Boborahim Mashrab  ( 35626 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:09:57

O'rtar
Agar oshiqlig'im aytsam, kuyub jonu jahon o'rtar,
Bu ishq sirin bayot etsam, taqi ul xonumon o'rtar.

Kishiga ishq o'tidin zarraye yetsa, bo'lur giryon,
Bo'lub besabru betoqat, yurak-bag'ri chunon o'rtar.

Nechuk toqat qilay, do'stlar, bu dard ila bo'lub hayron,
G'amim boshqa, alam boshqa, yuragimni fig'on o'rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub har dam firoqingda,
"Nigoro!" deb oting aytsam, ki shavqingdin zabon o'rtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,
Tilim lolu ko'zum giryon, so'ngaklarni nihon o'rtar.

Na qattig' kun ekan, dilbar, visolingdin judo bo'lmoq,
Mening ohim o'tig'a bul zaminu osmon o'rtar.

Yurakda dardu g'am qat-qatki, menda qolmadi toqat,
Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon o'rtar.

Bu dard ila xarob o'ldum, kelib holimni so'rmassan,
Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon o'rtar.

Bu Mashrab dardini, jono, ki hech kim boshig'a solma,
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o'rtar.

Qayd etilgan


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:11:27

Dastingdan
Ne g'urbatlarni chektim charx bebunyod dastingdin,
Mudom motamda qoldim, bo'lmadim dilshod dastingdin,
Tamomi xonumonim bo'ldi chun barbod dastingdin,
Qafasdin bo'lmadimki qumridek ozod dastingdin,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Dilimning quvvati, ruhi ravonimdin ayirdilar,
Ko'zimning oqi yanglig' mehribonimdin ayirdilar,
Azizim, hamdamim, oromijonimdin ayirdilar,
Jahon gulzorida ul gulistonimdin ayirdilar,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Chamanda bulbuli sho'ridadurman, oshyonim yo'q,
Misoli chug'dek vayronalarda ham makonim yo'q,
Vafolig' yor deb chiqti, jasadda balki jonim yo'q,
Azizimdin judo bo'ldum, boshimda soyabonim yo'q,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Meningdek g'amga qolgan, dilparishon o'lmasun hech kim,
Ko'zi chun termulub yo'llarda vayron o'lmasun hech kim,
Bahori gulshani umri zimiston o'lmasun hech kim,
Bu dunyo diydasig'a torikiston o'lmasin hech kim,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Umidim bor, etkurgaymusan xurshidi matlabni,
Saodat burjidin ul sha'mi iqbolimg'a kavkabni,
Ko'targaysan boshimdin ikki olamda qaro shabni,
Iloho, sen etur himmat yo'lig'a xasta Mashrabni,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin

Qayd etilgan


Mahzunabonu  10 Mart 2008, 23:17:00

Nogoh ko'rubon jamoling
Nogoh ko'rubon mahvi jamoling bo'la qoldim,
Oydek yuzingga boqdimu hayron bo'la qoldim.

O't tutashib kuydi yuragim birla jonim,
Parvona bo'lub o'tga yuzimni ura qoldim.

Yuz g'amza bila chiqdi sanam maykasidin,
Zunnor uzub, din bila imon sota qoldi.

Ko'rdumki,ajib ishvagaru dilbari tannoz,
Devona bo'lub ishqida o'tdek yona qoldim.

Diydori jamolini ko'rub ishq yo'lida,
Gulgun yonubon mavhi tomosho bo'la qoldim.

Hojat emas ul Ka'bai jononag'a bormoq,
Men gavhari maqsud bo'loyin deb yona qoldim.

Mashrab boshig'a tushdi o'shal kun g'ami dildor,
Shaydoyi bo'lub jumla havasdin qola qoldim.

Qayd etilgan


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:18:16

Men nola qilay shomu sahar
Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda,
Jonimni beray, sho'xi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul,
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xo'boni jahon bo'lsa taqi Yusufi Kan'on,
Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur,
Jonim qushi sayd o'ldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur,
Giryonu fig'on, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab,
O'lturdi g'aming, ko'zlari jallod, eshigingda.

Ashkim to'kubon hajru g'amingda kecha-kunduz,
Vayrona vatan - manzul obod eshigingda.

Ul husnu jamoling o'ti Mashrabg'a tushubdur,
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda

Qayd etilgan


Mahzunabonu  10 Mart 2008, 23:20:41

Shodmonlik izlama
Shodmonlik izlama, ohir boshinga g'am kelur,
Odamining boshiga andishayi motam kelur.

Osmonga etsa boshing misli Muso homush o'l,
Sar daraht nurmeva bolgan songra boshi ham kelur.

Odamiyning asli birdur, bir-biridin farqi bor,
Necha qari o'tgan soghun dunyoga bir odam kelur.

Vahmi mahshardin gapurmang norasoni oldida,
Goshi kargha haq sozi albatta noforam kelur.

Yighlamoq oson emasdur, ey jigarbandim, eshit,
Mulki dil sadpora bolghan song kozingdan nam kelur.

Olimi ilmiga maghrur, johili isyonga gharq,
Kas ne bilsun, rozi mahshar kimni toshi kam kelur.

Yoshligingda yolga kirghil, toki topqaysan kamol,
Gar jarohat kohna bolghan songra bemalham kelur.

Mashrabo, siynamdagi dardimni aytsam, arsh kuyar,
Yol hatadur, qorqaman, majlisga nomahram kelur.

Qayd etilgan


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:22:50

Ko'rsat jamoling
Ko'rsat jamoling mastonalarg'a,
Ishqingda kuygan parvonalarg'a.

Mendin duodur,sendin - ijobat,
Jonim tasadduq jononalarg'a.

Ey ko'ngli qattig',rahm aylamaysan,
Qilg'il nazar sen bechoralarg'a.

Mashrab seni deb kechti jahondin,
Boshini qo'yub ostonalarg'a.

Qayd etilgan


Mahzunabonu  10 Mart 2008, 23:24:58

Meni yo'qlar kishim bormu
Namangondin ketar bo'lsam, meni yo'qlar kishim bormu?
G'ariblik shahrida o'lsam, meni yo'qlar kishim bormu?

Qani qavmu qarindoshim, bu yo'lda bo'lsa yo'ldoshim,
Ko'zumdin oqizib yoshim, meni yo'qlar kishim bormu?

Muhabbat sharbatin ichtim, qazondek qaynabon toshtim,
Bu foniy dunyodin kechtim, meni yo'qlar kishim bormu?

Tushubdur boshima savdo, ramuzu ishqdin g'avg'o,
O'ziga ayladi shaydo, meni yo'qlar kishim bormu?

Turarga toqatim yo'qtur, yurarga holatim yo'qtur,
Yurakda ishq o'ti cho'qdur, meni yo'qlar kishim bormu?

Qarorim yo'q turay desam, Namangonda yuray desam,
Jahonni sayr etib kezsam, meni yo'qlar kishim bormu?

Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur,
Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yo'qlar kishim bormu?

Qayd etilgan


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:28:27

Hech kima ma'lum emas
Hech kima ma'lum emas holi parishonim mening,
Osmonni pora qildi ohu afg'onim mening.

Men nechuk shod etmayinkim xasta ko'nglum bir dame,
Keldi holimni so'rab jon ichra jonim mening.

Ey sitamgar,kelgilu aknun shahid etkil meni,
Mavj ursin Karbalo dashtida bu qonim mening.

Chun seningdek nozanin jam'i mulkda yo'q erur,
Bu jahonda ko'rmadim,ey ko'zi Cho'lponim mening.

Nozu istig'no bila kelib meni holimni so'r,
Termulib doim yo'lingda chashmi giryonim mening.

Tobakay jabru sitam aylab yurursan,ey rafiq,
Chiqdi,Mashrab, ushbu g'amdin bu aziz jonim mening.

Qayd etilgan


Muhammadali  10 Mart 2008, 23:33:15

Yorga yetar kun bormu
Bulbuldayinkim faryod etarman,
Ishq daftarini bunyod etarman,
Ko'ngullarimni men shod etarman,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

G'am bahri qildi mavjini bunyod,
Ishqingda qildim ming ohu faryod,
O'tti nigorim chun sarvi ozod,
Yo'rga yetar kun bormu, yoronlar?

Hajr ahli keldi tutti yoqamdin,
Bag'rimni tildi paykoni g'amdin,
Ming dodu faryod ushbu o'luimdin,
Yo'rga yetar kuni bormu, yoronlar?

Sham'i firoqing ko'ksimda yondi,
Ko'z yoshim oqib bag'rimga tomdi,
G'aflatda qolgan Mashrab uyg'ondi,
Yorg'a yetar kun bormu, yoronlar?

Qayd etilgan


Mahzunabonu  10 Mart 2008, 23:34:24

Kelmading bir qoshima
Tushti savdoyi muhabbat boshima,
Or etar mardum kelurg'a qoshima.

Vah, muhabbat ko'yida qon yig'ladim,
Yeti iqlim g'arq bo'ldi yoshima.

Sajda aylar zohid ul mehrobig'a,
Men qilurman sajda egma qoshima.

Qil hazar, albatta, jonon, qahrdin,
Uzru zorim senga - bag'ri toshima.

Muhtasib to'kturdi soqiy bodasin,
Yetmadi aqli aning sirdoshima.

Kunda yuz ming jabr qilsang, o'rgulay,
Qo'y qarab g'am toshina bardoshima.

Mashrabi devonaman hayron qilib,
Ne sababdin kelmading bir qoshima.

Qayd etilgan