154-bob
Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) vahiyning boshlanishi haqida
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) yoshlari yigirma beshga etganida, amakilari Abu Tolib: "Ey birodarimning o'g'li, seni o'z molimdan uylantiray desam, Allohga qasamki, molim ko'p emas. Otangdan ham senga biror narsa qolgani yo'q, o'zingda Xadicha binti Xuvaylidga beradigan biror narsa bormi? U (Xadicha) ish haqiga ikki tuya beradi, yana bitta so'rasang shoyad qo'shib bersa", dedi va Nabiy bilan Hadichaning oldiga keldi. Shunda Xadicha: "Ha, bosh ustiga, ikki tuya ustiga yana bir tuya qo'shaman", dedilar. Nabiyning (sollalohu alayhi vasallam Hadichaning Maysara degan g'ulomi bilan Shom tomonga Busro bozoriga bordilar va ko'p foyda ko'rdilar. Alloh taolo Maysaraning qalbiga Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) muhabbatini soldi. Ikkalasi Marroz-zahron degan joyga etganlarida, Maysara: "Ey Muhammad, oldinga o'ting va Xadichaga foydamizni ayting, shoyad u sizga yana bir tuya qo'shsa", dedi. Rasululloh shunday qildilar, shunda Xadicha onamiz yana bitta tuyani ko'shdilar. So'ng Maysara Xadichaga Muhammaddan (sollallohu alayhi vasallam) yo'lda ko'rgan, hisoblab bo'lmaydigan ajoyibotlar, alomatlar va barakalarning xabarini berdi. Bu Xadichaning qalbida Rasulullohga nisbatan sevgi paydo qildi. Taom tayyorlab, Quraysh raislarini chaqirdilar va otasidan o'zini Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) berishini talab qildilar. Otasi g'azablandi, bosh tortdi, shunda Xadicha unga aroq quydilar, hatto otasi mast bo'lib qoldi. So'ng undan yana talab qildilar, shunda otasi uni Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) uylantirdi. Chol o'ziga kelganida, kiyimlarida atir hidini sezdi va Xadicha onamizdan: "Nima bu?" deb so'radi. "Meni Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) uzatdingiz", dedilar. Otasi: "Qavmning kazo-kazolari senga sovchi qo'ydi, men bosh tortdim, sen moli bo'lmagan kishiga nikohlandingmi?", dedi. Hadicha: "U hasabli va nasabli, uning moliga menda hojat yo'q", dedilar. Shunday qilib, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) unga uylandilar. So'ng qirq yoshga etganlarida havoda bir narsani ko'rdilar, xuddi u o'zlariga tushib kelayotgandek edi. Qo'rqdilar. So'ng: "Qo'rqmang, men Jabroilman", degan ovozni eshitdilar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Xadicha onamiz yonlariga mahzun holda keldilar va: "Bir narsani ko'rib juda qo'rqdim. U, qo'rqma, men Jabroilman, dedi. Men jinnilikdan qo'rqyapman", dedidar. Xadicha Varaqa ibn Navfal oldiga keldilar. U amakisini o'g'li, kitob o'qir, ko'p o'qiganidan ko'r bo'lib qolgan edi. Xadicha: "Ey amakimning o'g'li, erim bir narsani ko'rdi va undan qo'rqdi, u, men Jabroilman, debdi", deb aytdilar. Shunda Varaqa ibn Navfal: "Subhonallohil-quddus, Jabroil ulug' Allohning nomusi va payg'ambarlarga Allohning safiri", dedi. (Nomus — yaxshi xabarning sohibi, josus — yomon xabarning sohibi, safir — ikki kishining orasini isloh qiladigan elchi). Varaqa: "Agar ering haqiqatda buni ko'rgan bo'lsa, u nabiydir", dedi. Xadicha Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yonlariga qaytdilar va uning gapini aytib berdilar.