Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272753 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:39:53

Mol-mulkka, ekin-tikinga zarar qiladigan chigirtkani o'ldirish yaxshiroqdir. Olimlar ilon va chayonni o'ldirishga ittifoq qilishgan. Chunki ular aziyat berishadi. Chigirtka ham shularga o'xshashdir. Jobir Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "U kishi chigirtkani qarg'ab: "Parvardigoro, maydalarini halok qil, kattalarini o'ldir, tuxumini buzib, ketini uzgil. Bizning rizqu nasibalarimizdan ko'nglini burgil. Albatta, Sen duoni eshituvchidirsan", deganlarida, "Ey Rasululloh, Alloh taoloning askarlaridan birining keti uzilsin, deb bad duo qilyapsizmi?" deb so'rashdi. Nabiy dedilar: "Chigirtka dengizdagi kitning mayda bir turidir".

Jobirning rivoyat qilishlaricha, Umar (roziyallohu anhu) zamonlarida chigirtka qirilib ketdi. Bundan qayg'urib u zot bir otliqni Yaman tomonga, birini Shom tomonga, boshqasini Iroqqa jo'natdilar. Yaman tomonga ketgan otliq bir hovuch chigirtka keltirdi. Uni ko'rib Umar (roziyallohu anhu): "Allohu akbar", dedilar. "Men Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh taolo ming xil maxluq yaratgan. Olti yuztasi dengizda, to'rt yuztasi quruqlikda. Bulardan eng avval qirilib ketadigani chigirtkadir, keyin boshqa maxluqotlar ham halok bo'ladi, bu hol xuddi ipi uzilgan tizmaning to'zishidekdir", deganlarini eshitganman". Vallohu a'lam.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:40:11

96-bob
Masjidni bezash xususida


Faqih aytadilar: Ba'zilar masjidni tilla suvi yoki boshqa narsalar bilan bezash makruh deyishadi. Boshqalar mubox deyishadi". Abu Hanifa rahmatulloh alayh, "menimcha, pul masjidning daromadidan bo'lmasa, bezashning zarari yo'q",-dedilar.

Ammo makruh degan kishilar Alining (roziyallohu anhu) so'zlariga asoslanishadi: "Odamlarga shunday zamon keladiki, fqatgina Islomning  ismi, Qur'onning rasmi qoladi. O'sha kunlarda odamlarning masjidlari binosi chiroyli qurilgan, qalblari esa, hidoyatdan burilgan bo'ladi. O'sha kunlarda olimlar osmon tagidagi olimlarning eng yomoni bo'lib, ana shulardan fitna chiqib, o'zlariga qaytadi".

Anas ibn Molik Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) ushbu so'zlarini rivoyat qiladilar: "Shunday qavmlar bo'ladiki, masjidlarni bezab, minoralarini uzun qiladilar, badanlarini yog'laydilar, qalblarini o'ldiradilar. Vo ajabo, qanday ham dinlarini zoe' qildilar".

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: "Masjidlarni pastroq, shaharlarni balandroq qurishga buyurilganmiz".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:40:23

Rivoyat qilinishicha, ansorlar Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) mablag' keltirib: "Ey Rasululloh, bu molni olib masjidingizga zeb bering", deyishdi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Ziynat va tasvirlar kanisa va cherkovlar uchundir. Allohning masjidlarini oppoq qilinglar", dedilar.

Bezashning zarari yo'q, degan kishilar fikrlarini shunday izohlashadi: "Bu ishda masjidlarni ulug'lash bor. Alloh taolo ham masjidlarni ulug'lashga buyurgan:

"Alloh ularni baland ko'tarib (bino) qilinishiga va ularda o'zining nomi zikr qilinishiga izn bergan (ya'ni amr qilgan) edi" (Nur, 36). Boshqa oyatda:

"Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar" (Tavba, 18), deb marhamat qilgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:40:35

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) Payg'ambarimizning masjidlarini dub daraxti bilan ko'tarib, chiroyli qilib qo'yganlar. Umar ibn Abdulaziz esa, naqsh soldirib, bezak va qurilishiga e'tibor qilganlar. Bu ish voliylik paytlarida, xalifa bo'lishlaridan oldin bo'lgan, hech kim u kishini inkor qilmagan edi.

Valid ibn Abdulmalik Damashq masjidini ta'mirlash va bezashga Shom xirojidan uch barobar pul sarf etgani rivoyat qilingan.

Sulaymon ibn Dovud alayhissalom Baytul Maqdisni juda bezab qurganlari rivoyat qilingan. Aytishlaricha, qurilishda necha ming kishi ishlab, yetti yil davom etgan. Gumbazining qubbasiga qizil fosfordan bir g'isht qo'yilgan. Uning yorug'ligida o'n ikki mil masofada, to'quvchilar   kechalari   to'qiyverganlar.  Masjid  Buxtanasar  va  boshqalar tomonidan buzilguncha shu holda bo'lgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:41:57

97-bob
Masjidda tuflashning makruhligi haqida


Faqih (rahmatullohu alayh) aytadilar: Masjid ichiga tuflashi makruhdir, shuning uchun kiyimga tuflab, keyin yuvib tashlanadi. Chunki Alloh taolo:

"Alloh ularni baland ko'tarib (bino) qilishiga va ularda o'zining nomi zikr qilinishiga izn bergan (ya'ni amr qilgan) edi" (Nur 36), deb aytgan.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Masjid namlikdan (tuflashdan) olovga tashlangan teridek burishadi". Abu Hurayra rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) masjidda tupukni ko'rib, qirib tashladilar va: "Birortangiz namozda bo'lganingizda, yuziga tuflanishini yaxshi ko'radimi? Tuflashni xohlasa o'ngiga ham, oldiga ham, tuflamasin. Lekin chap tomonga yoki oyog'ining tagiga tuflasin. Joy topilmasa kiyimiga tuflab keyin qirib tashlasin", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:42:11

Sahobalardan rivoyat qilinadiki, kishi masjidni ulug'lab, mishig'ini ichiga qaytarsa, Alloh qorniga shifo kiritib, dardini chiqaradi. Masjiddan boshqa joylarda esa, oyog'ining ostiga yoki chap tomonga tuflashi kerak, o'nga yoki yoniga emas. Chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Birortangiz tuflamoqchi bo'lsa, o'ng yoniga yoki oldinga tuflamasin", deganlar.

Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) kasal bo'lganlarida o'ng tomonga tufladilar va: "Islomga kirganimdan beri o'ng tomonga tuflamagan edim", dedilar. Ba'zi solihlar hajga borayotganlarida taxti ravonning chap yonini tanlashar ekanlar. Sababini so'raganlarida: "Chap yonimga tuflash oson bo'lishi uchun" deb javob berganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:42:37

98-bob
Mudroq kishining namozi makruhligi to'g'risida


Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: "Kishi uyqusi kelib turganda namoz o'qishi makruh. Lekin namozning amalu arkonlarini, qiroat va boshqa farzlarini ado qilsa, joiz bo'ladi. Mudroq bosishidan qo'rqqan kishi namozga kirishdan oldin yuziga suv sepsin. Namoz o'qiyotganda mudroq bossa, ketkazishga harakat qilsin.

Hishom ibn Urva otasidan, u Oishadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Birortangiz namozda mudrasa, to uyqu ketguncha mizg'ib olsin, chunki mudragan holida namoz o'qisa, Allohga istig'for aytaman, deb o'zini so'kib qo'yishi mumkin".

Hamid Anas ibn Molikdan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) masjidga kirganlarida, ikki ustun o'rtasidagi osilgan arqonni ko'rib: "Bu qanday arqon?" deb so'radilar. "Falonchining arqoni. Uyqusi kelsa, shunga osilib oladi", deyishdi. Rasul (sollallohu alayhi vasallam): "Aql bilan namoz o'qisin. Uyqu bosishidan qo'rqsa, uxlasin", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:42:59

99-bob
Ilmu odob haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Kishi ilmu odobdan ozgina bo'lsa ham, o'rganmog'i lozim, chunki bularning ozi ham muhimdir. Kishi ilmu odobdan bitta kalima bilsa, hech narsa bilmagan kishidan afzal bo'ladi. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) deydilar: "Har bir narsaning bahosi bo'ladi. Kishining bahosi qilgan yaxshiligi va bilgan narsalaridir".

Sha'biy aytadilar: "Bir kishi Shom mamlakatining bir chekkasidan Yaman mamlakatining bir burchagiga borib ilmdan biror so'z o'rgansa, bekorga safar qilgan bo'lmaydi".

Ayyub ibn Muso Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Birorta ota farzandiga chiroyli odobdan afzalroq narsani bera olmaydi".

Bir fozil kishi o'g'liga dedi: "Ey o'g'ilcham, ilm o'rgan, chunki u jamoling bo'lmasa, jamol bo'ladi, moling bo'lmasa, mol bo'ladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:43:23

Sufyon ibn Uyaynaning oldiga jiyani kelib: "Ey amaki, qizingning qo'lini so'rayman", dedi. "Munosibsan,— dedilar Sufyon,— o'tirib o'nta hadis ayt". Aytolmagach, o'nta oyat o'qi, dedilar, bunga ham qodir bo'lmadi. "Hech bo'lmasa, o'nta she'r o'qi", dedilar. Buni ham bilmagach, "Na qiroat, na hadis va na she'r bilding. Nimaning hisobiga qizimni senga beray. Noumid bo'lmagin-da, o'n ming dirham keltir", deb aytdilar.

Bir hakim deydilar: "Foydali ilm va yaxshi odob sendan hech kim tortib ololmaydigan kasbdir. Bu ikkisi sening husning, ziynating, dining, dunyo va oxirating ustunidir. Shuning uchun bu ikkisini o'rganishga bor kuchingni sarfla".

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) deydilar: "Kim ilm talabida yo'l yursa, Alloh uni jannat yo'liga solib qo'yadi"; "Uch toifa qiyomat kunida shafoat qiladi: payg'ambarlar, olimlar, shahidlar"; "Eru osmondagi jonzotlar olimlarning gunohi mag'firat qilinishini so'raydi"; "Ilm fazilati menga ibodat fazilatidan yaxshiroqdir".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 07:43:42

Jobir ibn Ablulloh Payg'ambardan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Kishining qirqta hadis o'rganib, unga amal qilishi qirq ming dirham sadaqa qilganidan yaxshiroqdir. Alloh unga har bir hadis uchun jannatda bir shahar beradi va qiyomat kunida har bir hadis uchun bir nur bo'ladi".

Faqih aytadilar: Agar ahli ilmning

"Biladigan kishilar bilan bilmaydigan kishilar barobar bo'ladimi?" (Zumar, 9) oyati karimasida aytilganidan boshqa fazilati bo'lmaganida ham ulug' bo'lar edilar. Chunki olimning johildan ustunligining xabari berilyapti. Boshqa oyatda ilmni ziyoda qilishni talab etish buyurilgan:

"Rabbim, ilmimni ziyoda qil, deb ayting" (Toha, 114). Olimlarning madhida:

Qayd etilgan