Tarixdagi mashhur ayollar  ( 30887 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:38:41


To'maris

Eng qadim zamonlarda Amudaryo yoqalarida O'rta Osiyo aholisiga mansub massagetlar yashar edi. Bu davrda ularga marhum podshoning xotini malika To'maris boshchilik qilar edi. Eron shohi kir massagetlarni o'ziga qaram qilib olish maqsadida To'marisga uylanmoqchi bo'lib , sovchilar yuboradi. Malika shohning asl maqsadini payqab qolib unga rad javobini beradi. Shundan so'ng Kir ochiq tajovvuzga o'tadi va massagetlar tomon qo'shin tortib keladi. U daryodan o'tish uchun ko'priklar qurdira boshlaydi. Bu hatti-harakatdan boxabar bo'lgan To'maris Kirga elchi yuborib, shunday deb aytadi: "Ey shoh, qilayotgan ishingni to'xtat! Hali sen boshlagan ishingning qanday tugashini bilmaysan-ku? Qo'y sen o'z yurtingda podshohlik qilaver< bizni ham o'z holimizga qo'y. Lekin sen bunga ko'nmaydigan ko'rinasan. Agar biz bilan kuch sinashmoqchi bo'lsang, u holda ko'priklar qurib ovora bo'lma, bisz daryodan uch kunlik yo'l nariga ketamiz, sen bizning yerimizga o'tib ol yoki o'z yurtingda uchrashishni istasang, shuni xabar qil".
Bu taklifni eshitgach, Kir a'yonlarini to'plab, kengashadi. Ularning ko'pchiligi To'marisning chekinishini quvvatlaydilar. Lekin ular orasidagi Krez ismli maslahatchi shohga boshqacha bir hiyla o'rgatadi.
"Ey Kir,-deydi u,-agar sen o'z qo'shining qirilib ketmasin desang, fikrimni aytaman. Sen ularning inson ekanliklarini va taqdir hamisha bir xil bo'lavermasligini bilsang, u holda quloq sol! Agar biz dushmanni o'z yerimizga o'tkazsak-da, yengilsak, podshohligingdan batamom ayrilasan. Chunki g'olib chiqqan dushman mamlakat ichkarisiga tomon intiladi. Agar dushman yeriga o'tib, g'alaba qilsang, oldinga intilasan, lekin ularni hamma yerda ta'qib qilish darajasida yenga olmaysan. Xotin kishidan yengilsang, chidab bo'mas nomusga qolasan. Shuning uchun, yaxshisi, biz To'maris aytgan yerga boraylik-da, uni yengishga harakat qilaylik, Menimcha, massagetlar eroniylarday noz-ne'matning lazzatini bilishmaydi. Shuning uchun biz sharobni ayamasdan, mollar so'yib, katta ziyofat tayyorlaylik-da, yaroqsiz askarlardan bir qismini qoldirib, orqaga qaytaylik. So'ng o'zimizni g'alaba bilan sharaflaylik". Maslahat Kirga ma'qul tushdi. U To'marisdanchekinishni so'raydi. Kir o'g'li Kambazga Krezni topshirib, agar urushdan qaytmasam, uning maslahati bilan shohlik qilasan, deb Eronga jo'natadi, o'zi qo'shini bilan
massagetlar yurtiga o'tadi.
U yerda Kir g'alati bir tush ko'radi. Tushida Gishtaspning katta o'g'li Doroning ikki yelkasidan ikki qanot o'sib chiqqanmish va biri Mag'ribni, ikkinchisi Mag'shriqni to'sib turarmish. Bu vaqtlar Doro 20 yoshdabo'lib, yosh hisoblangani uchun urushga olinmagan edi. Tush Kir yuragiga g'ashliksolibdi.
U Doroning otasini chaqirib:-O'g'ling menga qarshi fitnada aybdor, Eronga qaytib uni sudrab olib kel,-deydi.
Kir massagetlar yurtiga o'tgach, Krez ta'kidlaganidek, ziyofat tayyorlab, bir oz askar qoldirib orqaga chekinadi.
Massagetlarning bir qism qo'shini To'marisning o'g'li Sparganis boshchiligida u yerga kelib, qoldirilgan askarlarni yengib, ziyofatga mashg'ul bo'ladilar. So'ng mast bo'lib qolgan lashkarlar uyquga ketadilar.
Shu vaqt Kir hujumga o'tib, massagetlarning ko'pchiligini o'ldirib, ko'pini asir oladi. Asirlar orasida shahzoda Sparganis ham bor edi.
To'maris voqeadan xabar topib, Kirga elchi yuborib aytadi:" Ey qonxo'r Kir, uzum suvi yordamida bo'lgan bu voqeadan xursand bo'lma. Sen o'g'limni jang maydonida emas, nayrang bilan qo'lga olding. Endi quloq sol, senga bir yaxshi maslahatim bor. O'g'limni menga topshirgin-da, qilgan ishing uchun jazolanmasdan yurtingga jo'na. Yo'qsa , massagetlar tangrisi nomi bilan qasamyod qilib aytamanki, sen ochko'z yuhoning qonga tashnaligingni qondiraman".
Kir bu so'zlarga parvo qilmadi.
Sparganis esa o'ziga kelgach, voqeani anglab, xijolatdan o'zini-o'zi o'ldiradi.
Shundan so'ng To'maris qo'shinini to'plab, jangga otlanadi. Dahshatli jang bo'ladi. Unda massagetlar g'olib keladi. To'maris o'z so'zi ustidan chiqib, jangda o'ldirilgan Kirning boshini kesib, qon bilan to'ldirilgan meshga soladi. U aytadi:"Garchi men jangda halollik bilan yenggan bo'lsam-da, sen makkorlik bilan meni o'g'limdan judo qilib qayg'uga solding. Ontimga amal qilib seni qonga to'ydiraman".



Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:39:08

    Ravshanak

Donishmand va ko’hna Sharqning salmoqli qismi-buyuk Turonning kechmishiuzoq va rang-barangdir. Besh ming yillik madaniy tarixida bu shavkatli yurt o’z boshidan echa-nechalab baxtli va baxtsi asrlarni boshida kechirdi. Sharq va G’arbni bog’lagan Buyuk Ipak yo’lining eng serqatnov qismida joylashib, uning asosiy xo’jayini bo’lganligi va dunyoning har xil sivilizatsiyalari uchrashadigan qulay tarixiy chorahadan o’rin olganligi tufayli shavkatli Turonda tavallud topgan Zaradushtra, isyonkor, soxta payg’ambar Mazdak, yangi din yaratgan Moniy, bahodir lashkarboshilar, olimu fozillar, shohlar va malikalarning qismati dunyodagi boshqa xalqlarning taqdirlari bilan tutashib ketgandir. Shul sabab ularning ko’pchiligi Vatandan ayri tushib, tuproqlari begona yurtlarning tuproqlariga singib ketdi. Biz Turonda tug’ilib, keyingi taqdiri bilan jahon tarixchilarining nazariga tushgan, Osiyoning birinchi go’zali deb tan olingan, fotih Iskandarga o’g’il tug’ib bergan Ravshanak — Roksana haqida hikoya qilmoqchimiz.
Fotih Iskandar bilan go’zal Ravshanakning ilk uchrashuvlari haqidagi dastlabki ma’lumotlarni yunon tarixchilarining asarlaridan o’qishimiz mumkin. Bu tarixchilarning asarlaridagi uchrashuv tafsilotlari turlicha berilganligi uchun ularga alohida-alohida to’xtalib o’tamiz. Ravshanak haqidagi datslabki ma’lumotni yunon tarixchisi Kvint Arriannning "œAleksandrnig yurishi" nomli asaridan o’qishimiz mumkin. Eramizdan oldingi 328-27- yilning qishini Iskandar o’z qo’shinlari bilan hozirgi Qashqadaryo vohasida qadimgi Navtaka ( bu shaharning qoldiqlari hozirda Yerqo’rg’on deb atalib, Qarshi shahrining yaqinida joylashgan) shahrida o’tkazdi. Bahor kelib havo isishi bilan iskandar Sug’d qal’alarini ishg’ol qilishga kirishdi. Bu qal’alar balanf qoyalar ustida qurilgan bo’lib, ishg’ol qilish mushkul edi. Qal’a ichidagilar kerakli oziq-ovqatlarni jamlab olganlikari uchun uzoq himoyaga tayyor edilar. Iskandar qal’a poyiga kelib, himoyachilarga "œagarda ular o’z ixtiyorlari bilan taslim bo’lsalar, ularga ziyon yetkazmasligini" ma’lum qildi. Ammo sug’dlar uning bu taklifini rad etdilar. Bundan g’azablangan Iskandar "œqal’aga kim birinchi bo’lib chiqsa, katta mukofot beraman" deb va’da berdi. Yunon jangchilaridan yuksak qoyalarga chiqishga o’rgatilgan 300 lashkar ajratib olinib, kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlandilar. Jangchilar kechasi ish boshlab, qal’a poyiga chiqib oldilar., 30 jangchi esa qoyadan pastga yiqilib halok bo’ldi. Qal’a himoyachilari ertalab bu ahvolni ko’rib, dushman qal’aga kiribdi, deya sarosimaga tushdilar va taslim bo’ldilar. Juda ko’plab ayollar va bolalar asir tushdilar, ularning ichida zodagon Oksiartning xotini va go’zal qizi Ravshanak ham bor edilar. Yunon jangchilari uning go’zalligidan hayratga tushib, butun Osiyoni kezib, Ravshanakdan go’zal qizni ko’rmaganliklarini, faqatgina Doroning xotini o’z chiroyi bilan undan keyin turishini aytganlar. Ne-ne podsho va zodogonlarning qizlarini ko’rib, ularga durustroq qayrilib qaramagan fotih Iskandar ham Ravshanakning go’zalligidan hayratga tushib, unga asira sifatida emas, podsholarga xotin bo’lishga arziydigan qiz sifatida muomala qildi. Ravshanakning otasi Oksiart xotini va qizi asir tushganligini, Iskandar esa Ravshanakka oshiq bo’lganligini eshitib, Iskandarning oldiga keladi. Uni izzat-ikrom bilan qabul qildilar. Ko’pchilik tarixchilarning fikrlaricha, Ravshanak asir tushgan sug’d qal’asi Qashqadaryo vohasida yoki Urgut bilan Kitob o’rtasidagi tog’da joylashgandir. Ravshanakning ismini yunonlar o’z tillariga moslab Roksana deb atay boshlaydilar. Uning otasining asl ismi Vaxshunvarta bo’lib, yunonlar uchun u Oksiartga aylandi. Ayrim tarixhilar uni baqtriyalik desalar, ayrimlari sug’d deb yozganlar. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf o’zining "œAleksandr Makedonskiy tarixi" nomli asarida Iskandar bilan Ravshanak uchrashuvlarini boshqacharoq tasvirlaydi. Uning yozishicha Iskandar o’z qo’shinlari bilan Oksiart hokimlik qilayotgan viloyatga keladi. Hokim jangsiz taslim bo’ladi. Iskandar unga hokimligini qaytarib berib, faqatgina uchta o’glidan ikkitasini yunon armiyasida xizmat qilishini so’raydi. Oksiart esa hattoki uchala o’g’lini ham Iskandar xizmatiga beradi. So’ngra katta ziyofat berib, Iskandarni uyga taklif etadi. Ziyofat ayni avjiga chiqqanida, davraga 30 zodagon qizni taklif etadlar.. ularning orasida o’z go’zalligi, latofati va fahmi-farosati bilan yorqin ajralib turgan Ravshanak ham bor edi. Ravshanak maxsus tanlab olingan go’zal qizlar bilan birga kirgan bo’lsa-da, darhol Iskandarning diqqatini o’ziga tortadi. Shu daqiqadan boshlab iskandaring yuragida Ravshanakka bo’lgan muhabbat lovullay boshladi. Iskandar o’rnidan turib, bazmxonadagi shovqin-suronni tinchitib, lashkarboshilari va mezbonlariga qarata: "œIttifoqimizni mustahkamlash uchun forslar (sovetlar davrida ittifoqda yashaydigan xalqlarni xorijdagilar "œruslar" deb ataganlaridek, yunonlar ham eroniylar qo’l ostiga tushib qolgan baqtriyalik, xorazmlik va sug’diyonalik ajdodlarimizni "œforslar"deb ataganlar) va makedoniyaliklarning nikoh ittifoqi zarur, faqat shu yo’l bilan mag’lublarning uyatlarini va g’oliblarning dimog’dorliklarini bartaraf qilish mumkin"¦ "œ
Aleksandr kelib chiqishini bog’laydigan Axill ham o’z asirasi bilan nikohga kirgan edi.
-Hech kim Roksanani sharmanda qilmoqchi deb o’ylamasin, men u bilan qonuniy nikohga kirmoqchiman,- deb tantanali gapirdi. Uning bu gapini Ravshanakning otasi Oksiart xursand bo’lib eshitdi. Iskandar darhol non keltirishlarini buyurdi. Keltirilgan nonni qilich bilan ikkiga bo’ldilar, Iskandar va Ravshanak nonni og’izlariga soldilar. Non sindirilish odati turonliklardagi singari makedoniyaliklarda ham nikohning muqaddas garovi edi. Shu tariqa Osiyo va Ovropa podshosi Iskandar o’ziga go’zal va oqila Ravshanakni xotin qilib oldi. Qadimgi yunon tarixchisi Diador ham Iskandarni Ravshanakning go’zalligiga qoyil qolib, sevib uylanganligini yozgan. Yunon yozuvchisi, tarixchisi va faylasufi Plutarxning ham xabari shunday — Iskandarni Ravshanakning go’zalligi asir etgan. Ulug’ yunon tarixchisi Strabon ham Iskandar va Ravshanak haqida yozib, Iskandarni Ravshanakka sevib uylanganligi, ularning to’yi baland qoya ustidagi qal’ada juda tantanali ravishda o’tganligini aytgan. Xullas, barcha tarixchilarning ma’lumotlarini bir joyga jamlasak, barchasining ma’nosi bir xildir: Iskandar Ravshanakning behad go’zalligidan hayratga tushib, uni sevib qolgan va go’zalligiga munosib ravishda to’y qilib, qonuniy uylangandir.
Iskandar Turon tuprog’ida olib brogan uch yillik jang-u jadallarini yakunlab, bu yerga Oropiy degan kishini podsho qilib qoldirib, eramizdan oldingi 327-yilning yozida Hindukushdan oshib Hindiston tomon yo’l oldi. Turonliklar endi eron podsholarining istibdodidan qutilib yunonlarning zulmi ostiga tushib qoldilar.
Go’zal Ravshanak ham birga o’sgan dugonalari, barcha yaqinlari, qadrdon yurti bilan vidolashib, ko’zida yosh bilan yo’lga tushdi. Uning orqasidan odatdagi yor-yor o’rniga yunon lashkarlarining qurol-aslahalarining jarangi taralib qoldi. Agarda yunon askarlarining Turondan talab olgan boyliklarini Ravshanakning sepi deb hisoblasak, u dunyoda eng boy sep bilan uzatilgan kelinlardan biri bo’lur edi.
Iskandar o’z qo’shinlari bilan Hindistonni zabt etgach, 325-yiling qishida Eronga qaytib keldi, so’ngra bahor kelishi bilan esa So’zaga ko’chib o’tdi, bu yerda fotih ko’pdan buyon ko’ngliga tugib yurgan bir niyatini amalgam oshirdi, Iskandar So’zada o’zining 90 ga yaqin safdoshlari va lashkarboshilarini turonlik, eronlik va midiyalik aslzodalarning qizlariga uylanishni buyurdi. Birinchi bo’lib Iskandarning o’zi o’rnak ko’rsatdi. Qonuniy xotini Roksanadan hali farzandi yo’qligi va Osiyo shohi bo’lganligi uchun bir necha xotin olishi mumkinligini aytib, iskandar birdaniga ikki qizga: Eronning Dorodan oldingi podshosi Oxning kichik qiziga va Doro III ning katta qiziga uylandi. Mashhur lashkarboshilar Doroning qizlari, qarindoshlari va boshqa zodogonlarning qizlariga uylandilar. Sug’diylarning mashhur qahramoni Spitamenning qizi Apamani lashkarboshi Selevekka mo’ljalladilar. Keyinchalik bu lashkarboshi Vavilonga hukmronlik qilib, o’zdavlati chegarasini to Sirdaryogacha kengaytirdi. Xotini Apama sharafiga Suriyada bir shahar qurib, uni xotini nomi bilan atadi.
Nikohmarosimi juda katta tantanalar bilan besh kun davom etdi. Iskandar bunikohlarni o’z yaqinlari uchun sharafli va katta mukofot ekanligini ta’kidlab, katta mablag’ sarfladi. Xo’sh, bu nikohga kelin va kuyovlarning munosabatlari qanday edi? Ma’lumki, yunonlar o’zlarini oily irq deb bilib, boshqalarni varvarlar, ya’ni "œyovvoyilar" deb atardilar hamda ularga past nazar bilan qarardilar. Shuninguchun varvar go’zallariga uylanish aslzoda yunonlar uchun unchalik ko’ngilli voqea emasdi. Ammo ular Iskandardan qo’rqqanlaridan o’z noroziliklarini ichlariga yutishga majbur edilar. Bu nikoh ayniqsa kelinlar uchun og’ir bo’ldi. Yurtlarini vayron qilgan bosqinchilar va ota-akalarining qotillari bilan bir yostiqqa bosh qo’yish yengil ish emasdi. Ammo ularyunonlar qo’lida asira bo’lganliklari tufayli chorasiz edilar. Har qanday og’ir muammoni sovuqqonlik va cho’rtkesarlik bilan hal qilishga odatlangan Iskandar, insonlar qalbida paydo bo’lgan g’alayonni ham osonlik bilan bostirdi. G’olib kuyovlar va mag’lub kelinlar hechnarsa bo’lmagandek nikohga kirdilar. Insonga ishq-muhabbat ato qilgan dono tabiat o’z qudtratini ko’rsatdi. Bora-bora ko’pchilik takabbur yunon kuyovlar o’z varvar xotinlarini chinakam sevib qoldilar, ularni malikalarga aylantirdilar va ularning sharaflariga shaharlar qurdilar.
Aralash nikohlaroddiy lashkarlar orasida ham rag’batlantirildi. Yunon tarixchilarining yozishlaricha, Iskandar lashkarlarida o’n ming kishi Osiyocha marosimlar bilan Osiyo qizlariga uylanganlar. To’y xarajatlari va kelinlaring seplari Iskandarning hisobidan bo’lgan. Aralsh nikohlardan tug’ilgan o’g’il bolalar Osiyoda g’arb andozasida davlat hisobidan tarbiyalanardilar. So’ngra bu bolalardan imperiya uchun sodiq lashkarlar tayyorlash mo’ljallangan. Aralash nikohlardan Iskandarning maqsadi nima edi? Tarixdan ma’lumki, xalq qanchalik toza, jips bo’lib, o’z an’analarini saqlab qolsa, bu xalqni istilo qilib, asoratda uzoq ushlab turish og’ir bo’ladi. Agarda xalq aralash-quralash qilinib, qoni buzilsa, milliy ruhdan, tilidan, urf-odatlaridan judo qilinsa, u shunchalik parokanda bo’lib uni bosib oish va istibdodda ushlab turish oson bo’ladi. Buni dono Aristotelning ta’limini olgan Iskandar juda yaxshi bilardi. Shul sabab, Iskandar aralash nikohlar va Osiyodan Ovropaga, Ovropadan Osiyoga aholini ko’chirish rejalarini o’ylab topdi va amalgam oshirdi.
Jangu jadallarda olgan ko’plab jarhatlardan va kasalliklardan eson-omon qolgan Iskandar Vavilonda vujudiga kirib olgan og’ir kasallikdan qutilib qololmadi. Bu kasallik juda og’ir kechdi, unga hech bir tabib yordam berolmadi. Yozishlaricha, Iskandar shu darajada azoblangankim, unga dori o’rniga o’tkir qurol berishlarini so’ragan. Arriannning yozishicha, Iskadar bu azoblardan qutulish uchun o’zini Evfrat daryosiga tashlamoqchi bo’lgan, ammo Ravshanak bunga yo’l bermagan. Baribir kasallik ustunlik qilib, dunyoga yakka egalikni da’vo qilgan, o’zini xudoning o’g’li deb bilgan, ikki qit’aning shohi Iskandar oddiy bir inson singari 33 yoshida qayta uyg’onmaydigan bo’lib uyquga ketdi. U 33 yillik umrining 13 yilini boshiga toj kiyib o’tkazdi. Ayrim taxminlarga ko’ra, Iskandar zaharlab o’ldirilgandir. Tarixchilarning yozishlaricha, mag’lub xalqlar ham, g’olib xalqlar ham, g’olib yunonlar ham Iskandarning o’limida qattiq qayg’urganlar. Yozishlaricha, Eron podshosi Doro III ning onasi Iskandarning o’limini eshitib, sochlarini yulib, xuddi o’g’li Doroga aza ochganidek, aza ochgan ekan. Bilmadik, bu og’ir daqiqalarda vatanidan uzoqlarga borib qolgan, yolg’iz himoyachisidan ham ayrilgan, yuragining tagida Iskandardan bo’lgan homilasini ko’tarib yurgan musofir Ravshanakning ko’nglidan nimalar kechdi ekan"¦
Hali Iskandarning tanasi sovumay turib, barcha jahongir podsholar o’limidan so’ng yuz beradigan mash’um fojia yuz berdi, ya’ni toju taxt talashishi boshlanib ketdi. Iskandar jon berishidan oldin qo’lidagi muhri o’rnatilgan uzukni lashkarboshi Perdikkaga bergan edi. Perdikka Ravshanakni ko’zi yorishini kutaylik, agar u o’g’il tug’sa, uni taxt vorisi qilaylik, degan fikrni aytdi. Melagr esa Ravshanakni ko’zi yorishini kutish shart emas, Iskandarning Barsinadan tug’ilgan o’g’li Geraklni voris qilsak ham bo’ladi, degan fikrni o’rtaga tashladi. Ko’pchilik u nikohsiz tug’ilgan deb, qarshi chiqdi. Boshqa birov esa Iskandarning ukasi Arrideyni podsho qilish kerak, degan talabniilgari surdi. Lashkarboshi Ptolemey Lag barcha nomzodlarga qarshi chiqdi. U Arrideyni Filippning suyuqoyoq xotini Larisadan nikohsiz tug’ilganligini va aqli zaifligini, Barsina va Ravshanak Sharq ayoli ekanliklarini, qolaversa, ularning ikkalasi ham makedonliklarning asirasiligini aytib, ularning bolalari podsholika yaramaydi, deb turib oldi. Bahs qizib, xavfli darajaga yetgach, bir to’xtamga kelindi. Arrideyga otasi Filippning nomini berib, uni vaqtincha podsho qilishga, u balog’atga yetgach, Ravshanakning o’g’liga esa Aleksandr IV nomini berib, ikkinchi podsho qilishga, u balog’atga yetgach, butun hokimiyatni unga berishga qaror qilindi.
O’g’li tug’ilgach, Ravshanak, Barsina va Gerakllar Vavilondan Makedoniyaga, Iskandarning vataniga ketdilar. Bu yerda Ravshanak va Barsina qaynonalari Olimpiada bilan uchrashdilar. Tarixchilarning yozishlaricha, takabbur Olimpiada Ravshanakning go’zalligiga tan berib, uni yaxshi qabul qilgan"¦ Toju taxt nizolari tufayli Iskandarning barcha yaqinlari o’ldirildilar. Podshoning qizi, podsho Filippning xotini, podsho Iskandarning onasi bo’lgan Olimpiada Kassandrning buyrug’I bilan o’ldirildi. Tarixchi Yustinning yozishicha jahannam azobiga duchor qilingan Olimpiada biron marta ham ingramay, mardonavor jon bergan. Barsina va uning o’g’li Geraklni ham sirli ravishda o’ldirdilar. Kassandrning buyrug’I bilan Ravshanakni yosh go’dagi Aleksandr IV bilan Amfiopol shahriga jo’natib, qamoqda saqlaydilar va eramizdan oldingi 309 yili xoinona ravishda bo’g’ib o’ldirdilar.
Oradan vaqt o’tib, uzoq Makedoniyadan bu shumxabar Turonga ham yetib keldi. Doimo Ravshanakning taqdiridan xavotirlanib yurgan Oksiartning qaddi bu xabardan batamom egilib qoldi. Ravshanakning onasi va boshqa yaqinlari ko’k kiyishib, aza ochdilar
 

   

 

 

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:39:34

             Robiya

                       Azizlar, yozmoqchi bo’lganimiz mashhur so’fiy ayol Robiyai Adviya haqida emas, balki Balx shahrida X asrda yashab o’tgan iste’dodli shoira Robiya haqidadir. Adashtirmasligingizni iltimos qilardim.


Balx shahrida X asrda yashab o’tgan iste’dodli shoira Robiya Balx amiri Ka’bning qizi edi. Qiz juda sohibjamol va oqila bo’lib, tim qora jodu ko’zlari, nayzamisol kipriklari har qanday yurakka g’ulg’ula solar, aqiq lablari, marvarid tishlari ko’rgan kishini rom etardi. Bexato husn va buning ustiga shoirona latif ta’bi uning ovozini atrofga yoygan edi.
Amir Ka’b qizini juda yaxshi ko’rar, uni bir nafas ham xayolidan nari ketkazmasdi. Kechayu kunduz qizining taqdiri haqida qayg’urardi. O’limi yaqinlashganini sezgan amir bir kuni o’g’li Horisni huzuriga chaqirdi. U o’g’liga qarab dedi:
- Singling aqli raso qiz. Unga hamma oshufta. Lekin qizimning haligacha mana-man degan zodagonlar, a’yonlarga loyiq ko’rmadim. Endi, o’g’lim, men hayot bilan vidolashar ekanman, uning taqdirini senga topshiraman. Sen uni o’ziga munosib kishi topib uzatgin.
Horis otasining vasiyatini mamnuniyat bilan qabul qildi va singlisini ko’z qorachig’iday asrashga va’da berdi. Lekin taqdir ularga qaltis yo’lni ravo ko’rgan edi.
Otasining vafotidan keyin Horis taxtga o’tirishi munosabati bilan katta shohona ziyofat berdi. Jannatni eslatuvchi bog’da aysh-ishrat davom etar, musiqa sadolari yangrardi.
Horisning taxti baland ayvonda joylashgan bo’lib, amir unda quyoshdek porlab o’tirar edi. Marvarid shodasiday uni o’rab olishgan xizmatchilar va navkarlar xizmatda qo’l qovushtirib turishardi. Hammaning qalbida quvonch, chehrasida kulgu balqirdi. Bazm ahli orasida yulduzlar orasida oydek, xushbichim kiyingan, qora qoshli, qora ko’zli, bir ko’rishdayoq kishining diqqatini o’ziga tortadigan sarvqomat bir yigit o’tirardi. Uning oti Bektosh bo’lib, amirning xazinaboni edi.
Horisni amirlik unvoni bilan tabriklashga kelgan saroy ahli va zodagonlar xursandchilik qilishardi. Qiz-juvonlar ham qasrning tomi va toqi-ayvonlaridan yuzlariga parda tortib, bazmni tomosha qilardilar. Robiya ham kanizaklari, dugonalari bilan qasr tomiga chiqdi va bir burchakda o’tirib tomosha qila boshladi. Shu paytda to’satdan uning nigohi amir bilan yonma-yon o’tirib suhbat qilayotgan Bektoshga tushdi. Shunday qilib yigit Robiya ko’ngliga ishq dardi ila o’rnashdi.
Oradan bir yil o’tgandan keyin muhabbat dardi qizni holdan toydiradi. U kasalmand bo’lib qoladi. Singlisi ahvolidan tashvishga tushgan Horis uni davolash uchun tabib olib keladi. Ammo qo’hna dardga davo yo’q edi. Robiyani yoshlikdan tarbiyalagan mehribon, zukko va dono bir doyasi bo’lguvchi edi. Faqat ugina qizning dardini sezadi va hamma sirlarini bilib oladi. Robiya doya xotindan o’z sevgi dostonini Bektoshga yetkazishini so’rab maktub beradi. Xatni olgan Bektosh uning ichidan mohirona chizilgan qizning rasmini ko’rib hayratda qoladi va javob maktubini yo’llaydi.
Oradan ancha vaqt o’tib, kunlarning birida Bektosh Robiyani bog’da tanho ko’rib qoladi. Shu ondayoq unga yaqinlashib gap ota boshlaydi. Bektoshning bu harakatidan ranjigan Robiya jahl bilan qo’lini siltab tashlaydi.
Ushbu voqeadan keyin Bektosh noo’rin harakatidan uyalib o’zini chetga olib yuradi. Sevgilisidan ranjigan Robiya esa yurak alamlarini she’rga to’kib soladi.
Bir kuni qiz bog’da yolg’iz sayr qilib yurganida sevgilisiga atalgan she’rini baland ovoz chiqarib o’qiydi. Buni esa Horis eshitib qoladi va shu kundan boshlab singlisidan gumonsiraydigan bo’ladi.
Oradan biro y o’tar-o’tmas Horis mulkiga hisobsiz lashkarlari bilan dushman hujum qiladi, qattiq jang bo’ladi. Bu jangda Bektosh ham qahramonlik ko’rsatadi. Ammo to’satdan urilgan Horis shamshiri zarbidan yaralanib, hushidan ketadi.
Xuddi shu payt jang maydoniga yuzini parda bilan yashirgan bir otliq kirib kelib, dushmanni vahimaga solib har tomon to’zg’itib yuboradi"¦ Fursatdan foydalangan bu qahramon otini yaralangan Bektosh tomonga buradi va uni ko’tarib o’z askarlari qo’liga topshiradi. Bektoshni o’lim changalidan xalos etgan qahramon Robiya edi. Jang Horisning g’alabasi bilan yakun topadi.
Robiya Balxga kelgan mashhur shoir Rudakiy bilan uchrashib qoladi va unga she’rlarini taqdim etadi. Shoir qizning ilhomchisi pok muhabbati ekanligini sezadi.
Rudakiy Buxoroga qaytib kelganida Horis ham Buxoroga shoh huzuriga kelgan edi. Shoh Horis sharafiga katta bazm tashkil etadi. Bazmi-jamshidda Buxoroning barcha olim-fuzalolari yig’ilishadi. Shunda Rudakiydan she’r o’qishni iltimos qilishadi. Rudakiy o’z she’rlarini emas, balki Robiya she’rlarini o’qib beradi va bu qizning tarixini bazmda Horis borligini unutib hammaga doston qiladi. Shunda Horis hech narsani eshitmaganday o’zini mastlikka soladi. U Balxga qaytgach, payt poylab singlisining qonini to’kish orqali oilasi sha’niga qo’ngan isnodni yuvish payiga tushadi.
Bektosh sevgilisi Robiyadan kelgan maktublarni bir do’stiga ko’rsatardi. Xoin do’sti ularning hammasini Horisga olib kelib beradi. G’azablangan aka Bektoshni zindonga tashlaydi. Xizmatchilariga hammomni qattiq qizitishni, Robiyaning qo’llariga kishan solib, qizigan hammomga qamashni buyuradi. Bu hukm ijro etiladi. Hammomning eshik va teshiklarini loy bilan berkitishadi.
Holsizlikdan lahta-lahta qon qusgan qiz ko’rsatkich barmog’ini o’z qoniga botirib, hammom devorlariga she’r bita boshlaydi. Yozishga joy qolmaganda uning vujudidagi qon ham tugaydi. Devorda mana bunday bitiklar bor edi:


                        Nigoro sensiz ahvolim zabundir,
                        Yuzim ko’ngul qoni ila lolagundir..

Ushbu voqeani eshitgan Bektoshning yurak-bag’ri xun bo’ladi. U yashirincha qamoqdan qochadi va Horisning haramiga kirib uning boshini tanasidan judo qiladi. Oshiq yigit qiz qabriga yetib keladi va xanjar bilan yuragini tilib aziz mahbubasi yonidan joy oladi.



Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:40:02

  Saroymulkxonim (Bibixonim)

Saroymulkxonim chig’atoy ulusiga mansub mo’g’ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo’lib, 1341-yilda tug’ilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chog’da Saroymulkxonim hali besh yoshda edi. Saroymulkxonim balog’atga yetgach, 1355-yilda Movarounnahr hukmdori amir Qozog’onning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi.
1370-yilda sohibqiron Amir Temur jangda amir Husaynni yengib, uni qatl ettirgach, Movarounnahr hukmronligini o’z qo’liga oladi. Tabiiyki, amir Husaynning bir necha xotinlari bo’lib, haramning ulug’ bekasi- Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlug’ Og’o edi. Sohibqiron Amir Temur maqtulning haramidagi malikalar orasidan Qozonxonning qizi — Saroymulk xonimni, Bayon Sulduzning qizi- Ulus Og’oni, Xizr Yasuriyning qizi - Islom Og’oni hamda Tag’oy Turkon xotunni tanlab olib, idda muddati uch oy o’tgach, o’z nikohiga kiritadi.
Sohibqiron Amir Temur Saroymulk xonimni o’z nikohiga kiritgach, "œkuragon" unvoniga musharraf bo’ldi. Kuragon iborasi mo’g’ulcha so’z bo’lib, "œkuyov" degan ma’noni ifodalaydi. Zero, Saroy Mulk xonim mo’gul xonlaridan birining qizi bo’lgani tufayli sohibqiron Amir Temur mo’g’ul xonining kuyovi, ya’ni "œAmir Temur Ko’ragon" nomini olgan edi.
Sohibqiron Amir Temur malika Saroymulkxonimni o’z nikohiga kiritgunga qadar, haramida boshqa xotinlari ham bor edi. Lekin xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulug’rog’i hisoblanib, "œkatta xonim" yoxud "œBibixonim" degan unvonga noil bo’ladi. Albatta, bunday e’zozga musharraf bo’lish uchun aql-zakovat, did-farosat, fikrlash doirasining ulkanligi bosh omil bo’lgan. Zotan, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Saroymulkxonim zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi, husn-latofat bobida ham benaziri edi. Saroymulkxonim insonparvar, vatanni sevguvchi, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor bo’lgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-ma’rifatga alohida e’tibor ila qarar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida Saroymulkxonim ko’pincha birga yurgan. Tarixiy manbalarning yakdillik bilan bergan ma’lumotlariga ko’ra, o’ta ziyrak, tadbirkor Saroymulkxonim salatanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda o’zining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Saroymulkxonimga oshkora buysunmasa-da, biroq uning oqilona maslahatlariga o’zida qandaydir ehtiyoj sezib turgan. Naql qilishlaricha, Eronga qarshi yurish boshlaganda, Isfaxonning qamali ko’pga cho’zilib, qo’shinni ozuqa bilan ta’minlashga mablag’ yetishmay qoladi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yo’llab, Saroymulkxonimga maktub jo’natadi. Maktub qisqacha bo’lib, "œQo’shinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring", deyilgandi. Saroymulkxonim maktub mazmunidan ogoh bo’lgach, maktubning orqa tomoniga "œUlug’ amir, zaringiz tugagan bo’lsa, siyosatingiz ham tugadimu?"- deb yozadi va uni choparga tutqazadi.
Amir Temur maktubni olgach, Saroymulkxonimning kinoyali zamzamasini o’ylab-o’ylab, nihoyat bir qarorga keladi: lashkargohda so’yib yeyilgan qo’y, qoramol, ot, va tuya suyaklarini o’sha kuniyoq yig’dirib, turli hajmlarda qirqtirib, katta hajmdagisiga katta qiymat, kichigiga kichik qiymat belgilab, unga po’lat muhrni qizdirib tamg’a bostiradi hamda muvaffaq pul o’rnida muomalaga kiritishga farmon beradi. Natijada, qoshni shahar va qishloqlarda suyak pulga qoshin uchun oziq-ovqat sotib olinadi. Tez kunda Isfaxon shahri taslim bo’ladi, suyak pullar zar bilan almashtiriladi.
Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga ko’ra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida xotinlari ham ishtirok etishgan. Ispaniya qiroli Genrix III ning Samarqand hukmdori Amir Temur huzuriga yuborgan elchisi Ryui Gonzales de Klavixoning yozishicha, 1404-yil 8-sentabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi "œDilkusho" bog’ida elchilarni qabul qiladi. Qabul marosimi katta ziyofat va tantana bilan boshlangan. Klavixoning hikoya qilishicha, qabul marosimida hukmdor Temurning yonida Saroymulkxonim boshliq boshqa xotinlari ham yuzlariga parda tashlab o’tirganlar. Ispan qiroli yuborgan hadyalar orasida hukmdorga ko’proq qizil movut ma’qul bo’lgan. Bu haqida u o’z xotinlari, avvalo Saroymulkxonim bilan fikrlashadi. 1404-yil 17-oktabr juma kuni Saroymulkxonim ham katta ziyofat beradi. Ziyofatda boshqa elchilar qatorida ispan elchisi Ryui Klavixo Gonzales ham qatnashadi. Klavixo Temur bog’larida berilgan ziyofatlarning to’kin-sochinligi, bog’lardagi rang-barang ipak chodirlar, undagi oltin-kumush jihozlaru bog’larning o’ta did va farosat bilan jihozlangani haqida maroq ila hikoya qiladi.
Naql qilishlaricha, Saroymulkxonim kunlardan bir kun o’z jamg’armasi hisobiga, savoblik uchun xudo yo’lida bir madrasa bino qildirishga Amir Temurdan ijozat so’raydi. Hukmdordan ruxsat bo’lgach, otasi Qozonxon tomonidan sovg’a qilingan bir juft olmos baldog’ini sotuvga qo’yib, bu mablag’ni madrasa qurilishiga sarflaydi. Saroymulkxonim madrasa qurilishi jarayonida qurilish maydoniga tez-tez kelib ish boshqaruvchilarga fikrini aytadi. Madrasa qurilishi nihoyasiga yetayotganda ham Saroymulkxonim odati bo’yicha o’z kanizlari bilan qurilish maydoniga kelib, ustaboshiga binoning kam-ko’stlari haqida ko’rsatmalar beradi. Ustaboshi Saroymulkxonimning yuzini ko’rmagan bo’lsa-da, uning jozibali so’z ohanglaridan oqila va o’tkir zehnli ayol ekanligiga imoni komil bo’ladi. Malika ketgach, ustaboshi xonim bilan bo’lgan bir nafaslik muloqatdan olgan taassurotini ichiga sig’dirolmay, hissiyoti g’alaba qilib, atrofidagi ustalarga:
- Yopiray, ayol zoti ham shunchalik dono va oqila bo’ladimu?.. Xonim haqida shu kungacha eshitgan barcha ta’rif - tavsiflarning hammasi to’g’ri ekan. Qani endi hamma ayollar ham shunday nafosatga ega bo’lsaydi,- deb chuqur uf tortadi.
Ustaboshining beg’ubor so’zlari tez orada qurilishdagi barcha korfarmon, usta va mardikorlar orasida tarqaladi. Bir-ikki kun o’tgach, mish-mishlar zo’rayib, "œnima deysan, ustaboshi xonimga g’oyibona oshiq bo’lib qolgan emish", degan so’zlar tarqab ketadi. Tabiiyki, bu mish-mishlar Saroy Mulk xonimning ham qulog’iga yetib boradi. Ustaboshi o’zining bemulohazaligidan o’kinib, suyaksiz tilning jarohatidan nolib turgan bir vaqtda, Saroymulkxonimning xos kanizlaridan biri qo’lidagi ro’molga o’ralgan laganchani ustaboshiga uzatarkan:
- Xonim ushbu tuxumlarni sizga yubormishlar. Toki mazkur yeti xil rangga bo’yalgan yeti dona tuxumni tanovvul aylab, alarming mazasi bir xilmu yoxid har birining mazasi alohidamu, ushbuni farqlab bergaysiz. Javobini ertaga qiyom paytida eshiturmiz,-deb qaytib ketadi.
Ustaboshi ro’molni ochib, yeti xil rangdagi tuxumni o’z ko’zi bilan ko’rgach, xonim nimaga shama qilayotganini tushunib, chuqur iztirobga tushadi.
Shu kunlarda sohibqiron Amir Temur navbatdagi yurishdan qaytib kelayotganligi va yaqin orada Samarqandga yetib kelishi haqida ovozalar tarqaladi. Ustaboshining ko’z-o’ngi qorong’ulashib, qo’li ishga bormaydi.
"œMish-mishlar boshimga balo bo’ldi, hademay sohibqiron yetib kelsa, meni sog’ qo’ymaydi, jazoga mustahiq qilmog’i muqarrardur. Nachora, taqdiri azalda bitilgo’n erkanda. Ammo chiqmagan jondan umid deganlar mashoyixlar, bu yerdin qochmoq chorasini izlamoq darkor. Darvoqe, qochib ham qayerga boraman. Pastga ham tushib bo’lmaydur, darhol tutib zindonga solurlar. Ne qilmoq kerak?" deb og’ir o’yga toladi.
Ustaboshi o’ylab-o’ylab oxiri bir qarorga kelgach, shogirdini yoniga chaqirib, uni o’z rejasidan voqif qiladi. U o’ziga ikkita qanot bog’lab, gumbaz ustidan sakraydi. Qanot yordamida shahar chetidagi bir yaylovga sho’ng’iydi. Ammo qo’nishga ulgurmayoq boshi yerga qadalib, olamdan o’tadi. Bu manzarani kuzatib turgan shogird "œEh, attang, ustoz andak xatoga yo’l qo’yibdurlar. Qanot bilan birga dum ham bog’lamoq lozim erdi",- deb o’ziga qanot va dum bog’laydi-da, gumbazdan yalanglikka qo’nib, ko’zdan g’oyib bo’ladi. Shundan buyon xalq orasida "œustozidan shogirdi o’zgan" degan maqol qolgan deyishadi.
Saroymulkxonim qurdirgan madrasa XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Samarqanddagi madrasalar orasida ulkan va mahobbatliligi bilan ajralib turgan. Madrasaga zamonasining yetuk mudarrislari tayinlanib, ular tolibi ilmlarga diniy va dunyoviy ilmlardan saboq berganlar. Saroymulkxonim madrasa tolibi ilmlarining ahvolidan tez-tez xabar olib, ularga homiylik qilib turgan. Rivoyatlarga ko’ra, Saroymulkxonim o’z odaticha, qosh qoraygach, o’zining yaqin kanizlari bilan kiyimlarini o’zgartirib, madrasa tomon yo’l oladi. Negaki, Saroymulkxonim madrasa toliblarining ahvoli ruhiyasi, kim qanday tirikchilik o’tkazayotganligini, tunda qanday ish bilan mashg’ul bo’layotganliklarini zimdan tekshirib turarkan. Bir kecha xonim madrasaga yetib kelganida hujralarning deyarli barchasida chiroq o’chgan, tolibi ilmlar tun og’ushida uyquga cho’mgan ekanlar. Faqat birgina hujrada sham yonib, ichkaridan tovush eshitilibdi. Saroy Mulk xonim kanizlarini madrasa hovlisida qoldirib, o’zi ohista yurib, hujra eshigi yonida ichkariga quloq solibdi. Tolibi ilmlardan biri ikkinchisiga shunday deydi:
- Qani, aytingchi birodari aziz, hozir ko’nglingiz nimani tusayapti?
- E, birodar nima bo’lardi, qo’y go’shti, qo’y yog’ida damlangan bir lagan seryog’ palov bo’lsa, bilakka paxta bog’lab, bir to’yib yer edik-da, - deya javob bergach, sherigidan so’radi:- Xo’sh jorajon, o’zingizni ko’nglingiz nimani istayapti?
- E, birodar, ko’nglimda tamoman boshqacha orzu. Ushbu madrasa sohibasi Saroymulkxonim dunyoda tengi yo’q deb eshitganman. Qaniydi iloji bo’lsa, shu xonim bilan bir kecha suhbatlashsam,- deb javob berdi birinchi tolibi ilm.
Sherigidan bunday qaltis so’zni eshitgan jo’rasi:- E, ovozingizni o’chiring, birodar, nima deyayotganingizni bilasizmi, tag’in bir falokatni boshlamang,-deb unga dashnom berdi.
So’z shu yerga yetganda Saroymulkxonim hujra eshigidan uzoqlashib, kanizlari bilan saroyga qaytadi.
Ertasi kun peshindan og’gach, nadimlardan uch-to’rttasiga madrasaga borib, barcha tolibi ilmlarni saroyga olib kelishlarini buyuradi. Tolibi ilmlar bu nogahoniy taklifdan hayajonda, nadimlar qurshovida saroyga keladilar. Faqat ikki tolibi ilm bu taklifdan shubhalanar va tundagi qaltis orzuning qurboni bo’lish dahshatidan qaltirardi. Barcha tolibi ilmlarni katta mehmonxonaga kiritib, ziyofat beradilar. Ziyofat so’ngida qo’y go’shti, qo’y yog’ida tayyorlangan seryog’ palov tortiladi. Shundan so’ng, mehmonxonaga kanizlar qurshovida, yuziga parda tortgan holda Saroy Mulk xonim kirib keladi va maxsus o’rindiqqa o’tirgach, tolibi ilmlar orasidan tungi suhbatdoshlarni tanib o’z huzuriga chorlaydi:
- Xo’sh, mulla yigitlar, bilakka paxta bog’lab yeydigan palov bo’libdimi?-deydi.
Haligacha qo’rquvdan qaltirab turgan ikki tolibi ilm darhol tiz cho’kib:
- Qulluq xonoyim, ta’rifdan ziyoda palov bo’libdur, madhiga til ojizlik qiladur, - deya ta’zim qilibdilar.
Saroymulkxonim birinchi tolibi ilmga yuzlanarkan:
- Endi sizning orzuyingizga kelsak. Ko’rib turganingizdek, men sohibqironning nikohlaridamen, binobarin siz birlan suhbat qurmog’im mumkin ermas. Binoan alayhi o’zimning go’zal kanizlarimdan birini sizga nikohlab berurmen. Rozimidursiz?-deydi.
Haligacha tili kalimaga kelmay, es-hushini yo’qotayozgan tolibi ilm, darhol o’zini xonim oyog’iga tashlab:
- Uzr, afv etsunlar xonoyim, bu beadab qullarining gunohidan o’tsunlar,-deb iltijo qiladi.
Shu asnoda Saroymulkxonimning ishorasi bilan mehmonxonaga qozi va imom kirib keladi va barcha tolibi ilmlar guvohligida kanizlardan birini tolibi ilmga nikohlab qo’yadilar"¦
Afsuski, Saroymulkxonim madrasasi uzoq turmadi. Rivoyatlarga ko’ra, XVI asr oxirida Buxoro amiri Abdullaxonning temuriylarga xusumati tufayli, maxsus farmon bilan madrasani buzdurib tashladi. Faqat madrasa yoniga qurilgan maqbaragina saqlanib qolgan. Maqbaraning old tomoni rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichki qismidagi bezaklarga yashil, qizil, qora bo’yoqlar bilan jilo berilgan. Izoralarga yulduz shaklida ko’k naqshlar ishlanib, koshinli hoshiyalar bilan o’ralgan. Maqbara dahmasiga tashqaridan maxsus eshik orqali kiriladi. Dahma devorlari xilma xil koshinlar bilan bezatilgan bo’lib, dahma ichiga toshtobut qo’yilgan.
Samarqandda mashhur Bibixonim masjidi jome’si ham bor. Bu masjidni Amir Temur Hindiston yurishidan qaytib kelgach, 1399- 1404 — yillar mobaynida o’zining ulug’ bekasi Saroymulkxonimga atab qurdirgan. Binobarin, bu "œBibixonim" masjidi jome’yi nomi bilan mashhur bo’lgan. Masjidi jome’ Markaziy Osiyodagi obidalarning eng yirigi hisoblanadi. Hovlisining sahni 63,8x 76,0 metr bo’lib, atrofi ravoq va peshtoqlar bilan o’ralgan. Masjidning umumiy sahni esa 167x109 metrdir.
Davr o’tishi mobaynida Bibixonim masjidi zilzilalar ta’sirida ancha puturdan ketib, vayronaga aylandi. Hozirgi kunda Bibixonim masjidi bir-biri bilan bog’lanmagan olti bo’lakdan iborat bo’lib, hovlining yuqori qismida mehrobli baland peshtoqli bino, poygakda masjidning ikkiga ajralgan peshtoqi hamda shimoli-g’arb qismida yakka holda saqlanib qolgan minoradan iborat. O’z davrida mazkur bo’laklar uch qator oq marmar ustunli, yengil peshayvonlar bilan birlashtirilib, ularning ustida 400 ta gumbazchalar bo’lgan. Ustunlarning jami 480 ta bo’lib, oralig’i- 3,5 metr, ostki qismi maxsus tagkursili, o’rta qismi o’yma naqshkor, yuqori qismi rangli koshinlar bilan qubba shaklida ishlangan. Hovli o’rtasiga marmar toshdan ulkan lavh — Qur’on qo’yib o’qiladigan maxsus kursi qo’yilgan. U avvallari asosiy bino ichida bo’lib, 1875-yilda gumbazning qulash xavfi tug’ilganda hovli o’rtasiga chiqarilib qo’yiladi. Mazkur lavh Ulug’bek Mirzo ko’ragonning farmoni bilan yasalgan. Lavhga "œSultoni a’zam, oily himmatli hoqon, din-diyonat homiysi, Hanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton ibn Sulton amir al-mo’minin Ulug’bek kuragon" deb yozilgan.
Bibixonim masjidiga kiraverishdagi katta peshtoqning ustki qismi 1897-yilgi zilzilada qulab tushgan. Peshtoqning ichki qismida kichikroq ikkinchi ravoq va uning o’yma marmar hoshiyali darvozasi ham bo’lgan. Darvoza ustiga o’rnatilgan lavhada masjidning qurilgan yili va Amir Temurning shajarasi bitilgan. Masjidning "œhaft jo’sh" — yeti xil metal qotishmasidan yasalgan qo’sh tabaqali darvozasi bo’lgan. Bu darvoza keyinchalik yo’qolib ketgan.
Bibixonim masjidi ayni davrda vayrona holda bo’lsa-da, serhasham bezaklarning o’ta nafisligi kishi diqqatini o’ziga jalb etadi. Rang-barang shakl va naqshlar o’sha davr ustalarining nozik did va yuksak mahoratidan dalolat berib turadi.
1405-yil 18-fevralda sohibqiron Amir Temur O’trorda vafot qilgach, Samarqand taxtiga uning nabirasi Xalil Sulton Mirzo (1384-1411) o’tirdi. Ibn Arabshohning bergan ma’lumotiga ko’ra, Xalil Sulton Mirzoning xotini Shodmulkbegim 1408-yilda Saroymulkxonimni zaharlab o’ldirgan. Saroymulkxonimning jasad o’zi qurdirgan madrasa yonidagi maqbaraga "œtosh tobut"ga solinib, mo’miyolanib dafn etilgan. 1941-yil iyun oyida Go’ri Amir maqbarasida abadiy uyquga ketgan Amir Temur, Shohruh Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo va Ulug’bek Mirzolarning qabrlari ochib tekshiriladi. Saroymulkxonim qabri ham ochilib, jasadini tekshirish maqsadida Toshkentga olib kelingan. Keyinchalik yana Samarqandga olib borib qo’yilgan.
Sohibqiron Amir Temur Saroymulkxonimdan farzand ko’rmagan. Ammo sohibqiron o’z o’g’li Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug’bek Mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroymulkxonim tarbiyasiga topshirgan edi. Bundan shuni anglash mumkinki, Amir Temur Saroymulkxonimni juda hurmat qilgan va ardoqlagan.


 

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:40:23

  Gavharshodbegim

    Gavharshodbegim Amir Temurning to’rtinchi o’g’li Shohruh Mirzoning suyukli katta xotini edi. U chig’atoy zodagonlaridan G’iyosiddin Tarxonning qizi edi. Rivoyat qilishlaricha, G’iyosiddin Tarxonning bobakaloni _ Qushlik bir vaqtlar Chingizxon mulozimatida bo’lib, bir jang asnosida uni o’limdan saqlab qolgan ekan. Shundan buyon Chig’atoy ulusida bu avlod yuksak e’tibor va hurmatga sazovor bo’lgan.
    Gavharshodbegim 1379-yilda tug’ilib, 1393-yilda Shohruh Mirzo nikohiga kiradi. Undan uch o’g’ilu ikki qiz ko’rgan. To’ng’ich o’g’li — Ulug’bek Mirzo kuragon (Muhammad Tarag’ay, 1394-1449), o’rtancha o’g’il — Boysung’ur Mirzo (1397-1433) va kichik o’g’li — Muhammad Jo’ki Mirzo (1401-1445)lardir.
    Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Gavharshodbegim yuksak did-farosatli, oqila, tadbirkor, suxandon, bir so’zli-qat’iyatli, husn bobida ham benazir ayol bo’lgan. Tabiatan mutaasib dindor Shohruh Mirzo ko’p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflardi. Saltanat, devon ishlarini o’ktam va tadbirkor xotini Gavharshodbegim boshqarardi. Bu ziyrak ayol qaynotasi Amir Temur vafotidan so’ng sekin-asta saltanat ishlarini o’z qo’liga oldi. Zotan, Shohruh Mirzoning o’zi ham xotini Gavharshodbegimning donoligiga tan berar, saltanatni boshqarishda oqilona va tadbirli maslahatlariga ehtiyoj sezib turardi. Shu bois, saltanatga doir ko’pgina ishlar malikaning nazar-e’tiboriga havola qilingan. Viloyatlarga hokim tayinlash, qo’shinga sarkarda belgilash, hatto kimga qanday in’om va kimga qanday jazo berish masalalari ham malikaning inon-ixtiyorida edi. Masalan, 1440-yil 6 mayda mashhur Hirot tarixchisi (keyinchalik saroy tarixchisi) Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Muhammad Xavofiy (1375-1442) malika Gavharshodbegimning g’azabiga uchrab, ikki marotaba qisqa muddatli qamoqqa hukm qilinadi.
    Gavharshodbegim Shohruh Mirzoning harbiy yurishlarida ishtirok qilarkan, shahzodalarning fe’l-atvori va harbiy boshliqlarning hatti-harakatidan voqif bo’lib turardi. Taxtga valiahd tayinlash masalasida ham Gavharshodbegim o’z so’zini o’tkazishga urinadi. Chunonchi Shohruh Mirzo o’zining kenja o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoni valiahd etib tayinlashga harakat qiladi. Biroq, Shohruh Mirzoning bu rejasi malikaga yoqmaydi. Malika o’z o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoga nisbatan Aloud Davla Mirzo (1417-1461)ni valiahdlikka munosib deb bilardi. Ammo o’rtancha o’g’li marhum Boysung’ur Mirzoning o’g’li Aloud Davla Mirzoni oshkora valiahd etib tayinlashga to’ng’ich o’g’li Ulug’bek Mirzo kuragondan hayiqar, bu masalani Shohruh Mirzo qo’li bilan hal qilishga urinardi.
    1444-yilda Shohruh Mirzo og’ir xastalanib, o’lim to’shagida yotganida, arkoni davlat hukmdorning tez fursatda olamdan ko’z yumishiga ishonchlari komil bo’lgach, Balx viloyati hokimi bo’lib turgan Muhammad Jo’ki Mirzoga shoshilinch xabar yuboradilar. Shahzoda zudlik bilan Hirotga yetib keladi. Biroq shahzoda yetib kelguncha, onasi malika Gavharshodbegimning farmoniga muvofiq, harbiy qo’shinlar sardori Jaloliddin Feruzshohning valiahdlikka tayinlangan Aloud Davla Mirzoga bay’at (ishonch yorlig’i) berib, qasamyod qilganligi haqidagi xabarni eshitadi. Muhammad Jo’ki Mirzo onasi Gavharshod egimning bunday "œmarhamati"dan ranjiydi va otasini ziyorat qilgach, Balxga qaytib ketadi. Shu voqeadan so’ng tez kunda Shohruh Mirzo kasaldan forig’ bo’lib, o’rnidan turadi. Bo’lib o’tgan voqea uchun malika Gavharshodbegim emas, Jaloliddin Feruzshoh jazolanadi. Malikaning rejasi taqdir taqazosi bilan bir necha yilga orqaga suriladi. 1445-yilda shahzoda Muhammad Jo’ki Mirzo kasallanib vafot etadi. Shundan so’ng Shohruh Mirzo o’ziga valiahd tayinlash masalasida umrining oxirigacha bir qarorga kelolmaydi.
    Shohruh Mirzo davrida Xuroson siyosiy-ijtimoiy va madaniy jihatdan ancha gurkirab o’sdi. Mamlakat poytaxti Hirot iqtisodiy va madaniy yuksalishda Sharqning eng nufuzli shaharlaridan biriga aylandi. Tabiiyki, mamlakatning bunday yuksalishida "œamaliy hukmdor" Gavharshodbegimning hissasi beqiyos. Bu davrda Hirotda va mamlakatning boshqa viloyatlarida qurilish ishlari avj olgan edi. Masjid-madrasalar, xonaqoh, maqbara, dahma, musofirxona, shifoxona, ravot, ko’prik va sardobalar qurib bitkazildi.
    Shohruh Mirzoning Xurosonda hukmronlik qila boshlagan ilk yillaridayoq, u Hirot qal’asining janubiy tomonidan madrasa va xonaqoh (1410-1411) bino qildiradi. Ana shundan so’ng Shohruh Mirzo avlodiga mansiub shahzodalar va malikalar ham madrasa, masjid, xonaqoh, shifoxona va shunga o’xshash imoratlar bunyod etish bilan shahar obodonchiligiga o’z hissalarini qo’shadilar.
    Tabiatan vatanparvar, bilimdon va zukko Gavharshodbegim mamlakat ravnaqi yo’lida tinmay g’amxo’rlik qiladi. Uning dasturida madaniy va ma’rifiy hayot birinchi o’rinda bo’lgan. Shu boisdanmi, farzandlari hamda barcha nabiralari ilm-fan muxlislari bo’lib, hatto g’azal ham bitganlar.
    Gavharshodbegim Hirotdagi juda ko’p qurilish ishlariga rahnamolik qildi. Uning o’zi ham Hirotda ikkita madrasa qurdirgan. Gavhar Shod begimning kundoshi malika Milkat Og’o (bu malikaning asli nomi Mulk Og’o bo’lib, Amir Temurning ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzoning xotini edi. Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, qaynotasi Amir Temurning irodasiga bo’ysunib, Shohruh Mirzo nikohiga kirgan) Hirot shahrida bir madrasa, "œDorushshifo" nomli kasalxona, "œDorulhadis" nomli xonaqoh, ikkita hammom va shahardan sakkiz farsax (tosh) chetroqda bitta madrasa, kutubxona va maqbara, shahzoda Alod Davla Mirzo esa bitta kasalxona qurdirgan. Ayni vaqtda, xususiy mulkdor, davlatmand kishilarga xayriya tariqasida qurilishlar bunyod etishga ijozat berilgan va rag’batlantirilib turilgan.
    1446-yilda qarib qolgan Shohruh Mirzo o’z nabirasi - Qazvin, Ray va Qum viloyatlarining hukmdori Sulton Muhammad Mirzoga (Boysung’ur Mirzoning o’g’li) qarshi g’arbga yurish boshlaydi. Bu yurishdan maqsad o’zboshimcha yosh shahzodaning adabini berib qo’yish edi. O’z bobosiga qarshi bosh ko’targan shahzoda Hamadon bilan Isfaxonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Qo’shinda malika Gavharshodbegim va Abdul Latif Mirzo (Ulug’bek Mirzo kuragonning o’g’li) Shohruh mirzo bilan birga edilar. Shohruh Mirzo G’arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramadi. Chunki shahzoda Sulton Muhammad Mirzo bobosining kelayotganini eshitgach, Sherozni qamaldan bo’shatib, o’zi toqqa qochib ketgan edi. Shohruh Mirzo Sherozga kirgach, shahzodaning barcha yaqin kishilarini jazoga hukm qiladi. Gavharshodbegimning qat’iy talabi bilan bir necha sayyidlar ham qatl etiladilar. Ajablanarli joyi shundaki, o’ta taqvodor, xudojo’y saltanat sohibi Shohruh Mirzo ham xotini Gavharshodbegimning irodasiga bo’ysunib, sayyidlarni qatlga hukm qiladi. Sayyidlar ustidan bunday jazo hukmini chiqarishga na Amir Temur va na Ulug’bek Mirzo botina olmas edilar.
    Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, sayyidlar Shohruh Mirzodan "œadolat yuzasidan taftish o’tkazish"ni yolborib so’raydilar. Ammo Shohruh Mirzo malika Gavharshodbegimning xohishini qaytarolmaydi va hukm ijro etiladi. Nihoyat, sayyidlar dor ostida turib, Shohruh Mirzoni duoyibad qiladilar. Binobarin, ko’p o’tmay Shohruh Mirzo avlodi qirilib ketish sababini mazkur sayyidlar qarg’ishiga uchraganligining oqibatidir, deb yozadi Davlatshoh Samarqandiy.
    Shohruh Mirzo Sherozdan qaytayotganda yo’l asnosida betoblanib, 1447-yil 12-martda vafot etadi. Gavharshodbegim qo’shin qo’mondonligini Abdul Latif Mirzoga topshiradi. Ammo Hirotga — Aloud Davla Mirzoga "œpoytaxtni mustahkamlash" haqida maxfiy maktub yozib, uni maxsus chopar orqali jo’natadi. Bundan ogoh bo’lgan Abdul Latif Mirzo buvisi Gavharshodbegimni mahbuslikda saqlab, Amudaryo tomon yo’l oladi hamda bobosi Shohruh Mirzoning o’limi haqida o’z otasi Ulug’bek Mirzoga xabar yuboradi.
    Amakisi Ulug’bek Mirzodan hayiqqan Aloud Davla Mirzo o’zini podshoh deb e’lon qilishga botina olmaydi va avvalgidek juma kunlari masjidlarda bobosi Shohruh Mirzo nomini xutbaga qo’shib o’qitadi. Biroq, Abdul Latif Mirzoning kirdikorlari, ayniqsa buvisi Gavharshodbegimga nisbatan qo’llagan jazosini eshitgach, taxtni o’z tasarrufiga kiritadi va xazinadan qo’shinga, qo’shin boshliqlariga in’omlar ulashib, Abdul Latif Mirzoga qarshi qo’shin yo’llaydi. 1447-yil 29-aprel shanba kuni Abdul Latif Mirzo Nishopur yaqinida to’satdan Aloud Davla qo’shiniga duch kelib, mag’lubiyatga uchraydi va o’zi asir olinadi. Mahbuslikdan ozod qilingan Gavharshodbegim mahbus Abdul Latif Mirzoni o’zi bilan birga olib, Hirot tomon yo’lga tushadi. Malikani Jom shahrining yaqinidagi Sa’dobod mavzeyida Aloud Davla Mirzo kutib oladi. Abdul Latif Mirzoni Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo’yishadi. Shohruh Mirzoning jasadini esa Gavharshodbegim madrasasidagi Boysung’ur maqbarasiga dafn qiladilar. 1448-yilda Ulug’bek Mirzo Hirotni vaqtincha qo’lga kiritganda, otasining jasadini Samarqandga keltirib, Go’ri Amirga dafn ettiradi.
    Shohruh Mirzo vafotidan keyin taxt uchun boshlanib ketgan qonli mojarolar tepasida Gavharshodbegim turardi. U nevarasi Aloud Davla Mirzoni taxt sohibi qilish uchun makr-hiylalar ishlatsa-da, biroq o’z maqsadiga erisholmaydi, qaytanga aka-uka shahzodalar orasida qonli to’qnashuvlarni vujudga keltiradi. 1450-yilda esa taxtni Aloud Davlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo (1422-1457) qo’lga kiritadi.
    1457-yilda Abulqosim Mirzo Mashhadga keladi. Saroyda katta shohona ziyofat beriladi. Bazm asnosida sharob ichib o’tirgan hukmdorning ahvoli o’zgarib, behol yiqiladi. Tabiblar muolajasi foyda bermaydi va u 36 yoshida to’satdan vafot etadi. Shundan so’ng taxt uchun yana o’zaro kurash boshlanadi. Shazodalarning noittifoqligidan foydalangan Samarqand hukmdori Sulton Abu Sayyid Mirzo (1424-1469) Xurosonni bosib oladi. Sulton Abu Sayyid Mirzo Samarqand taxtini o’zining katta o’g’li Sulton Ahmad Mirzoga (1451-1493) berib, Hirotni o’zining poytaxti deb e’lon qiladi. Bu vaqtda malika Gavharshodbegim 80 yoshga yaqinlashib, ancha qarib qolgan edi. Biroq qarib qolgan malika Xuroson taxtidan hali ham voz kechmagan edi. Binobarin, chevarasi Sulton Ibrohim Mirzoni (1440-1460) hukmdor Sulton Abu Sayyid Mirzoga qarshi isyon ko’tarishga undaydi. Malikaning bu harakatidan xabar topgan Sulton Abu Sayyid Mirzo malikani chopib tashlashga farmon beradi. Farmonga muvofiq 1457-yilda Gavharshodbegim chopib o’ldiriladi va o’zi qurdirgan madrasa yonidagi Boysung’ur dahmasiga dafn etiladi.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:40:40

       Shodmulkbegim

Amir Temurning suyukli nabirasi Xalil Sulton Mirzo (Mironshoh Mirzoning o’g’li, (1366-1408) kunlardan bir kun shahar chetidagi bog’ ko’chadan otda ketayotib bir qizni ko’radi va shu lahzada uning qalbiga ishq otashi tushadi. O’sha vaqtda Xalil sulton Mirzo (1384-1411) uylangan, bir o’g’ilning otasi edi. Jasoratli, harbiy salohiyat va iste’dod egasi bo’lgan aslzoda sevgi dardiga chalinadi.
Samarqand shahrining quyi tabaqasiga mansub hunarmand oilasida dunyoga kelgan bu qiz shoh oilasiga munosib emasdi. Ammo shahzoda uni sevib qolgan, uning ishqida kuyib-yonib g’azallar bitardi. Xotini Gulshan ham e’tiborsiz qoldi. Qizning ismi Shodmulk ekanligini bilib olgan Xalil Sulton u bilan uchrashish istagini bildirib, Shodimulkka maktublar yoza boshladi. Nihoyat, yashirincha sovchi yuborib unga uylanib oladi. Tabiiyki, bunday "œtengsiz" nikohga Amir Temur boshliq butun avlod qarshi turishgan. Biroq Xalil Sulton Mirzoning qat’it qarori g’olib chiqadi.
Shahzoda ishq o’tida mast-alast, dunyo uning uchun yolg’iz Shodmulkdan iborat. Uning shoirona qalbi po’rtana kabi o’ynardi. O’z sevgilisiga atab g’azal bitgani-bitgan. Shodmulk ham bu kutilmagan baxtdan entikardi. Kim edi-yu, kim bo’ldi? Kechagi oddiy qiz, Amir Sayfiddinning kanizagi — bugun kimsan, ulug’ Sohibqironning suyukli nabirasi, shahzoda Xalil Sulton Mirzoning jufti haloli, "œShul baxtni ato etgan Xudoyimdan o’rgilay, buning uchun umrim boricha unga sajda qilgumdir", derdi u. ikki yosh bir-birlarining visollaridan bahramand bo’lib, taqdir nasib etgan baxtdan masrur yurgan kunlarning birida bobosidan barcha farzandlari va nabiralarini uning O’rdagohi — Oqsulotga chorlovchi farmoni oily keladi. Xalil sulton bu xabardan dovdirab, es-hushidan ayrilayozdi. Shodmulkni tashlab ketadimi? Yo’q, bu sira mumkin emas. O’ylay-o’ylay birinchi xotini Gulshanni yosh bolasi borligi uchun qoldirib, Shodmulkni olib jo’naydi. Amir Temurga Xalil Sulton Mirzo Shodmulk bilan birga kelayotganligi yetkaziladi. Xalil Sultonning bu o’zboshimchaligi Sohibqironni qattiq ranjitadi, nabirasini sevgi dardidan xalos etishning chora-tadbiri haqida o’yga toladi"¦ Keyinchalik Saroy Mulk xonim aralashuvi tufayli uning gunohini kechiradi. "œMayli, ko’ngli shuni istagan bo’lsa, qo’yib beraylik- deydi bobolarga xos tantilik bilan.- Nazarimda har to’g’rida farmon bermoq mumkin, illo ko’ngulga buyruq bermoq mushkulga o’xshaydur. Nabiramizning peshonasiga bitilg’oni shu bo’lsa, biz ne ham qilardik". Shunday qilib, har ikkala yosh baxtli hayot kechira boshlaydi.
Bunday baxtdan shod Shodmulk o’zicha rejalar tuzadi. Uni xon saroyidagilar go’yoki mensimayotgandek tuyulardi. Sekin-asta u davlat ishlariga aralashadigan, Xalil Sulton esa xotini mayliga qarab ish tutadigan bo’ldi.
Amir Temur vafotidan keyin, 1405-yilning mart oyida Xalil Sulton Mirzo Samarqand taxtiga o’tiradi. U saltanatni boshqarishda adolatni bosh mezon qilib, mamlakat ichki va tashqi ahvolini yaxshilash choralarini izlaydi. Lekin xotini Shodmulk begimning saltanat ishlariga faol aralashuvi arkoni davlat orasida ayrim noroziliklarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Shodmulkbegim Amir Temurning barcha beva xotinlari-yu xos kanizaklarini harbiy boshliq va amaldorlarga in’om qilish haqida xalil Sulton Mirzoga maslahat berib, uni ko’ndiradi. Jumladan, 1406-yili Sohibqironning beva xotini Tuman Og’o begimni amir Shayx Nuriddinga xotinlikka beradi. Ibn Arabshohning yozishicha, Saroymulkxonim bilan To’kalxonimlar malikaning maxfiy buyrug’iga binoan zaharlab o’ldiriladi. Temur davridagi bek va amaldorlarga yetarli iltifot ko’rsatilmaydi. O’zining istak va maslahatlari sevgilisi tomonidan so’zsiz bajarilayotganidan ruhlangan Shodmulk begim xazina va saltanat ishlarida faollikni yanada kuchaytiradi. Uning xohish irodasiga ko’ra quyi tabaqaga mansub kishilar yuqori lavozimlarga ko’tariladi. Amir Temur safdoshlariga qarama-qarshi o’laroq, qandaydir Bobo Turmush degan kimsa vazirlik mansabini egallaydi. Ilgari amaldorlardan Ollohdod va Arg’unshohlarga hech qanday amal tegmaydi.
Mamlakat markazida vujudga kelgan bunday nobakorlik saltanat poydevoriga putur yetkaza boshlaydi. Zotan, ana shunday vaziyat Shohruh Mirzo uchun asqotdi. 1409-yil bahorida Shohruh Mirzo qo’shini Bodxez mavzeyiga kelib to’xtaydi. Xalil Sulton Mirzoning lashkari Shahrisabzda jangga tayyor holda turardi. Shimoldan esa amir Xudoydod boshchiligida qo’zg’alon ko’tarilgani haqida xabar keladi. Xalil Sulton Mirzo asosiy qo’shini Shahrisabzda qoldirilib, to’rt ming askar bilan amir Xudoydodga qarshi borishga majbur bo’ladi. 1409-yil, 30 — mart kuni Xalil Sulton Mirzo amir Xudoydod tomonidan asir olinib, Samarqandga keltiriladi va keyinchalik Farg’onaga olib ketiladi. Uning xotini Shodmulk begimni esa Shohruh Mirzoga topshiradilar. Shohruh Mirzo o’z navbatida Shodmulk begimni tahqirlab ko’p azob-uqubatlarga duchor qiladi. Arqon bilan bog’langan, ustidan qora to’r parda yopilgan Shodmulkbegimni shahar bozorlariga olib chiqib sazoyi qiladilar. Bu kabi tushida ham ko’rmagan haqorat va tahqirlashlarga Shodmulk chidadi, chunki unda bir ilinj bor edi, u shu ilinjdan kuch-quvvat oldi. Bu ilinj Xalil Sulton edi. U hayot ekan, mahbubasi sha’nini pastga urganlardan o’ch oladi, deb o’ylardi. Shodmulk uning visoli uchun, Sultonini yana bir bor ko’rish umidi yo’lida har qanday uqubatlarga, xo’rlashlarga ham dosh berdi. U shu tuyg’u bilan yashadi, umidsizlanmadi, g’am-anduh uni bukib tashlay olmadi. Mahbubi undan uzoqda, tutqunlikda bo’lsa-da, unga ketma-ket maktub yo’llashni kanda qilmadi. Bular oddiy xatlar emas, g’azal yoki qasida usulidagi bitiklar bo’lib, boshdan oyoq otashnoma edi. Sultoni Shodmulkka bo’lgan muhabbatini kuylardi, uni dunyo g’alvalari, saltanat tashvishlari qiziqtirmasdi. Uning uchun dunyo — bu Shodimulk. Shu bois u barchasiga chidadi.
Xalil Sulton boylikdan ham, saltanatdan ham voz kechdi, iltijosi — Shodmulkni qaytarib bersalar bo’ldi"¦
Nihoyat, Xalil Sulton Mirzo Farg’onadan O’trorga keltirilib, amir Shayx Nuriddin vositachiligida Shohruh Mirzo bilan bitim tuzadi. Bitimga muvofiq, Xalil Sulton Mirzo Movarounnahr hukmronligidan voz kechadi. Buning evaziga ray viloyatining hokimi etib tayinlanadi. Xotini Shodmulkbegim qaytarib beriladi. Ikki oshiq diydor ko’rishganlariga shukronalar aytishdi. Tortgan uqubatlardan o’zlarini forig’ bo’lganday sezishdi. Lekin ko’p o’tmay, 1411-yilning 4-noyabrida Xalil Sulton Mirzo Ray shahrida betob bo’lib, vafot etadi. Shundan 1411-yilning oxirida eridan keyin yashashni istamagan Shodmulkbegim o’ziga xanjar uradi. Ayrim manbalarda qaraganda, Xalil Sulton Mirzo zaharlanib o’ladi, dunyo ko’ziga qorong’u ko’ringan Shodmulk begim ham zahar ichib olamdan o’tadi. Umr bo’yi bir-biriga talpinib yashagan Xalil Sulton Mirzo va Shodmulkbegimni yonma-yon dafn qildilar. O’shanda Xalil Sulton Mirzo bor-yo’g’i 27 yoshda, Shodmulkbegim esa undan uch yosh kichik edi.
 

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:41:01

 Xadichabegim

    Xadichabegim Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning suyukli xotini edi.
    Xadichabegim 1451-yilda Hirotda tug’ilib, 1457-yilda Sulton Abu Sayyid Mirzo Hirotni olgach, unga hadya etilgan xos kanizaklardan biri edi. Sulton Abu Sayyid Mirzo Xadicha begimni 1465-yilda o’z nikohiga kiritadi. Sulton Abu Sayyid Mirzodan Oqbegim ismli bir qizi ham bo’lgan. 1469-yilda Sulton Abu Sayyid Mirzo Iroqda halokatga uchragach, Hirot taxtiga o’tirgan Sulton Husayn Boyqaro marhum Sulton Abu Sayyid Mirzo haramida Xadichabegimni ko’rib, uni sevib qoladi va shar’iy iddasi (uch oy) tugagach, o’z nikohiga kiritadi.
    Xadichabegim yosh, go’zal, dimog’dor, yengil tabiat ayol bo’lib, ayni vaqtda tabiatan ichi qoralik va makr- hiylaga moyil edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo (1483-1530) Xadichabegim haqida: "œO’zini oqila tutar edi, vale beaql va purgo’y (ko’p gapiruvchi, ezma) xotun edi, rofiziya (shialik mazhabining bir oqimi) ham ekandur",- deb yozadi. Darhaqiqat, Xadicha begim tez fursatda o’zining jozibali husn-latofati-yu makkorona iltifotlari bilan Sulton Husayn Boyqaroni o’ziga rom qilib, haramda ulug’ bekalik o’rnini egallaydi.
    Sulton Husayn Boyqaroning xotinlari va xos kanizaklaridan 14 o’g’il va 11 qizi bor edi. Shohg’arib Mirzo (1471- 1489), Muzaffar Husayn Mirzolar (1473-1509) Xadichabegimdan tug’ilgan edilar. Xadichabegim o’z farzandi — tantiq, shuhratparast Muzaffar Husayn Mirzoni Sultonning barcha o’g’illaridan ustun qo’yishga jon-jahdi ila harakat qilardi. Binobarin, turli makr-hiylalar ishlatib, ota bilan o’g’illar o’rtasida nizo chiqarishga muvaffaq bo’ladi. Bu nizolar ko’pincha qonli jangu jadallar bilan tugardi. Sulton Husayn Boyqaro tobora Xadichabegimning makriga uchib, Muzaffar Husayn Mirzodan bo’lak o’g’illariga unchalik iltifot ko’rsatmas va xavf-xatarda yurardi.
    Xadichabegim o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni ota taxtiga valiahd qilib tayinlatish masalasida xufiyona harakatni boshlab yuboradi. Ammo valiahdlik haqi taomiliga ko’ra, Sultonning katta o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoniki(1458-1511) edi. Garchi Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni unchalik suymasa-da, har holda uni rozi qilishi lozim edi. Ayni vaqtda, alisher navoiy boshliq saroy ahlining ko’pchiligi valiahdlikka Badiuz-Zamon Mirzoning 11 yashar o’g’li — Mo’min Mirzoni (1486-1497) munosib hisoblar va bu haqda mulohazalarini Sultonga ochiq bildirgan edilar. Tabiiyki, arkoni davlat orasida bo’layotgan bunday mulohazalar Xadichabegimning hasad olovini alangalatmasdan qo’ymasdi.
    1497-yil bahorida Sulton Hisorga qarshi yurish boshlaydi. Sultonning farmoniga ko’ra, astrabodda hukmron bo’lib turgan Badiuz-Zamon Mirzo o’z o’rniga o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoni qo’yib, o’zi otasining qo’shiniga kelib qo’shiladi. Jang tugagach, Sulton Husayn Boyqaro o’g’li Badiuz-zamon Mirzoni Balx viloyatiga, suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni esa Astrabodga hokim etib tayinlaydi. Sultonning bu farmoni Badiuz-zamon Mirzoning hamiyatiga tegadi. Chunki Astrabodni o’g’li Mo’min Mirzoga in’om qilish taraddudida edi. Binobarin, Badiuz-zamon Mirzo o’z o’g’liga Astrabodni qo’ldan boy bermaslik haqida farmon yuboradi. Bu mojaro Sulton bilan Badiuz-zamon Mirzo orasida qonli to’qnashuvga sabab bo’ladi. 1497-yil 2-mayda Badiuz-zamon qo’shini tor-mor keltiriladi. Ayni vaqtda Muzaffar Husayn Mirzoning qo’shini Astrabodni zabt etib, Muhammad Mo’min Mirzoni asirga oladi va Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Ko’pdan beri qulay vaziyatni kutib yotgan Xadichabegim Murg’ob harbiy o’rdagohida vazir Mizom ul-Mulk ishtirokida Sultonning mastligidan foydalanib, Muhammad Mo’min Mirzoni zudlik bilan qatl etish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi va o’sha kechasiyoq hukm ijro etiladi.
    1506-yil aprelda Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Xadicha begimning kaltabinlik ila saltanat ishlariga aralashuvi natijasi o’laroq, taxtga ikki shahzoda- Badiuz-zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo o’tiradilar. Shayboniyxon Xurosonga hujum boshlaganda, ikki shahzoda ikki mavzeda- Badiuz-zamon Qorarabotda, Muzaffar Husayn Mirzo Tarnobda turardilar. Birinchi zarbadayoq ikki shahzoda ikki tarafga- Badiuz-zamon Qandahor orqali Turkiyaga, Muzaffar Husayn Mirzo Astrabodga qochadilar. Hirot mudofaasi esa Xadicha begim boshliq uch-to’rtta iste’dodsiz a’yonlaru xotin-qizlarga qolgan edi. Shayboniyxon Hirotni osongina qo’lga kiritadi. Xadichabegim Hirotdan tashqariga chiqmay, uy mahbusligida yashaydi. 1509-yili o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoning Astrabodda ekanligini eshitgach, Shayboniyxon tarafidan Hirot dorug’asi (hokimi) qilib tayinlangan Jon Vafo Mirzodan ruxsat olib, o’g’lini ko’rgani Astrabodga boradi. Xadicha begim Astrabodga yetib borganda, o’g’li Muzaffar Husayn Mirzo tuzalmaydigan kasalga mubtalo bo’lib, o’lim to’shagida yotardi. Ko’p o’tmay-vafot etadi. Xadichabegim o’g’lining ta’ziyasini o’tkazgach, yana Hirotga qaytib keladi"¦
    Yozuvchi Pirimqul Qodirovning "œYulduzli tunlar" asarida yozilishicha Shayboniyxon Xadichabegimni o’zining Mansur baxshi degan begiga in’om etib yuboradi va Mansur baxshi Xadicha begimni qiynab o’ldiradi.
     

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:41:19

 Xonzodabegim

    Xonzodabegim Umar Shayx Mirzoning (1456-1494) qizi, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning opasi. U 1478-yilda Andijonda tug’ilgan. Uning onasi — Qutlug’ Nigorxonim Toshkent xoni Yunusxonning qizi edi.
    Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, Xonzodabegim did-farosatli, o’tkir zehnli va aql-zakovat sohibasi bo’lgan. Xonzodabegim ayni balog’at yoshiga yetganda otasi Umar Shayx Mirzo tasodifan jardan yiqilib, olamdan o’tadi. Ota taxtiga o’tirgan 12 yoshli Zahriddin Muhammad Bobur Mirzoning qismatida darbadarlik davri boshlanadi. Yosh Bobur Mirzoda bobokaloni Amir Temur taxtini egallash havasi uyg’onib, samarqandga bir necha harbiy yurishlar qiladi. Nihoyat, 1501-yili Samarqandni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi. Ammo ko’p o’tmay Shayboniyxon qo’shin tortib kelib, samarqandni qamal qiladi. Qamal ko’pga cho’zilib, shaharda dahshatli ocharchilik va o’lim avjiga chiqadi. Bobur Mirzoning ko’pchilik odamlari shaharni tashlab qochadilar. Bobur Mirzo nihoyat darajada kuchsizlanib, hatto qamalni yorib chiqib ketish imkoniyatiga qodir bo’lmay qoladi. Ana shunday og’ir vaziyatda Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qiladi. Keyinchalik ana shu voqeani Bobur Mirzo o’zining mashhur "œVaqo’e" ("œBoburnoma") asarida quyidagicha tasvirlaydi: "œBu mahalda Shayboniyxon sulh so’zini aroga soldi. Agar bir tarafdan umidvorlik bo’lsa edi, yo zahira bo’lsa, sulh so’ziga kim quloq solar edi. Zarurat bo’ldi, sulhgina qilib, kechadin ikki nahr bo’la yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidin chiqildi. Volidam xonimni olib chiqdim. Yana ikki xotim kishi chiqdi: bir Bichka xalfa edi, biri Minglik ko’kaltosh edi. Mening egachim Xonzodabegim ushbu chiqqanda Shayboniyxonning ilkiga tushdi".
    Ammo bu voqea aslida boshqacharoq bo’lgan. Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qilishi bilan birga, Xonzodabegimni o’ziga xotinlikka so’ragan. Agar Bobur Mirzo shunga rozilik bersa, u holda o’z haramini samarqanddan salomat olib chiqib ketishiga imkoniyat yaratib berajagini aytgan.
    Bu voqeani Bobur Mirzoning qizi — Gulbadanbegim o’zining "œHumoyunnoma" asarida quyidagicha tasvirlaydi: "œAna shunday vaqtda Shohibek (Shayboniyxon)xon "œagar o’z egachingiz Xonzodabegimni menga xotinlikka bersangiz, oramizda sulh tuziladi va hamjihatlik aloqalari o’rnatiladi",-deb aytgizib yubordi. Oxir Xonzoda begimni o’sha xonga berib, o’zlarining qaytishlari zarur bo’ldi". Gulbadanbegimning bu fikrini "œTarixi Rashidiy" asarining muallifi Haydar Mirzo ham tasdiqlab, "œuning qarshilik ko’rsatishga hech chorasi qolmay, shayboniyxon bilan sulh tuzib, o’z egachisi Xonzodabegimni unga xotinlikka berdi",-deb yozadi.
    Shunday qilib Xonzodabegim Shayboniyxon nikohiga kiradi va undan bir o’g’il ko’radi. Ismini Xurrambek deb ataydilar.
    Shayboniyxon qatlidan so’ng Xonzodabegim ukasi Zahiriddin Muhammad Boburshohning saroyi — Qobulga qaytib keladi. Ko’p o’tmay o’g’li Xurrambek ham vafot etadi. Xonzodabegim o’zining aql-idrokliligi va tadbirkorligi natijasi o’laroq, saroy malikalari orasida yuksak e’tiborga ega bo’ladi. Xonzodabegim Boburshoh va uning taxt vorisi Humoyun shoh saroyida maslahatchi vazifasini bajargan.
    1544-yili Xonzodabegim Qobulhaq degan joyda olamdan o’tadi. Oradan uch oy o’tgach, uning hokini Kobulga keltirib, Boburshoh maqbarasiga dafn etadilar.
     

     

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:41:48

 Gulbadanbegim

       Gulbadanbegim ilm cho‘qqilarini egallagan, savodi mukammal, yuksak madaniyat sohibasi edi. Uning nozik didi, sinchkovligi, oila a’zolariga o‘ta mehribon va mushfiqligi kishi diqqatini tortadi. U o‘z davrida moziyning haqiqiy bilimdoni, zukko tarixnavis sifatida keng shuhrat qozondi.
Uning qalamiga mansub «Humoyunnoma» asari XVI asrda Hindistonda Boburning nabirasi Akbarshohning topshirig‘i bilan yaratilgan. Ushbu kitobni forschadan o‘zbek tiliga o‘girgan akademik Sabohat Azimjonovaning yozishicha, «Akbarshoh o‘z davri tarixini abadiylashtirish maqsadida zamonasining barcha olimlariga, qarindosh-urug‘lari va amirlarga murojaat qilib, «Bobur podshoh va Humoyun podshoh davri haqida «nimaiki bilsangiz yozingiz», deb buyurgan... Dastlab Gulbadanbegim o‘z asarini «Ahvoli Humoyun podshoh» deb atagan, lekin keyinchalik u «Humoyunnoma» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
«Humoyunnoma»ni mutolaa qilar ekanmiz, o‘sha davrning tahlikali, suronli toj-taxt talashuvlari, Amir Temur saltanatiga ko‘z tikkan hukmdorlar, Shayboniyxon, Ubaydulloxon... Shoh Ismoillarning betinim urush olib borishlari keyingi avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro ichki nizolar Gulbadanbegimga mazkur asarni mufassalroq yozish imkonini bermaganligiga achinib ketasan kishi. Uning hozircha yagona nusxasi mavjud bo‘lib, Angliyaning Britaniya muzeyi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
— Gulbadanbegim o‘z izlanishlarida «Boburnoma»da tasvirlangan voqea-hodisalarga yana qaytib, ularning ko‘pchiligini manbalarga tayangan holda to‘ldirgan, aniqlik kiritgan. Bizga ma’lumki, Bobur qalbida bir umr armon bo‘lib qolgan Xonzodabegim taqdiri bilan bog‘liq voqealarga Gulbadanbegim boshqacha yondashadi: «Bobom hazratlari o‘n ikki yoshda, ikkinchi marta o‘n to‘qqiz yoshda va uchinchi marta esa yigirma yoshda edilar. Olti oy davomida Samarqandni olmoqqa urindilar, lekin maqsadlariga yeta olmadilar. (Chunki) Xurosondagi amakilari Sulton Husayn Mirzo Boyqaro kabi Qoshg‘arda bo‘lgan tog‘alari Sulton Mahmudxon ham yordam yubormadilar. Hech joydan madad va yordam kelmagach, ma’yus bo‘ldilar. Ana shunday vaqtda Shohbekxon (Shayboniyxon) «agar o‘z singlingiz Xonzodabegimni menga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va ittifoqchilik aloqalari o‘rnatiladi, deb ayttirib yuboradi. Oxir Xonzodabegimni o‘sha xonga berib, o‘zlarining qaytishlari zarur bo‘ldi».
Gulbadanbegim «Humoyunnoma» asarida «Boburnoma»ning uslubi, bayon tarzi va tarixiy voqea-hodisalarga Bobur andozasi bilan yondashishga harakat qilgan, dedik. Albatta, unga otasi Boburdek jangu jadallarda bevosita ishtirok etish, turli yuqori davralardagi siyosiy muzokaralarga qatnashish va keng qamrovli ma’lumot oluvchi muhitda bo‘lish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun u o‘z asarida «Boburnoma»da keltirilgan ma’lumotlarga suyanadi, uning mazmunini yuqorida ko‘rganimizdek o‘z tasavvuri doirasida to‘ldiradi, shaxsiy mulohazalarini bildiradi.
«Boburnoma»da biz uning muallifi xotin-qizlarga yuksak munosabatda bo‘lganligiga duch kelamiz. Temuriy shahzodalar ichida Boburchalik ayollarga hurmatda bo‘lgan, ularning fikr-mulohazasi bilan imkon qadar hisoblashgan, jabrdiydalarni o‘z panohiga olgan va ehtirom etgan shaxs bo‘lmasa kerak. Bu borada Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»sida keltirilgan misol qalbimizni larzaga soladi. O‘z jufti haloliga yuksak sadoqat bilan muomalada bo‘lgan shoh Boburning qalb go‘zalligi, uning jangu jadallardan toliqqan vujudining o‘z yoriga intiqligi va sof insoniy munosabati o‘z aksini topgan. Boshqa tomondan, bu tasvirda Gulbadanbegimning o‘z otasiga bo‘lgan farzandlik mehri ham mahorat bilan berilganki, kishi diqqatini tortadi: «Biz ko‘ldan Agra tomonga tez yo‘l oldik, podshoh hazratlari bizni Jaloliy ko‘lida uchratishni mo‘ljallagan edilar. Namozshom paytida bir kishi kelib, «hazratni ikki kurva narida qoldirib keldim», dedi. Podshoh bobom hazratlari to ot keltirgunlarigacha toqat qilmay, piyoda yo‘lga tushib, Nincha Mohim uylari oldida biz bilan uchrashdilar. Onam otdan tushmoqchi bo‘ldilar, lekin podshoh Bobom qo‘ymasdan, o‘zlari onamning otlarining jilovlaridan ushlab, o‘z uylariga yetkuncha piyoda keldilar...»
Shu o‘rinda «Humoyunnoma»da bir imorat — qasrga oid keltirilgan tasvirni ko‘raylik. Agar Bobur o‘z asarida bog‘ning arxitekturasi, bezalishiga ko‘proq e’tibor bergan bo‘lsa, Gulbadanbegim diqqatini undagi uy bezaklari ko‘proq o‘ziga tortgan: «Tilsim (to‘yxona vazifasida qurilgan imorat) uchun solingan qasrning joylanishi bunday edi: sakkiz burchakli eng katta uy bo‘lib, bu xonada to‘y beriladi. Boshqa kichik xona ham xuddi shunga o‘xshash sakkiz (burchakli) bo‘lib, har ikkala sakkiz (burchak) turli bezaklar bilan bezatilgan edi. Katta uy to‘yxona bo‘lib, unga oltindan taxt qo‘yilgan edi. Bu taxtning usti va tagiga zar tikilgan zardevorlar tashlangan... Taxtining bag‘riga osilgan zardevorning uzunligi o‘ttiz-qirq gazga yaqin bo‘lib, unga ham marvarid shodalari osilgan»...
«Humoyunnoma»ning yana bir qimmatli tomoni shundaki, asarda o‘sha davr ayollarining qismati, ularning turmush tarzi, Hindistonda yashagan temuriy malikalarning biz bilgan va bilmagan kechmishlari barcha nozikliklari bilan aks ettirilgan. Kitobxon bu asardan Sharq etnografiyasi, urf-odati, ayollar kiyimlari, ularning sifati va andozasi, saroydagi to‘y-tamoshalarning ikir-chikirigacha ma’lumot oladi. Fikrimiz tasdig‘i uchun Mirzo Hindol to‘yi tasvirini ko‘raylik. «To‘yni nihoyat to‘kis va yaxshi o‘tkazdilar. Palos va to‘shak, beshta ko‘rpa, yostiq, bitta katta suyanchiq yostiq, ikkita kichik lo‘la-bolish-yostiq, yana yuz parda go‘shangisi bilan, hammasi zar bilan tikilgan uchta to‘shak. Mirzoning sarpolari esa, oltin iplar bilan tikilgan toj va charqob po‘ta, sochiq va oltin iplar bilan tikilgan ro‘mol va qurpo‘sh kabi sarpolar berilgan. Sulton begimga to‘qqizta tugmasi har xil qimmatbaho toshlardan bo‘lgan nimcha berdilar. Ularning birining tugmasi yoqut, brilliantdan, biri zumraddan, biri feruzdan, biri aynul xirradan bo‘lib, boshqalari har xil javohirlardan edi. Yana tugmali va charqub charqitichi, bir juft la’l ko‘zli halqa, uchta panda, yana ikki arqoq, bir urushli shoyi chodir, boshqa asbob va uskunalar va Xonzodabegim yig‘ib qo‘ygan kerakli ro‘zg‘or asboblarining hammasini berdilar...»
Bobur farzandlarining taqdiri va ularning muhorabalari haqida o‘sha davr va keyingi tarixchilar tomonidan anchagina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Biroq ular orasida Gulbadanbegim qoldirgan manba eng asl va mo‘’tabar ganjinalar qatoriga kiradi. Chunki, u bu xonadonning bevosita a’zosigina emas, balki shu voqealarning ishtirokchisi, shohid kuzatuvchisi sifatida «Humoyunnoma»da so‘z yuritadi. Mana bu satrlarga e’tibor bering. Unda Gulbadanbegim sanab o‘tgan shaxslarning kim kim bilan qaysi manzilga borgani, qaysi tomonga yo‘l olganligi, Mirzo Komronning mag‘lublik kayfiyati va boshqa ma’lumotlarni aniq-tayin keltiradiki, uni biron-bir tarixiy asarda uchratmaymiz. Bu manbalar temuriylar xonadonining mungli lahzasi, yuz bergan murosasizliklarining qora ko‘lankasi: «...Qorong‘u tushgan edi. O‘sha Bobo dashti yo‘li bilan kelib, bir ko‘lning oldida to‘xtadi va Do‘st ko‘ka va Jo‘kixonni, Mirzoning katta qizi — Habibabegimni, Mirzo Komronning o‘g‘li — Ibrohim Sultonni, Xizirxonning jiyani — Xazorabegimni, Xurrambekning singlisi — Mohibegimni, Xo‘ja begim onasi — Mehr Afro‘zbekni va Bog‘i ko‘kalarni olib kelish uchun yubordi. Ular kelib Mirzoga qo‘shilgach, Mirzo Taxtap va Bakhar tomonga qarab ketdi...»
«Humoyunnoma» va uning muallifi — betakror Gulbadanbegim taqdiri hali to‘laligicha o‘rganilgan emas. Bu kitob temuriylar xonadoniga mansub tarixchi ayol asari bo‘lganligi uchun emas, balki XVI asr tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, etnografiya va adabiyoti, turli xalqlar urf-odati haqida o‘ta qimmatli ma’lumot beruvchi nodir noma sifatida ham qadrli.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Mart 2008, 18:42:07

     Nurjahonbegim

       Nurjahonbegim Hindistonda hukmronlik qilgan boburiy shahzodalardan uchinchisi — Jahongirshoh (Salim, 1569-1627)ning ikkinchi xotinidir.
Tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga ko’ra, Nurjahonbegimning haqiqiy ismi Mehriniso bo’lib, asli kelib chiqishi Erondan edi. Uning ota-onasi yo’qchilik o’qibatida o’z vatanidan Hindistonga ko’chib kelib, akbar podshoh saroyida xizmatga yollanadi.
Kunlardan bir kun shahzoda Salim (keyinchalik Jahongir podshoh) Mehrinisoni bozorda ko’rib qoladi va unga oshufta bo’lib, firoqida o’rtanadi. Bu davrda Mehriniso balog’at yoshiga yetgan, sarvqomat, o’n to’rt kunlik oydek qiz edi. Shahzoda Salim Mehriniso ishqida kuyib, halovatini yo’qotadi. Nihoyat, unga uylanishga qaror qiladi. U o’z qarorini otasi Akbarshohga (1542-1605) aytib, undan ijozat so’raydi. Akbarshoh esa o’z o’g’lining bu qizga uylanishiga qat’iyanqarshilik ko’rsatadi. Akbarshoh o’g’lining ko’nglini sovutmoq uchun Mehrinisoni saroy a’yonlaridan biri- Ali Quli Istajliy (Sherafkan)ga turmushga chiqishga majbur qiladi. Sherafkan Mehrinisoga uylangach, uni qo’shinlarga sardor etib Bengaliyaga ko’chirib yuboradi.
1605-yilda Akbarshoh vafot etadi. Taxtga uning valiahd o’gli Salim o’tiradi va o’zini Jahongirshoh deb ataydi. Taqdir taqazosini qarangki, 1611-yilda Sherafkanxon Bengaliya hokimi Qutbiddinning qabuliga kirganida muhim masala ustida hokim bilan janjallashib qoladi va uni pichoqlab o’ldiradi. Fojia ustiga yetib kelgan soqchilar Sherafkonni ham o’ldiradilar. Shundan so’ng beva qolgan Mehrinisoni Agraga- Jahongirshoh saroyiga jo’natadilar. Shu voqeadan bir necha muddat o’tgach, Jahongirshoh Mehrinisoni o’z nikohiga oladi.
"œMuntaxab ut-tavorix" asarining muallifi Hakimxon to’ra Mehrinisoning Jahongirshoh nikohiga kirishi haqida oldindan bashorat qilingan bir qiziq tush tafsilotini keltiradi. Go’yo Mehriniso tunlarning birida tush ko’radi. Tushida osmondan quyosh tushib kelib, ko’rpasi ichiga kiradi. Shunda uyg’onib ketadi va ko’rgan tushini eri Sherafkanxonga so’zlab, undan ta’birini so’raydi. Sherafkanxon tush ta’biri bo’yicha bilimdon bo’lgani tufayli, darhol xotinining tushiga quyidagicha ta’bir etadi: "œSening to’shagingga podshoh kirar ekan".
Mehriniso o’z go’zalligi, ziyrakligi, farosatli va tadbirkorligi tufayli faqat jahongirshohnigina emas, balki saroy ahlini ham o’ziga rom qiladi. Endilikda uni Mehriniso emas, Nurmahal (saroyning nuri) deb ataydilar. Nurjahon begim nozik ta’b shoira ham edi. U maxfiy taxallusi bilan g’azallar bitgan. Jahongirshoh saltanatida Nurjahonning otasi E’timod-ud Davla nomi bilan bosh vazirlik lavozimigacha ko’tarilgan. Uning o’g’li, ya’ni Nurjahon begimning akasi Osafxon esa saroy boshqaruvchisi mansabida qoyim bo’lgan.
Nurjahon begim Jahongirshoh saltanatida dono maslahatchi edi. Nurjahon begim mamlakatning ijtimoiy, madaniy hayotiga doir ko’pgina ezgu tadbirlarni bajargan. U ixtirochi ham edi, chunonchi, gulob va "œatri Jahongiriy"ni kashf etgan. Shu bilan birga, bir necha xil xush ta’m, laziz taomlaru xona bezaklarini yaratdi. Saroy a’yonlari orasida uning hurmat-e’tibori kun sayin oshib borardi. Tarixiy manbalarning bergan xabarlariga ko’ra, Jahongirshoh suyukli xotini Nurjahon begim sharafiga "œNuri Jahoniy" deb atalgan 12 grammli oltin tanga zarb ettirgan.
"œMuntaxab ut-tavorix" muallifi Nurjahonbegimning shoh bilan qilgan mushoiralaridan (Jahongirshoh ham g’azallar bitgan) bir nechtasini ko’rsatib o’tgan. Bu she’rlarni o’qigan kishi Nurjahon begim zamonasining iste’dodli shoirasi bo’lganligiga shubha qilmaydi. G’azallardan biri quyidagichadir:


Hadisi holi tu dar noma sabt mekardam,
Sikandvord nuqat bar sari suxan meso’xt.
Shahidi ishqi turo shab ba xob medidam,
Ki hamchu shu’layi fonus dar kafan meso’xt.
Zi so’zi sinayi Maxfiy shud on qadar ma’lum,
Ki hamchu xas, mijaash dar giriston meso’xt.


Mazmuni: Sening nomayi a’molingni yozarkanman, so’z ustidagi nuqtalar isiriq donalaridek yonardi. Ishqingda shahid bo’lganlarni kechalari tushimda ko’rardim. Ular xuddi fonus shu’lasidek, o’z kafanlari ichida yonardilar. Maxfiy qalbining yonishi shu qadar ediki, yig’laganda kipriklari xuddi xasdek yonardi.
So’nggi vaqtlarda Jahongirshoh bot-bot kasal bo’lib, davlat ishlariga qaramay qo’yadi. Ana shunday paytlarda Nurjahonbegim saltanat ishlarini boshqarib turadi. Nurjahonbegimning saltanat ishlaridagi faoliyati va uning tutgan mavqei jahongirshohning o’g’illariga, ayniqsa Xurram (Shahobiddin Shoh Jahon)ga yoqmasdi.
Jahongirshoh salomatligi yomonlasha boshlagach, 1616-yilda shahzoda Parvez (Jahongirshohning ikkinchi o’g’li)ni taxtga valiahd etib tanlaydi. Jahongirshohning to’rtinchi o’gli shazoda Shahriyor irodasiz va qat’iyatsiz kishi edi. Nurjahon begim qo’g’irchoq sifat shahzoda Shahriyorni taxtga valiahd etish maqsadida o’zining avvalgi eri Sherafkandan bo’lgan qizi — Lodila begimni shahzoda Shahriyorga nikohlab beradi. Jahongirshohning uchinchi o’g’li shahzoda Xurram ( Shoh Jahon) 1612-yilda 21 yoshida Nurjahonbegimning akasi Osafxonning 19 yoshli qizi Arjumand bonuga uylangan edi. Binobarin, Osafxonning maqsadi, o’z kuyovi shahzoda Xurramni valiahdlikka tayinlatish edi.
Shahzoda Xurram o’z otasi Jahongirshohdan ham, valiahd akasi shahzoda Parvezdan ham, ukasi shahzoda Shahriyor va uning homiysi malika Nurjahon begimdan ham xafa edi. Otasidan so’ng taxtga o’tirishga harakat qilarkan, bu yo’lda asosiy g’ov deb Nurjahon begimni bilardi. 1622-yilda Nurjahonbegimning otasi vazir E’timod-ud Davlat vafot etgach, Nurjahonbegim bilan shahzoda Xurram orasida ayovsiz ziddiyat kuchaydi. Bu davrda kasalmand Jahongirshoh saltanat ishlariga qaramay qo’ygan, binobarin, davlatni boshqarish asosan Nurjahonbegim qo’lida qolgan edi.
Shahzoda Xurram o’z kelajagi haqida taraddudlanib, 1622-yilda otasi Jahongirshoh tomonidan o’z qaramog’iga topshirilgan nogiron (ko’r qilingan) akasi — shahzoda Xusravni pinhona bo’g’ib o’ldirtiradi, otasi jahongirshohga esa "œsanchiq azobidan vafot etdi", deb xabar yuboradi. Shu zaylda saroy ichida guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatdan putur keta boshlaydi. Ana shunday qulay vaziyatni ko’pdan beri kutib turgan Eron hukmdori Shoh Abbos to’satdan Qandahorni qamal qiladi va qirq kunlik qamaldan so’ng shaharni qaytarib olish maqsadida shahzoda Xurram boshchiligida katta qo’shin to’plab, Qandahorga yubormoqchi bo’ladi. Lekin shahzoda Xurram saroydagi notinch vaziyatda taxtdan uzoqlashishni istamay, Qandahorga borishdan voz kechadi va tez kunda otasi Jahongirshohga qarshi qo’zg’alon ko’taradi. Qo’zg’alon bostiriladi. Ammo saroydagi guruhbozlik, maxfiy fitnalar mamlakatning ichki va tashqi mavqeiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Saltanatni vaqtincha Nurjahonbegim boshqarardi. U o’z niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirshohga sodiq lashkarboshi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga jo’natadi va mol-mulkini ro’yxatga oldiradi. Bundan norozi bo’lgan Mahobatxon saltanatga qarshi bosh ko’taradi. Shu voqeadan sal vaqt o’tgach, Jahongirshoh Nurjahonbegim bilan birga poytaxtdan Kobulga qarab safarga chiqadi. Mahobatxon rajputli qo’shini bilan yo’lga chiqib, Shoh qofilasini (karvon) o’rab oladi. Mahobatxonning barcha shartlari Jahongirshoh tarafidan nochor qabul qilinadi. Nurjahonbegim Mahobatxonga qarshilik ko’rsatmoqchi bo’ladi, lekin kuchlar teng emasligiga ko’zi yetgach, makr-hiyla yo’lini qidiradi. Shoh karvoni Mahobatxon nazorati ostida Kobulga qarab yo’l oladi. Kobulga kirilgach, Nurjahon begim Jahongirshohni Mahobatxon qo’lidan qutqarib qoladi va Kobul qo’shinini mahobatxonga qarshi qo’yadi. Endi Mahobatxon uchun qochishdan boshqa chora qolmaydi. U Kobuldan qochib Dekanga boradi va shahzoda Xurramga qo’shiladi.
Ammo bu vaqtda shahzoda Xurramning ahvoli og’irlashib, Eronga qochib o’tish fikrida yurardi. Biroq, 1626-yil oktabr oyida akasi valiahd shahzoda Parvezning tosatdan vafot etishi uning so’nggan umidlarini yanada jonlantirib yuboradi. 1627-yili Jahongirshoh Kashmir bo’ylab sayohatga chiqadi. Sayohatdan qaytayotib, xastalanib yo’lda vafot etadi va Lohurda dafn etiladi. Bu xabarni eshitgan shazoda Xurram taxtni egallash uchun Dekandan Agraga yo’l oladi.
Shahzoda Xurram Agraga yetib kelgunga qadar uning qaynotasi Osafxon muvaqqat ravishda marhum shahzoda Xusravning o’g’li Dovar Baxshni taxtga o’tqazadi. Shahzoda Shahriyorni ushlatib ko’ziga mil torttirib, ko’r qiladi. Kuyovi shahzoda Xurramning Agraga yaqinlashganini eshitgan Osafxon taxt sohibi qo’g’irchoq Dovar baxshni turli tuman vasvasalar bilan qo’rqitib, taxtdan voz kechishi va o’zini panaga olishini maslahat beradi. Dovar baxsh taxtni tashlab qochadi va Eron shohi huzuriga panoh istab boradi.
Niyatlariga yeta olmagan malika Nurjahonbegim 1645-yilda vafot etadi va qabri Lohurning Shoh dara qabristoniga qo’yiladi. "œTazkirat ul-havotin"da yozilishicha, Nurjahonbegimning qabr toshiga o’zi bitgan quyidagi bayt yozilgan ekan:


                Bar mozori g’aribon
                na charog’i, na guli,
                na par parvona yobi,
                na sadoyi bulbuli.
                 

Mazmuni: Biz g’ariblarning mozorimizda na chiroq, na gul, na bulbul sadosi-yu, ba biror parvonani topmaysan.
 

Qayd etilgan