BAXTNING RIVOYATI
Rivoyat qilurlar keksa bu moziy
Hammasin biladi, barchasi ayon.
Insonning umriga u o‘zi qozi,
Odamzod bilmaydi ketmog‘i qachon.
Ona yer bag‘ridan ajramaydi baxt,
Moziy ham chiqmaydi Olloh izmidan.
Butun zamin unga qulamas bir taxt,
Umr-ku bevafo uning nazdida.
Shunday bo‘lsayamki ba’zan insonlar,
Ushbu vaqt bo‘yniga sirtmoq soladi.
O‘zini buyuk deb sanagan onlar
Vaqt domiga tushib hayron qoladi.
Vaqt domin ushlamoq bo‘lganlar aytsin,
Zardo‘sht deb o‘zini atagan inson.
Axir o‘lib ketdi, ne qilsin, qaytsin.
Dunyoni titratib o‘tdi har hoqon.
Koinot mulkida qisqa bu umr,
Yaltirab kimlarni aldamadi u,
Aslida mana shu aldovdir qusur,
Beg‘am boshlariga yog‘dirar qayg‘u.
Qo‘shnining baxtiga quvonmasa kim,
Baxtsizdir, o‘zini aldab qo‘yadi.
Mana shu vaqt o‘zi chiqarib hukum,
Doromi, Iskandar, ko‘zin o‘yadi.
Zamona zayliga silkib juganni
Bir kuni shoh Doro ko‘zini qisdi.
Bosib olmoq bo‘ldi qo‘shni xalq xunni,
Xayolan xunlarning baxtini to‘sdi.
Vaqt degan saltanat tizgini ammo,
Koinot mulkidan chiqmas-ku, axir.
Qo‘shniga ko‘z tikish o‘zi muammo,
Birovning mulki-ku doim qum qasr.
Sonsiz bo‘lganda ham qo‘shin, Siyovush,
o‘zga yurt, o‘zga xalq, ular ham odam.
Buzog‘in suyadi hatto kal govmish,
Balo qazolardan asraydi u ham.
Har bir xalq o‘zining qadriga yig‘lar,
Hech bir kas dunyoda ko‘rmasin firoq,
Bobolar mozori toptalgan joyda,
Ilk bora uyg‘onar har cho‘pon, Shiroq.
Paydar-pay omadning ketganin ko‘rib,
Dorolar pushaymon barmog‘in tishlar,
Axir Chingiz xon ham davrini surib,
Jalol tiynatiga bir so‘z bag‘ishlar.
Hayhot, nima ekan bu hayot o‘zi,
Doro-yu Chingizning hukmimikan baxt?
Yoki baxt Shiroqning o‘yilgan ko‘zi.
Balki u chimlardan qurilgan bir taxt?
Yanvar. 2006