Kutubxona > O'zbek adabiyoti

Tarixdagi mashhur ayollar

<< < (2/7) > >>

Muhammad Amin:
       Shodmulkbegim

Amir Temurning suyukli nabirasi Xalil Sulton Mirzo (Mironshoh Mirzoning o’g’li, (1366-1408) kunlardan bir kun shahar chetidagi bog’ ko’chadan otda ketayotib bir qizni ko’radi va shu lahzada uning qalbiga ishq otashi tushadi. O’sha vaqtda Xalil sulton Mirzo (1384-1411) uylangan, bir o’g’ilning otasi edi. Jasoratli, harbiy salohiyat va iste’dod egasi bo’lgan aslzoda sevgi dardiga chalinadi.
Samarqand shahrining quyi tabaqasiga mansub hunarmand oilasida dunyoga kelgan bu qiz shoh oilasiga munosib emasdi. Ammo shahzoda uni sevib qolgan, uning ishqida kuyib-yonib g’azallar bitardi. Xotini Gulshan ham e’tiborsiz qoldi. Qizning ismi Shodmulk ekanligini bilib olgan Xalil Sulton u bilan uchrashish istagini bildirib, Shodimulkka maktublar yoza boshladi. Nihoyat, yashirincha sovchi yuborib unga uylanib oladi. Tabiiyki, bunday "œtengsiz" nikohga Amir Temur boshliq butun avlod qarshi turishgan. Biroq Xalil Sulton Mirzoning qat’it qarori g’olib chiqadi.
Shahzoda ishq o’tida mast-alast, dunyo uning uchun yolg’iz Shodmulkdan iborat. Uning shoirona qalbi po’rtana kabi o’ynardi. O’z sevgilisiga atab g’azal bitgani-bitgan. Shodmulk ham bu kutilmagan baxtdan entikardi. Kim edi-yu, kim bo’ldi? Kechagi oddiy qiz, Amir Sayfiddinning kanizagi — bugun kimsan, ulug’ Sohibqironning suyukli nabirasi, shahzoda Xalil Sulton Mirzoning jufti haloli, "œShul baxtni ato etgan Xudoyimdan o’rgilay, buning uchun umrim boricha unga sajda qilgumdir", derdi u. ikki yosh bir-birlarining visollaridan bahramand bo’lib, taqdir nasib etgan baxtdan masrur yurgan kunlarning birida bobosidan barcha farzandlari va nabiralarini uning O’rdagohi — Oqsulotga chorlovchi farmoni oily keladi. Xalil sulton bu xabardan dovdirab, es-hushidan ayrilayozdi. Shodmulkni tashlab ketadimi? Yo’q, bu sira mumkin emas. O’ylay-o’ylay birinchi xotini Gulshanni yosh bolasi borligi uchun qoldirib, Shodmulkni olib jo’naydi. Amir Temurga Xalil Sulton Mirzo Shodmulk bilan birga kelayotganligi yetkaziladi. Xalil Sultonning bu o’zboshimchaligi Sohibqironni qattiq ranjitadi, nabirasini sevgi dardidan xalos etishning chora-tadbiri haqida o’yga toladi"¦ Keyinchalik Saroy Mulk xonim aralashuvi tufayli uning gunohini kechiradi. "œMayli, ko’ngli shuni istagan bo’lsa, qo’yib beraylik- deydi bobolarga xos tantilik bilan.- Nazarimda har to’g’rida farmon bermoq mumkin, illo ko’ngulga buyruq bermoq mushkulga o’xshaydur. Nabiramizning peshonasiga bitilg’oni shu bo’lsa, biz ne ham qilardik". Shunday qilib, har ikkala yosh baxtli hayot kechira boshlaydi.
Bunday baxtdan shod Shodmulk o’zicha rejalar tuzadi. Uni xon saroyidagilar go’yoki mensimayotgandek tuyulardi. Sekin-asta u davlat ishlariga aralashadigan, Xalil Sulton esa xotini mayliga qarab ish tutadigan bo’ldi.
Amir Temur vafotidan keyin, 1405-yilning mart oyida Xalil Sulton Mirzo Samarqand taxtiga o’tiradi. U saltanatni boshqarishda adolatni bosh mezon qilib, mamlakat ichki va tashqi ahvolini yaxshilash choralarini izlaydi. Lekin xotini Shodmulk begimning saltanat ishlariga faol aralashuvi arkoni davlat orasida ayrim noroziliklarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Shodmulkbegim Amir Temurning barcha beva xotinlari-yu xos kanizaklarini harbiy boshliq va amaldorlarga in’om qilish haqida xalil Sulton Mirzoga maslahat berib, uni ko’ndiradi. Jumladan, 1406-yili Sohibqironning beva xotini Tuman Og’o begimni amir Shayx Nuriddinga xotinlikka beradi. Ibn Arabshohning yozishicha, Saroymulkxonim bilan To’kalxonimlar malikaning maxfiy buyrug’iga binoan zaharlab o’ldiriladi. Temur davridagi bek va amaldorlarga yetarli iltifot ko’rsatilmaydi. O’zining istak va maslahatlari sevgilisi tomonidan so’zsiz bajarilayotganidan ruhlangan Shodmulk begim xazina va saltanat ishlarida faollikni yanada kuchaytiradi. Uning xohish irodasiga ko’ra quyi tabaqaga mansub kishilar yuqori lavozimlarga ko’tariladi. Amir Temur safdoshlariga qarama-qarshi o’laroq, qandaydir Bobo Turmush degan kimsa vazirlik mansabini egallaydi. Ilgari amaldorlardan Ollohdod va Arg’unshohlarga hech qanday amal tegmaydi.
Mamlakat markazida vujudga kelgan bunday nobakorlik saltanat poydevoriga putur yetkaza boshlaydi. Zotan, ana shunday vaziyat Shohruh Mirzo uchun asqotdi. 1409-yil bahorida Shohruh Mirzo qo’shini Bodxez mavzeyiga kelib to’xtaydi. Xalil Sulton Mirzoning lashkari Shahrisabzda jangga tayyor holda turardi. Shimoldan esa amir Xudoydod boshchiligida qo’zg’alon ko’tarilgani haqida xabar keladi. Xalil Sulton Mirzo asosiy qo’shini Shahrisabzda qoldirilib, to’rt ming askar bilan amir Xudoydodga qarshi borishga majbur bo’ladi. 1409-yil, 30 — mart kuni Xalil Sulton Mirzo amir Xudoydod tomonidan asir olinib, Samarqandga keltiriladi va keyinchalik Farg’onaga olib ketiladi. Uning xotini Shodmulk begimni esa Shohruh Mirzoga topshiradilar. Shohruh Mirzo o’z navbatida Shodmulk begimni tahqirlab ko’p azob-uqubatlarga duchor qiladi. Arqon bilan bog’langan, ustidan qora to’r parda yopilgan Shodmulkbegimni shahar bozorlariga olib chiqib sazoyi qiladilar. Bu kabi tushida ham ko’rmagan haqorat va tahqirlashlarga Shodmulk chidadi, chunki unda bir ilinj bor edi, u shu ilinjdan kuch-quvvat oldi. Bu ilinj Xalil Sulton edi. U hayot ekan, mahbubasi sha’nini pastga urganlardan o’ch oladi, deb o’ylardi. Shodmulk uning visoli uchun, Sultonini yana bir bor ko’rish umidi yo’lida har qanday uqubatlarga, xo’rlashlarga ham dosh berdi. U shu tuyg’u bilan yashadi, umidsizlanmadi, g’am-anduh uni bukib tashlay olmadi. Mahbubi undan uzoqda, tutqunlikda bo’lsa-da, unga ketma-ket maktub yo’llashni kanda qilmadi. Bular oddiy xatlar emas, g’azal yoki qasida usulidagi bitiklar bo’lib, boshdan oyoq otashnoma edi. Sultoni Shodmulkka bo’lgan muhabbatini kuylardi, uni dunyo g’alvalari, saltanat tashvishlari qiziqtirmasdi. Uning uchun dunyo — bu Shodimulk. Shu bois u barchasiga chidadi.
Xalil Sulton boylikdan ham, saltanatdan ham voz kechdi, iltijosi — Shodmulkni qaytarib bersalar bo’ldi"¦
Nihoyat, Xalil Sulton Mirzo Farg’onadan O’trorga keltirilib, amir Shayx Nuriddin vositachiligida Shohruh Mirzo bilan bitim tuzadi. Bitimga muvofiq, Xalil Sulton Mirzo Movarounnahr hukmronligidan voz kechadi. Buning evaziga ray viloyatining hokimi etib tayinlanadi. Xotini Shodmulkbegim qaytarib beriladi. Ikki oshiq diydor ko’rishganlariga shukronalar aytishdi. Tortgan uqubatlardan o’zlarini forig’ bo’lganday sezishdi. Lekin ko’p o’tmay, 1411-yilning 4-noyabrida Xalil Sulton Mirzo Ray shahrida betob bo’lib, vafot etadi. Shundan 1411-yilning oxirida eridan keyin yashashni istamagan Shodmulkbegim o’ziga xanjar uradi. Ayrim manbalarda qaraganda, Xalil Sulton Mirzo zaharlanib o’ladi, dunyo ko’ziga qorong’u ko’ringan Shodmulk begim ham zahar ichib olamdan o’tadi. Umr bo’yi bir-biriga talpinib yashagan Xalil Sulton Mirzo va Shodmulkbegimni yonma-yon dafn qildilar. O’shanda Xalil Sulton Mirzo bor-yo’g’i 27 yoshda, Shodmulkbegim esa undan uch yosh kichik edi.
 

Muhammad Amin:
 Xadichabegim

    Xadichabegim Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning suyukli xotini edi.
    Xadichabegim 1451-yilda Hirotda tug’ilib, 1457-yilda Sulton Abu Sayyid Mirzo Hirotni olgach, unga hadya etilgan xos kanizaklardan biri edi. Sulton Abu Sayyid Mirzo Xadicha begimni 1465-yilda o’z nikohiga kiritadi. Sulton Abu Sayyid Mirzodan Oqbegim ismli bir qizi ham bo’lgan. 1469-yilda Sulton Abu Sayyid Mirzo Iroqda halokatga uchragach, Hirot taxtiga o’tirgan Sulton Husayn Boyqaro marhum Sulton Abu Sayyid Mirzo haramida Xadichabegimni ko’rib, uni sevib qoladi va shar’iy iddasi (uch oy) tugagach, o’z nikohiga kiritadi.
    Xadichabegim yosh, go’zal, dimog’dor, yengil tabiat ayol bo’lib, ayni vaqtda tabiatan ichi qoralik va makr- hiylaga moyil edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo (1483-1530) Xadichabegim haqida: "œO’zini oqila tutar edi, vale beaql va purgo’y (ko’p gapiruvchi, ezma) xotun edi, rofiziya (shialik mazhabining bir oqimi) ham ekandur",- deb yozadi. Darhaqiqat, Xadicha begim tez fursatda o’zining jozibali husn-latofati-yu makkorona iltifotlari bilan Sulton Husayn Boyqaroni o’ziga rom qilib, haramda ulug’ bekalik o’rnini egallaydi.
    Sulton Husayn Boyqaroning xotinlari va xos kanizaklaridan 14 o’g’il va 11 qizi bor edi. Shohg’arib Mirzo (1471- 1489), Muzaffar Husayn Mirzolar (1473-1509) Xadichabegimdan tug’ilgan edilar. Xadichabegim o’z farzandi — tantiq, shuhratparast Muzaffar Husayn Mirzoni Sultonning barcha o’g’illaridan ustun qo’yishga jon-jahdi ila harakat qilardi. Binobarin, turli makr-hiylalar ishlatib, ota bilan o’g’illar o’rtasida nizo chiqarishga muvaffaq bo’ladi. Bu nizolar ko’pincha qonli jangu jadallar bilan tugardi. Sulton Husayn Boyqaro tobora Xadichabegimning makriga uchib, Muzaffar Husayn Mirzodan bo’lak o’g’illariga unchalik iltifot ko’rsatmas va xavf-xatarda yurardi.
    Xadichabegim o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni ota taxtiga valiahd qilib tayinlatish masalasida xufiyona harakatni boshlab yuboradi. Ammo valiahdlik haqi taomiliga ko’ra, Sultonning katta o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoniki(1458-1511) edi. Garchi Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni unchalik suymasa-da, har holda uni rozi qilishi lozim edi. Ayni vaqtda, alisher navoiy boshliq saroy ahlining ko’pchiligi valiahdlikka Badiuz-Zamon Mirzoning 11 yashar o’g’li — Mo’min Mirzoni (1486-1497) munosib hisoblar va bu haqda mulohazalarini Sultonga ochiq bildirgan edilar. Tabiiyki, arkoni davlat orasida bo’layotgan bunday mulohazalar Xadichabegimning hasad olovini alangalatmasdan qo’ymasdi.
    1497-yil bahorida Sulton Hisorga qarshi yurish boshlaydi. Sultonning farmoniga ko’ra, astrabodda hukmron bo’lib turgan Badiuz-Zamon Mirzo o’z o’rniga o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoni qo’yib, o’zi otasining qo’shiniga kelib qo’shiladi. Jang tugagach, Sulton Husayn Boyqaro o’g’li Badiuz-zamon Mirzoni Balx viloyatiga, suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni esa Astrabodga hokim etib tayinlaydi. Sultonning bu farmoni Badiuz-zamon Mirzoning hamiyatiga tegadi. Chunki Astrabodni o’g’li Mo’min Mirzoga in’om qilish taraddudida edi. Binobarin, Badiuz-zamon Mirzo o’z o’g’liga Astrabodni qo’ldan boy bermaslik haqida farmon yuboradi. Bu mojaro Sulton bilan Badiuz-zamon Mirzo orasida qonli to’qnashuvga sabab bo’ladi. 1497-yil 2-mayda Badiuz-zamon qo’shini tor-mor keltiriladi. Ayni vaqtda Muzaffar Husayn Mirzoning qo’shini Astrabodni zabt etib, Muhammad Mo’min Mirzoni asirga oladi va Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Ko’pdan beri qulay vaziyatni kutib yotgan Xadichabegim Murg’ob harbiy o’rdagohida vazir Mizom ul-Mulk ishtirokida Sultonning mastligidan foydalanib, Muhammad Mo’min Mirzoni zudlik bilan qatl etish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi va o’sha kechasiyoq hukm ijro etiladi.
    1506-yil aprelda Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Xadicha begimning kaltabinlik ila saltanat ishlariga aralashuvi natijasi o’laroq, taxtga ikki shahzoda- Badiuz-zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo o’tiradilar. Shayboniyxon Xurosonga hujum boshlaganda, ikki shahzoda ikki mavzeda- Badiuz-zamon Qorarabotda, Muzaffar Husayn Mirzo Tarnobda turardilar. Birinchi zarbadayoq ikki shahzoda ikki tarafga- Badiuz-zamon Qandahor orqali Turkiyaga, Muzaffar Husayn Mirzo Astrabodga qochadilar. Hirot mudofaasi esa Xadicha begim boshliq uch-to’rtta iste’dodsiz a’yonlaru xotin-qizlarga qolgan edi. Shayboniyxon Hirotni osongina qo’lga kiritadi. Xadichabegim Hirotdan tashqariga chiqmay, uy mahbusligida yashaydi. 1509-yili o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoning Astrabodda ekanligini eshitgach, Shayboniyxon tarafidan Hirot dorug’asi (hokimi) qilib tayinlangan Jon Vafo Mirzodan ruxsat olib, o’g’lini ko’rgani Astrabodga boradi. Xadicha begim Astrabodga yetib borganda, o’g’li Muzaffar Husayn Mirzo tuzalmaydigan kasalga mubtalo bo’lib, o’lim to’shagida yotardi. Ko’p o’tmay-vafot etadi. Xadichabegim o’g’lining ta’ziyasini o’tkazgach, yana Hirotga qaytib keladi"¦
    Yozuvchi Pirimqul Qodirovning "œYulduzli tunlar" asarida yozilishicha Shayboniyxon Xadichabegimni o’zining Mansur baxshi degan begiga in’om etib yuboradi va Mansur baxshi Xadicha begimni qiynab o’ldiradi.
     

Muhammad Amin:
 Xonzodabegim

    Xonzodabegim Umar Shayx Mirzoning (1456-1494) qizi, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning opasi. U 1478-yilda Andijonda tug’ilgan. Uning onasi — Qutlug’ Nigorxonim Toshkent xoni Yunusxonning qizi edi.
    Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, Xonzodabegim did-farosatli, o’tkir zehnli va aql-zakovat sohibasi bo’lgan. Xonzodabegim ayni balog’at yoshiga yetganda otasi Umar Shayx Mirzo tasodifan jardan yiqilib, olamdan o’tadi. Ota taxtiga o’tirgan 12 yoshli Zahriddin Muhammad Bobur Mirzoning qismatida darbadarlik davri boshlanadi. Yosh Bobur Mirzoda bobokaloni Amir Temur taxtini egallash havasi uyg’onib, samarqandga bir necha harbiy yurishlar qiladi. Nihoyat, 1501-yili Samarqandni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi. Ammo ko’p o’tmay Shayboniyxon qo’shin tortib kelib, samarqandni qamal qiladi. Qamal ko’pga cho’zilib, shaharda dahshatli ocharchilik va o’lim avjiga chiqadi. Bobur Mirzoning ko’pchilik odamlari shaharni tashlab qochadilar. Bobur Mirzo nihoyat darajada kuchsizlanib, hatto qamalni yorib chiqib ketish imkoniyatiga qodir bo’lmay qoladi. Ana shunday og’ir vaziyatda Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qiladi. Keyinchalik ana shu voqeani Bobur Mirzo o’zining mashhur "œVaqo’e" ("œBoburnoma") asarida quyidagicha tasvirlaydi: "œBu mahalda Shayboniyxon sulh so’zini aroga soldi. Agar bir tarafdan umidvorlik bo’lsa edi, yo zahira bo’lsa, sulh so’ziga kim quloq solar edi. Zarurat bo’ldi, sulhgina qilib, kechadin ikki nahr bo’la yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidin chiqildi. Volidam xonimni olib chiqdim. Yana ikki xotim kishi chiqdi: bir Bichka xalfa edi, biri Minglik ko’kaltosh edi. Mening egachim Xonzodabegim ushbu chiqqanda Shayboniyxonning ilkiga tushdi".
    Ammo bu voqea aslida boshqacharoq bo’lgan. Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh taklif qilishi bilan birga, Xonzodabegimni o’ziga xotinlikka so’ragan. Agar Bobur Mirzo shunga rozilik bersa, u holda o’z haramini samarqanddan salomat olib chiqib ketishiga imkoniyat yaratib berajagini aytgan.
    Bu voqeani Bobur Mirzoning qizi — Gulbadanbegim o’zining "œHumoyunnoma" asarida quyidagicha tasvirlaydi: "œAna shunday vaqtda Shohibek (Shayboniyxon)xon "œagar o’z egachingiz Xonzodabegimni menga xotinlikka bersangiz, oramizda sulh tuziladi va hamjihatlik aloqalari o’rnatiladi",-deb aytgizib yubordi. Oxir Xonzoda begimni o’sha xonga berib, o’zlarining qaytishlari zarur bo’ldi". Gulbadanbegimning bu fikrini "œTarixi Rashidiy" asarining muallifi Haydar Mirzo ham tasdiqlab, "œuning qarshilik ko’rsatishga hech chorasi qolmay, shayboniyxon bilan sulh tuzib, o’z egachisi Xonzodabegimni unga xotinlikka berdi",-deb yozadi.
    Shunday qilib Xonzodabegim Shayboniyxon nikohiga kiradi va undan bir o’g’il ko’radi. Ismini Xurrambek deb ataydilar.
    Shayboniyxon qatlidan so’ng Xonzodabegim ukasi Zahiriddin Muhammad Boburshohning saroyi — Qobulga qaytib keladi. Ko’p o’tmay o’g’li Xurrambek ham vafot etadi. Xonzodabegim o’zining aql-idrokliligi va tadbirkorligi natijasi o’laroq, saroy malikalari orasida yuksak e’tiborga ega bo’ladi. Xonzodabegim Boburshoh va uning taxt vorisi Humoyun shoh saroyida maslahatchi vazifasini bajargan.
    1544-yili Xonzodabegim Qobulhaq degan joyda olamdan o’tadi. Oradan uch oy o’tgach, uning hokini Kobulga keltirib, Boburshoh maqbarasiga dafn etadilar.
     

     

Muhammad Amin:
 Gulbadanbegim

       Gulbadanbegim ilm cho‘qqilarini egallagan, savodi mukammal, yuksak madaniyat sohibasi edi. Uning nozik didi, sinchkovligi, oila a’zolariga o‘ta mehribon va mushfiqligi kishi diqqatini tortadi. U o‘z davrida moziyning haqiqiy bilimdoni, zukko tarixnavis sifatida keng shuhrat qozondi.
Uning qalamiga mansub «Humoyunnoma» asari XVI asrda Hindistonda Boburning nabirasi Akbarshohning topshirig‘i bilan yaratilgan. Ushbu kitobni forschadan o‘zbek tiliga o‘girgan akademik Sabohat Azimjonovaning yozishicha, «Akbarshoh o‘z davri tarixini abadiylashtirish maqsadida zamonasining barcha olimlariga, qarindosh-urug‘lari va amirlarga murojaat qilib, «Bobur podshoh va Humoyun podshoh davri haqida «nimaiki bilsangiz yozingiz», deb buyurgan... Dastlab Gulbadanbegim o‘z asarini «Ahvoli Humoyun podshoh» deb atagan, lekin keyinchalik u «Humoyunnoma» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
«Humoyunnoma»ni mutolaa qilar ekanmiz, o‘sha davrning tahlikali, suronli toj-taxt talashuvlari, Amir Temur saltanatiga ko‘z tikkan hukmdorlar, Shayboniyxon, Ubaydulloxon... Shoh Ismoillarning betinim urush olib borishlari keyingi avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro ichki nizolar Gulbadanbegimga mazkur asarni mufassalroq yozish imkonini bermaganligiga achinib ketasan kishi. Uning hozircha yagona nusxasi mavjud bo‘lib, Angliyaning Britaniya muzeyi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
— Gulbadanbegim o‘z izlanishlarida «Boburnoma»da tasvirlangan voqea-hodisalarga yana qaytib, ularning ko‘pchiligini manbalarga tayangan holda to‘ldirgan, aniqlik kiritgan. Bizga ma’lumki, Bobur qalbida bir umr armon bo‘lib qolgan Xonzodabegim taqdiri bilan bog‘liq voqealarga Gulbadanbegim boshqacha yondashadi: «Bobom hazratlari o‘n ikki yoshda, ikkinchi marta o‘n to‘qqiz yoshda va uchinchi marta esa yigirma yoshda edilar. Olti oy davomida Samarqandni olmoqqa urindilar, lekin maqsadlariga yeta olmadilar. (Chunki) Xurosondagi amakilari Sulton Husayn Mirzo Boyqaro kabi Qoshg‘arda bo‘lgan tog‘alari Sulton Mahmudxon ham yordam yubormadilar. Hech joydan madad va yordam kelmagach, ma’yus bo‘ldilar. Ana shunday vaqtda Shohbekxon (Shayboniyxon) «agar o‘z singlingiz Xonzodabegimni menga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va ittifoqchilik aloqalari o‘rnatiladi, deb ayttirib yuboradi. Oxir Xonzodabegimni o‘sha xonga berib, o‘zlarining qaytishlari zarur bo‘ldi».
Gulbadanbegim «Humoyunnoma» asarida «Boburnoma»ning uslubi, bayon tarzi va tarixiy voqea-hodisalarga Bobur andozasi bilan yondashishga harakat qilgan, dedik. Albatta, unga otasi Boburdek jangu jadallarda bevosita ishtirok etish, turli yuqori davralardagi siyosiy muzokaralarga qatnashish va keng qamrovli ma’lumot oluvchi muhitda bo‘lish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun u o‘z asarida «Boburnoma»da keltirilgan ma’lumotlarga suyanadi, uning mazmunini yuqorida ko‘rganimizdek o‘z tasavvuri doirasida to‘ldiradi, shaxsiy mulohazalarini bildiradi.
«Boburnoma»da biz uning muallifi xotin-qizlarga yuksak munosabatda bo‘lganligiga duch kelamiz. Temuriy shahzodalar ichida Boburchalik ayollarga hurmatda bo‘lgan, ularning fikr-mulohazasi bilan imkon qadar hisoblashgan, jabrdiydalarni o‘z panohiga olgan va ehtirom etgan shaxs bo‘lmasa kerak. Bu borada Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»sida keltirilgan misol qalbimizni larzaga soladi. O‘z jufti haloliga yuksak sadoqat bilan muomalada bo‘lgan shoh Boburning qalb go‘zalligi, uning jangu jadallardan toliqqan vujudining o‘z yoriga intiqligi va sof insoniy munosabati o‘z aksini topgan. Boshqa tomondan, bu tasvirda Gulbadanbegimning o‘z otasiga bo‘lgan farzandlik mehri ham mahorat bilan berilganki, kishi diqqatini tortadi: «Biz ko‘ldan Agra tomonga tez yo‘l oldik, podshoh hazratlari bizni Jaloliy ko‘lida uchratishni mo‘ljallagan edilar. Namozshom paytida bir kishi kelib, «hazratni ikki kurva narida qoldirib keldim», dedi. Podshoh bobom hazratlari to ot keltirgunlarigacha toqat qilmay, piyoda yo‘lga tushib, Nincha Mohim uylari oldida biz bilan uchrashdilar. Onam otdan tushmoqchi bo‘ldilar, lekin podshoh Bobom qo‘ymasdan, o‘zlari onamning otlarining jilovlaridan ushlab, o‘z uylariga yetkuncha piyoda keldilar...»
Shu o‘rinda «Humoyunnoma»da bir imorat — qasrga oid keltirilgan tasvirni ko‘raylik. Agar Bobur o‘z asarida bog‘ning arxitekturasi, bezalishiga ko‘proq e’tibor bergan bo‘lsa, Gulbadanbegim diqqatini undagi uy bezaklari ko‘proq o‘ziga tortgan: «Tilsim (to‘yxona vazifasida qurilgan imorat) uchun solingan qasrning joylanishi bunday edi: sakkiz burchakli eng katta uy bo‘lib, bu xonada to‘y beriladi. Boshqa kichik xona ham xuddi shunga o‘xshash sakkiz (burchakli) bo‘lib, har ikkala sakkiz (burchak) turli bezaklar bilan bezatilgan edi. Katta uy to‘yxona bo‘lib, unga oltindan taxt qo‘yilgan edi. Bu taxtning usti va tagiga zar tikilgan zardevorlar tashlangan... Taxtining bag‘riga osilgan zardevorning uzunligi o‘ttiz-qirq gazga yaqin bo‘lib, unga ham marvarid shodalari osilgan»...
«Humoyunnoma»ning yana bir qimmatli tomoni shundaki, asarda o‘sha davr ayollarining qismati, ularning turmush tarzi, Hindistonda yashagan temuriy malikalarning biz bilgan va bilmagan kechmishlari barcha nozikliklari bilan aks ettirilgan. Kitobxon bu asardan Sharq etnografiyasi, urf-odati, ayollar kiyimlari, ularning sifati va andozasi, saroydagi to‘y-tamoshalarning ikir-chikirigacha ma’lumot oladi. Fikrimiz tasdig‘i uchun Mirzo Hindol to‘yi tasvirini ko‘raylik. «To‘yni nihoyat to‘kis va yaxshi o‘tkazdilar. Palos va to‘shak, beshta ko‘rpa, yostiq, bitta katta suyanchiq yostiq, ikkita kichik lo‘la-bolish-yostiq, yana yuz parda go‘shangisi bilan, hammasi zar bilan tikilgan uchta to‘shak. Mirzoning sarpolari esa, oltin iplar bilan tikilgan toj va charqob po‘ta, sochiq va oltin iplar bilan tikilgan ro‘mol va qurpo‘sh kabi sarpolar berilgan. Sulton begimga to‘qqizta tugmasi har xil qimmatbaho toshlardan bo‘lgan nimcha berdilar. Ularning birining tugmasi yoqut, brilliantdan, biri zumraddan, biri feruzdan, biri aynul xirradan bo‘lib, boshqalari har xil javohirlardan edi. Yana tugmali va charqub charqitichi, bir juft la’l ko‘zli halqa, uchta panda, yana ikki arqoq, bir urushli shoyi chodir, boshqa asbob va uskunalar va Xonzodabegim yig‘ib qo‘ygan kerakli ro‘zg‘or asboblarining hammasini berdilar...»
Bobur farzandlarining taqdiri va ularning muhorabalari haqida o‘sha davr va keyingi tarixchilar tomonidan anchagina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Biroq ular orasida Gulbadanbegim qoldirgan manba eng asl va mo‘’tabar ganjinalar qatoriga kiradi. Chunki, u bu xonadonning bevosita a’zosigina emas, balki shu voqealarning ishtirokchisi, shohid kuzatuvchisi sifatida «Humoyunnoma»da so‘z yuritadi. Mana bu satrlarga e’tibor bering. Unda Gulbadanbegim sanab o‘tgan shaxslarning kim kim bilan qaysi manzilga borgani, qaysi tomonga yo‘l olganligi, Mirzo Komronning mag‘lublik kayfiyati va boshqa ma’lumotlarni aniq-tayin keltiradiki, uni biron-bir tarixiy asarda uchratmaymiz. Bu manbalar temuriylar xonadonining mungli lahzasi, yuz bergan murosasizliklarining qora ko‘lankasi: «...Qorong‘u tushgan edi. O‘sha Bobo dashti yo‘li bilan kelib, bir ko‘lning oldida to‘xtadi va Do‘st ko‘ka va Jo‘kixonni, Mirzoning katta qizi — Habibabegimni, Mirzo Komronning o‘g‘li — Ibrohim Sultonni, Xizirxonning jiyani — Xazorabegimni, Xurrambekning singlisi — Mohibegimni, Xo‘ja begim onasi — Mehr Afro‘zbekni va Bog‘i ko‘kalarni olib kelish uchun yubordi. Ular kelib Mirzoga qo‘shilgach, Mirzo Taxtap va Bakhar tomonga qarab ketdi...»
«Humoyunnoma» va uning muallifi — betakror Gulbadanbegim taqdiri hali to‘laligicha o‘rganilgan emas. Bu kitob temuriylar xonadoniga mansub tarixchi ayol asari bo‘lganligi uchun emas, balki XVI asr tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, etnografiya va adabiyoti, turli xalqlar urf-odati haqida o‘ta qimmatli ma’lumot beruvchi nodir noma sifatida ham qadrli.

Muhammad Amin:
     Nurjahonbegim

       Nurjahonbegim Hindistonda hukmronlik qilgan boburiy shahzodalardan uchinchisi — Jahongirshoh (Salim, 1569-1627)ning ikkinchi xotinidir.
Tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga ko’ra, Nurjahonbegimning haqiqiy ismi Mehriniso bo’lib, asli kelib chiqishi Erondan edi. Uning ota-onasi yo’qchilik o’qibatida o’z vatanidan Hindistonga ko’chib kelib, akbar podshoh saroyida xizmatga yollanadi.
Kunlardan bir kun shahzoda Salim (keyinchalik Jahongir podshoh) Mehrinisoni bozorda ko’rib qoladi va unga oshufta bo’lib, firoqida o’rtanadi. Bu davrda Mehriniso balog’at yoshiga yetgan, sarvqomat, o’n to’rt kunlik oydek qiz edi. Shahzoda Salim Mehriniso ishqida kuyib, halovatini yo’qotadi. Nihoyat, unga uylanishga qaror qiladi. U o’z qarorini otasi Akbarshohga (1542-1605) aytib, undan ijozat so’raydi. Akbarshoh esa o’z o’g’lining bu qizga uylanishiga qat’iyanqarshilik ko’rsatadi. Akbarshoh o’g’lining ko’nglini sovutmoq uchun Mehrinisoni saroy a’yonlaridan biri- Ali Quli Istajliy (Sherafkan)ga turmushga chiqishga majbur qiladi. Sherafkan Mehrinisoga uylangach, uni qo’shinlarga sardor etib Bengaliyaga ko’chirib yuboradi.
1605-yilda Akbarshoh vafot etadi. Taxtga uning valiahd o’gli Salim o’tiradi va o’zini Jahongirshoh deb ataydi. Taqdir taqazosini qarangki, 1611-yilda Sherafkanxon Bengaliya hokimi Qutbiddinning qabuliga kirganida muhim masala ustida hokim bilan janjallashib qoladi va uni pichoqlab o’ldiradi. Fojia ustiga yetib kelgan soqchilar Sherafkonni ham o’ldiradilar. Shundan so’ng beva qolgan Mehrinisoni Agraga- Jahongirshoh saroyiga jo’natadilar. Shu voqeadan bir necha muddat o’tgach, Jahongirshoh Mehrinisoni o’z nikohiga oladi.
"œMuntaxab ut-tavorix" asarining muallifi Hakimxon to’ra Mehrinisoning Jahongirshoh nikohiga kirishi haqida oldindan bashorat qilingan bir qiziq tush tafsilotini keltiradi. Go’yo Mehriniso tunlarning birida tush ko’radi. Tushida osmondan quyosh tushib kelib, ko’rpasi ichiga kiradi. Shunda uyg’onib ketadi va ko’rgan tushini eri Sherafkanxonga so’zlab, undan ta’birini so’raydi. Sherafkanxon tush ta’biri bo’yicha bilimdon bo’lgani tufayli, darhol xotinining tushiga quyidagicha ta’bir etadi: "œSening to’shagingga podshoh kirar ekan".
Mehriniso o’z go’zalligi, ziyrakligi, farosatli va tadbirkorligi tufayli faqat jahongirshohnigina emas, balki saroy ahlini ham o’ziga rom qiladi. Endilikda uni Mehriniso emas, Nurmahal (saroyning nuri) deb ataydilar. Nurjahon begim nozik ta’b shoira ham edi. U maxfiy taxallusi bilan g’azallar bitgan. Jahongirshoh saltanatida Nurjahonning otasi E’timod-ud Davla nomi bilan bosh vazirlik lavozimigacha ko’tarilgan. Uning o’g’li, ya’ni Nurjahon begimning akasi Osafxon esa saroy boshqaruvchisi mansabida qoyim bo’lgan.
Nurjahon begim Jahongirshoh saltanatida dono maslahatchi edi. Nurjahon begim mamlakatning ijtimoiy, madaniy hayotiga doir ko’pgina ezgu tadbirlarni bajargan. U ixtirochi ham edi, chunonchi, gulob va "œatri Jahongiriy"ni kashf etgan. Shu bilan birga, bir necha xil xush ta’m, laziz taomlaru xona bezaklarini yaratdi. Saroy a’yonlari orasida uning hurmat-e’tibori kun sayin oshib borardi. Tarixiy manbalarning bergan xabarlariga ko’ra, Jahongirshoh suyukli xotini Nurjahon begim sharafiga "œNuri Jahoniy" deb atalgan 12 grammli oltin tanga zarb ettirgan.
"œMuntaxab ut-tavorix" muallifi Nurjahonbegimning shoh bilan qilgan mushoiralaridan (Jahongirshoh ham g’azallar bitgan) bir nechtasini ko’rsatib o’tgan. Bu she’rlarni o’qigan kishi Nurjahon begim zamonasining iste’dodli shoirasi bo’lganligiga shubha qilmaydi. G’azallardan biri quyidagichadir:


Hadisi holi tu dar noma sabt mekardam,
Sikandvord nuqat bar sari suxan meso’xt.
Shahidi ishqi turo shab ba xob medidam,
Ki hamchu shu’layi fonus dar kafan meso’xt.
Zi so’zi sinayi Maxfiy shud on qadar ma’lum,
Ki hamchu xas, mijaash dar giriston meso’xt.


Mazmuni: Sening nomayi a’molingni yozarkanman, so’z ustidagi nuqtalar isiriq donalaridek yonardi. Ishqingda shahid bo’lganlarni kechalari tushimda ko’rardim. Ular xuddi fonus shu’lasidek, o’z kafanlari ichida yonardilar. Maxfiy qalbining yonishi shu qadar ediki, yig’laganda kipriklari xuddi xasdek yonardi.
So’nggi vaqtlarda Jahongirshoh bot-bot kasal bo’lib, davlat ishlariga qaramay qo’yadi. Ana shunday paytlarda Nurjahonbegim saltanat ishlarini boshqarib turadi. Nurjahonbegimning saltanat ishlaridagi faoliyati va uning tutgan mavqei jahongirshohning o’g’illariga, ayniqsa Xurram (Shahobiddin Shoh Jahon)ga yoqmasdi.
Jahongirshoh salomatligi yomonlasha boshlagach, 1616-yilda shahzoda Parvez (Jahongirshohning ikkinchi o’g’li)ni taxtga valiahd etib tanlaydi. Jahongirshohning to’rtinchi o’gli shazoda Shahriyor irodasiz va qat’iyatsiz kishi edi. Nurjahon begim qo’g’irchoq sifat shahzoda Shahriyorni taxtga valiahd etish maqsadida o’zining avvalgi eri Sherafkandan bo’lgan qizi — Lodila begimni shahzoda Shahriyorga nikohlab beradi. Jahongirshohning uchinchi o’g’li shahzoda Xurram ( Shoh Jahon) 1612-yilda 21 yoshida Nurjahonbegimning akasi Osafxonning 19 yoshli qizi Arjumand bonuga uylangan edi. Binobarin, Osafxonning maqsadi, o’z kuyovi shahzoda Xurramni valiahdlikka tayinlatish edi.
Shahzoda Xurram o’z otasi Jahongirshohdan ham, valiahd akasi shahzoda Parvezdan ham, ukasi shahzoda Shahriyor va uning homiysi malika Nurjahon begimdan ham xafa edi. Otasidan so’ng taxtga o’tirishga harakat qilarkan, bu yo’lda asosiy g’ov deb Nurjahon begimni bilardi. 1622-yilda Nurjahonbegimning otasi vazir E’timod-ud Davlat vafot etgach, Nurjahonbegim bilan shahzoda Xurram orasida ayovsiz ziddiyat kuchaydi. Bu davrda kasalmand Jahongirshoh saltanat ishlariga qaramay qo’ygan, binobarin, davlatni boshqarish asosan Nurjahonbegim qo’lida qolgan edi.
Shahzoda Xurram o’z kelajagi haqida taraddudlanib, 1622-yilda otasi Jahongirshoh tomonidan o’z qaramog’iga topshirilgan nogiron (ko’r qilingan) akasi — shahzoda Xusravni pinhona bo’g’ib o’ldirtiradi, otasi jahongirshohga esa "œsanchiq azobidan vafot etdi", deb xabar yuboradi. Shu zaylda saroy ichida guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatdan putur keta boshlaydi. Ana shunday qulay vaziyatni ko’pdan beri kutib turgan Eron hukmdori Shoh Abbos to’satdan Qandahorni qamal qiladi va qirq kunlik qamaldan so’ng shaharni qaytarib olish maqsadida shahzoda Xurram boshchiligida katta qo’shin to’plab, Qandahorga yubormoqchi bo’ladi. Lekin shahzoda Xurram saroydagi notinch vaziyatda taxtdan uzoqlashishni istamay, Qandahorga borishdan voz kechadi va tez kunda otasi Jahongirshohga qarshi qo’zg’alon ko’taradi. Qo’zg’alon bostiriladi. Ammo saroydagi guruhbozlik, maxfiy fitnalar mamlakatning ichki va tashqi mavqeiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Saltanatni vaqtincha Nurjahonbegim boshqarardi. U o’z niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirshohga sodiq lashkarboshi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga jo’natadi va mol-mulkini ro’yxatga oldiradi. Bundan norozi bo’lgan Mahobatxon saltanatga qarshi bosh ko’taradi. Shu voqeadan sal vaqt o’tgach, Jahongirshoh Nurjahonbegim bilan birga poytaxtdan Kobulga qarab safarga chiqadi. Mahobatxon rajputli qo’shini bilan yo’lga chiqib, Shoh qofilasini (karvon) o’rab oladi. Mahobatxonning barcha shartlari Jahongirshoh tarafidan nochor qabul qilinadi. Nurjahonbegim Mahobatxonga qarshilik ko’rsatmoqchi bo’ladi, lekin kuchlar teng emasligiga ko’zi yetgach, makr-hiyla yo’lini qidiradi. Shoh karvoni Mahobatxon nazorati ostida Kobulga qarab yo’l oladi. Kobulga kirilgach, Nurjahon begim Jahongirshohni Mahobatxon qo’lidan qutqarib qoladi va Kobul qo’shinini mahobatxonga qarshi qo’yadi. Endi Mahobatxon uchun qochishdan boshqa chora qolmaydi. U Kobuldan qochib Dekanga boradi va shahzoda Xurramga qo’shiladi.
Ammo bu vaqtda shahzoda Xurramning ahvoli og’irlashib, Eronga qochib o’tish fikrida yurardi. Biroq, 1626-yil oktabr oyida akasi valiahd shahzoda Parvezning tosatdan vafot etishi uning so’nggan umidlarini yanada jonlantirib yuboradi. 1627-yili Jahongirshoh Kashmir bo’ylab sayohatga chiqadi. Sayohatdan qaytayotib, xastalanib yo’lda vafot etadi va Lohurda dafn etiladi. Bu xabarni eshitgan shazoda Xurram taxtni egallash uchun Dekandan Agraga yo’l oladi.
Shahzoda Xurram Agraga yetib kelgunga qadar uning qaynotasi Osafxon muvaqqat ravishda marhum shahzoda Xusravning o’g’li Dovar Baxshni taxtga o’tqazadi. Shahzoda Shahriyorni ushlatib ko’ziga mil torttirib, ko’r qiladi. Kuyovi shahzoda Xurramning Agraga yaqinlashganini eshitgan Osafxon taxt sohibi qo’g’irchoq Dovar baxshni turli tuman vasvasalar bilan qo’rqitib, taxtdan voz kechishi va o’zini panaga olishini maslahat beradi. Dovar baxsh taxtni tashlab qochadi va Eron shohi huzuriga panoh istab boradi.
Niyatlariga yeta olmagan malika Nurjahonbegim 1645-yilda vafot etadi va qabri Lohurning Shoh dara qabristoniga qo’yiladi. "œTazkirat ul-havotin"da yozilishicha, Nurjahonbegimning qabr toshiga o’zi bitgan quyidagi bayt yozilgan ekan:


                Bar mozori g’aribon
                na charog’i, na guli,
                na par parvona yobi,
                na sadoyi bulbuli.
                 

Mazmuni: Biz g’ariblarning mozorimizda na chiroq, na gul, na bulbul sadosi-yu, ba biror parvonani topmaysan.
 

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version