«Vafosizga. Men o‘zimning bu maktubimni ko‘z yoshlarim bilan yozaman. Negaki
hozirda manim yolg‘iz ko‘z yoshlarimgina emas, butun borlig‘im siyohdir. Men endi
og‘izlardag‘i «vafo» so‘ziga ishonmayman. Chunki men o‘zimning vafosiga ishong‘anim
bir yigitdan ulug‘ vafosizlik ko‘rdim. Uyatimdan ko‘zlarimni ocholmayman. Negaki yeru
ko‘klar, tog‘u toshlar va dunyodagi barcha narsalar manim aldang‘anim uchun kulib
masxara qilg‘andek qaraydirlar... Bu kunimdan, bu hasratimdan qutilish uchun o‘zimga
ajal chaqiraman. Lekin ajal ham men sho‘rlikdan nafratlangandek, go‘yo ul ham menga
vafosizlik qiladir.
Begim, garchi achchig‘lansangiz ham aytishka majburman: sizda vijdon, insof, rahm,
va’da, vafo, yaxshiliqni bilish, boring-chi, odamgarchilikdan hech gap yo‘q emish. Bil’aks
siz: hiylakor bir tulki, og‘zi qon bir bo‘ri, rahmsiz bir jallod, uyatsiz bir yigit!
Sizni hiylakor dedim: esingizda bormi, sodda otamni, go‘l onamni qandog‘lar qilib
aldadingiz? Yodingizda bormi, sham’ yonida meni aldab aytkan so‘zlaringiz, bergan
va’dalaringiz, «manim orzum» deb qilg‘an xitob-laringiz, to‘kkan ko‘z yoshlaringiz?..
Bas, bu hiylalar, bu makrlar sizdan boshqa kimda topilsin?
Sizni og‘zi qon bir bo‘ri dedim: chunki sizda rahm yo‘q. Siz o‘zingizning zaharlik
tishlaringiz bilan mazlumlar ko‘ksini, bayovlar bag‘rini chok etasiz; yangi ochilg‘an
gullarni, endi bosh tortqan lolalarni vaqtsiz so‘ldirasiz, ochilib bitmay o‘ldirasiz!
Sizni uyatsiz dedim: ilgarigi vahshatingiz bilan o‘zingizning haqqingiz bitkanligini
bilaturib ham yana uyalmay-qizarmay vijdonsizlar amrini berasiz va uyatsizlig‘ingizni
yana bir qat ortdirasiz!
Men sizning ba’zi bir da’volaringizga hayron qolaman: otam Toshkandda ekan chog‘da
bu gapni aytishka uyalg‘an emishsiz... Go‘yo buning ila nomuslik bo‘lib ko‘rinmakchisiz
shekillik?!
Onam ba’zi vaqtlarda:
Yangi yor topqanda do‘stlar, eskidan kechmoq kerak,
Eskini o‘lgan sanab, latta kafan bichmoq kerakbaytini o‘qub qo‘yar, men bo‘lsam ul vaqtlarda buning ma’nosiga tushunmas edim.
Ammo... endi bu baytni kimga aytilganiga va uning ma’nolariga xo‘b tushunmakdaman.
Tashlandiqliqning so‘ng o‘tinchi qilib sizdan shuni so‘rayman: uchunchi yor topqanda
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
ikkinchi bechoraga ham shunday uyatsizlik qilinmasa edi. Bu tilagim uchun
ajablanmangiz, chunki, «pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa o‘zgaga sol», deydirlar.
Sizga yangi yor, menga uyatsizlikning qurboni bo‘lish muborak. Kumush emas,
Tuproqbibi yozdim. 17-javzo, 1265-inchi yil Marg‘ilon».
A. Qodiriy "O'tgan kunlar"