* * *
So‘z agar aqldan tikmayin alam,
Qalamga olinsa sinsin u qalam.
Xusrav Dehlaviy
Qalam olib yozmoq bo‘ldim navolarni,
Umr bo‘yi izlab keldim donolarni,
O‘z qalbingni izla dedi har bir olim,
Rozi bo‘ldim lek topmadim davolarni.
Har kimsaga ergashmoq bu oson ekan,
Ergashuvla o‘zin topmas olim degan,
Bir kun o‘zim oyog‘imdan oldim o‘zim,
O‘z yo‘lingdan borgin, dedim, Olloh bergan.
Ilk qadamim dadil chiqmay shubhalandim,
Sekin-asta donolardan madad oldim,
Hali-hamon yo‘l paypaslab bormoq ishim,
Katta yo‘lga chiqqanimni bilmay qoldim.
Atrof, jahon nodonlarga ochiq kitob,
O‘qimaydi hech bir kishi aylab shitob,
Kun varag‘in yirtib otdim men ham tinmay,
Vaqt qahriga berolmadim men ham bir tob.
Umrim cho‘g‘in his etibman oltmish yoshda,
Go‘zallikni qiyos qildim qalam qoshga,
Yoshlik, deya yo‘qotganim izlamadim,
Chidab berdim kulfat tushsa aziz boshga.
Umr o‘zi biz izlagan baxt ekan bir,
Yashab undan lazzat oldim biri kamdir,
Bu olamning birkamligin bilgan kunim,
Umrim mag‘zin bilgan onim o‘shal damdir.
Bolalarim yig‘lab-yig‘lab vido qilgay,
Men darveshni silsilada bo‘g‘in bilgay,
Mendan qolgan nasihatga quloq tutsa,
Ularning ham umrlari ravon bo‘lgay.
22—24.02.2005.