Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 124927 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:27:51

* * *

«O’lim — kutilmagan mehmon», deydilar. Bu fikrga qo‘shilmoq mumkin emas. O’lim — kutilgan mehmon. Biz uni kutishga, qarshilashga tadorik ko‘rish lozimligini unutib yashaymiz. Biz uning tashrifi muqarrarligini unutmasak, qadamlariga poyandoz solib kutsak — aziz mehmon kabi izzat qilgan bo‘lamiz va ajr ham shunga yarasha berilajak. Biz solguvchi poyandoz — xayrli amallarimiz, ishlarimiz. Tasavvur qilingki, mehmonga borganimizda poyandoz solib, ochiq chehra bilan kutib olishdi. Saxiylik bilan dasturxon tuzashdi. Benihoya lutf ko‘rgazishdi. Siz bu marhamatlardan erib, mezbonga joningizni ham bermoqqa rozi bo‘lib ketasiz. Aksincha, uyquli ko‘zlarini ochishga erinib, esnab, ensasi qotib qarshilasa, ivirsiq dasturxon atrofidan joy ko‘rsatsa, xuddi yevropaliklarga o‘xshab, «biz bugun mehmon kutmayotgan edik», demasa-da, harakatlari orqali shu ma’noni anglatib tursa, qay ahvolga tushasiz? Bu xonadonga poyandozni emas, chaqirtikanaklarni yalang‘och ravishda bosib o‘tganday bo‘lmaysizmi? Ana endi «iymon» deb atalmish tushunchaning asosini tashkil etuvchi xayrli amallar bilan, savob-xaromning farqiga bormay yurgan xolda o‘limni qarshilashning farqini o‘zingiz fikr qilib olavering.
Kutilmagan mehmon — o‘limning fazilatlaridan biri — u shohu gadoga bir xilda munosabatda bo‘ladi. Unda, bu borada ayirmachilik illati yo‘q. Jon berguvchi banda mehmonini qarshilagach, uning uchun endi foniy dunyoda fojea yo‘qdir. Fojea ortda qolgan tiriklar uchundir. Ayni shu fojeada ayrimachilik mavjuddir. Turish-turmushi oddiyroq bo‘lgan xonadon uchun fojea shamning yongani kabidir. Ular yaqinlaridan jisman judo bo‘lganlari uchun kuyinadilar. qalbni tirnagan judolik azobi uzoq davom etmaydi.
Badavlat odam jon berayotganida to‘plagan boyligidan ajrayotgani uchun qayg‘uradimi yo yo‘qmi — bilmaymiz. «Ular jondan emas dunyolaridan judo bo‘layotganlari uchun alamdalar», deya olmaymiz. Bunday demoq uchun boy qavmida bir o‘lib ko‘rmoq kerakmikin... Ammo... boyning ortda qolmish zurriyodi, yaqinlari uchun ulug‘ bir tashvishlar, azoblar mavjudligi aniqdir. Tiriklar uchun merosdan ulush olish tashvishi — vaqti-soati yetgan bandaning jon taslim qilishi azobidan ulug‘roqdir.
Mansabdorning taqdiri ham shunga o‘xshash. Bu holda ham o‘layotgan mansabdor «og‘zim endi oshga yetganida, boshim toshga yetdi-ya!» — deb nola chekadi, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo ortda qolayotganlarning shunday demoqlari ehtimoli bor. Chunki mansabdorning o‘limidan so‘ng ko‘p narsalar chappasiga aylanib ketishi mumkin. Shu mansab tufayli ilinib turgan qudachilikning zaif iplari uzilar balki. Shu mansab tufayli obro‘ shohsupasidagi aka yoki ukalar, farzandlar yoki jiyanlarning kerilib yurishlari barham topar. Shu mansab tufayli bu oilaga o‘zini do‘st tutganlar qabr sovumay turib, mag‘lub askarlar singari tumtaraqay bo‘larlar...
O’lim to‘shagida yotgan bandaning atrofida tashvish bilan ko‘z yoshi to‘kayotganlar shunday fojialarning soyalarida zir titraydilar. Hali jon chiqmay turib, bu tashvishli dunyoda jon saqlab yurishning oson yo‘llarini izlaydilar. Afsus... o‘layotgan bandaning taqdiri ularga ibrat emas.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:28:02

* * *

Bir qadrdonimiznikiga fotihaga borib edik. Duodan so‘ng marhumning fazilatlarini eslab o‘tirganimizda soqoli oqargan, egniga qimmatbaho chakmon kiygan kishi keldilar. Tashqi ko‘rinishlaridan umrlari ilm olmoqlik bilan o‘tayotgan ulamoga o‘xshardilar. Shu bois yonimizdagi qori «o‘zlari o‘qisinlar», degan ma’noda u kishiga imladilar. «A’uzu...» boshlanishi bilanoq bizlarning hayratimiz ham boshlandi. Biz ulamo deb o‘ylagan kishi kalimalarni shu qadar yamlab, g‘ajib o‘qir edilarki, aytayotganlarini o‘zlari anglamasalar boshqalarning tushunmoqlari mumkin emasdi. Asli talaffuzlari shunaqaroqdir, desak, tilovatdan so‘ng binoyi gaplashib o‘tirdilar. Ma’lum bo‘ldiki, bu kishi umrlarini ilm bilan, ibodat bilan emas, boshqa yumushlar bilan o‘tkazib, shu yoshga yetganlarida ibodatga jazm qilibdilar. (Shunisiga ham shukur!) qur’on oyatlarini yod olmoqlikni tillari qotib bo‘lganidan so‘ng boshlabdilar. O’z fikrlaricha, islomiy hisoblangan ust-boshni maromiga yetkazibdilar. Ta’bir joizkim, ust-yaltiroq, ich-qaltiroq. Agar ust-boshni yaxshilashga qaratilgan intilish qur’on oyatlarini yod olmoqqa qaratilgandami edi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:28:10

* * *

So‘nggi so‘z... va so‘nggi nafas... Shu holatni hech o‘ylaymizmi? Bilmaymiz... bilolmaymiz... Hozirgina tilimizdan uchgan so‘z so‘nggisi bo‘lishi ehtimol... Endigi chiqargan nafasimiz oxirgisidir balki? Kishi bu olamni tark etgach, yaqinlari uning so‘nggi harakatlarini, so‘nggi gaplarini eslashadi va undan hikmat izlashadi. Ajoyib bolalar yozuvchisi, ko‘p yillik qadrdon akamiz Safar Barnoevning kasal bo‘lib yotganlarini eslolmayman. Shu kishi 63 yoshlarida kennoyimizga «Malika, o‘lish shunaqa osonmi?» debdilaru, jon taslim qilibdilar. Bu hol kaminani ko‘p o‘yga soldi. Ulug‘larning so‘nggi so‘zlarini esladim: angliyalik shoir lord Bayron o‘limi oldidan qog‘oz va qalam so‘ragan ekan. Ammo qalam tutishga holi bo‘lmay: «Tamom, endi juda kech», deb ko‘z yumgan ekan. Suqrot hakim «O’lim ruhning tanadan ajralishi va tanadan ayri holda yashashi, mavjud bo‘lishidir, shunday ekan, men o‘limdan qo‘rqmayman», — deb yashagan. So‘nggi so‘zi esa... «Askulepiosga bir xo‘rozning bahosicha qarzimiz bor edi, esingdan chiqmasin, Kriton», — deb vasiyat qilgan ekan. Salmon Forsiyning so‘nggi so‘zlari nasihat tarzida bo‘lgan ekan: «Nimaiki qilsang, Alloh roziligi uchun qil va buni sira unutma!» So‘fiy Hallojni «anal haq!» aqidasi uchun qiynab o‘ldirganlar. Oldin panjalari, qo‘llari kesilgan, ko‘zlari o‘yilgan. Navbat tilni kesishga kelganida degan ekanlarki: «Allohim, sening roziliging uchun menga ushbu uqubatlarni ravo ko‘rganlardan rahmatingni ayama. Sening muhabbatingga erishish yo‘lida meni qo‘llarimdan, oyoqlarimdan judo qilgan bu qullaringni avf et. Kechir, Allohim, ularni kechir! Muhabbating hurmati kechir...»

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:28:19

 * * *

«Baxtiyorlik ichra sen baxtsizlikka uchrashdan qo‘rqqil», demishlar. Biz esa qo‘rqmaymiz. Baxtni bir umrlik in’om sifatida qabul qilamiz. O’ylaymizki, baxt — mehmondir. Mehmon bir soat o‘tiradimi yo o‘n kunmi — oqibat iziga qaytadi. Baxtiyorlikni izzat bilan kutib olib, so‘ng kuzatmoqqa shay turmoq kerak. Uyimizga keluvchi mehmonlarning shakl-shamoyillari turlicha bo‘lganidek, «baxt» deb atalmish mehmon o‘rniga keluvchi yangi mehmon uningdek bo‘lmaydi. Baxt o‘rniga kelguvchi mehmonning nomi — «baxtsizlikdir». Ha, aynan shunday. Baxtsizlik ham mehmondir. Uning ham izzatini joyiga qo‘yib kutib olmoq va kuzatish tadorigini ko‘rmoq lozimdir. Baxtsizlikning o‘rniga kelajak mehmon, shubhasiz — BAXTIYORLIKdir.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:28:34

 * * *

Ulug‘ ustozlarimiz rivoyat qiladilarkim, bir mamlakatda podshoh roppa-rosa o‘n yildan keyin taxtdan tushirilarkan. So‘ng qayiqqa o‘tqazib uni kimsasiz orolga tashlab kelisharkan. Navbatdagi podshoh taxtga o‘tirgach, u ma’yuslanib vaziriga debdiki:
-Nahot mening ham qismati shu bo‘lsa? Nahot men ham kimsasiz orolning cho‘lu biyobonida jazirama azoblarida yashashga hukm etilsam?
Shunda vazir shunday maslahat beribdi:
-Muhtaram shohim, siz kimsasiz orolda yashashni istamasangiz, shohlik davrini behuda aysh-ishratlar bilan sovurmay, umringizni va mol-davlatingizni o‘sha orolni obod qilishga sarf eting.
Podshoh mulohaza qilib ko‘rsaki, vazir haq ekan...
Mazkur rivoyatni sharhlashga urinib ko‘ramiz: podshoh - shaxsning o‘zi. Ya’ni har bir odam o‘zi uchun o‘zi shohdir. Aqli va iymoni uning vaziridir. Aql va iymon huddi egizak singari hamisha birgadir. Aql yo‘q joyda iymonni izlamang, iymon yo‘q yerda aqlni qidirmang. Demak, aqlimiz va iymonimiz bizga dono maslahatchidir. Kema - tobut. Odamning qismati shu - bir kunmas bir kun o‘z taxtidan tushadi, o‘sha kema- tobutga solib olib boradilar. Kimsasiz orol - yo‘g‘lik dunyosi, biz boradigan joy. Boshqacha aytganda, oxirat oroli. Agar biz bu dunyoyimizni hoyu havaslarga sovursak, o‘sha orol chindan ham kimsasiz bo‘ladi, chindan ham cho‘lu biyobondan iborat bo‘ladi. Agar Haq yo‘lidan yurib, yaxshi amallar bilan band bo‘lsak, o‘sha kimsasiz orolni obod qilgan bo‘lamiz. Borar joyimiz sahro - do‘zox azoblari emas, jannat bog‘lari bo‘ladi, insha Alloh! «Oxirating obod bo‘lsin!» deb duo qilishganda shu nazarda tutilsa kerak. Barchalarimizning oxiratlarimiz obod bo‘lg‘ay. Oxirat orolini firdavs bog‘lari bilan obod qilmoqlik esa yolg‘iz o‘zimizga bog‘liq ekan. Hazrat Ali, Alloh ul zotdan rozi bo‘lsin, aytganlariday, jannatga ishtiyoqi bo‘lgan odam yaxshilik qilishga shoshiladi. Jahannamdan qo‘rqqan odam nafsini yomon hatti-harakatlardan qaytaradi. O’limni haq deb bilgan odam dunyo zavqlarini tuban ko‘radi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:28:45

 * * *

Azizlar, alhamdulillahkim, sizlar bilan iymonlashish umidida boshlagan suhbatimiz shu tarzda xayrli yakuniga yetdi. Agar gaplarimiz cho‘zilib, siz, muhtaram zotlarni urintirib qo‘ygan bo‘lsak, ma’zur tutgaysiz. Agar aqlimiz yetmagan masalalarda mahmadanalik qilgan bo‘lsak, aybsitmaysiz. Agar noto‘g‘ri fikrlar bayonidan tiyila olmagan bo‘lsak, tavbalar qilamiz va sizlardan ham uzr so‘raymiz.
Mazkur suhbatimizda, avval aytganimdek, o‘tmishning ulug‘ allomalari, donishmandlari fikrlaridan foydalandik. Ul zotlarni Alloh mag‘firat qilsin. Bizlarni va qiyomatga qadar tug‘ilajak zurriyodlarimizni o‘sha ulug‘larga berilgan ulug‘ ne’matlar - ilm va donish ne’matlaridan bahramand qilmog‘ini so‘rab Yaratganga iltijolar qilamiz.
Bugungi kunimizda ham din ilmini mukammal biluvchi benazir olimlarimiz bor. Ular bilan bizlarni zamondosh qilgani uchun, ularning suhbatlaridan bahramand bo‘lish baxtini bergani uchun Allohga shukrlar qilamiz va bu mo‘‘tabar ustozlar umriga, ilmiga baraka bermog‘ini so‘rab qolamiz.
Iymonlashish umidida mazkur kitobni qo‘lga olgan barcha aziz birodarlarimizga Allohdan ikki dunyo saodatini tilab qolamiz.
Assalomu alaykum, va rohmatulillahi va barakatuh!

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Fevral 2010, 14:13:49

Iymonlashish umidi



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 676 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan