NAMOZ
Insonlik burchini ado etganga,
Namoz — bu dildagi yukinch, tavallo.
Hindlarga atalgan toza suv, Ganga,
Zardo‘shtning dilidan chiqqan ilk nido.
Odam shaklidagi odamni ko‘rib,
Bolamga ilk bora uqdirsam so‘zim,
Dunyoda bor, deya ilohiy bir kub,
O‘zimga uqdirsam, o‘zimga-o‘zim.
Shunday so‘z bo‘lsa-ki, qotilni yiqsa,
Eng mushfiq banda ham demasa-ki, oz.
Toki u yurakdan otilib chiqsa,
Ushbu tavalloni atardim namoz.
Biz qilgan nolalar o‘tgaydir, balki,
Arabcha bir sura bilmasakda ham.
Balki, jannatidir tub arab xalqi,
Kutishga majburmiz, vallohi olam.
Menga ayon emas kimning ko‘pligi,
Bo‘yniga xoch osgan har bir nasroniy,
Nahot unga ayon yahudiy tili,
Demak, o‘zingdadir, o‘zing eng oliy.
Men quvonch ruhida qo‘shiq kuyladim,
Olamni madh etdim, yondi jaholat.
Razil yo‘lin to‘sdim: "œTo‘xta, qo‘y!", dedim,
Namoz — bu yerdagi tengsiz adolat.
Har bir adashgan dil aylasa nido,
Ushbu nidosidan yorishsa ko‘zi,
Din emas, dilida yakkadir Xudo,
Namoz — shu qalbdagi qalbning qalb so‘zi.
............................................................
............................................................
Aslida yaralgan bir kamdir o‘zi.