Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272705 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:32:54

So'ng Muoviya ibn Abu Sufyon amir bo'ldilar. Uning amirligi o'n yil davom etdi. So'ng Yazid ibn Muoviya bo'ldi. U uch yil amirlik qildi, u vafot etgach, fitna voqe bo'ldi. Iroq ahli Abdulloh ibn Zubayrga,  Shom ahli Marvon ibn Hakamga bay'at qildi, uning voliyligi to'qqiz oy davom etdi. So'ng Abdulmalik ibn Marvon voliy bo'ldi. Abdulmalik Hajjoj ibn Yusufni Abdulloh ibn Zubayrga yubordi, Abdulloh ibn Zubayr o'sha vaqtda Makkada edilar, Hajjoj uni qamal qilib asir olgach, osib o'ldirdi. Butun boshqaruv Abdulmalik ibn Marvonga o'tdi, uning voliyligi o'n yil bo'ldi. Farg'onagacha bo'lgan ommaviy fath uning voliyligi davrida yuz berdi. So'ng Valid ibn Abdulmalik voliy bo'ldi, so'ng Sulaymon ibn Abdulmalik, so'ng solih banda Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon, so'ng Hishom ibn Abdulmalik, so'ng Yazid ibn Valid, so'ng Ibrohim ibn Valid, so'ng Marvon ibn Muhammad. Bularning hammasi Muoviyadan boshlab ummaviylardan edi. Ularning poytaxti Shom edi. So'ng voliylik Abbosning avlodlariga o'tdi, ularning poytaxti Iroq bo'ldi, ular Bag'dod shahrini qurishdi. Abul Abbos voliy bo'ldi, uning  to'liq ismi Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali ibn Abdulloh ibn Abbos edi, so'ng uning birodari Abu Ja'far Davoniqiy (uni Mansur deyishardi), so'ng uning o'g'li Muhammad ibn Abdulloh voliy bo'ldi (uni Mahdiy deyishardi). So'ng uning o'g'li Muso ibn Muhammad bo'ldi, so'ng uning boshqa o'g'li — Rashid ibn Muhammad voliy bo'ldi. So'ng Muhammad ibn Horun bo'ldi (amirlik unda qaror topmadi), so'ng Ma'mun deb nomlangan Abdulloh ibn Horun amir bo'ldi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:33:09

114-bob
Mustahab bo'lgan ismlar haqida

Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Alloh biror bir rasul yuborgan bo'lsa, uning yuzi, ismi, ovozi chiroyli edi va uning nomi ufqqa yozilardi. Agar menga chopar yuborsanglar, yuzi va ismi chiroyligini yuboringlar". Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: "Men urushni yaxshi ko'rardim. Hasan tug'ilganda uni Harb (urush) deb nomladim. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) kirdilar. U zotga buni aytgan edim, Rasululloh: "Yo'q, bu Hasandir", dedilar. (Hasan — chiroyli, degani.) Husayn tug'ilganida unga ham Harb deb nom qo'ydim. Shunda Rasul (sollallohu alayhi vasallam) kirdilar, yana: "Yo'q, bu Husayn", dedilar. (Husayn — kichik hasan degani) So'ng u zot (sollallohu alayhi vasallam): "Men bu ikkalasini Horunning ikki o'g'li Shabar va Shubayrlarning nomi bilan nomladim", dedilar".

Said ibn Musayyabdan rivoyat qilinadi: "Uning bobosi Huzn ibn Bashir Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirdi. Shunda: "Isming nima?" deb so'radilar. U: "Huzna ibn Bashir", dedi (Huzn — xafa, mahzun,  degani). Rasululloh: "Yo'q, sen Sahlsan", dedilar (Sahl — yengil, degani. U: "Ota-onam qo'ygan nomni o'zgartirmayman", dedi. Said ibn Musayyab aytadilar: "U shu kungacha xafa bo'lib yurdi", deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:33:23

Muhlab ibn Abu Sufra otasidan rivoyat qiladi. U kishi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirdi, Rasululloh undan ismi va nasabi haqida so'radilar, shunda u: "Men Soriq" (Soriq — o'g'ri degani), ibn Qote' (qaroqchi degani) ibn Zolim ibn falon ibn falon", deb aytib ketdi, hatto kemalarni zo'rlik bilan olib ketadigan podshoh Jalnadgacha nasabini etkazdi. Muhlab: "Otamning ustida zafaronga bo'yalgan ishton bo'lar edi", dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Soriq va Qote'ni tashla, sen Abu Sufrasan" Sariqning (otasi), dedilar. Shunda u: "Ey Rasululloh, men uchun dunyoda sizdan yomonroq biror odam yo'q edi, endi men uchun sizdan sevikliroq odam yo'q. Kecha qizim tug'ildi, men uni Sufra deb nomladim, mana, kunyam uning ismiga muvofiq keldi", dedi.

Arablar farzand ko'rgach, uning nomi bilan kunya oladi. Ayol eriga Abu falon, eri ayoliga Ummu falon deydi. Abu Salama, Ummu Salama, Abu Dardo, Ummu Dardo, Abu Zar, Ummu Zar deyilganidek. Kishi farzandli bo'lmagunicha kunya olmaydi.

Muammar ibn Xasim rivoyat qiladi: "Abu Ja'far ibn Muhammad ibn Ali menga: "Ey Muammar, kunyang nima?" dedi. Men: "Kunyam yo'q, hali farzandli bo'lganim yo'q", dedim. U: "Kunya qo'yishdan nima to'syapti?" dedi. Men: "Ali (roziyallohu anhu) aytgan hadisda: "Biron bir kishi farzandi tug'ilmasdan oldin kunya olsa, u Abu Ja'dadir" — (zulf, gajak, deyilgan", dedim. U: "Bu Alining so'zi emas, chunki biz farzandlarimiz kichikligida ularga yomon laqab etib qolishidan qo'rqib, kunya qo'yib qo'yamiz", dedi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:34:12

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Mening nomim bilan nomlaninglar, kunyam bilan kunyalanmanglar va ahli oilam bilan nomlanmanglar". Bu hadisni mansux deyishadi, chunki Ali (roziyallohu anhu) Hanifadan tug'ilgan o'g'lini Muhammad deb nomlaganlar va Abul Qosim deb kunya ham qo'yganlar. Darhaqiqat, Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) bunga ruxsat so'rashganda, izn berganlar.

Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinadi: "O'g'illaringizni payg'ambarlar ismlari bilan nomlanglar, Alloh taologa ismlarning eng sevimlisi  Abdulloh va Abdurahmondir".

Faqih aytadilar: "Men ajamlarning Abdurahmon yoki Abdurahim degan ism bilan nomlanishini yaxshi ko'rmayman, chunki ular buning tafsirini (ma'nosini) bilmaydi. Bu nomlarni tasg'ir — kichraytirish siyg'asida ishlatishsa, noma'qul — yoqimsiz bo'lib qoladi. Agar shunday bo'lsa, bu kabi ismlar bilan ham nomlanishlari durust bo'lmaydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:34:31

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) qullarni Nofi' (foydali), Yasor yoki Baraka deb nomlashlardan qaytarganlar", chunki agar bir kishi so'raganda, bu erda baraka yoki foyda beruvchi yo'q, deb aytish durust bo'lmaydi.

Umar (roziyallohu anhu) bir kishiga: "Isming nima?", dedilar. "Jamra (ko'mir yoquvchi)", dedi. Umar: "Kimning o'g'lisan?", deb so'radilar keyin. "Shahobning" (yonib tushayotgan yulduz), dedi. Umar: "U kimning o'g'li?", deb so'ragan edilar, "Haqraning" (yondirish, kuydirish), dedi. Umar qayerda yashashligini so'radilar. U: "Hurrada" (issiq joyda), dedi. Umar unga: "Ahlinga bor. Ular yonib ketishdi", dedilar. Kishi ahliga qaytganida, haqiqatda, ularning hammasini kuyib ketgan edi.

Molik ibn Anas Yahyo ibn Saiddan rivoyat qiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim tuyani sog'adi?", dedilar. Bir kishi "Men", dedi. Rasululloh: "Isming nima?" , deb so'radilar. U: "Murra" (achchiq), dedi. Rasululloh: "O'tir", dedilar. So'ng yana: "Kim tuyani sog'adi?", dedilar. Boshqa bir kishi turib: "Men", dedi. Rasululloh: "Isming nima?" dedilar. U: "Harb" (urush), dedi. "O'tir", dedilar. So'ng: "Kim tuyani sog'adi?", dedilar. Shunda bir kishi o'rnidan turib: "Men", dedi. Rasululloh: "Isming nima?", dedilar. U: "Ya'ish" (hayot) dedi. Rasululloh: "Sen sog'asan", dedilar. U sog'ib keldi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:34:49

115-bob
Kunlar va oylar zikri haqida


Faqih aytadilar: "Bilgilki, bir yil 12 oydan iborat. Birinchisi muharram deb nomlangan, chunki johiliyat vaqtida bu oyda urush harom qilingan edi. So'ng safar oyi. Safar deb nomlanishiga sabab, insonlarga bir kasallik etganida, ularning yuzi sarg'ayib ketdi, shu oyda yuzlar sarg'aygani sababli safar — sariq deb nomlandi. Aytiladiki, safar deb nomlanishiga yana bir sabab, muharram oyidan chiqib, urush halol bo'lganda, iblis o'z askarlari bilan erkin, ozod bo'ladi. So'ng rabi'ulavval oyi, chunki bu kuzni avvaliga to'g'ri kelgan, shu sababli, avvalgi bahor, deb nomlangan. So'ng robi'uloxir oyi, chunki bu kuzga to'g'ri keldi, shu sababli buni ikkinchi bahor nomi bilan nomlashdi. So'ng jumodulavval, so'ng jumoduloxir. Bu ikki oyni shunday deb nomlandi, chunki bular qish kunlariga, sovuq qattiq bo'lib, suv muzlagan paytga to'g'ri keldi. So'ng rajab oyi, rajab deb nomlanishiga sabab, arablar bu oyni ulug'ladilar, yana buni kar oyi bilan ham nomlaydilar, chunki bular bu oyda urush ovozini eshitmasdilar. So'ng sha'bon oyi, bu oyning sha'bon deb nomlanishiga sabab, arab qabilalari bu oyda dalalarga tarqab ketadi. Aytiladiki, sha'bon deb nomlanishiga sabab bu oyda ramazon uchun ko'p yaxshiliklar tarqaldi. So'ng ramazon keladi. Ramazon deb nomlanishiga sabab, bu oy issiq paytiga to'g'ri kelgan, "ramazon" so'zining ma'nosi qattiq issiq degani. Yana aytiladiki, chunki bu oyda gunohlar kuyib ketadi. So'ng shavvol keladi. Arab qabilalari bu oyda o'z joylaridan ko'chib ketadi, shuning uchun Shavvol deb nomlandi. So'ng zulqa'da keladi. Bu oyni zulqa'da deb nomlashlariga sabab, ular bu oyida urushdan tiyiladilar, so'ng zulhijja oyi keladi, bu oyda ular haj qiladilar. Bu oylar qamariy oylar nomi bilan mashhur bo'lib, arabiy oylarning nomlari. Qamariy oylar hisobi oyning aylanishi bilan bog'liq.  Shamsiy oylar rumiy hisob bilan, quyosh aylanishi bilan o'rganadi. Nomlari suryoniy tilida. Bu oylar mehrjon kunlaridan boshlanadi. Oylarning avvali tashrini avval, so'ng tashrini soniy, so'ng qonunul avval, so'ng qonunussoniy, so'ng shabot, so'ng ozor, so'ng nayson, so'ng ayyor, so'ng haziron, so'ng tamuz, so'ng ob, so'ng aylul, bu oylarning forscha nomlari ham bor, u navro'z kunlaridan boshlanadi. Avvl farurdin, so'ng ardu behisht, so'ng xurdod, so'ng yabru, so'ng muraddo, so'ng shahru buvad, so'ng mehr, so'ng abon. So'ng yil kunlaridan hisoblanmaydigan besh kun bor, buni ayyomul musriqa — o'g'irlangan kunlar deb ataydilar. So'ng ard, so'ng diy, so'ng buhn, so'ng isfandiyori madiyur.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:36:23

Forsiy oyning 10 kuni o'tganda, ya'ni har oyning o'ninchi kuni rumiy oylaridan bir oy boshlanadi. Har yili navro'z juma kunlaridan bir kun kechikadi. Agar navro'z bu yil payshanba kuni bo'lsa, kelgusi yil juma kuni bo'ladi, uchinchi yilda shanba kuni keladi. Arabiy (qamariy) oylar har yili 10 kun kamayadi, ko'pincha 11 kun kamayadi. Bulardan olti kuni oylarni qisqarishi bilan bo'ladi, to'rt kuni esa, ayyomul masruqa-o'g'irlangan kunlar. Bir kecha va kunduz 24 soat bundan ko'paymaydi ham kamaymaydi ham. Kecha qisqargan vaqtda kunduzi uzayadi, kunduzi qisqarganda kecha uzayadi, kunduzning eng uzun vaqti haziron oyning yarmida bo'ladi. O'shanda kunduzi 15 soat va kecha 9 soat bo'ladi va bu kechaning eng qisqa vaqti. So'ng kunduzi qisqarib, kechasi uzaya boshlaydi, to mehrjon kunlari kelguncha. Mehrjonda kun va tun tenglashib, har ikkalasi ham o'n ikki soatdan bo'ladi, hatto qonuni avval oyining o'n yettinchi kunida kecha 15 soatga etadi va bu kechaning eng uzoq vaqtidir. Shunda kunduzi 9 soatga etadi, bu kunduzning eng qisqa payti, so'ng kecha qisqara boshlaydi, hatto navro'zdan 19 kun yoki undan kamroq oldin kecha va kunduz baravar bo'ladi, so'ng haziron oyining yarmigacha kun ziyoda bo'laveradi. Bu Alloh taoloning:

"Quyosh (biron soniya to'xtamay) o'z qarorgohi sari joriy bo'lur" (Yosin, 38) va:

"U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur" (Hadid, 6), degan so'zlaridir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:36:42

116-bob
Inson tabiatlarining sifatlari haqida


Faqih aytadilar: Bilgilki, Alloh subhanohu va taolo  maxluqotni yaratdi va unga to'rtta tabiatni — quruqlik, namlik, issiqlik va sovuqlikni kiritdi va jasadning foydasi uchun nafsda to'rtta narsani yaratdi. Jasad faqat shular bilangina qoim turadi: qora pufak, sariq pufak, qon va balg'am. Quruqlikning o'rnini qora pufakda, namlikning o'rnini sariq pufakda, issiqlikning o'rni qonning ichida va sovuqlikning balg'amning ichida qildi. Qaysi jasadda bu to'rttalasi mo''tadil bo'lsa, salomatlik komil bo'ladi, agar birortasi boshqasidan ortib ketsa, kasallik tug'iladi, qay biri kamaysa, zaiflik kiradi. Bu tabiatlar xulqdagi fitrat — tabiatga aylanadi, quruqlikdan qasd-qat'iylik, namlikdan muloyimlik, issiqlikdan qiziqqonlik, rashk, g'azab va sovuqlikdan sabr, bardosh paydo bo'lgan. Agar bulardan birortasi ko'payib yoki kamayib ketsa, shu tomonidan sog'liqda nuqson paydo bo'ladi. Alloh taolo boshda har bir narsadan manfaatning bir turini joyladi, ko'rishni ko'zda, eshitishni quloqda, hidlashni burunda, so'zlashni tilda qildi. Shuningdek, qorinda har bir narsa uchun bir makon qildi: kulgu va xursandchilik o'rnini taloq va jigarda, qo'rquv va haybat o'rnini o'pkada, g'azab o'rnini jigarda, ilm va tushuncha — farosat o'rnini qalbda, aql o'rnini dimog'da, xursandchilik va xafachilik o'rnini buyrakda, (yurakda deb ham aytiladi) qildi. Jasadda Alloh taolo 360 ta tomirni va 240 ta suyakni  yaratdi va bu Alloh taoloning:

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:36:49

"(Ey insonlar), erda (undagi tog'u toshlar va vodiy-daralarda, dengizlar va daryolarda, hayvonot va nabotot olamida) hamda o'zlaringizda (ushbu hayotga kelib-ketishingizdan tortib, vujudlaringizdagi har bir a'zoyingizda, balki har bir hujayrangizning naqadar nozik tartib-intizom bilan yaratilib, o'z o'rniga joylashtirilganida va o'z zimmasidagi Yaratgan buyurgan vazifani quloq qoqmasdan ado etib borishida) ishonguvchi zotlar uchun (Allohning qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlar bordir" (Zoriyot, 20—21-oyatlar), degan so'zidir.

Ali (roziyallohu anhu): "Aql qalbda, rahmat jigarda, muloyimlik taloqda va nafas o'pkada bo'ladi", deganlar, va yana aytganlar: "Bolaning jasadi 21 yoshgacha, aqli 28 yoshgacha o'sadi, bundan keyin uning aqlida o'sish bo'lmaydi, faqat tajribasi oshadi".

Ba'zi hukamolar: "Aqlning o'rni dimog'da va  ahmoqlikning o'rni ko'zda, botilning o'rni quloqda, hayoning o'rni yuzda, ruhning yo'li burunda, hayotning o'rni og'izda, tashvish-g'amning o'rni yurakda, kulgining o'rni taloqda, rahmat va g'azabning o'rni yurakda, xafachilik va xursandchilik o'rni qalbda, kasbning o'rni ikkala qo'lda, qiyinchilikning o'rni ikkala oyoqda", deyishgan. Alloh subhonahu va taolo biluvchiroq.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:37:42

117-bob
Suzish, chavandozlik va merganlik haqida


Faqih aytadilar: Umar ibn Hattob deydilar: "Farzandlaringga suzishni, chavandozlikni va merganlikni o'rgatinglar hamda ularni nishonlar orasida yashirinishga buyuringlar". Ibn Umar (roziyallohu anhumo) Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Bolalaringga suzishni, chavandozlikni va merganlikni, ayollaringga tikishni o'rgatinglar", deganlarini rivoyat qilganlar. Uqba ibn Omir Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Yoydan otinglar va ulovga mininglar, yoydan otishlaring ulovga minishlaringdan yaxshiroq. Kishi o'ynaydigan har bir narsa botil, faqat uchta narsa: kamondan otish, otga tarbiya berishi va ayoli bilan xushlashish (botil emas)". Alloh taolo biluvchiroq.

Qayd etilgan