Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan  ( 33140 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 B


shoir  13 Mart 2008, 10:45:08

* * *
So‘z agar aqldan tikmayin alam,
Qalamga olinsa sinsin u qalam.
Xusrav Dehlaviy
Qalam olib yozmoq bo‘ldim navolarni,
Umr bo‘yi izlab keldim donolarni,
O‘z qalbingni izla dedi har bir olim,
Rozi bo‘ldim lek topmadim davolarni.

Har kimsaga ergashmoq bu oson ekan,
Ergashuvla o‘zin topmas olim degan,
Bir kun o‘zim oyog‘imdan oldim o‘zim,
O‘z yo‘lingdan borgin, dedim, Olloh bergan.

Ilk qadamim dadil chiqmay shubhalandim,
Sekin-asta donolardan madad oldim,
Hali-hamon yo‘l paypaslab bormoq ishim,
Katta yo‘lga chiqqanimni bilmay qoldim.

Atrof, jahon nodonlarga ochiq kitob,
O‘qimaydi hech bir kishi aylab shitob,
Kun varag‘in yirtib otdim men ham tinmay,
Vaqt qahriga berolmadim men ham bir tob.

Umrim cho‘g‘in his etibman oltmish yoshda,
Go‘zallikni qiyos qildim qalam qoshga,
Yoshlik, deya yo‘qotganim izlamadim,
Chidab berdim kulfat tushsa aziz boshga.

Umr o‘zi biz izlagan baxt ekan bir,
Yashab undan lazzat oldim biri kamdir,
Bu olamning birkamligin bilgan kunim,
Umrim mag‘zin bilgan onim o‘shal damdir.
Bolalarim yig‘lab-yig‘lab vido qilgay,
Men darveshni silsilada bo‘g‘in bilgay,
Mendan qolgan nasihatga quloq tutsa,
Ularning ham umrlari ravon bo‘lgay.
22—24.02.2005.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:45:15

* * *
Qatra suvda qayd etilgay
Qiyomatning qiymati.
Payti kelsa sayd otilgay,
Bu taqdirning qismati.

Falak, sayyod tuzog‘ida
Chiqmagan jondan umid.
Hayot kechmish bu bog‘ida,
Bir butun dondan umid.

Boshi berk o‘rmon ichinda,
Men na saydu sayyodman.
Bu omonat qatra jonda,
Na unut va na yodman.

Qo‘ysa tarix oxir qadam,
Do‘zax yuzini dod qil.
Men kabi mushfiq bir odam
Jannatiy, deb obod qil.
29.12.2003.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:45:20

* * *
Hayot mujassamdir bir tomchi suvda,
O‘shal biz izlagan mukammal hayot.
Qanchalik quvmaylik ul hayot quv-a
Bizni aldab chorlar so‘ngsiz sayohat.

Dashtda tegirmon ham qolmaydi suvsiz,
Hayot o‘z sarobin berib turadi.
Tinmayin tug‘ilar go‘daklar chuvsiz,
Onaning hislari javlon uradi.

Sassiq alafning ham hidi yoqimtoy,
Qay bir darrandayu parranda uchun.
Har kuni sayr qilar osmondagi oy,
Yuraklar o‘t olar tegsa bir uchqun.

Aslida bu uchqun ilohiy bir kuch,
Shul sabab olovga sig‘indi bobom.
Ammo aytgin menga xayol nega puch,
Ne sabab bo‘shliqqa xayollar hamdam?

Bu yolg‘on hayotni Sino davolab,
Davosin topmadi ingradi nido.
Balki sen bilarsan zino nomli lab,
E, meni kechirgin, kechirgin, samo.
3.III. 96

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:45:26

* * *
Hayqirib dunyodan o‘tdi zamonlar,
Odam izlayverdi o‘zini o‘zi.
Tiz cho‘kib tavallo qilgan u damlar,
Osmonda ko‘rindi Tangrining ko‘zi.

Hali Tangri so‘zi topilmagan payt,
Odam ishonchini uzmadi undan
Osmonga iltijo qilaverdi? Ayt ...
Va ilk bor xabarlar keldi ilk dindan.

Qorong‘u dahshatga soldi bobomni,
O‘shal payt yukindi u qora tunga.
Qalbiga sig‘magan bu dahshat g‘amni,
Aytmoq istar edi tanish odamga.

Yupatmoq istagan topildi shaxslar,
U iloj topmadi oqqan ko‘z yoshga.
Buddalar, balballar, shomon, payg‘ambar...
Yo‘q, bobom ishondi yakka quyoshga.

Hamon izlab kelar Ollohni odam,
Mening ham qaynalar ko‘pirib qonim.
Jannat, jahannamga aylanar xonam,
Tangriga ayonku ishonch, iymonim.
23. 12. 2000

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:45:32


* * *
Har qalay o‘t yoqib taft berdi falak,
Tog‘larni yig‘latib suv berdi aziz,
Daraxtlar ko‘kartdi, biz qildik kallak,
Yana vahshiylikni tan olmadik biz.

Shunda tars yorildi zamin qit’aga,
Qit’alar bosh olib ketdi bir-birdan,
Dunyoga to‘ymadik, ayladik ta’ma,
Voqif bo‘lmoq bo‘ldik ilohiy sirdan.

Dunyo ko‘zin ochdi, ma’danlar berdi,
Daraxtlar gulladi, pishdi holvalar.
Biz to‘ymay o‘rgandik zeru zabarni,
Dunyoni to‘ldirdi bitmas g‘alvalar.

Shunda ayon bo‘ldi qodir iroda,
Rost chiqdi tepada bitilgan taqdir,
Belgilab qo‘yildi yotmoq tor joyda,
Kengga keng-ku ushbu tor joy ham axir.
27.07. 2002

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:46:05

* * *
Ko‘zlarimdan halqa-halqa yosh to‘kib
Sodiq do‘st izladim, izladim sarson.
Oxir oqibatda ko‘z yoshga cho‘kib,
Dunyoning lutfidan kulaman hayron.
Gado o‘z holidan qilmaydi hazar,
Uning sodiq do‘sti — yakka ishonchi.
Men gado, holimdan kulaman zahar,
Tanamdan joy olgan dunyo quvonchi.

Bu dunyo dashtidan baxt izlamadim,
Balki, shundan erur hurlik holatim.
O‘zimga o‘zligim doim hamdamim,
Do‘st, deb adashganda yondim betinim.

Mayu mayxonalar hamroh tutishdi,
Dunyoni xo‘p kezdim, ochildi ko‘zim.
Ayoqim ichinda fikrim yetishdi,
Anglab yetganim shu — do‘stim men o‘zim.
25.04.07

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:46:11

* * *
Tunda tuynuk ochilib birdan,
Kirib keldi bir toza havo.
Kutar edim men uni har dam,
Dardlarimga bo‘lar deb davo.

Dardlar nomin izladim chunon,
Qayratimga lol qoldi quyun.
Ko‘zlarimga lov quyuldi qon,
Adolatni unutdim junun.

Birdan omad chap berdi shunda,
Quyuq g‘amdan chaqnadi ko‘zim.
Qora xona tim qora tunda,
Bildim aniq dushmanim o‘zim.

Men izlagan molu mulk, davlat,
Qalbimdagi bir siqim adam.
Yuragimda ungan  adolat,
O‘z ustimdan qilgan g‘alabam.
18.02.07

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:46:22

* * *
Dunyo, deb tamshandim, shirin ekan u.
Lazzat jozibasi tinmayin tortdi.
Meni maftun qildi dunyoning ko‘rki,
Ko‘rdim, mana shundan tashvishim ortdi.

Birin shirin dedim, birini go‘zal,
Biri tashvishlardan meni asradi.
O‘zimni yupatdim: "œTaqdiri azal,
Ko‘rib turiptiku, dunyo sarvari."

Ollohim, sen menga ixtiyor berib,
Arqonim bog‘ini uzunroq qo‘yding.
Ixtiyor, so‘ziga andarmon bo‘lib,
Gunoh tuzog‘iga oyog‘im qo‘ydim.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:46:29

* * *
Men afsona izlab yashadim,
Afsonalar ichida doim.
Afsonadan uzilgan kunim,
Afsonalar yitdi muloyim.

Chor atrofga boqdim ishonmay,
Dev, parilar kutdim samodan.
Jilg‘alardan suv ichdim qonmay,
Qanot kutdim tunlar Xudodan.

Bolalarday beg‘ubor osmon
Gumbaziga tikildim, zora,
Yulduzlardan terib bir hamyon,
Bechoraga aylasam chora.

Buvijonlar nevaralarga,
Ertaklarni kuylangiz tinmay.
Yetib kelgan ertaklar bizga,
Qullik hissi neligin bilmay.

Men ham aziz buvijonimdan,
Afsonalar eshitdim mudom.
Vatanimni sevib jonimdan,
Ertaklarda yashayman hamon.

Oh, ertakmas ekan bu hayot,
Har puchmog‘i sirotdan qaltis.
Ertaklarda uchgan bo‘ G‘irot,
Bu hayotda ucholmas olis.

Shuning uchun nabiralarni,
Hayotdan ko‘p uzmang bibilar.
Menga o‘xshab bu ertaklarni,
Zada aytib yurmasin ular.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:46:35

* * *
Men tushlarga inonmayman,
Inonmayman ro‘yoga.
Ro‘yolarni kuylab tinmay,
Sig‘may qoldim dunyoga.

Ro‘yo ekan muhabbat ham,
Ro‘yo ekan va’dalar.
Sevaman deb ichsam qasam,
Sevmaslar mendan kular.

Dunyo o‘zi tushmi asli,
Balki bizlar uyquda.
Yuragimda yorning ismi,
Yonarmanku behuda.

Kel, muhabbat tushlarimdan,
Uyg‘otib ol jonginam.
Men ham kechib ro‘yolardan,
Sen bilan bo‘lay sanam.
08.08.96

Qayd etilgan