Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272720 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:23:26

Abu Burayda otasidan rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) g'azotdan qaytganlarida bir ayol kelib: "Agar siz g'azotdan sog' qaytsangiz, oldingizda daf chalishni nazr qiluvdim?", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Agar nazr qilgan bo'lsang chal, agar nazr qilmagan bo'lsang chalma?" dedilar. Ayol: "Ey Rasululloh, men nazr qilganman", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Unday bo'lsa chal", dedilar. Shunda u ayol chaldi. Shu payt Abu Bakr (roziyallohu anhu) keyin Umar kirdilar. Ayol birdan dafni otib yubordi va o'tirib qoldi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Umar shayton sendan qochadi deb o'ylayman?" dedilar".

Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) agar nazr qilgan bo'lsang chal, nazr qilmagan bo'lsang, chalma, deganlarining ma'nosi nazr qilmagan bo'lsa, chalishdan qaytarganlaridir va bu chalish joiz emasligiga dalildir. Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam), nikohni e'lon qilinglar, deganlari nikohni ma'lum qilishda kinoyadir, bunda aynan dafni chalish tushunilmasligi kerak.

Faqih aytadilar: Ammo bizning zamonimizda chalinayotgan daflar bular sinjot va jalolotdir. Bas, bilittifoq makruhdir. Ixtilof esa, oldingi zamonlarda chalingan daf xususidadir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:25:38

84-bob
Yaxshilikka buyurish haqida


Faqih Abu Lays (Alloh rahmat qilsin) aytadilar:

Yaxshilikka buyurish (amri ma'ruf) vojib, chunki Alloh taolo: "Olim va donishmandlari ularni gunoh so'zlardan, haromxo'rlikdan qaytarmaydilarmi?! Qilayotgan hunarlari naqadar yomon hunar" (Moida, 63), deb xabar bergan.

Darhaqiqat, Alloh ularni amri ma'rufni tark qilganlari sabab mazammat qildi. Alloh azza va jalla yana:

"(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi bo'ldingiz. Zero siz yaxshi amallarga buyurasizlar, yomon amallardan qaytarasizlar va Allohga iymon keltirasizlar" (Oli Imron, 110), dedi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Albatta, sizlar yaxshilikka buyurasizlar, yomon ishdan qaytarasizlar yoki Alloh sizlarning tepangizga yomonlarni sulton qilib qo'yadi, so'ng yaxshilaringiz duo qilsa ham, ijobat bo'lmaydi", dedilar. Yaxshilikka buyurishning bir necha usluli bor. Agar amri ma'ruf qilganida, insonlar undan qabul etib, yomon ishlardan tiyilib qaytishini bilsa, bu ish unga vojibdir. Agar chuqur fikr qilib bilsaki, agar amri ma'ruf qiladigan bo'lsa, odamlar qabul etishmaydi, balki uni urib-so'kishadi. Bunday holda tark qilishi afzaldir. Shuningdek, agar insonlar uni urib-so'kishini bunga sabr qila olmay, o'rtalarida adovat va urush- janjal kelib chiqishini bilsa, bunda ham amri ma'rufni tark qilishi afzaldir. Mabodo, insonlarning aziyatlariga sabr qiladigan bo'lsa va ular birortaga shikoyat qilmasliklarini bilsa, uning nahiy munkar qilishida zarar yo'qdir va u bu ishi bilan mujohidlar kabi bo'ladi, zero, payg'ambarlarning ishlari ham shunday edi. Agar insonlar undan qabul qilmasligini bilsa va ularning urib-so'kishidan qo'rqmasa, u bu holda ixtiyorlidir. Xohlasa, amri ma'ruf qiladi, xohlasa, bu ishni tark etadi. Lekin amri ma'ruf qilgani afzaldir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:25:45

Abu Said Xudriy rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Agar birortangiz munkar ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar qodir bo'lmasa, tili bilan, unga ham qodir bo'lmasa, qalbi bilan (qaytarsin), bu uchinchisi iymonning eng zaifi", dedilar.

Aytiladiki, to'rt toifa kishisi bo'lgan shaharning aholisi balodan omonda bo'ladi: biror narsada zulm qilmaydigan odil podshohi, hidoyat yo'lida bo'lgan olimi, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradigan, Qur'on va ilm o'rganishga undaydigan shayxlari, johiliyat odatlarini qilmaydigan mastura-o'ralgan ayollari bo'lgan shahar.

Ba'zilar: "Qo'l bilan yaxshilikka buyurish amirlarga, til bilan buyurish olimlarga va qalb bilan buyurish avom xalqqa xos", deydi. Vallohu a'lam bis-savob.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:28:03

85-bob
Nikoh haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Insonlar nikoh xususida ham ixtilof qilishdi. Ba'zilar uni farz, desa, ba'zilar sunnat, dedi. Biz aytamizki, agar kishining nafsi nikohga talabchan bo'lsa, uylanishi afzaldir, nafsi talab qilmasa, xohlasa uylansin, xohlasa uylanmasdan, Rabbining ibodati bilan mashg'ul bo'lsin. Nikoh farz degan kishilar Anas ibn Molikning rivoyatini keltiradilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tug'adigan ayolga (uylanishga) buyurib, tug'maydigan ayoldan qattiq qaytarar va: "Vadudaga, vadudaga (ko'p tug'adigan ayolga) uylaninglar, chunki men qiyomat kuni payg'ambarlarga sizlarning ko'pligingiz bilan faxrlanaman", der edilar.

Uylanish sunnat deganlarning hujjati Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan ushbu hadis: U zot (sollallohu alayhi vasallam) Akkof ibn Vado'aga: "Xotining bormi?" dedilar. U: "Yo'q", dedi. "Joriyang ham yo'qmi?" deb so'radilar. Yana: "Yo'q", dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Bo'ydoqmisan?" dedilar. "Ha, Allohga hamd bo'lsin", dedi u. Shunda Rasululloh: "Sen shaytonning birodarisan yoki nasroniy ruhoniysan, agar  bizdan bo'lsang, biz qilganimizdek qil, chunki nikoh bizning sunnatimizdan", dedilar.

Agar nafsining buzilishidan qo'rqmasa ibodat bilan mashg'ul bo'lishi afzaldir, chunki Alloh taolo payg'ambari Yahyo alayhissalomni maqtab shunday dedi:

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:28:27

"(Ey Zakariyo), Alloh senga Allohning so'zini tasdiq etadigan, (o'z qavmiga) xoja bo'ladigan, (shahvatlardan o'zini) tiyadigan va solih payg'ambarlardan bo'ladigan Yahyo ismli farzand xushxabarini berur" (Oli Imron, 39).
Oyatdagi "hasur" — "tiyadigan" so'zi ojiz bo'lmasa-da ayollarga bormaydigan kishiga aytiladi, ya'ni u zot Rabbiga ibodat qilish bilan mashg'ul bo'lganlari sababli shahvatni sindirganlar. Agar ayolga uylanishni xohlasalar dindoriga uylanishlari joiz bo'lar edi. Rasuli akram alayhis-salom aytganlaridek: "Ayolga moli, jamoli, husni va dini uchun nikohlaniladi. Sen dindoriga uylangin". Ali (roziyallohu anhu) aytadilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Go'ng qo'ng'izdan saqlaninglar", dedilar. "Ey Rasululloh, go'ng qo'ng'izi nima?" deyishdi. Rasululloh: "Yomon sharoitda o'sgan  chiroyli ayol", dedilar.

Ba'zi hukamolar: "Ayollarning eng afzali uzoqdan ko'rimsiz, yaqindan malohatli, ne'matlangan, hojatbaror, barakali va doimo unga ehtiyoj sezilib turadiganlaridir", deyishgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:30:09

86-bob
Kasb-kor to'g'risida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Ba'zilar kasb-kor bilan mashg'ul bo'lishni yomon ko'rishgan. Ular ibodat qilish bilan mashg'ul bo'lish va Allohga suyanish vojib, degan fikrdagilar. Ahli ilmni ko'pchiligi: "O'zini va oilasini ta'min etarlik miqdorda kasb qilish vojib, agar undan ziyoda qilsa, muboh va ibodatga mashg'ul bo'lish afzal. Agar ziyoda qilish talabi bilan mashg'ul bo'lsa, va bu bilan faxrni, riyoni iroda qilmasa va farzlarni tashlab qo'ymasa, harom emas", deydi.

Kasb-qor bilan mashg'ul bo'lish durust emas, deganlar, Alloh taoloning ushbu so'zini dalil qilishgan:

"Men jin va insni faqat o'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim" (Zoriyot, 56). Bas, Alloh taolo xalqni o'ziga ibodat qilish uchun yaratdi. Shunday ekan, ibodat bilan mashg'ul bo'lish lozim, kasb-kor bilan emas, deyshadi. Yana Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh menga mol jamlashni va savdogar bo'lishni vahiy qilmadi, balki: "Rabbingni maqtab tasbeh ayt, sajda qil va doim ibodatda bo'l", deb vahiy qilindi", degan hadisni keltirishadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:30:18

O'ziga kifoya qiladigan miqdorda kasb qilish vojib, deganlarning hujjati shuki, Alloh taolo farzlarini farz qildi. Bandalar farzlarni ado qilishi uchun libos va nafs ozuqasiga muhtoj. Banda bunga faqat kasb qilish bilan  etishadi. Alloh taolo:

"Endi qachon namoz ado qilingach, erga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro'z) istayveringlar" (Jum'a, 10), deydi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Bo'z bilan savdo qiling, chunki otalaringiz (Ibrohim) bazzoz bo'lganlar", deganlar. Abdulloh ibn Muborak: "Kim bozorni tark qilsa, uning muruvvati ketibdi va xulqi yomonlashibdi", deb aytganlar. Ibrohim ibn Yusuf: "Bozorni mahkam tut, chunki u sohibiga ulug'lik keltiradi", deydilar.

Kasb-korni tark qilish uchta sabab — kasallik, taqvo va or sababli joiz, deyiladi. Kasallik sababli tirikchilikni tark qilgan kishi tilanchilik qiladi, taqvo sababli tark etgan kishi tama'ga, qilishga or yoki hamiyat sababli tark etgan kishi o'g'irlik qilishga majbur bo'ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:30:26

Uchta narsaning davosi yo'q, deyiladi. Birinchisi, harom aralashgan kasallik, ikkinchisi, hasad aralashgan adovat, uchinchisi, kasallik aralashgan kambag'allik.

Hakim Abul Qosim aytadilar: "Haloldan kasb qilish iffatli kambag'alni go'zallashtiradi, zaifning muhtojligini bekitadi, pastkash g'iybatchining tilini kesadi". Har bir narsaning zeb-ziynati bor, yigitlikning bezagi va ziynati kasb orqasidan, deyishadi.

Kishida oltita xislat bo'lsa, u odamlarning sayyidi bo'ladi. Uchtasi uydan tashqarisi, uchtasi uyning ichida. Uydan tashqaridagi xislatlar: olimlardan istifoda etish — ilm olish, taqvodorlar bilan aralashib yurish, o'zini va oilasining ozuqasini halol yo'l bilan talab qilish. Uyning ichidagilari:  ahli oilasi bilan ulamolardan eshitgan narsalarini eslashi, taqvodorlardan ko'rgan narsaga amal qilishi, oilasining toqatiga etadigan kiyim va taomni hozir qilishi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:32:55

87-bob
Tabobat haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Kishiga badaniga zarar beradigan narsalardan saqlana oladigan miqdorda tabobat ilmini o'rganish mustahabdir. Hukamolarning aytishicha: ilm ikki xil bo'ladi: din ilmi; badan ilmi. Kishi din ishlarini isloh qila oladigan miqdorda ta'lim olishi zarur bo'lgani kabi, badanini salomat saqlab oladigan darajada tabobatni bilmog'i va zarar beradigan narsalardan chetlashmog'i lozim. Tabiblar tabobatda parxezdan foydaliroq narsa yo'q degan so'zga ittifoq qilishgan. Bir sahobiy bir kishiga: "Senga tabiblar suyanadigan tabobatni, olimlar suyanadigan ilmni, hakimlar suyanadigan hikmatni o'rgataymi?", dedi. U: "Ha", dedi. "Tabiblar suyanadigan tabobat — dasturxonga qorning och bo'lgan vaqtda o'tirish va ishtahang bo'lsa ham (to'ymasdan) turish. Ulamolar suyanadigan ilm shuki, bilmaydigan narsa haqida so'rashganda, "Alloh biluvchiroq", deyish. Hakimlar suyanadigan hikmat — agar sen bir qavmning yig'inida o'tirsang, sukut qil, ular yaxshilik haqida gapirsalar, ular bilan gaplash, agar yomon narsa haqida gapirsalar, turib ket", dedi sahobiy.

Qadimda uzoq umr ko'rgan bir kishiga umring nima sababli uzun bo'ldi, deyilganda, taom pishirsak, yaxshilab pishiramiz, chaynasak, yaxshilab chaynaymiz va qornimizni to'ldirib yubormaymiz uni bo'sh qoldirmaymiz ham, dedi.

Kishi kunduzgi taomdan so'ng cho'zilishi, kechki taomdan so'ng yurishi foydaliroq, deyiladi. Masalda aytiladiki, agar kunduzgi taomni eb bo'lib cho'zilsa, badaniga yuqadi, kechki taomdan so'ng yursa, singadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:33:33

Zuhriy rivoyat qiladilar: "Ibn Abbos (roziyallohu anhumo): "Beshta narsa xotirani susaytiradi: nordon olma yeyish, suvga bavl qilish, sun'iy yo'l bilan bo'yindan qon oldirish, bitni tuproqqa tashlash, sichqon tekkan suvni ichish", dedilar". Aytiladiki, qabr toshlardagi lahvni o'qish, kashnich yeyish, oldin-ketin bog'langan, ikki tuyaning o'rtasida yurish va ikkita ayolning orasida yurish ham xotirani susaytiradi.

Zahhoq Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Misvokni ko'p ishlatinglar, chunki unda o'nta xislat bor: og'izning pokligi, Rabbning rizoligi, farishtalarga xursandchilik, ko'zga jilo, tishga oqlik, milkni mustahkamlash, tishdan chirish va toshlarni ketkazish, taomni hazm qilish, balg'amni kesish, farishtalar uning oldida hozir bo'lishi, namozning savobi ikki barobar bo'lishi, shaytonni xorlash", dedilar.

Aytiladiki: Sariq poyabzal kiygan kishi Alloh taoloning:

"U zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo'lib, ko'rganlarning ko'ngli chog' bo'ladi" (Baqara, 69), degani sababli huzur, halovatda bo'ladi.

Qayd etilgan