N. Sladkov
Qora laylak
Qora laylak o`rmonda yolg`izlikda yashovchi qush. Uni ko`rganlar kamdan-kam uchraydi. U o`zini ko`z-ko`z qilishni yoqtirmaydi.
Laylakni asosan osmonda ko`rish mumkin. Shunda ham ko`z ilg`ab bo`lmaydigan balandlikda.
Aslida qora laylak uncha qoraham emas. Qorni, biqinlari, qanot qalqonlari qordek oppoq. Tumshug`i qizil, uzun oyoqlari alvon rangda. Laylak soya joylarda qoramtir bo`lib ko`rinadi, quyoshda esa goh yashil, goh zangor, ba`zan hatto qip-qizil bo`lib ham ko`rinadi. Afsuski, bu tovlanishlar qafasda o`z-o`zidan ko`rinmay qoladi. Qora laylak o`rmonning quyuq soya-salqin joylarida qimmatbaho tosh kabi rangini o`zgartirib viqor bilan qadam tashlab yuradi. Lekin bu tovlanishni faqat yaqindan ko`rsa bo`ladi.
Kunlardan bir kuni o`rmonning ovloq joyidagi ko`lda maza qilib cho`mildim. Mayda baliqchalar men bilan o`ynamoqchi bo`lganday atrofimda gir aylanardi. Ularga mening qizil lastalarim yoqib qolgan shekilli, lastalarimga chivindek yopishib olishdi. Shu payt ko`lning narigi chetida uchta qora laylakka ko`zim tushdi. Ular tizzasigacha suvda turar, tumshug`lari suvda edi. Laylaklar meni sezishlari hamon ko`kka parvoz qilishdi.
Laylaklar turgan joyda mayda baliqchalar guj bo`lib ketgan edi. Shunda men qizil lastalarim haqida o`ylab qoldim. Nahotki, laylaklar qizil oyoqlari-yu, qizil tumshuqlari bilan baliqlarni o`ziga jalb qilsa? Shu xayol bilan suvga qizil lastalarimni botirgan ham edim-ki, baliqchalar lastalarga pashshaday yopishib olishdi. Obbo laylaklar-ey, odam oyog`i yetmagan o`rmonda yashasa-da, shunday narsaga faxmi yetibdi-ya!