Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan  ( 45872 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


shoir  13 Mart 2008, 10:41:25

     ASLIDA U DUNYO

Har kuni yuz marta do‘zaxga tushib,
Yuz marta jannatni qildik ziyorat.
Bilmasdan dunyoga kelibmiz shoshib,
Ketishni bilmaymiz tugasa toqat.
Bu dunyo jannatdir shodon paytimiz,
Yig‘lasak, bu dunyo do‘zax makoni.
Aslini izlaydi nido ham hargiz,
Asliga qaytishning bormi imkoni?

Aslida, nido ham o‘zimiz ekan,
Ushbu nidolardan yaralgan odam.
Jon — achchiq, hamma ham hayotda ko‘rgan,
Yaratar, mavh etar odamni odam.

Jannat ham shu ekan, do‘zax ham shu joy,
Bog‘larga bosh suqsang, jannat ko‘rasan.
Mana bu nobakor qorimoqda loy,
Do‘zaxiy holini nechun so‘rarsan?

Aslida, u dunyo hayot makoni,
Aslida u yoqda hayotiy damlar.
Ko‘rsin deb, aslida, oxir zamonni,
Surgun qilingandir ushbu odamlar.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:41:34

* * *
Baxt izlab bolamning boshin siladim,
Sassiq choyxonalar boshpanam bo‘ldi.
Aslida o‘zimni o‘zim izladim,
Jig‘ildon o‘rniga paymonam to‘ldi.

Dud to‘lgan bu joylar o‘tmadi izsiz,
Har kemtik piyola o‘qidi saboq.
Aslida ne izlab dod solamiz biz,
Taqdir deb atalmish bu quruq tovoq.

Shaytonga salom ber qo‘lingdan kelsa,
Tunda barg shitiri berolsin lazzat.
Bir kuning qolsa ham shukrona qilgil,
Qaytib berilmaydi bu kemtik hayot.
? — 15.12.2004.


Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:41:48

       BAXTNING RIVOYATI

Rivoyat qilurlar keksa bu moziy
Hammasin biladi, barchasi ayon.
Insonning umriga u o‘zi qozi,
Odamzod bilmaydi ketmog‘i qachon.

Ona yer bag‘ridan ajramaydi baxt,
Moziy ham chiqmaydi Olloh izmidan.
Butun zamin unga qulamas bir taxt,
Umr-ku bevafo uning nazdida.

Shunday bo‘lsayamki ba’zan insonlar,
Ushbu vaqt bo‘yniga sirtmoq soladi.
O‘zini buyuk deb sanagan onlar
Vaqt domiga tushib hayron qoladi.
Vaqt domin ushlamoq bo‘lganlar aytsin,
Zardo‘sht deb o‘zini atagan inson.
Axir o‘lib ketdi, ne qilsin, qaytsin.
Dunyoni titratib o‘tdi har hoqon.

Koinot mulkida qisqa bu umr,
Yaltirab kimlarni aldamadi u,
Aslida mana shu aldovdir qusur,
Beg‘am boshlariga yog‘dirar qayg‘u.

Qo‘shnining baxtiga quvonmasa kim,
Baxtsizdir, o‘zini aldab qo‘yadi.
Mana shu vaqt o‘zi chiqarib hukum,
Doromi, Iskandar, ko‘zin o‘yadi.

Zamona zayliga silkib juganni
Bir kuni shoh Doro ko‘zini qisdi.
Bosib olmoq bo‘ldi qo‘shni xalq xunni,
Xayolan xunlarning baxtini to‘sdi.

Vaqt degan saltanat tizgini ammo,
Koinot mulkidan chiqmas-ku, axir.
Qo‘shniga ko‘z tikish o‘zi muammo,
Birovning mulki-ku doim qum qasr.

Sonsiz bo‘lganda ham qo‘shin, Siyovush,
o‘zga yurt, o‘zga xalq, ular ham odam.
Buzog‘in suyadi hatto kal govmish,
Balo qazolardan asraydi u ham.
Har bir xalq o‘zining qadriga yig‘lar,
Hech bir kas dunyoda ko‘rmasin firoq,
Bobolar mozori toptalgan joyda,
Ilk bora uyg‘onar har cho‘pon, Shiroq.

Paydar-pay omadning ketganin ko‘rib,
Dorolar pushaymon barmog‘in tishlar,
Axir Chingiz xon ham davrini surib,
Jalol tiynatiga bir so‘z bag‘ishlar.

Hayhot, nima ekan bu hayot o‘zi,
Doro-yu Chingizning hukmimikan baxt?
Yoki baxt Shiroqning o‘yilgan ko‘zi.
Balki u chimlardan qurilgan bir taxt?
Yanvar. 2006     

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:41:54

* * *
Ba’zilarni Olloh ibrat bo‘lsin deb
Ataylab tafakkur, aqldan qisgan.
Go‘yoki ular naq g‘oyibdan kelib,
Hayotda o‘zlari g‘o‘dira o‘sgan.

Tug‘ilishda ona tarafin olib,
Otasin ulushin tinmay so‘raydi.
Bu sirlar vasfida javobsiz qolib,
Otaga do‘q urib yo‘lin o‘raydi.
12—15.X12001

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:02


* * *
Beruniy dilining dardi bo‘laman,
So‘g‘dlar siymosidan merosdir jussam.
Asrlar qa’ridan menga sen hamdam,
Dilimning qiblasi, eng buyuk Asham.

Men seni tan olib sig‘ingan mahal
Yakkaxudolikni bilmasdi jahon.
Kimdir oyga qarab aytdi, ey hilol,
Men seni tan oldim, sen bunga inon.

Kimdir podasining oyog‘in o‘pdi,
Kimdir bodasiga mukkadan ketdi,
Hamma ham izladi o‘ziga ishonch,
Sendek yakkasini topmayin o‘tdi.

Tarix qatlamlari ko‘chgan zamonlar
Men sendan ayrildim, kechirgin, Asha.
Sen o‘zing yaratgan ushbu insonlar
Senga sig‘inadi hamon, hamisha.
04.1999. 30.01. 2002

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:08

* * *
Biz keldik dunyoga bu taqdirga toj,
Balki loyimiz boz qayta qorilgan.
Balki balchiq tanamiz bizga bir xiroj,
Qaytadan tasodif qiymat berilgan.

Ayni tasodifni tan olsak agar
Va yoki iroda mahsuli desak,
Negadir natija o‘xshash bir qadar,
Haq boru huquq yo‘q qay joyda bo‘lsak.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:21

BU SIRLI DUNYO
Suv sathiday silliq bu dunyo,
Ishonmasang zarrabin olgin.
Kengga kengu torga tor dunyo,
To‘lqinlari suvda bor dunyo.

Havas bilan eksang bir daraxt,
Mevasini yeydi shaytonlar.
Onasini bilmagan badbaxt,
Izlamagin, senda bor, dunyo.

Chag‘alayga tosh otar bola,
Avlodlari o‘tganmi sayyod.
Chor atrofda to‘la-ku nola,
Nolasizga sen-ku zor dunyo.

Quyosh balqib chiqar har kuni,
U Ilohning qo‘ygan tamg‘asi.
Oyog‘ingdan olar har xuni,
Jahannamday sirli g‘or, dunyo.

Dil sathiday silliq bu dunyo,
Ishonmasang bir sevib qolgin.
Sevishganga gullagan dunyo,
Sevmaganga o‘ta tor dunyo.
26.01.97.

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:28

VAQT
Vaqt insonga do‘st emas,
dushmandir
                               A. Shopengauer

Vaqt hakam deydilar, bilmadim, evoh,
Hakam, bu — dildagi armonlar toshi.
Toshlarning vaznini belgilar gunoh,
Har kimning o‘zlikda o‘zi sirdoshi.

Armonlar vaznini belgilar orzu,
Orzuga ayb yo‘q, deb jar solar tarix.
Bugunim ertamdan olingan qarz-ku,
Qarzdorning doimo rangi sap-sariq.

Kunlarim o‘tganin kuzatib g‘amgin,
Ohimni yurakga yutaman notinch.
Hoyna-hoy ertaga uyg‘onib tongdan,
Kelajak, senga deb tuyaman sog‘inch.

Vaqt o‘tib bormoqda shijoat bilan,
Gunohim ko‘pmi yo savoblarim kam?
Har qalay umidvor bir tirik jonman,
O‘zingsan men uchun eng oliy hakam.
14-16-19.06.2004

Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:36

      GUNOHIM KO‘P
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p,
Savobimdan gunohim ko‘p.
Qasam birlan agar aytsam,
Tavobimdan gunohim ko‘p.

Mo‘r-malax u ilonlarga,
Qiron berdim quyonlarga.
Kuchim yetgan shu jonlarga,
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p.

Munis qizlarga gap otdim,
Behuda nonlar ushatdim.
Eng yomoni ko‘p gap sotdim,
Savobimdan gunohim ko‘p.

Yosh ketib sochim to‘kildi,
Tavba qildim, kim ham bildi,
Samodan na vahiy keldi,
Menimcha ha, gunohim ko‘p.

Taqdir  azal bitik bo‘lsa,
Mening hech bir gunohim yo‘q.
Agar yozuv kemtik bo‘lsa,
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p.


Qayd etilgan


shoir  13 Mart 2008, 10:42:46

DARBADARLAR
Qaysi bir kun darbadarlar,
Yig‘ildilar bir joyga.
Olishdilar, solishdilar,
Kim qo‘yar olov choyga?

Qay bir ahmoq ot o‘ynatdi,
Shoh deb tanitdi o‘zin.
Tangridan zor yig‘lab so‘qir,
Ishqalar shilpiq ko‘zin.

«Hoy qo‘ysang-chi, Xudo ham yo‘q,
Haqiqat yo‘q biz uchun.
Falonchining qorni ham to‘q,
Aroqdan olar o‘chin.

Men aroqni hech ichmasdim,
Qasd qilib o‘z jonima.
Agar javobin topsaydim
Qiynagan vijdonima».

«Hoy faylasuf, qo‘ygin dodni,
Olim bo‘b qolding , "œkasal".
"œGovkallaga" qo‘y vijdonni,
Bir kuni qiladi hal.

Dunyo ishi aroqlardan
Boshlanmaydi hech qachon.
Hech bir zamon sayoqlardan
Xoli bo‘lmagan jahon.

Bizga qarab amaldorlar,
Dahshatga qo‘l urmaydi.
Bizga qarab kambag‘allar
Ishsiz bekor yurmaydi.

Bilsang, zamon soatining
Cho‘g‘dek kapgirimiz biz.
Topilmagan haqiqatning
Xuddi topqirimiz biz.

Bizning ham o‘z falsafamiz,
Yashash qoidamiz bor.
Har zamonga moslashamiz,
Telba oilamiz bor.

O‘tgan kuni AZOB edim,
O‘zni qayta quraman.
Mana shirkat ochib bugun
Gerdayib ham yuraman.

Bu ham bir gap bugun kunda,
Ko‘p ko‘rganmiz qiyosin.
"œKommunizm", aslin olsak,
Darbadarlar hayoti».

Qayd etilgan