Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi», deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda», dedilar (Hokim rivoyati, sahih hadis).
Boshqa bir sahih hadisda: «Mayyitlaringizning yaxshiliklarini zikr qilinglar, yomonliklaridan tilingizni tiyinglar», deyilgan (Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim bir kishini «kofir» yoki «Allohning dushmani» desa va u bunday bo‘lmasa, aytgani o‘ziga qaytib tushadi» (Muttafaqun alayh).
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Meni yuqoriga olib chiqishgach, bir qavm yonidan o‘tdim. Ularning tirnoqlari misdan bo‘lib, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini timdalar edilar. «Ey Jabroil, ular kim?» deb so‘ragan edim, «Ular odamlarning go‘shtlarini yeydigan va nomuslariga tajovuz qiladigan kimsalardir», deya javob berdi» (Abu Dovud rivoyati).