MUHAMMAD ALAYHISSALOMNING HAZRATI ALINI O’Z TARBIYASIGA OLISHI
Milodiy 596 yil. Muhammad alayhissalom 26 yoshda.
Bu paytda Makka va uning atrofida qurg‘oqchilik hukm surardi. Qurg‘oqchilik barchaning tinkasini quritgan, ayniqsa bola-chaqasi ko‘p oilalarning ahvoli og‘ir edi. Muhammad alayhissalom Hazrati Hadichaga uylangach, bu azobdan qutilgan bo‘lsa-da, amakisi Abu Tolibning faqirona hayoti uni o‘yga toldirdi. Bir kuni boshqa amakisi Abbosga:
— Ey, amakim Abbos, sening mol-mulking o‘zingga yetarli, nonga zoriqqaning yo‘q. Amakim Abu Tolib esa faqir va farzandlari ko‘p. Agar ma’qul topsang, u kishining bittadan farzandini o‘z tarbiyamizga olsak va uni bu yukdan xalos etsak, — dedi.
Abbos bu gapni bajonidil qabul etdi. Darhol Abu Tolibning huzuriga borib, takliflarini aytishdi. Abu Tolib:
— Menga Ukaylni qoldiring, qolganlarini nima qilsangiz o‘zingiz bilasiz, — dedi.
Abbos Ja’farni, Muhammad alayhissalom esa Alini olib uylariga qaytishdi. Ali bu paytda besh yashar edi. Rasulullohning uyida Hazrati Hadichaning oldingi nikohlaridan bo‘lgan farzandlari ham yashardi. Yana Zayd ismli bola ham bo‘lib, u Kalb qabilasiga qilingan bosqinda asirga tushgan, Shomga tijorat safariga borgan Hadichaning birodari Hakim ibn Hizom sotib olib, uni Hadichaga tuhfa etgan edi. Hadicha esa Zaydni Muhammad alayhissalomga berdi. Rasululloh uni qullikdan ozod etib, o‘ziga o‘g‘il qilib oldi.