Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272644 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:02:15

So'ng u zotndan keyin Hud alayhissalom keldilar. U zot Abdullohning o'g'li bo'lib, Hud ibn Torix ibn Javob bin, Ayus deb atashgan. Alloh taolo u zotni Od qavmiga payg'ambar qilib yubordi. Ba'zilar Od qabilaning nomi desa, ba'zilar podsholarining ismi, ular podsholarining nomi bilan atalardilar, deydi. Ular Hudni yolg'onga chiqardilar, shu sababli Alloh ularga halokatli shamol yubordi va barchasini halok qildi.

So'ng Solih ibn Ubayd keldilar. U kishini Solih ibn Qonu deyishardi. Alloh Solihni Samud qavmiga yubordi. Samud — Hajr eridagi bir quduqning nomi. Qabila mana shu quduqning nomi bilan ataldi. Savmud qavmi u zotni yolg'onchi qildi va u zotdan tog'dagi harsang toshdan tuya chiqarishlarini so'radi. Solih alayhissalom bu ishni qilganlaridan keyin ham u zotni yolg'onchiga chiqarib, tuyani so'ydilar. Tuyani so'ygan kishining yuzi qizil, ko'zi ko'k edi, ikkala ko'zi ko'rshapalakni ko'ziga o'xshardi. U Qodir ibn Solif bo'lib, qavmning eng badbaxti edi. Alloh taolo Qur'onda:

"Eslang, ularning eng badbaxtlari (tuyani so'yish uchun) qo'zg'alganlarida..." (Shams, 12), degan. Natijada Alloh ularni chaqmoq va zilzila bilan halok qildi.

So'ng Ibrohim Xalil (sollallohu alayhi vasallam) keldilar. U zotni Ibn Ozar ibn Torix ibn Noxur deyishardi. Ibrohim alayhissalom misvoq ishlatgan, suv bilan istinjo qilgan, sochi oqargan, xatna qilingan, ishton qilib olgan, nonni ushatgan, mehmondo'stlik qilgan birinchi kishidirlar. Ibrohim alayhissalomning to'rtta — Ismoil, Ishoq, Madyan va Madoin nomli o'g'illari bo'lgan. Oltita, o'n ikkita o'g'li bo'lgan ham deyiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:03:03

Ismoil alayhissalom rasul edilar va u zot arablarning otasidirlar. Ishoq alayhissalom ham rasul edilar, u zotning Ya'qub va Aysu degan egizak o'g'illari bor edi. Ya'qub Aysudan keyin tug'ilgan, shu sababli Ya'qub (ergashuvchi) deb atalgan. U zot Bani Isroilning otalaridir. U zotni Isroil deb ham atashadi, bu ularning tilida Abdulloh — Allohning quli deganidir. Aysu esa Rumning otasi.

Lut alayhissalom Ibrohim alayhissalom bilan zamondosh bo'lib, u zotga amakivachcha edilar. Sora Lutning singlisi edi. U Ishoqning onasi. Lut alayhissalomni Ibn Horun ibn Torix ibn Noxur deyishgan.

Ibrohimdan so'ng Ayyub alayhissalom payg'ambar bo'ldilar. U zot Lut alayhissalomga qizdan nevara bo'lib, Muso degan kishining o'g'li edilar. Xotinlari Layyo esa, Ya'qubning qizi edi. Xotinlari Yusuf alayhissalomning qizi Rama bo'lgan degan gap ham bor.

So'ngra Shu'ayb ibn Nuvayb keldilar. Alloh u zotni Madyan ahliga yubordi. Madyanliklar Shu'ayb payg'ambarni yolg'onga chiqargach, Alloh ularni chaqmoq va zilzila bilan halok qildi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:03:14

So'ng Muso va Horunni yubordi. Ular Imronning o'g'illaridir. Alloh bu ikki payg'ambarini Misr fir'avni Valid ibn Mus'abga jo'natdi. So'ng Yusha' ibn Nun alayhissalom bo'ldilar. U zot Musoning xalifasi edilar.

So'ng Yunus ibn Muto alayhissalom keldilar. Alloh u zotni baliq bilan sinadi. Baliq yutganda u kishi o'zlarini ko'p malomat qildilar. Baliqning qornida uch kun yotdilar. (Olti kun, qirq kun ham deyilgan.) Alloh uni Musal qishloqlaridan Naynavoga yubordi. Ular u zotni yolg'onga chiqarishdi, natijada Alloh ularga azob yubordi. Iymon keltirishgan edi, ustilaridan azob ketdi.

So'ng Dovud alayhissalom bo'ldilar. Otalarining ismi Iyshodir. U zot rasullardan edilar. Bani Isroil podshosi bo'lganlar.

So'ngra uning o'g'li Sulaymon alayhissalom, so'ng Zakariyo ibn Masson, so'ng u zotning o'g'li Yahyo alayhissalom, so'ng Iso ibn Maryam alayhissalom, so'ng Ilyos alayhissalom kelishdi. Alloh taolo Ilyosni Ba'labakka ahliga rasul qilib yubordi. Al-Yasa' Ilyosning shogirdi va keyin u zotning xalifasi bo'ldilar. Asbotlar Ya'qub avlodlaridan tarqaldi, u zotning o'n ikkita farzandi bor edi. Ya'qub Misr erida 17 yil yashadilar, yoshlari 147 da edi. Yusuf alayhissalom u zotdan keyin 23 yil umr ko'rdilar. 120 yil yashadilar, 110 yil ham, deyiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:03:30

Ka'bul Ahbordan rivoyat qilinadi: "Ba'zi kitoblarda payg'ambarlardan o'ntasi xatna qilingan holatda tug'ilgani yozilgan: "Alloh taolo Odam, Shis ibn Odam, Idris, Nuh, Lut, Ismoil, Yusuf, Zakariyo, Iso, Muhammadni (solavatullohi vasalamahu alayhim ajma'in) xatna qilingan holatda yaratdi.

Vahab ibn Munabbahdan zikr qilinadi: "Odam bilan to'fonning orasi 2240 yil edi. To'fon bilan Nuhning orasi 350 yil, Nuh bilan Ibrohimning orasi 2240, Ibrohim bilan Musoning orasi 900 yil, Muso bilan Dovudning orasi 500 yil, Dovud bilan Isoning orasi 1100 yil edi". Ba'zilar: "Bu miqdor to'g'ri emas, chunki Alloh taolo:

"Od, Samud (qabilalarini) va quduq egalarini (ya'ni, Shu'ayb payg'ambarni yolg'onchi qilganlari sababli quduqqa qulab halok bo'lgan kimsalarni) hamda shu oradagi ko'pdan-ko'p asrlarni (eslang)!" (Furqon, 38), deya oralarida judu ko'p asrlar o'tganini bildirgan. Buning miqdorini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. So'ng Iso alayhissalomdan keyin payg'ambarlik payg'ambarimiz Muhammadgacha (sollallohu alayhi vasallam) uzilib qoldi. Boshqalarning orasidagi uzilish ham shunday edi. Alloh azza va jalla:

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:03:42

"Ey ahli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhissalom) avvalgi payg'ambarlardan ancha zamon o'tib: "Bizga na biron (jannat haqida) xushxabar berguvchi va na biron (do'zax azobidan) qo'rqitguvchi kelmagan", demasligingiz uchun sizlarga din hukmlarini bayon qilgan holda keldi. Alloh hamma narsaga qodirdir!" (Moida, 19), dedi. Bu fitrat, ya'ni uzilish deb nomlanadi, chunki din uzilib qoldi. Qatoda: "Ikkalasining orasi 560 yil edi", deydi. Kalbiy 540 yil degan. Muqotil, 600 yil dedi. Zahhoq ham shunday dedi. Vahab ibn Munabbah: Ikkalasini orasi 620 yil", deydi".

Alloh o'z payg'ambarlariga nozil qilgan va insonlar orasida ma'lum kitoblar to'rtta: Muso alayhissalomga tushgan Tavrot; Dovud alayhissalomga tushgan Zabur; Iso alayhissalomga tushgan Injil; Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga tushgan Furqon (ularning hammasiga Allohning salotu-salomi bo'lsin).

Vahab ibn Munabbahdan rivoyat qilinadi: "Alloh taolo yuzta sahifa va 4 ta kitob nozil qildi: Ilk sahifa Shiys ibn Odamga, 30 sahifa Idris alayhissalomga, 20 sahifa Ibrohim alayhissalomga nozil bo'ldi. Odamlar Zulqarnayn va Luqmon haqida ular payg'ambar bo'lganmi yoki yo'qmi, deb ixtilof qildilar. Ko'pchilik ahli ilmlar, Luqmon hakim bo'lgan, nabiy bo'lmagan, Zulqarnayn esa solih podsho bo'lgan, payg'ambar bo'lmagan, deyishdi. Ikrima: "Zulqarnayn ham, Luqmon ham payg'ambar bo'lganlar", deydilar. Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) Zulqarnayn haqida so'rashganda: "U solih kishi bo'lgan", deb javob berganlar. Ba'zilar: Zulqarnayn deb nomlandi Fors va Rum podshosi bo'lganligi uchun", deydilar. Ba'zilar: "Uning boshi shohga o'xshash edi", degan. Ba'zilar: "U quyoshning ikki qarni — qirrasigacha, ya'ni mag'ribu mashriqqacha sayyohat qilgani uchun", dedi. Ayrimlar: "U ikki qarn — asr yashadi", dedi. Ba'zilar: "U yigitlik paytida, tushida quyoshga yaqinlashib, uning ikki shoxidan ushladi va buni o'z qavmiga xabar qildi. Natijada uni Zulqarnayn deb nomlashdi. Asli nomi Iskandar edi", deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:04:00

Aytiladiki, payg'ambarlardan beshtasining tili arabiydir. Ismoil, Hud, Solih, Shu'ayb va Muhammad (salavatullohi va salamahu alayhim ajma'in).

Odamlar Ibrohim bolasini so'yishga buyurilganda bola haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar u Ismoil, ba'zilar esa Isxoq deydi. Ali ibn Abu Tolib, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Salom, Ikrima, Muqotil, Ka'bul Ahbor va Vahb ibn Munabbahlar, Ishoq edi, deganlar. Ibn Abbos, Ibn Umar, Mujohid, Muhammad ibn Ka'b Quraziy va Kalbiylar: "U Ismoil edi", deganlar. Bu so'z kitob va sunnatga mos, chunki kitobda Alloh taolo:

"Biz (Ismoilning) o'rniga (Ibrohimga) katta bir (qo'chqor) so'yishni — qurbonlikni evaz qilib berdik" (Saffot, 107), deydi. Zabh qissasidan so'ng:

"Yana Biz unga — payg'ambar (va) yaxshilardan (bo'lg'usi) Ishoqning xushxabarini berdik" (Saffot, 112), degan. Xabarda Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Men ikkala zabihning o'g'liman", ya'ni, otalari Abdulloh va Ismoil alayhissalom. Butun ummat Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Ismoilning avlodidan deb ittifoq qilgan. Tavrot ahli qurbonlik uchun yotqizilgan bola Ishoq edi, deydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:04:31

Aytishlaricha, dunyo podsholarining to'rttasidan boshqasi butun dunyoga podsholik qilmagan: ikkitasi musulmon va ikkitasi kofir. Ikkala musulmoni — Sulaymon ibn Dovud alayhissalom va Zulqarnayn. Ikkala kofir — Namrud ibn Kan'on va Buxtanassar. U muqaddas Baytullohni xarob qildi va aholisidan etmish mingtasini o'ldirdi va etmish mingini asir oldi. Asirlarni Bobilga olib bordi, ularning ichida Doniyol ham bor edi. Hali kichkina edi. U kishi nabiy bo'lgan.

To'rtta chaqaloq gapirgan. Bittasi Iso ibn Maryam, ikkinchisi Uhdud ashoblaridan, uchinchisi Jurayj rohib qissasidagi bola, To'rtinchisi Yusufning alayhissalom sohiblaridan.

Alloh taolo: "(Yusuf) aytdi: "Uning o'zi meni yo'ldan urmoqchi bo'ldi". (Shu payt Zulayhoning) urug'laridan biri guvohlik berib (dedi):

"Agar uning ko'ylagi old tomondan yirtilgan bo'lsa, u holda (Zulayhoning) gapi rostdir va (Yusuf) yolg'onchilardandir" (Yusuf, 26), dedi. Insonlar bu oyat haqda ixtilof qilishgan. Ba'zilar guvohlik bergan odam katta odam edi, yosh bola emas, deyishdi.

Ka'bul Ahbordan rivoyat qilinadi: "Men payg'ambarlarning kitoblarida topdimki (ularga Allohning saloti va salomi bo'lsin), Odamning alayhissalom 930 yil, Nuh alayhissalom 950 yil, Ibrohim alayhissalom 195 yil, Ismoil alayhissalom 137 yil, Ishoq alayhissalom 180 yil, Ya'qub alayhissalom 149 yil, Yusuf alayhissalom 123 yil, Dovud alayhissalom 70 yil, Sulaymon alayhissalom 180 yil, Shu'ayb alayhissalom 254 yil, Solih alayhissalom 180 yil, Hud alayhissalom 165 yil, Iso alayhissalom 33 yil, payg'ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) 63 yil umr ko'rganlar. Alloh Subhonahu va taolo biluvchiroqdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:05:09

109-bob
Alloh taolo yaratgan maxluqotlarning sifatlari haqida


Faqih aytadilar: Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Alloh taolo 18 ming olamni yaratdi, bu dunyo ham bitta olam", dedilar. Umar ibn Xattobdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Alloh taolo erda mingta ummatni yaratdi 600 tasini dengizda, 400 tasini quruqlikda".

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Oq xo'rozni so'kmanglar, chunki u namozga — ibodatga chaqiradi". Abdulloh ibn Horis aytadilar: "Ka'b Ibn Abbosning (roziyallohu anhu) huzurlariga kirdi. "Ey Ka'b, menga Baytul ma'mur haqida gapirib ber, u qaerda?", dedilar. "U to'rtinchi osmondagi uy. Har kuni unga etmish ming farishta kiradi, so'ng qayta kirishmaydi, to qiyomat qoim bo'lgunicha", dedilar Ka'b.

Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) maxluqotlarning qaysi biri qattiq, kuchliligi haqida so'radilar. Shunda u zot: "Maxluqotning eng kuchlisi baland tog'lar, temir undan kuchli, tog'lar temir bilan kesiladi, olov temirdan g'olib keladi. Suv olovni o'chiradi, bulut suvni ko'taradi, shamol bulutni ko'taradi, inson shamoldan binolar qurish bilan g'olib keladi, uyqu insonga g'olib keladi, g'am uyquga g'olib keladi. Alloh taolo yaratgan maxluqotlarning eng kuchlisi g'am va o'limdir", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:05:54

110-bob
Osmonlaru yerning yaratilishi haqida


Faqih aytadilar: Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: "Alloh taolo yaratgan narsalarning birinchisi qalam. Alloh uni xohlaguncha tashlab qo'ydi, u tomchi-tomchi bo'lib tomdi va ming yil oqdi. Qiyomat kunigacha bo'ladigan narsalarni yozdi. So'ng baliqni yaratdi va erni uning ustiga jamladi".

Aytiladiki, Alloh erni yaratishdan oldin, erning o'rni butunicha suv bo'lgan. Natijada Ka'baning o'rnida ko'pik to'plandi. So'ng qo'rg'on shaklida qizil tepalik paydo bo'ldi. Bu yakshanba kuni edi. So'ng bug' ko'tarildi, hatto osmonga etdi. Alloh taolo uni ko'k dur qildi va undan osmonni yaratdi. Dushanba kuni bo'lganda quyosh, oy, yulduzlarni yaratdi. So'ng erni tepalik tagidan yoydi. Bu Alloh taoloning:

"(Ey mushriklar), sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonnimi? (Alloh) uni bino qildi" (Noziot, 27), degan so'zida xabar qilingan. Seshanba kuni  dengiz va quruqlik hayvonlarini, qushlarni yaratdi. Chorshanba kuni daryolarni oqizdi, dengizlarni bo'ysundirdi, daraxtlarni o'stirdi, rizqlarni taqsimladi, ozuqalarni belgiladi. Bu Alloh taoloning:

"U zot erning (ustida) tog'larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o'sha (er)da uning emishlarini (ya'ni er ahlining rizqu ro'zlarini) to'la to'rt kunda belgilab - taqsimladi. (Bu tafsilot) so'raguvchilar uchundir" (Fussilat, 10), degan so'zidir. Aytishlaricha, er suv  yuzida chayqalib yurardi. Shunda Alloh taolo mustaxkam tog'larni yaratdi va ularni erga qoziq qildi. Natijada er qaror topdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:24:34

Payshanba kuni jannat va do'zaxni yaratdi. So'ng juma kuni Odam alayhissalomni xalq qildi va osmonda o'n ikkita burj yulduzlarini yaratdi. Bu haqda Alloh taolo aytadi:

"Osmonda burujlarni paydo qilshgan zot barokotli — buyukdir" (Furqon, 61);

"Burujlar egasi bo'lmish osmonga qasam" (Buruj, 1).

Burujlarni nomlari: hamal — qo'y, savr — xo'kiz, javzo — egizaklar, saraton — qisqichbaqa, asad — sher, sunbula — boshoq, mezon — tarozi, aqrab — chayon, qavs — kamon, jadi — echki, dalv — qovg'a, ut — baliq.

Ibn  Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: "Oy 40 farsaxga 40 farsax, quyosh 60 farsaxga 60 farsaxdir, har bir yulduz dunyodagi katta tog' kabi". Ba'zilar: "Quyosh dunyo kengligichadir, agar shunday bo'lmaganida dunyoni hammasini yorita olmasdi, oy ham shunday", deydi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: "Yulduzlar xuddi qandil kabi osmonga muallaq osilgandir". Ba'zilar: "Yulduzlar eshiklar va sandiqlardagi yulduzlar kabi osmonga o'rnashgandir", deydi. Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "Chaqmoq bulutlarni baqirib haydaydigan farishtaning ismi, insonlar eshitadigan ovoz esa uning ovozi".

Qayd etilgan