Z I K R
Bizlar bu zamonda nelar qilmadik,
Bir parcha luqma deb sochlar yulmadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Haqni izlab yo haq, haqni sotdik biz,
Yoz yotib qish qotib, kuzga yetdik biz,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Quddusda qon yalab, Makkaga chopdik,
Haq izlab falsafa — mujmala topdik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Rumu qum, Sorbonda ilm izlamadik,
Mayparast darveshday jim bo‘zlamadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Zikrga tushsang gar, jazava derlar,
Kofir bo‘b qopti, deb g‘amingni yerlar.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Hayotda yashashlik shakkoklik azal,
Shakkoklik madhida yozgaymiz g‘azal,
Kechirgin, Tabiat, Tangri - mukammal,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.
Zikr — bu jannatning g‘amini yemoq,
Aslida hayotdan zir qochib ketmoq.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Dardimni ming bora takror qiloyin.
Zikr, bu — Yaratgan nomiga bir madh,
Zikr, bu — Insonning Ollohiga ahd.
Ming zikr qilganlar — jannatga ilhaq.