Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125186 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:37:35

Endi o‘ttizinchi yillarni yana qaytarmaslik uchun aybni faqat Stalindan emas, o‘zimizdan, odamlar orasidan qidiraylik. Shu bilan birga qat’iy, uzil-kesil hukm chiqarishga shoshilmaylik. Bir odamning nomini tiklab, boshqasini axlatga qorishtirmaylik. Shoshqaloqlik bilan noto‘g‘ri xulosa chiqarib qo‘ysak, kelajak avlod bizlarni kechirmaydi.
Biz qoralayotgan odam nima uchun yolg‘on guvohlik bergan yoki yolg‘on aybnomaga imzo chekkan?
1. Xusumatdan. U holda uning nomi abadul abad qora bilan yozilishi kerak.
2. Qo‘rqoqlikdan. Ko‘ziga o‘z joni, bola-chaqasi ko‘ringan. Bu ham la’natga loyiq. Lekin o‘zida iste’dod cho‘g‘i bo‘lib, adabiyotga xizmat qila olgan bo‘lsa, uning asarlaridan voz kechmaylik. Tog‘am — Mirzakalon Ismoiliy o‘zlarini qamatishga sababchi bo‘lgan odamlar haqida hech gapirmagan edilar. Faqat bir marta xastalik paytlarida, yo‘qlab kirgan shoir qo‘shnilari chiqib ketgach, «Bu juda bechora odam-da», dedilar. «Nimasi bechora?» deb so‘radim. «Bechoraligi — qo‘rqoqligidan, — dedilar tog‘am, — qo‘rqoq bo‘lgani uchun ham qamalganimda ro‘paramga o‘tirib olib, ko‘zlarini mo‘ltillatib yolg‘on guvohlik bergan». Eshitganim shu. O’sha shoir o‘rtoqlari tog‘am bilan Stalingraddan to Berlinga qadar birga jang maydonlarini kechib borishgan. Meni ajablantirgan narsa — tog‘am qamoqdan chiqqanlaridan keyin ham o‘sha shoir va boshqa yolg‘onchi guvohlar bilan do‘stliklarini davom ettirganlar. Arazlab, yuzko‘rmas bo‘lib ketmaganlar. Islomdagi odamning kechirimli bo‘lishi fazilatini men shunda ko‘rganman.
3. Biz qoralayotgan odam o‘ttizinchi yillar kommunist mutaassibligiga berilib, ayblanuvchini chindan «xalq dushmani» deb bilsa, oradan fursat o‘tib, ko‘z oldidagi mutaassiblik qora pardasi yirtilib, haqiqat nurini ko‘rgach, tavba qilgan bo‘lsa, uni qisman kechirish mumkin. Beayb — parvardigor. Shayton yo‘liga kirib topilgan gunoh bo‘yinga olinib, astoydil tavba qilinsa, Alloh ham kechiradi, deydilar. Lekin... haqiqatga yeta olmay, o‘sha mutaassibligi bilan o‘tib ketgan odamlar-chi? Bunga biz bir nima deya olmaymiz. Diydor qiyomatga qolgan bo‘lsa ne ajab?   

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:37:43

* * *

Bir o‘rmonda bolta paydo bo‘lib daraxtlarni kesa boshlabdi. O’rmon ahli unga chora topolmay donishmand Eman huzuriga boribdilar.
— Bolta deganlaring nimadan ishlangan? — deb so‘rabdi Eman voqeadan ogoh bo‘lgach.
— Bolta deganimiz temirdan ishlangan, — deb javob qilishibdi.
— Dastasi-chi, dastasi ham temirmi? — deb so‘rabdi Eman.
— Yo‘q, dastasi temir emas, yog‘ochdan.
— Eh, attang, dastasi o‘zimizdan ekan, endi boltani to‘xtatishning hech qanday iloji yo‘q, — degan ekan donishmand Eman.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:37:52

* * *

Luqmoni Hakim yo‘lda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar og‘riqlarga chiday olmayotgan xasta odam dod der emish. Tabiblar kelib, «muolajadan naf yo‘q, bir-ikki kun ichida uziladi», deyishibdi ekan. Luqmoni Hakim bemorning bilak tomirini ushlab ko‘rib debdilarkim;
— Dardingga davo bor. Ilon zahri senga shifo bergay.
— Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo bo‘lsam... Meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Alloh mening zorimni eshitib, Luqmoni Hakimga ro‘baro‘ qilganida edi, u muhtaram zot meni tashlamas edilar, — debdi xasta.
Luqmoni Hakim bu nolani eshitgach «Zinhor tashlamasman», debdilaru ilonzorga borib yoshroq bir ilonni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib tutibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kirib debdiki:
— Ey Inson farzandi, sen nechun meni bo‘g‘ayotirsan? Allohning menga bergan jabrlari kammi edi?
— Alloh senga qanday jabrlar qildi? — deb so‘rabdilar Luqmoni Hakim.
— Meni ko‘rimsiz qilib yaratdi, odamlar ko‘rsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qo‘ydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni bo‘g‘ib jonimni olarsanmi? — debdi ilon.
Luqmoni Hakim debdilarkim:
— Shunday qilmasam, bir odam hayotdan ko‘z yumar.
— Ajab! Bir odamni saqlab qolmoq uchun meni o‘ldirasanmi? — debdi ilon. — Axir u ham Allohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey Inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olarmisan?
— Ha, — debdilar Luqmoni Hakim, — daf eta olarman.
— Unda mening zahrim kuchli emas ekan, — debdi ilon. — Dunyoda shunday kuchli zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan.
— g’anday zahar? g’ora qurtnikimi? — deb so‘rabdilar Luqmoni Hakim.
— E, yo‘q, — debdi ilon, — dunyoda eng kuchli zahar — ODAMNING zahri. Bunga davo yo‘qtur. Odam odamni chaqsa — albatta o‘lim haqdir! Alloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — Odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘layotgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘zining ishongan do‘sti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. g’o‘y, o‘laversin, azoblaridan qutula qolsin...
O’shanda hazrat Luqmoni Hakim chorasiz qolgan ekanlar...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:00

* * *

Yakan degan o‘simlik bo‘ladi. Nima uchundir san’atkorlar, aniqrog‘i otarchilar pulni «yakan» deyishadi. Aslida esa yakan — qamishzorda o‘suvchi o‘simlik. Yakanni o‘rib olib, quritib uzum osadilar yoki savat qalpoq to‘qiydilar. Ma’lumki, qamish uzun, yakan esa, aksincha, pastak o‘simlik. Shunday bo‘libdiki, bir kuni yakan qamishga qarab:
— O’, birodar, hadeb g‘o‘dayaverma, salgina egil. Allohning quyoshi nuridan biz ham bahramand bo‘laylik, — debdi.
Qamish unga qaragisi ham kelmabdi, javob ham bermay burnini jiyirib qo‘ya qolibdi. Vaqti-soati kelib avval qamishni, so‘ng yakanni o‘ribdilar. Tasodifni qarangki, o‘sha qamishdan yasalgan bo‘yrani bir uyga to‘shabdilar. Tasodifni qarangki, shu uy to‘sinlariga uzumlarni osibdilar, yakandan to‘qilgan savat qalpoqlarni esa devordagi qoziqlarga ilibdilar. Oradan kunlar o‘taveribdi. Qamish pastda, oyoq ostida, yakan esa tepada ekan. Oyoqosti bo‘laverib xorlangan qamish oxiri yakanga qarab zorlanibdi:
— Meni o‘rib olib quritdilar, tepkilab, qovurg‘alarimni sindirdilar, so‘ng suvga bo‘kdilar. So‘ng, qayirib, bukib mana shu bo‘yra holiga keltirdilar. Endi esa tinimsiz, har kuni tepkilaydilar. Bu ham yetmaganday sal qayirib, ostimga noslarini tupuradilar.
Bu zorlanishni eshitib yakan debdikim:
— Siz bekorga g‘o‘daydingiz. g‘o‘dayib o‘saverdingiz. Ichingiz g’ovak ekanini esa unutdingiz. g‘ovak bo‘lganingiz uchun ham tepkilashdan bo‘lak narsaga yaramadingiz. Hali ham kech emas, siz o‘sgan yerda ildizingiz qolgan. Siz o‘sajak qamishlarga yetkazing, sizning holingizga tushmasinlar.
Qamishni ba’zan tomga ham to‘shaydilar. Lekin baribir uning basharasiga loy chaplanadi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:13

 * * *

Inson zoti hayotda yolg‘iz yashay olmaydi. Har on, har qadamda do‘stga muhtoj bo‘ladi. Umri davomida sadoqatli do‘st bo‘la oladigan odamni topish esa g‘oyat mushkul vazifa. Kambag‘al odamning bu masalani yechishi osonroq: uning atrofida soxta do‘stlar deyarli bo‘lmaydi. Badavlat yoki mansabdor odam atrofidagi «manfaat do‘stlari»ning sadoqatini aniqlab olgunicha ko‘p aziyat chekishi mumkin. Yaqinda bir noxush voqeani so‘zlab berdilar. Ikki do‘st ikki mashinada ketayotgan ekanlar. Ittifoqo birinchisining avtomashinasi halokatga uchrabdi-yu, o‘zi jarohatlanibdi. Uning izidan kelayotgan do‘sti «Mersedes» avtomashinasini to‘xtatib, do‘stiga yordam berish uchun yo‘lovchi mashina to‘xtatibdi. «Akaxon, og‘aynim yaralanib qoldi, mashinangizda kasalxonaga olib borib qo‘ying, men orqangizdan yetib boraman», debdi. Bundan ajablangan yo‘lovchi mashina egasi «Mashinangiz bo‘lsa o‘zingiz olib boravermaysizmi?»- deb so‘rasa u «do‘st» «Qon oqib yotibdi, mashinani qon qiladi», debdi. Bu yigitning qanaqa do‘st ekanini farqlash o‘zingizga havola. O’rni kelgani uchun shu mavzudagi ikki rivoyat bilan tanishsak:
Bir sichqon o‘rmon chetida yashardi. g’urbaqa makoni esa ko‘lmak edi.U goh-goh ko‘lmak chetiga chiqib, havo olib o‘tirar va o‘zini bulbul fahmlab yoqimsiz bir ovoz bilan sayrab, xushovoz qushlarning g’ashini keltirardi.
Bir kuni sichqon qurbaqaning bu nosoz ovozini eshitib ajablandi, xonandani ko‘rmoq uchun inidan tashqariga chiqdi va uning xunuk basharasi-yu, bema’ni ashulasidan taajjublanib, qo‘llarini bir-biriga urgancha boshini afsus bilan sarak-sarak qila boshladi. g’urbaqa uning bu harakatini ko‘rib «Sichqon ashulamdan huzurlanib, men olqishlayotir», deb o‘yladi va u bilan do‘stlashishni istadi. Xullas, orzusi ushalib, sichqon bilan do‘stlashdi.
Bir kuni sichqon qurbaqaga dedi:
-Necha vaqtdan beri sen bilan suhbatlashish niyatida qirg‘oqqa kelsam, sen suv ostida bo‘lasan, chaqirsam eshitmaysan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:22

Unga javoban qurbaqa dedi:
-To‘g‘ri aytasan, men ham ko‘pdan beri sen bilan suhbatlashish orzumandiman. Ammo seni topolmayman. g’irg‘oqqa chiqsam, sen boshqa teshikka kirib ketgan bo‘lasan. Men anchagina muntazir bo‘lib turaman. Endi tadbir o‘ylab topib, bu muammoni hal qilgin.
-Eng yaxshi tadbir shuki,-dedi sichqon,-men bir uzun ip topaman. Uning bir uchini sening oyog‘ingga, ikkinchi uchini o‘zimnikiga bog‘layman. Suv qirg‘og‘iga kelib, ipni tortsam, chiqib kelaverasan. Men kerak bo‘lib qolsam, ipni sen tortasan.
Ikkoviga bu tadbir ma’qul keldi. Bir kuni sichqon suv labiga kelib do‘stini chaqiraman, deb turganida tepadan bir qarg‘a balo-qazoday yopirildi-yu, uni ko‘tarib uchdi. Oyog‘idan bog‘langan qurbaqa ham ularga qo‘shilib uchdi. Sichqon qarg‘a tumshug‘ida, qurbaqa esa sal pastroqda uchib borardilar. Bu holni ko‘rgan odamlar ajablanib: «Qarg‘aga nima bo‘ldi, odatiga xilof ravishda qurbaqani olib ketyapti. Axir hech mahal qurbaqa qarg‘aga ov emas edi-ku?» deyishibdi. Sichqon bilan do‘stliging kasofatidan qurbaqa bu baloga giriftor bo‘ldi
Kimki nojinsga qo‘shilsa, jazosi shunday bo‘ladi, deydilar donolar.
Ikkinchi rivoyat:
«Ko‘r ushlagannini qo‘ymas» degan maqolning tuli sharhlari mavjud. Bu rivoyat shularning biri:
Bir ko‘r bilan ko‘zi ochiq kishi hamroh bo‘lib, safarga chiqdilar. Ko‘rning qo‘lidagi qamchisi tushib ketdi. U otidan tushib, yerni paypaslab qamchisini qidira ketdi. Bir zaxarli ilon tun sovug‘i ta’sirida karaxt bo‘lib, Muso alayhissalomning xassalari kabi qotib yotardi. Ko‘r uni qamchi deb o‘ylab, qo‘liga oldi va otiga mindi. Ko‘zi ochiq kishi uning bu ishini ko‘rdi-da, tashvishlanib: «Do‘stim, qamchi xayol qilib olganing zaxarli ilon-ku! Tashla!»-deb qichqirdi.
Ko‘zi ojiz dastasi toza charmdan bo‘lgan qamchinga yetishdim, deb o‘ylab: «Do‘stim, Alloh menga eski qamchi o‘rniga yangisini berdi. Shunga hasad qilib tortib olmoqchimisan?»-dedi.
-Ey aziz do‘stim, sendan qamchi ta’ma qilayotganim yo‘q.-dedi ko‘zi ochiq kishi.- Ammo hamrohlikning shartlaridan biri - yo‘ldoshi xatarda bo‘lsa, uni xabardor qilishdir.
U har qancha gapirmasin, qizg‘anchiq ko‘rga tushuntira olmadi. Bir ozdan keyin havo qizidi, ilon jonlanib, ko‘rning qo‘lini chaqdi va uni halok qildi.
Bu rivoyatlar maxsus sharhga muhtoj bo‘lmasa-da, ko‘rning jismonan emas balki qalban ojiz ekaniga e’tiborni qaratmoqchimiz. Dunyo molidan ko‘zi ojiz odam bilan do‘stlashishdan ehtiyot bo‘lmoq lozim ekan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:31

 * * *

Sog‘lik va xastalik xususida yagona bir fikr yo‘q. Hindlarda bir fikr, xitoylarda boshqa, tibetliklarda o‘zgacha...
Xastalik birdaniga boshlanmaydi. U ham ma’lum gunohlar uchun ajrdir. Xastalikka shifo istasak, kasallikka qadar bo‘lgan hayotimizni bir-bir eslashimiz, Allohga bo‘lgan munosabatimizni, mehrimizni, ishqimizni, taqvoimizni chamalab ko‘rmog‘imiz lozim. Chunki odamning jismi kasallikka chalingunicha ruhi shikastlangan bo‘ladi. Ruh davo topmay turib, xastalik to‘la davo topolmaydi, ozginagina chekinadi xolos.

* * *

Biosfera, atmosfera, stratosfera... bundan tashqari Yerni o‘rab turgan yana bir qatlam bor. Buni axborot oqimlari qatlami deyish mumkin. Kimki shu qatlamning ma’lum qismi bilan bog‘lanibdi, shunga yarasha ilmga ega bo‘libdi. Nyutonga qadar necha ming odamnig boshiga olma tushgandir, lekin ularning hech biri Yerning tortish kuchini ixtiro qilmagan. Arximedga qadar ham necha ming odam vannada cho‘milgan, lekin suvga tushgani hamon Gieron tojidagi tilla va kumush miqdorini aniqlashga doir ilmiy masalani hal qila olmagan. Arximeddan keyin ham necha milliardlab odam vannada cho‘milyapti, ammo, eramizdan avvalgi ikki yuzinchi yildan buyog‘iga hali hech kim «Evrika!» («Topdim!») deb yalang‘och holida uyiga yugurgani yo‘q. Demak, olma va vanna voqeasi daqiqasida bu olimlar biz aytayotgan axborot qatlamiga kirganlar.
Avliyolar ham shunday bo‘lsa kerak...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:40

* * *

Abu ad-Dardo roziyollohu anhu shunday rivoyat qilgan ekanlar:
— Rasulilloh sollallohu alayhi vasallam dedilarkim: «Agar mening bilganimni bilsaydingiz, oz kular, ko‘p yig‘lar edingiz. Havoyi nafs orzulariga berilib yashalgan bu dunyo hayoti sizlarga tuban ko‘rinardi. Alloh yo‘lida hayot kechirishni ustun qo‘ygan bo‘lardingiz.»
Abu ad-Dardo payg‘ambarimizdan bu hadisni naql etganlaridan so‘ng, yig‘ilgan jamoatga qarab shunday xitob qilgan ekanlar:
— Mening bilganlarimni bilsaydingiz, tog‘larga chiqib Allohga yolborardingiz va shuning barobarinda o‘z holingizga yig‘lardingiz. Butun borlig‘ingiz bilan yig‘lagan bo‘lardingiz. Mol-mulkingizni tashlab, ular HECh NARSA emasligiga ishonardingiz. Afsuski, uzun amal sizlarning kalbingizdan oxirat tushunchasini sidirib tashlagan. Dunyo hayoti birdan-bir amalingiz bo‘lib qolgan. Shu tufayli to‘g‘rilikdan yuz o‘girgansiz. Ba’zilaringiz qilgan ishi oqibatidagi falokatni o‘ylamagani uchun havoyi istaklarini tark etolmagan hayvonlardan ham yomonroqsiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi, bir-biringizni sevmaysiz, bir-biringizni to‘g‘ri yo‘lga solmaysiz. Ahvol shundayki, so‘zda bir-biringizning diniy birodarisiz. Ichingiznig yomonligi sizlarni bir-biringizdan ayirgan, bir-biringizni yiqitasiz. Agar to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsaydingiz, bir-biringizni sevardingiz. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi? Dunyoviy ishlarda bir-biringizga yo‘l ko‘rsatasiz-u, oxirat masalasida xuddi shu ishni qilmaysizlar? Hech biringiz, dunyoviy masalalarda sevgan va yordam bergan kishingizga, oxiratga oid xususlarda sira nasihat qilmaysiz. Bu hol sizlarning qalbingizdagi imonning sustligi tufayli yuz beradi. Agar dunyo hayotini bilganingizday oxirat hayotini ham yaqindan bilsaydingiz, unga ishonsaydingiz, u dunyo uchun ham biror ish qilar, Alloh o‘rtaga qo‘ygan imonu axloq asoslariga moslashar edingiz. Chunki oxirat hayoti siz uchun abadiydir. Yo‘q, «dunyo hayotiga bo‘lgan sevgimiz ajoyibroq!» deyolmaysiz. Chunki, dunyo hayotida ham ba’zan kelajakda qo‘lga kiritishingiz mumkin bo‘lgan narsa uchun qo‘lingizdagi bor-yo‘q narsalaringizni fido qilasiz. (Masalan, bir yil keyin erishishingiz mumkin bo‘lgan hosil uchun hozir qo‘lingizda tayyor turgan urug‘ni sochasiz). Kutgan narsangiz bo‘lmay qolish ehtimolini bilaturib ham zahmatu mashaqqatlarga ko‘milib, naqd narsangizni qo‘ldan chiqarasiz. Komil imon sohiblariga xos alomatlardan mahrum qanday yomon insonlarsiz?! Ayting, Allohning rasuli hazrat Muhammad (s.a.v.) taqdim etgan haqiqatlardan shubhangiz bormi? Agar shunday bo‘lsa, bu shubhalaringizni bayon eting. Men esa sizlarga haqiqatni dalillari bilan ko‘rsatay. g’alblaringizni qanoatlantiruvchi nur bilan yoritay. Allohga ont ichib aytamanki, sizlar aqli noqis kishilardan emassizki, ma’zur ko‘rsam. Chunki dunyoviy ishlaringizda to‘g‘ri va foydali narsalarni farqlay olasizlar. g’orningizga yaraydigan narsalarni qo‘lga kiritishni yaxshi bilasizlar. Ularga ega bo‘lasizlar. Sizlarga nima bo‘lgan o‘zi?! Oz bir dunyolikni qo‘lga kiritsangiz, sevinib sakraysiz. Lekin ozgina bu dunyolikni yo‘qotsangiz qayg‘urasiz?! Shundayin qayg‘urasizki, bu narsa yuzingizdan o‘qilib turadi. Tilingiz uyalmay shundan gap ochaveradi va shu arzimas yo‘qotishni musibatday ta’riflaysiz va bilmaysizki, bu xususda gunohga botasiz. Ko‘plaringiz din asoslarining aksarini tark etgansiz. Shunday bo‘laturib, yuzlaringizda zarracha o‘zgarish, qayg‘u alomatlari yo‘q. Holbuki zarracha bu dunyolikni yo‘qotsangiz yuzlaringizda qayg‘u alomatlari ko‘rinib qoladi. Men hozircha sizlardan Alloh yuz o‘girgan, deb o‘ylamayman. Ba’zingiz ba’zingiz bilan sevinib suhbatlashasiz. Har biringiz boshqa biringizni qabul qilganda uni ranjitmaslikka tirishasiz, ammo buni faqatgina «u ham meni qabul qilganda xush muomalada bo‘lsin», deb shunday qilasiz. g’alblaringizda esa bir-biringizga nisbatan ginayu adovat va dushmanlik bo‘ladi. Butun hayotingiz uzun amaldan iborat. Ajalni unutish borasida bir-biringizni ortda qoldirab ketgansiz. Istaymanki, Alloh sizlarning bu hollaringizdan meni qutqarsin. Tinchlik, xotirjamlik bersin va meni Allohning rasuliga yetishtirsin. Agar u zot hayot bo‘lsaydilar, sizlarning bu xatti-harakatingizga chiday olmasdilar. Sizlarda zako bo‘lsa, mana sizlarga haqiqatlarni eshittirdim. Allohning nazdidagi narsalarni izlasangiz, osonlik bilan topasiz. Men o‘z nafsim uchun va sizlar uchun yolg‘iz Allohdan yordam talab qilaman.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:38:51

* * *

Salkam bir yarim ming yil avval tildan ko‘chgan bu hikmatli gaplar bizgacha yetib keldi. Agar keraksiz, yolg‘on aralashgan, kishi xulqini buzadigan so‘zlar bo‘lganida o‘sha damdayoq changga bulanib, unutilgan bo‘lardi. Bizgacha yetib keldimi, demak, aqlni boyituvchi ma’nolarni o‘zimizga singdirishimiz kerak. Kamina Abu ad-Dardoning hikmatlarini o‘qigach, aqlim yetgan darajada bir nimalar yozib qo‘ygan ekanman:
Agar ertaga ertalab 100 dollar ishlash imkoniyati bo‘lsa, bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun tun bo‘yi uxlamay harakat qilib chiqamiz. Ming dollar ishlash uchun hafta davomida ham uxlamasligimiz mumkin.
Dunyoni shunday sevamiz.
Ajab! Nima uchun o‘sha dollarlardan azizroq va qimmatliroq bo‘lgan jannatni bu qadar sevmaymiz? Jannat ishqida bir tun uyqumizni harom qilib ibodat qilmaymiz? Axir dollar topish zahmati og‘irroq, jannatga yetishmoq esa osonroq-ku?
Ba’zan odam boylik uchun eng yaqin do‘stidan ham kechadi, tug‘ishgan birodarlaridan uzoqlashadi, kimnidir g‘iybat balchig‘iga bulaydi, kimgadir tuhmat qiladi va hatto kimnidir o‘ldiradi.
Jannatga yetmoq uchun bulardan yiroq bo‘lsa kifoya, boshqa odamlarga emas, o‘z nafsiga zulm qila olsa kifoya. Jannatga yetmoq uchun do‘stidan yuz o‘girmaydi — oqibatda to so‘nggi nafasiga qadar yaxshilar, mehr-oqibatlilar quchog‘idir yashaydi. Tug‘ishgan birodarlaridan uzoqlashmaydi — oqibatda o‘zidan keyin qoladigan farzandlari taqdiridan ko‘ngli to‘q bo‘ladi. Birovni g‘iybat qilmaydi, boshqaga tuhmat toshi otmaydi — oqibatda bo‘lajak sharmandalikdan qutuladi. Birovni o‘ldirmaydi — oqibatda o‘z avlodini xun to‘lash azobidan qutqaradi. (To‘g‘ri, hozir moddiy xun to‘lanmaydi, ammo ruhiy xun degan tushuncha ham bor-ku?)
Odam bolasi bir ayb ish qilib qo‘ysa, qamalib qolishdan qo‘rqadi. Chunki qamoqda ham ma’naviy, ham jismoniy azob bor. Odam shu azoblardan qutulib qolish yo‘llarini izlaydi. Milisaning, prokuror, sudyaning ko‘nglini ovlash payiga tushadi.
Ajab! g’amoqdan necha ming marta dahshatliroq va azobliroq bo‘lgan do‘zaxdan nechun qo‘rqmaydi? Nechun do‘zaxga tushmaslik choralarini izlamaydi?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:39:04

* * *

Bitta suyakni talashayotgan ikki itning maqsadini tushunish mumkin. Lekin yemoq-ichmog‘i, kiymog‘i yetarli, hatto mo‘l bo‘lgan odamlar bir-birlariga zulm qilishsa, ularning maqsadlarini tushuna olmayman.

* * *

Dehqon qishda yaxob berib, yerning sho‘rini yuvadi. E’tiqodsiz odamning peshonasi sho‘rini kim va qanday yuvadi?
* * *

Ajab manzara bu, ajab manzara:
Atrofdan xufton azoni eshitiladir. Xonadonlarda esa ko‘zlar televizorlarga qadalgan. Odamlar diqqati meksikaliklarning tuturuqsiz va behayo kinofilmlari bilan band.
Fojia bu, fojia...   

Qayd etilgan