134-bob
Musobaqalashish haqida
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Musobaqalashishda zarar yo'q. Musobaqalashish otlarning bir-biridan o'zish uchun yugurishidir. Agar buning evaziga ov-yutuq bo'lmasa zarari yo'q. Agar biror-bir narsani to'lash sharti bilan musobaqalashishsa, bu boradagi gap ikki turlidir: Agar g'olibga falon mukofot beriladi, deb musobaqalashish joiz emas, bu ish qimordir. Ammo mening otim o'zsa, menga falon mukofot, agar sening oting o'zsa, senga hech narsa yo'q, deb musobaqalashsa joizdir. Bas, to'lov bir tarafdan bo'lsa, joiz va ikki tarafdan bo'lsa, nojoiz. Agar to'lov ikki tomondan joiz bo'lishini xohlashsa, oralariga bir hakam kiritishadi va: mening otim yutsa, menga sendan falon narsa, agar sening oting yutsa, mendan senga falon narsa, uchinchimiz yutsa, unga hech narsa yo'q, deb shartlashishadi, shu joizdir. Mujohid Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Maloikalar sizlarning o'yinlaringizdan birontasida hozir bo'lmaydi, magar kamon otish va ot musobaqasida (hozir bo'ladi)".
Zuhriydan rivoyat qilinadi: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) zamonlarida ot va tuyada, yana odamlar yugurishda musobaqalashishar edi".