishdi. Ba'zilar, azoblanadi deb, quyidagi hadisning zohir ma'nosini dalil qilishdi. Ibn Umar va Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Mayyit yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanadi", dedilar. Ahli ilmning ko'pchiligi esa, mayyit yaqinlarining yig'lashidan azoblanmaydi, chunki Alloh taolo:

"(Qiyomat kunida) hech bir ko'targuvchi (ya'ni, gunohkor jon) o'zga jonning yukini (ya'ni, gunohini) ko'tarmas" (Fotir, 18), deb marhamat qilgan, deyishadi.

Qosim ibn Muhammad aytadilarki: "Oishadan (roziyallohu anho) yuqoridagi hadis haqida so'rashganda: "Sizlar ibn Umar va ibn Abbosdan hadis rivoyat qilyapsizlar. Ular yolg'onchi, kazzob emaslar. Lekin eshitishda xato bo'lishi mumkin", deb javob berdilar".

Hadis quyidagi ta'vilga ega: o'sha paytlarda bir inson o'lishidan oldin unga baqirib yig'lashlarini ahliga buyurib ketar edi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Mayyit yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanadi", dedilar, chunki mayyit gunoh ishni vasiyat qilgandir. Boshqa ta'vili: Bir yahudiyning qabri ustida qarindoshlari yig'lab turganlarida, Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) o'tib qoldilar va: "Ular mayyitga yig'lashyapti, u esa qabrida azoblanmoqda", dedilar. Roviy yig'ilari sababli azoblanyapti, deb o'ylagan. Bu hadis Urva Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilgan hadisga o'xshaydi. Ibn Umarning hadisini aytishganda, Oisha (roziyallohu anho): "Abu Abdurrahmon unutib qoldirgan, aslida, "Mayyitning qarindoshlari uning uchun yig'lashadi, mayyit esa, gunohlari tufayli azoblanadi", bo'lgan",  deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:13:32

76-bob
Mayyit uchun yig'lash haqida


Faqih aytadilar: Baqirib yig'lash harom, ovozsiz yig'lashning zarari yo'q, sabr qilish esa eng afzaldir. Chunki Alloh taolo:

"Hech shak-shubha yo'qki, sabr-toqat qilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to'la-to'kis qilib berilur" (Zumar, 10), deb marhamat qilgan. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Baqirib yig'lovchi ayol va uning atrofidagi eshitib turuvchilarga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo'lsin", deganlar.

Hasan ibn Hasan o'lganida xotini Fotima binti Husayn bir yil uning qabri ustida e'tikof o'tirgan ekan. Bir yil o'tgach, chodirini ko'tarishganda, bir tarafdan: "Yo'qotgan narsangizni topdingizmi?" degan ikkinchi tarafdan: "Balki noumid bo'lib ketdilar", degan xitobni eshitishibdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:13:41

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) o'g'illari Ibrohim o'lganida, ikki ko'zlaridan yosh oqdi. Abdurrahmon ibn Avf: "Ey Rasululloh, bizni yig'lashdan qaytarmaganmidingiz?" dedilar. Shunda u zot aytdilar: "Men sizlarni ikki ahmoqona buzuq ovozdan qaytargan edim, nag'maning ovozidan, chunki u o'yin, bekorchilik va shaytonning cholg'usi, yana yuzni yulib, yoqa yirtib yig'lash, u esa  shaytonning nolishidir. Lekin bu yig'i Alloh taolo rahmdillarning qalbiga solgan rahmatdir". Keyin qo'shib qo'ydilar: "Qalb qayg'uradi, ko'z yig'laydi, ammo Allohning g'azabini keltiradigan so'z aytmaymiz".

Vahb ibn Kayson Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: "Umar (roziyallohu anhu) o'lik ustida yig'layotgan bir ayolni ko'rib qaytargan edilar, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Abu Hafs (Umar), qo'y uni, ko'z yig'lovchi, jon musibatlanuvchi va zamon yangilanib turuvchidir",  dedilar".

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) Bani Abdul Ashhal (qavmining) yaqinidan o'tib ketayotganlarida, ular Uxud g'azotida o'lgan jangchilarga yig'lashayotgan edi. "Hamma shahidning yig'lovchisi bor, lekin Hamza uchun biror yig'lovchi yo'q", dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam).  Bu gapni eshitgan ayollar Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) eshiklariga kelib Hamzani eslab yig'lay boshlashdi. Rasulullohning ham hujralaridan yig'ilari eshitilib turardi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:14:09

77-bob
Fazilat va sharaf ahlini hurmat qilish haqida


Faqih  aytadilar: Fazilat ahlini haddidan oshirmasdan hurmat qilish mustahabdir. Biror kishini boyligidan umid qilib, boy bo'lgani uchun hurmat qilish joiz emas. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki boyga boyligi uchun tavoze' qilsa, dinining uchdan ikki qismi ketadi. Lekin fazilat ahli fozilligi va ulug'ligi uchun hurmat qilinadi", deganlar.

Hishom ibn Hason Hasan Basriydan rivoyat qiladilar. "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) sahobalari bilan o'tirgan edilar. Ali ibn Abu Tolib kirib keldilar. U kishiga o'tirishga bo'sh joy yo'qligini ko'rgan Abu Bakr (roziyallohu anhu) o'rinlarini bo'shatib: "Ey Abu Hasan, bu yoqqa o'tiring", dedilar. Abu Bakrning qilgan ishlaridan xursand bo'lgan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Fazilat ahli fazilat ahli bilan ulug'dir. Fazilat ahlining fazlini faqat fazilat ahllari biladi", dedilar".

Sufyon ibn Uyayna dedilar: "Kimki birodarlikni xorlasa, odamgarchiligi ketadi, kimki sultonni xorlasa, dunyosidan benasib bo'ladi, kimki solihlarni xorlasa, oxiratidan benasib qoladi".

Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Obro'li kishilarning xatolarini, agar Allohning shariati chegarasida bo'lsa, kechiringlar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:14:19

Bir gado Oisha onamizning (roziyallohu anho) uylari oldidan o'tib borar edi. Unga bir burda non berishni buyurdilar. Keyin bir obro'li odam o'tganida, uni dasturxonga taklif qildilar. Sababini so'rashganda: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bizga odamlarning obro'larini joyiga qo'yishimizni buyurganlar", dedilar.

Toriq ibn Abdurrahmon hikoya qiladilar: "Sha'biy bilan o'tirgan edim, Bilol ibn Jariy kelib qoldi. Sha'biy unga ko'rpacha to'shadi-da: "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Agar oldingizga bir qavmning boshlig'i kelsa, uni hurmat qilingiz", deganlar", dedi".

Hurmat va muhabbatda haddan oshish yaxshi ish emas. Chunki har qanday ishning haddan oshishida ofat xavfi bor. Hazrat Ali ushbu hadisni aytadilar: "Do'stingni engilroq yaxshi ko'rgilki, bir kun kelib dushman bo'lib qolishi mumkin, dushmaningga ham engilroq dushmanlik qilgilki, ehtimol bir kun kelib, senga do'st bo'lib qolar".

Nasroniylar Iso alayhissalomni haddan ortiq yaxshi ko'rganlaridan u zotni xudo deb sig'inishdi, yahudiylar ham Uzayrni ortiq sevib, xudo darajasiga ko'tarishdi. Rofiziylar Alini (roziyallohu anhu) qattiq yaxshi ko'rib, u kishidan o'zgalarni dushman ko'rishdi.

Demak, aqlli kishi fazilat ahllarini yaxshi ko'rib, ularning haqqiga o'z haddida rioya qilishi lozimdir. Chunki haddan oshishda yaxshilik yo'q, balki zararlidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:15:48

78-bob
Rashk haqida


Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Mo'min kishi rashkchi bo'lishi kerak. Biror erkak yoki ayolning fahsh ishlarini bilsa, hech rozi bo'lmasin. Agar qodir bo'lsa, qo'li bilan qaytarsin, bo'lmasa, tili bilan. Hech bo'lmasa, qalbi bilan yomon ko'rsin.

Zayd ibn Aslam Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam): "Rashk iymondandir, oilasidagi fahsh ishlarga rozi bo'lish esa, munofiqlik alomatidir", deganlarini rivoyat qilganlar.

Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) deydilar: "Kishining malomatga loyiq eng yomon sifati rashkchi bo'lmaganidir. Birortangizning onasi yoki ayoli bozor va majlislarda odamlar ko'p to'plangan joyga chiqishidan uyalmaydimi?"

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:16:05

Mug'iyra ibn Sho''ba rivoyat qiladilar: Sa'd ibn Ubodaning: "Agar biror kishini xotinim bilan birga ko'rsam, qilich bilan kallasini kesib tashlar edim", degan gapi Payg'ambarga (sollallohu alayhi vasallam) etganida: "Sa'dning rashkidan ajablanayapsizlarmi? Allohga qasamki, men undan-da rashkchiroqman, Alloh taolo esa, mendan-da rashkchiroqdir. Shuning uchun ham U fahsh ishlarni harom qilgan. Alloh taolodan ko'ra uzrni yaxshi ko'radigan biror zot yo'q, shu sababdan ogohlantiruvchi, xushxabar beruvchilarni (payg'ambarlarni) yubordi. Alloh taolodan ko'ra maqtovni yaxshi ko'radigan biror kishi yo'q, shuning uchun ham jannatni va'da qildi", dedilar".

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadilar: "Menga ayollaringizning ba'zi bir hojatlari uchun bozorga chiqayotganlarining xabari etdi. Rashkchi bo'lmagan kishini Alloh yomon ko'radi".

Faqih (rahimahulloh) deydilar: Alloh va Uning rasuliga dayuslardan ko'ra yomonroq kishi yo'q. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo dayus va dayusani la'natlasin", deganlar. Dayus — xotinining fahsh ishlariga rozi bo'luvchi erkakdir. Shuningdek, erining fahsh ishlariga rozi bo'luvchi xotin — dayusadir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:17:40

79-bob
Saxiylik va baxillik haqida


Faqih aytadilar: Urva Oisha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Jannat saxiylarning uyidir. Fosiq bo'lgan saxiy yigit Allohga obid bo'lgan keksadan suyukliroqdir".

Jobir ibn Abdulloh Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) "Alloh kengchilik bergan, lekin o'ziga va ahli ayoliga kengchilik qilmagan kishi bizdan emas" deganlarini rivoyat qilganlar.

Hasan aytadilar: "Banda Allohdan chiroyli odobni oladi. Agar Alloh unga kengchilik qilgan bo'lsa, kengchilik qiladi, agar (boylikdan) qisib qo'ygan bo'lsa, (banda ham) ziqnalik qiladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:18:16

Yusuf ibn Xolid Samniy rivoyat qiladilar: "Abu Hanifaga (rahimahulloh) Hajjoj tomonidan ming juftga yaqin kavush hadya qilindi. U kishi birodarlariga bo'lib berdilar. Shundan bir-ikki kun o'tgach, o'g'illariga kavush sotib olayotganlarini ko'rdim. U kishidan: "Sizga ming juftga yaqin kavush hadya qilinmaganmidi?", deb so'radim. "Mening yo'lim hadyalarni keng tarqatishdir. Mukofot ham shunga o'xshash yoki ko'proq bo'ladi. Hadyani birodarlarimga tarqatdim". Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Agar kishiga biror narsa hadya qilinsa, uning majlisida o'tirganlar ham (o'sha hadyaga) sherikdir", deganlar. Birodarlarim, majlisdoshlarimdir, ularsiz yolg'iz o'zim olmasman, balki o'z ulushimni ham ularga beraman. Hadyani olishni joiz deb bilaman. Chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) hadya olardilar va chaqirilgan joyga borardilar. Mukofotni esa hadyadan ham yaxshi deb bilaman. Chunki bunga oyatlar bor:

"Qachon sizlarga bir ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo'lmasa) o'sha iborani qaytaringlar" (Niso, 86);

"O'zaro bir-birlaringizga fazlu karam qilishni unutmangiz!" (Baqara, 237)", dedilar Abu Hanifa".

Qayd etilgan