Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272645 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 38 B


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:38:04

118-bob
It saqlashdan qaytarish haqida


Faqih (rahimahullohi alayh) aytadilar: Solim otasidan rivoyat qiladi: Rasul (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki itni chorva va ovdan boshqa narsa uchun saqlasa, u har kuni o'z ajrining ikki qirotidan mahrum bo'libdi", dedilar.

Atiyya Ibn Umardan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki chorva, ov yoki ekindan boshqa narsa uchun it saqlasa, har kuni ajridan ikki qirot mahrum bo'libdi", dedilar.

Ibn Umarga: "Ey Abu Abdurahmon, biz bir qirot, deb eshitgan edik", deyishdi. U zot: "Men buni ikkala qulog'im bilan eshitdim va qalbim buni o'zida saqlab qoldi. Undan boshqa iloh bo'lmagan Zot ikki qirot deb aytgan", dedilar.

Abu Hurayra Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Kimki chorva, ov yoki ekindan boshqasi uchun it saqlasa, u har kuni o'z ajridan bir qirotdan mahrum bo'libdi".

Faqih aytadilar: Xabarda itni hojat uchun saqlasa, zarari yo'qligi, ammo  ermak uchun saqlasa, makruh bo'lishi aytilyapti. Ibrohim Naxa'iy Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) vabarliklarga it saqlashga ruxsat berganlarini rivoyat qilganlar. Vahb ibn Munabbahdan rivoyat qilinadi: "Odam alayhissalom erga tushirilgan vaqtda Iblis yirtqich hayvonlarga, bu sizlarning dushmanlaring, uni halok qilinglar", dedi. Hayvonlar to'planishib, itga: "Sen bizning eng shijoatlimizsan", dedilar va uni o'zlariga amir qilib oldilar. Odam buni ko'rganda hayron bo'ldi. Jabroil alayhissalom unga kelib: "Qo'ling bilan itni boshini sila"", dedi. Shunda Odam itning boshini siladi. Hayvonlar it odam bilan do'stlashganini ko'rganlarida tarqalib ketdilar. Ilojsiz qolgan it Odamdan omonlik so'radi. Odam unga omonlik berdi. Shunday qilib, it Odam va uning bolalari bilan qoldi". Allohh subhonahu va taolo biluvchiroq.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:45:24

19-bob
Yo'q bo'lib ketgan hayvonlar haqida


Faqih  aytadilar: Odamlar Alloh taolo yo'q qilgan maxluqotlar haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar: "Maymun va to'ng'iz Alloh taolo yo'q qilgan qavmning naslidan. Xuddi shunday sichqon, da'mus va boshqa asarlarda xabari kelgan maxluqotlar yo'q qilindi", deyishadi. Ilm ahli aytdiki: "Bunday deyish durust emas. Maymun va boshqalar oldin yaratilgan edi. Alloh taolo yo'q qilgan maxluqlar halok bo'ldilar va ulardan nasl qolmadi, chunki ularga g'azab va azob kelgach, ular uch kun ichida er yuzidan yo'qoldi".

Musavvar ibn Ahnaf aytadilar: "Abdulloh ibn Ma'sudga hozirgi maymun va to'ng'izlar oldingi maymun va to'ng'iz naslidan deb o'ylaysizmi?", deyishganda, Abdulloh: "Biror ummat yo'q qilinib, ularning o'rniga bular nasl qilinib qoldirilmadi, ular o'zlaridan oldin bo'lgan maymun va to'ng'iz naslidan", dedilar.

Odamlar Zuhra va Suhayl haqida gapirishdi, vaholanki, ikkalasi ham yulduzdir. Ba'zilar: "Ibn Abbosdan rivoyat qilinishicha, ikkalasi yo'q bo'lib ketgan", deydi. Ato: "Ibn Umar Zuhra yoki Suhaylni ko'rsa, so'kar edi va: "Suhayl Yamanda ushr yig'uvchi edi, odamlarga zulm qilardi. Zuhra Horut va Morutning sherigi bo'lgan, Alloh Taolo ularni yulduzga aylantirdi", derdi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:46:13

Mujohid aytadilar: "Ibn Umarga agar qizil yulduz (ya'ni, Zuhra) chiqibdi, deyilsa, uni xush ko'rmadik, der edilar. Ba'zilar: "Bunday deyish durust emas, chunki bu yulduz osmon yaratilganda yaratilgan edi", deydi. Xabarda rivoyat qilinadiki, osmon yaratilgan vaqtda yetti sayyora — Zuhal, Mushtariy, Bahrom, Zuhra, Atorud, Quyosh va Oy ham yaratilgan. Alloh taoloning so'zida ham aytiladi:


"(Alloh) kecha va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan zotdir. (Bularning) barchasi o'z falak-fazosida suzurlar" (Anbiyo, 33). Er uchun mana shu yetti sayyoraning foydasi bordir. Ulardan har birining bir foydaga ega. Zuhra rutubat — namlikka ega. Shu so'z bilan Zuhra va Suhayl yo'q qilingan — yulduzlarga aylantirilgan, degan kishilarning  so'zi durust emasligi sobit bo'ldi, chunki Zuhra va Suhayl Odam alayhissalom yaratilishidan oldin bor edi. Ibni Umarning: "Suhayl Yamanda ushr eg'uvchi va Zuhra Horut va Morut bilan fitnalangan edi. Alloh taolo ularni yulduzlarga aylantirib qo'ydi", degan rivoyatlaridagi gap shundaki, Suhayl nomli kishi va Zuhra nomli ayol bor edi. Alloh taolo ularni yulduzlarga aylantirib qo'ydi, lekin ular qolmadi, halok bo'ldi va do'zaxga tushdi, deyishadi. Ammo Ibn Umar ularni so'kar edi, degan rivoyat esa, ehtimol qilinadiki, u zot yulduzlarni so'kmaganlar, balki ushshor Suhaylni so'kkanlar, xuddi shuningdek, Zuhra haqida ham, balki Zuhra nomli ayolni so'kkanlar, yulduzni emas. Alloh subhonahu va taolo biluvchiroq. 

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:49:07

120-bob
Iymon haqida


Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ba'zilar odamlar o'z nafsiga men mo'minman deb aytishlarini makruh sanashdi, magar istisno qilib, men inshaalloh, musulmonman desa, joiz deyishdi. Chunki bu lafz madh — maqtashdir, nafsini maqtash esa, joiz bo'lmaydi. Xuddi men zohid, men obid  deb aytish joiz bo'lmagani kabi. Shuningdek, men mo'minman deb aytish ham joiz bo'lmaydi" deydilar. Chunki Alloh taolo mo'minlarni alomatlar bilan sifatladi, bas, kimdaki shu alomatlar topilmasa, mo'min deb atalishi joiz emas. Bu alomatlar haqida Alloh taolo shunday deydi:

"Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qo'rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganda iymonlari ziyoda bo'ladigan va Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar (haqiqiy) mo'mindirlar. Ular namozni to'kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar. Ana o'shalar haqiqiy mo'minlar bo'lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya'ni, jannatda, yuksak) darajalar, mag'firat va ulug' rizq bordir" (Anfol, 2—4-oyat). Yana Alloh taolo aytdiki: "A'robiylar: "Iymon keltirdik", dedilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting:

"Sizlar iymon keltirganlaringiz yo'q, lekin sizlar "Bo'yinsundik", denglar, (chunki hali-hanuz) iymon dillaringizga kirgan emasdir. Agar sizlar Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsangizlar, U zot sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (ya'ni ularning savobidan) biron narsani kamaytmas" (Hujurot, 14). Shunday qilib, Alloh ularni o'z nafslarini mo'min deb atashdan qaytardi va ularga o'zlarini musulmonman — bo'ysunuvchi deb atashni buyurdi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:49:34

Boshqalar quyidagi hadisga binoan buning zarari yo'q, deydilar. Ato aytadilar: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashoblari biz mo'min-musulmonlarmiz, deb aytganlarini bilaman". Zayd ibn Aloqa Abdulloh ibn Yazid Ansoriydan rivoyat qiladi: "Agar birontangizdan iymon haqida so'ralsa, u hech ham shubhalanmasin", dedi. Ibrohim Taymiy: "Sizlarning birontangiz musulmonman deb aytishni hech makruh sanamasin, agar u so'zida to'g'ri bo'lsa, so'ziga binoan, albatta, ajr oladi. Agar yolg'onchi bo'lsa, unda uning kufridan, yolg'onidan ham yomonroq narsa kirmaydi, chunki Alloh taolo:

"Ey mo'minlar, taqvoli kishilar bo'lishingiz uchun sizlardan ilgari o'tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro'za tutish farz qilindi" (Baqara, 183), dedi, boshqa o'rinda esa:

"Ey mo'minlar, namozga turganingizda yuzlaringizni hamda qo'llaringizni chig'anoqlarigacha yuvingiz, boshlaringizga mash tortingiz (ya'ni nam qo'llaringiz bilan silangiz) va oyoqlaringizni oshiqlarigacha yuvingiz!" (Moida, 6), dedi. Kimki o'zining mo'min ekaniga shak-shubha qilsa, unga ro'za va namozni ado etmasligi kerak bo'ladi, chunki Alloh taolo bularni xossatan mo'minlarga vojib qildi", deydilar.

Faqih aytadilar: Agar birontangiz men, inshaalloh, mo'min holatda o'laman, desa joiz bo'lmaydi, chunki istisno qaytadan boshlovchiga ishlatiladi, hozirgi va o'tgan zamonga ishlatilmaydi, chunki gapda: "bu narsa, Xudo xohlasa, kiyim" va "bu, inshaalloh, ustun" deb aytish durust bo'lmaydi.

Hasan Basriydan rivoyat qilinadi:  "Inshoalloh, bunday qilaman desa, bu gap kishining aqlliligidan, agar, inshaalloh, bu ishni qildim, desa, bu uning ahmoqligidan". Taloq va 'itoqda (qulni ozod qilish) istisno qilsa, taloq va 'itoq tushmaydi, agar o'z iymonida istisno qilsa, iymonga xalal va qusur etib qolishi xavfi bor.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:53:08

121-bob
Iymon ziyoda bo'lishi yoki bo'lmasligi haqida

Faqih (rahimahulloh): Odamlar iymon haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar, iymon ko'payadi va kamayadi, dedi, ba'zilar, ko'paymaydi ham, kamaymaydi ham, deb aytdi, ba'zi birovlar: ko'payadi, lekin kamaymaydi, dedi.

Iymon ko'payadi va kamayadi, deganlarning hujjati Alloh taoloning:

"Iymonlariga iymon qo'shish uchun..." (Fath, 4) va

"Iymon keltirganlarning iymonlarini ziyoda qilur" (Tavba, 124), degan so'zidir. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Men qiyomat kuni shafoat qilaman, shunda do'zaxdan uning qalbida bir bug'doy misqolicha iymoni bo'lgan kishi chiqadi. So'ng yana shafoat qilganimda uning qalbida bir xardal misqolicha iymoni bo'lgan kishi do'zaxdan chiqadi. So'ng yana shafoat qilaman, bunda esa qalbida zarra misqolicha iymoni bo'lgan kishi ham do'zaxdan chiqadi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:53:22

Iymon ko'payadi, kamaymaydi, deganlarning hujjati Muoz ibn Jabaldan qilingan rivoyat. Musulmon kofirdan meros olardi, ammo kofir musulmondan meros olmasdi. U kishi aytdilarki: "Men Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Islom ziyoda bo'ladi, lekin kamaymaydi", deganlarini eshitganman". Boshqa bir rivoyatda: "Iymon ko'payadi, ammo kamaymaydi", deyilgan.

Iymon ko'paymaydi ham, kamaymaydi ham, deganlarning hujjati Abu Muti' Hammod ibn Salamadan, u Abu Mahzumdan, u Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisdir: "Saqif qabilasidan Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) elchilar keldi va aytdilarki: "Ey Rasululloh, iymon kamayib ko'payadimi?". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Iymon qalbda mukammaldir, uning ko'payib kamayishi kufrdir", dedilar". Avn ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi:

"Men Umar ibn Abdulazizning minbardan turib: "Agar ish huv ana u adashgan, shakkoklar aytganidek, gunohlar iymonni kamaytiradigan bo'lganida, birortamiz kech kirganida iymoni qanchaga ko'payganini yoki undan qancha qolganini bilmasdi", deganlarini eshitdim". Alloh taoloning: "Iymonlariga iymon qo'shish uchun..." (Fath, 4) degan so'zining ma'nosi haqida mufassirlar yaqiyn ziyoda bo'ladi, deyilmoqda, deyishgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  25 Fevral 2008, 08:53:31

Darhaqiqat, iymon Qur'onda bir necha uslubda zikr qilingan. Ularning ma'nolari tafsir ahlining so'zlari bilan izohlanadi. Abu Muti': "Osmon va er ahlining iymoni birdir, ular orasida ziyodalik va nuqson yo'q", deydi. Hishom Abu Yusufdan rivoyat qiladi: "Men haqqan mo'minman va men Alloh huzurida mo'minman, ammo iymonim Jabroil alayhissalom va Mikoil alayhissalomning iymonlariga o'xshash, deb aytmayman". Muhammad ibn Hasan: "Men: "Iymonim Jabroil alayhissalomning iymoniga o'xshash", degan kishini yomon ko'raman. Balki Jabroil va Mikoil iymon keltirgan zotga iymon keltirdim, desin, shuningdek, iymonim Abu Bakr (roziyallohu anhu) iymonlaridek deb aytmasin, lekin Abu Bakr (roziyallohu anhu) iymon keltirgan zotga iymon keltirdim, deb aytsin", deydi.

Muhammad ibn Hasan yana aytdiki: "Sufyon Savriy: "Inshaalloh, men mo'minman", deb aytar edi, so'ng bu so'zidan qaytdi va istisnoni tark etdi va: "Men mo'minman", dedi".

Muhammad ibn Hasan yana aytadi: "Agar ish mening qo'limda bo'lganida, qamoqlarni o'g'rilar bilan emas, iymonim Jabroil alayhissalomning iymonidek, deb aytadigan kishilar bilan to'ldirar edim. Vaholanki, men, Jabroil alayxissalom iymon keltirgan zotga iymon keltirdim, deb aytaman".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Fevral 2008, 06:17:59

122-bob
Iymon amalmi yoki iqror


Faqih aytadilar: Odamlar iymon haqida gapirib, ba'zilari, iymon so'z va amaldir, dedi. Bu Ahmad ibn Hanbal va Ishoq ibn Rohavayh va unga ergashganlarning so'zi: Ba'zilar, iymon — qalb bilan tanish, dedi. Bu Jahm ibn Safvan va unga ergashganlarning so'zi. Boshqalar, iymon til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlash va uning shariat — qonunlariga amal qilish, dedilar, bu Abu Hanifa va unga ergashganlarning so'zidir. Biz shu gapni olamiz. Iymon so'z va amaldan iborat, degan kishilarni hujjati Alloh taoloning ushbu oyatidir:

"Alloh iymonlaringizni (ya'ni, namozlaringizni) zoe' qilguvchi emasdir" (Baqara, 143) — Alloh taolo Quddusga qarab o'qilgan namozning zoe' bo'lmasligini aytdi.

Iymon so'zdan iborat degan kishilarning hujjati Alloh taoloning ushbu so'zi:

"Aytgan gaplari sababli Alloh ularni mukofotladi" (Moida, 85).

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Men insonlar hatto "La ilaha illalloh" deb aytgunlarigacha urush qilishga buyurildim. Agar bu so'zni aytsalar, mendan qonlari va mollarini saqlaydilar yoki haqqini (jiz'ya) berib saqlaydilar ularning hisob-kitobi Allohga havola", dedilar. Iymon-qalb bilan tanish, degan kishilarning hujjati, agar kishi kufr e'tiqodda bo'lsa, buni gapirmasa ham, u kofirga aylanadi. Shuningdek, iymon keltirsa va uni gapirmasa ham, mo'min bo'laveradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Fevral 2008, 06:18:18

Iymon-til bilan iqror bo'lish, qalb bilan tasdiqlash, deganlar Jabroil alayhissalom Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirib, iymon haqida so'raganida, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Iymon Allohga va Uning maloikalari, kitoblari, rasullari, oxirat kuni, o'limdan keyin tirilish, qadarning yaxshi va yomonligi Alloh taolodan ekaniga iymon keltirish", deb bergan javoblariga suyanishadi. Jabroil alayhissalom shunda: "Rost gapirdingiz, deganlar. Jabroil alayhissalom bu bilan sahobalarga ta'lim berishni, din va shariatni zohir qilishni xohladilar, Alloh taolo:

"Ayting: "Ey ahli kitob, bizga ham, sizga ham barobar bo'lgan bir so'zga kelingiz" (Oli Imron, 64), deb aytgan. Sobit bo'ldiki, kishi so'z bilan mo'min bo'ladi, so'z tasdiqlash bilangina to'liq bo'ladi, chunki Alloh taolo munofiqlar qissasida:

"Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, o'zlari mo'min bo'lmaganlari holda "Allohga va oxiratga iymon keltirdik", deydilar" (Baqara, 8), degan. Alloh ulardan iymonni nafiy qildi, chunki ularda so'zning tasdig'i yo'q edi. Agar so'z tasdiq bilan birga topilsa, mo'min bo'ladi.

Qayd etilgan