Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan  ( 45900 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 10 B


shoir  13 Mart 2008, 10:27:28

K L O N

Qarang, Dolli bugun tele yulduzi,
Klon yangilik, deb lof urdi jahon.
Nahot? eskiripti Ollohning so‘zi,
Bizlar-ku — Xudoyim yaratgan klon.

Hadislar lof, dedi arab Al Maari,
Buroqqa ishonmay yashadik qancha.
Otamga lof edi oyning safari,
Men yangi dunyoda siniq bir parcha.

Aravaning yoshin bilmaydi hech kim,
G‘ildirakka kimdir oladi patent.
Nahotki, Iroqda moshinmoy tekin,
Bushlarning firibi yangi emittent.
Aravaning kloni mashina edi,
Yuz yilgina o‘tdi — yangi zakovat,
Bugun moshinlar ham eskirdi, dedi,
Kechagina tilga kirgan yosh go‘dak.

Bilmadim, internet har uyda bo‘lsa,
Chiroqlar o‘chirmay qo‘yilarmi yo?
Nahot, eskiradi muhabbat, bo‘sa,
Nahot, hammasiga faqat diydiyo?

Dunyo o‘zgaripti,  desa ishondim,
Suqrotning so‘ziga ne deyin unda?
Otamni ranjitgan o‘sha yoshligim,
"œKimdan u SMS qoq yarim tunda"?

Kimgadir o‘tmishi, kimga kelajak,
Doimo qoladi go‘yo  xom xayol.
Eng go‘zal sovqadir asli boychechak,
Dunyo bizga benikoh berilgan ayol.

.......................................................
.......................................................
Hayot o‘zi bir kam, asli xom xayol.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:28:50

Z I K R

Bizlar bu zamonda nelar qilmadik,
Bir parcha luqma deb sochlar yulmadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Haqni izlab yo haq, haqni sotdik biz,
Yoz yotib qish qotib, kuzga yetdik biz,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Quddusda qon yalab, Makkaga chopdik,
Haq izlab falsafa — mujmala topdik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Rumu qum, Sorbonda ilm izlamadik,
Mayparast darveshday jim bo‘zlamadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Zikrga tushsang gar, jazava derlar,
Kofir bo‘b qopti, deb g‘amingni yerlar.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Hayotda yashashlik shakkoklik azal,
Shakkoklik madhida yozgaymiz g‘azal,
Kechirgin, Tabiat, Tangri - mukammal,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Zikr — bu jannatning g‘amini yemoq,
Aslida hayotdan zir qochib ketmoq.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Dardimni ming bora takror qiloyin.

Zikr, bu — Yaratgan nomiga bir madh,
Zikr, bu — Insonning Ollohiga ahd.
Ming zikr qilganlar — jannatga ilhaq.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:29:46

SADAQA

Sadaqa so‘rasang devona atab,
Bir qoshiq qoningga zuqum qiladi.
Yelkangga tegarkan bir lahza oftob,
Bunisi-ku endi ehson bo‘ladi.

Sharqda ham, g‘arbda ham asli sadaqa
Bergan va olganga gunoh bo‘ladi.
Mabodo, yo‘lingda topsang bir taqa,
Kimlardir qirqdan bir umid qiladi.

Umring-ku aslida o‘zi sadaqa,
Ota-onang nomi chetda qoladi.
Umringga berishib bepul bir baho,
Ammo uning narxin qimmat oladi.
Ollohning ehsoni — jonimiz tanda,
Biz yana nelarni so‘rab yiqlaymiz.
Jannatu do‘zaxni ko‘rmay makonda,
Ularni izlashga doimo shaymiz.

Do‘zaxdan qochishga sadaqa berib,
Jannat xaridiga mablaq ayaymiz.
Ba’zida bevani noiloj ko‘rib,
Unga achchiq yolqon tamqa qo‘ygaymiz.

Jon achib gadoni izlagan bir choq,
Aslida Olloni izlamoq kerak.
Ollohdan sadaqa so‘ragan ahmoq,
Asosiy sadaqa berilgan beshak.

Birovga sadaqa bergan emasman,
Ularning hammasi xayr va ehson.
Boshqalar hukmiga baho bermasman,
O‘zimga sadaqa o‘zim beraman.

....................................................... 
.......................................................
Qancha bersang doim yana biri kam.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:30:10

DARVESH

Yurgan daryo ekan, olamni ko‘rdim,
Men gado emasman sadaqangga zor.
Yuzim soqol bosgan, xo‘b g‘arib ko‘rkim,
Yelkamda ko‘tarib yurganim mozor.

Shiddat bulog‘idan suv ichgan kunim,
Tarki xona qildim yelkalab olam.
Qora ipga bog‘lab yetaklab tunni,
Hayhot, deb izladim oddiy bir kalom.

Qo‘nim yo‘q kezarman, boshpanam qalbim,
Dunyo zarlaridan teshildi tovon.
Bir qoshiq qonimning qadrini bildim,
Bir qoshiq qonimdan bu dunyo alvon.

Bosh suqib bormadim boyu baxilga,
Nola devoridan g‘ash bo‘lib qochdim.
Sahroda ne zog‘lar kirdilar tilga,
Makkada gunohim bitdayin sochdim.

Alhazar, oyog‘im tinmaydi yo‘lda,
Falsafam ko‘pirib ketgan sovunday.
Sadaqa uzatmang bilmagan holda,
Zuvalamni ezmang past navli unday.

Tarki dunyo dedim, tark etmas dunyo,
Har bir tovonimdan tishlaydi tikon.
Mening bu erkimga ko‘plar mahliyo,
Tarki dunyo uchun topolmas imkon.

Aylanib dunyoni, tinmayin kezdim,
Yana, yana deya talpinar havas.
Dunyo keng ekanu, tor ekan sezdim,
Ikki oraliqda tugamas vas-vas.

....................................................
....................................................
Bildim, bu dunyoni tark etib bo‘lmas.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:30:43

SHOIR

Tong otar, kun botar, tepamda quyosh.
Qo‘l-oyog‘im bog‘liq, beshikdir dunyo.
Qahqaha uraman, ko‘zim to‘la yosh,
Birda Dante bo‘ldim, birda huvaydo.

Erkin irodamga tiz cho‘kib bir bor,
Inson tobeligin aytmoq istadim.
Aytdilar, osmonda o‘qilgay qaror,
Shoirlik – tobelik emas, qismatim.

His qildim dunyoning orzu-havasin,
Zanjirband sherdayin talpindim ulyo.
Bo‘g‘zimda tiqilgan bir so‘z qolmasin,
Undan ogoh bo‘lsin bu johil dunyo.

Sinovchan ko‘zlarim olamni ko‘rib,
Kuylatib yubordi bag‘ri-borimni.
Nola devoriga bordim bo‘kirib,
Yelkamda ko‘tarib og‘och dorimni.

Ey olam, shunchalar so‘zamol bo‘lsang,
Nega burro qilib aytmading borin?
Hamma soqov bo‘lsa, sen nega oqsan?
Sen ham tinglab ko‘rgin shoirning zorin.

Aytgin menga, olam, aytgin, ey dunyo,
Shoirlik qismatmi, hikmatmi, nadir?
Shoir zoti odam, ul ham avliyo,
Uni so‘zga qo‘shib qovurgay taqdir.

Shoirlar qismatin kuzatdim havas,
Ba’zida bir so‘zga bo‘ldim mahliyo.
Dunyo mendan qolgan yolg‘iz iqtibos,
Mening so‘zlarim ham bo‘lgay to‘tiyo.

.............................................................
.............................................................
Bir so‘zdan voz kechgan bo‘lar suvaydo.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:32:26

MUNOJOT

Sajdaga yiqildim, dilimda ohim,
Ko‘zlarim kosasi g‘am bilan to‘lgan.
Yelkamni teshmoqda bigiz nigohing,
Sajdadan turolmay vujudim o‘lgan.

Suyaklar go‘shtidan pora qilindi,
Ruhim uchib ketdi Chinvotni izlab.
Balkim nasabimda bordir Al-Kindiy,
Tarixga iltijo qildim ming bo‘zlab.

Aqlu zakovatim yetgan joy — Zamin,
Osmonu falakdan umidim yo‘qdir.
O‘zing buyurgansan,  borar joy ta’min,
O‘zing-ku belgilab qo‘ygan — shu taqdir.

Demak, munojotga o‘rin qolmaydi,
Demak, bu taqdirdan chiqolmas odam.
Bir ko‘plar oldingga ham borolmaydi,
Ularning vujudi aslida adam.

Men najot izladim, shafqat so‘radim,
Ohlarimni yozdim munojotlarda.
Na azlom, na ilhom... najot ko‘rmadim,
Buroq emas, chopdim ko‘k qirotlarda.

Taqdirga tan bermoq rayimda yo‘qdir,
O‘zing ato qilding, menda ixtiyor.
Umr o‘tib borar,  u  uchar o‘qdir,
So‘zsiz munojotlar menga bo‘lsin yor.

Atrof go‘zallikdan shodman men bugun,
Lek  taqdir kosamda liq to‘la qamdir.
Kelib munojotni kuylamoq uchun,
Yashash inson uchun eng go‘zal damdir.

............................................................
............................................................
Hamon munojotim mening bir kamdir.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:32:56

N  I  M  A ?

A
   Y
       T
          G
              I
                  N,

                          N
                             I
                                M
                                     A

Ye
   T
       M
            A
               S
                           S   
                               Ye
                                  N
                                      G
                                         A,

          E
               Y

I
     N
         S
             O
                  N.

Tahlil qildim hayotni aqlim bilan,
Atrofda ko‘p meni "œSen ortiq", degan,
O‘ylab ko‘rsam asli "œMen" yetmas ekan.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:33:54

SO‘NG SO‘Z

Jahonning choklari so‘kilmoqda-ku,
Xonliklar, qirollar, amirliklar yo‘q.
Oddiy bir haqiqat dunyoda haq-ku,
Qachondir tugagay oxirgi bir o‘q.

Inson vujudida tafakkur barhaq,
Jahonda yashagay faqat olimlar.
Gunoh sanalgay kim ko‘tarsa barmoq,
Shunda kerak bo‘lmay qolar qonunlar.

Chegara yo‘q edi Zamin sathida,
Devorlar qurishdan boshladi odam.
Mukammal tafakkur yetuk ruhida,
Chegara buzishdan boshlaydi olam.

Hatto go‘daklarning tushiga kirmas:
Chegara, siyosat, qotillik, zulmat.
Faqat inson aqli chegara bilmas,
Dinu dunlar emas, tafakkur — xilqat.

Erk degan tushuncha kerak bo‘lmaydi,
Ozodlik odamning ruhida mavjud.
Har odam olamda asli o‘lmaydi,
Unga beriladi o‘lmas bir vujud.

Tafakkur imkonin  ilg‘ashim qiyin,
Koinot, aslida, eng buyuk makon.
Odam vujudidan o‘chmaydi o‘yin,
Bunisin bilasiz, to‘xtamas zamon.

Dilimni gumonim kemirar tinmay,
Ertaklar o‘ziga ayladi maftun.
Qo‘l urdim kelajak senga hech bilmay,
Nahot, kelar ekan o‘shal buyuk kun.

Ishonaman, sokin vaqtning komida,
Sekin-asta borib o‘zgarar jahon
Va dunyoga kelar mukammal inson.   

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:34:19

SABRU QANOAT

Osmonu falakni, yulduzlarni ham
Ko‘zmunchoq shaklida ko‘rgan damlarim,
Sizlarni dilimda tuyub musallam,
Ular barhaq menga berilgan, dedim.

Hamdu sanolarim bo‘ldi ijobat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Bunday qarasamki olam bir go‘zal,
Bolalik damlarim qudsiy bir nafas.
Inson go‘zal bunda azaldan-azal,
Bir qizni sevdim — deb yurak berdi sas.

Yuragim dardiga uldir shafoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Ot chopib dalalar kezdim bir mahal,
Qonim tomirimga sig‘may ufurdi.
Ezgulik donini sepdim bu hamal,
Orqamdan savoblar o‘zi yugurdi.

Shunda g‘ayratimga urdi shijoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Og‘zimda luqma deb nelarni yutdim,
Halol-haromini bilarsan o‘zing.
Haq izlab bilimga mukkadan ketdim,
Sen o‘zing o‘qirsan oxirgi so‘zing.

Gunohdan qo‘rqdimu qildim tilovat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Insonman, hayajon bosdi bir damlar,
Mag‘rurlik otiga minganim sezdim.
Quvondim, yonimda yaxshi odamlar,
O‘z qalbim bog‘ida tinmayin kezdim.

O‘zimni izladim, aytib nadomat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Osmon yerda ekan, odamlar yulduz,
Ularning qalbiga qo‘l cho‘zib ko‘rdim.
Sherliklarin bildim, kelsa yuzma-yuz,
Faqat shular oldi yurakdan dardim.

Dunyoda har bir shaxs siru sinoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Bir kun mukka tushib yotib olarman,
Yulduzu odamlar bo‘lar begona.
Yurakka dog‘ solib yiqitsa armon,
Buni sir saqlayman, aytib bahona.

Qoziq Yaratganga aytdim salovat,
Qalbimdan joy olgan sabru qanoat.

Olloh umr bersin sizga behisob,
Hayotni bo‘ston deb yashab o‘tgaysiz.
Mening ham nomimni duoda sanab,
Mahsharda joyimni obod etgaysiz.

Duo qiling shunday, bo‘lsin ijobat,
Qalbida ketdi deng sabru qanoat.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:34:35

GADO

Soya ham tanlamay o‘tirmoqdasan,
Ko‘chadan o‘tganlar oyoqin sanab,
Sen kimning bolasi, ey tirik jasad,
Qay shoir kuylatdi so‘zlarni tanlab.

Ko‘zingga bunchalar singib ketgan mung,
Bunchalar qayquni qaydan olding, gung.

Hamma xonandalar hofizlar emish,
Ularning to‘tilik odati yaxshi.
Sening nolang meni qildi faromush,
Meni boqa olmas biron bir baxshi.

Ko‘zingga bunchalar mung singib ketgan,
Qay bir so‘zing edi meni band etgan.

Sening g‘azalingni shoir yozmagan,
Shoir ham kuylaydi dilda borini.
Sening har bir so‘zing dilda muzlagan,
Sen qaydan olgansan Inson zorini.

Qanday sig‘a oldi bu ko‘zlarga mung,
Go‘yo qulab tushgan ular uzra tun.

Sen nola qilasan dardingni aytmay,
Olloh nomi bilan inoyat so‘rab,
Senga nasib etsin jannat degan may,
Yiqlama, gadojon, olamga qarab.
Ko‘zlaring mung to‘lib yig‘lama gado,
Seni ham bir kuni eshitgay xudo.

Osmon-falak ko‘m-ko‘k  sen unga befarq,
Mungli nolalaring uchmoqda sarxush.
So‘zlaring qalbimni teshdi beso‘roq,
Tik qotib oyoqda ko‘rmoqdaman tush.

Ko‘zlaring mungini ko‘rib tosh qotdim,
Men ham g‘amlarimni o‘zim uyg‘otdim.

Inson bolasining dardi ko‘p ekan,
Men ular komiga otilgan vayron.
Sening dardlaringni anglagan hamon,
O‘z dardlarim meni ayladi hayron.

Sening ko‘zingdagi mung gapirmoqda,
Vujuding tirnagan g‘am gapirmoqda.

Birdan hushga keldim, oyog‘im latta,
Dardlarim sanadim mungga salmoqlab.
Hammasi vaznsiz, turdim hayratda,
Sen ham o‘tir, dedim o‘zni barmoqlab.

Sendagi shijoat mungni yengmoqda,
Ey gado, bu olam qayga ketmoqda?

Kel, oshna, ikkimiz nola qilaylik,
Nola devorlari teshilib ketsin.
Biror mung ko‘rmasin ushbu xaloyiq,
Hammasi hayotda dard chekmay o‘tsin.

Mungli ko‘zlaringni ko‘targin, jonim,
Mening ham yurakda qotmasin qonim.

Qayd etilgan