Abu Ali ibn Sino
AYNIYA QASIDASIDAN
Seni deb osmondan tushdi kabutar,
Uning bahosiga yetolmas gavhar.
Bu kabutar senga ruhu shirin jon,
Seni past-balandga yo’lladi ravon.
Ziyraklar ko’zi ham ko’rmas muammo,
Oqilga chehradon ma’lumdir, ammo,
Gavhardan pokroq ul, adashma zinhor,
Hamma, hamma narsa faqat unda bor.
Sen-la bir bo’lganda qadr qilmaysan,
Qo’zg’alsa, na qilmoq kerak, bilmaysan.
Tushib kelganida osmon avjidan,
Xasta bo’lgan chog’i hayot mavjidan,
Zindoni tangligi tegib joniga,
Yana qaytmoq istar o’z makoniga.
So’ng bir oz ko’nikdi, jim bo’lib qoldi,
Ammo sog’inishdan madori toldi.
Ul jannat makonin unuta olmas,
Bu xarobazorda quvnoqlik abas.
Karvon o’tgan manzil kabi sovuq, bo’sh
Ko’rinardi inson dili, urmas jo’sh.
Inson tani tutab yotar ohista,
Unda ko’rinmasdi hatto farishta.
U zindoni bo’lib, siqilib nogoh
Deyardi:"Gunohim afv ayla, Alloh!"
Ozodligim g’ami ezar beshafqat,
Erkimni qaytargil, qolmadi toqat.
Uning iltijosi yetdi xudoga,
Va chaqirib oldi avji samoga.
Shodlik qanotida uchib ketdi jon,
Xoki turob bo’ldi bu tirik inson.
Nechun kuylamasin shodlik kuyini,
Hech kim bilmas uning sirru o’yini.
Tana bilmas edi ne sirga ketar,
Ruh esa abadiy manzilga ketar.
Nechun uni tangri etib gunohkor,
Osmondan tushirdi tuproqqa yakbor.
Yoki dard o’tida toblamoq bo’ldi,
Sirin anglamoqqa yo’llamoq bo’ldi?