Bismillah...
Bu kalom yo'lingni yoritgay - mayoq,
Nazar sol, dalil mo'l,sonsiz-beadoq,
Takrorlar tog'u tosh,shivirlar giyoh,
Ibrat ol ey nafsim, botini siyoh.
To osiy o'lmasdan,to o'lmay gumroh,
Balolarga duchor bo'lmay banogoh,
Rahmon nomi ila degil:"Bismillah!"
O'z sakkiz ming olam harakatdadir,
Ki Haqning fazlidan barakotdadir,
Kim iblis ilkida,kim g'aflatdadir,
Kim fasod ilkida - chin ofatdadir,
To osiy o'lmasdan,to o'lmay gumroh,
Arshi Azamatda holingdan ogoh,
Rahmon nomi ila degil:"Bismillah!"
Allohi Karimg'a aylab murojaat,
So'rguvchi doimo dardingga hojat,
Dili bedor zotlar - ahli munojot,
Barhaqki,oqibat topgaylar najot,
Sen-da najot ista,to o'lmay gumroh,
Azozil qasrinda o'lmasdan maddoh,
Rahmon nomi ila degil:"Bismillah!"
Ayo,bani odam,yo ibodulloh,
Ayo ahli fano ma xolaq Alloh,
Sizga Al-Fattohning kalomi bo'lsin,
Sizga Ar-Rozzaqning salomi bo'lsin.
Muhammad Bobur Mo'min.