Abdulmuttalib Halimaga:
– Ey Halima, bola olmagan bo‘lsang, mening bir yetim o‘g‘lim bor. Bani Sa’d xotinlari bu bolaning otasi yo‘q ekan, undan nima naf ko‘rardik, deb olishmadi. Shu bolani sen ol, balki foydasi bo‘lar.
Men xo‘jayinim bilan maslahatlashish uchun izn istadim. Harisni bor gapdan xabardor qildim. Erim:
– Yo Halima, o‘zing bilasan, – dedi.
Amakimning o‘g‘li esa achchiqlanib:
– Boshqa xotinlar boy bolalarni oldi. Siz kelib-kelib yetim bolani olasizmi? Undan nima foyda ko‘rardingiz, boshingizga balo bo‘ladi, – dedi. Biroq erim:
– Yo Halima, borib rozi bo‘l. Yetim ekan, bir xayri bordir, – dedi.
Men ham uyga quruq qaytishni istamasdim. Abdulmuttalibga rozi ekanimni aytdim. Qurayshlar ulug‘i gapimdan juda sevinib ketdi. Haqqimga duo qilib, meni Ominaning uyi tomon boshladi. Omina g‘oyatda go‘zal, kelishgan, tarbiyali va nozikta’b juvon edi. “Ahlan va sahlan, ey Halima”, deb meni muloyimlik bilan qarshi oldi. So‘ngra meni o‘g‘lining oldiga olib bordi. Chaqaloq oq matoga o‘ralgan, yashil ipak yopinchiq ostida uxlab yotardi. Burnimga hush bo‘ylar urildi. Yopinchiqni ochdim. Ko‘zlarim oldida malak siymoli go‘dak muloyim uxlab yotardi. Shu ondayoq qalbimda unga nisbatan kuchli bir muhabbat uyg‘ondi. Hatto ko‘kraklarimga sut to‘lganini ich-ichimdan his etdim. Qo‘limni sekin ko‘kragiga qo‘yganimda uyg‘ondi. Menga qarab jilmaydi. Uni olib bag‘rimga bosdim. Umrim bino bo‘lib bu qadar xushro‘y, bu qadar yoqimtoy bolani ko‘rmagan edim.