Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 124960 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:54:41

 * *

Ayrim joylarda kishi vafot etgach, ayrim kiyimlari ko‘zga ko‘rinarli joyga qator qilib ilib qo‘yiladi. Bu odatni ba’zilar sharhlay olmaydilar, ayrimlar bu kiyimlar g‘assolga berib yuboriladi, deyishadi. Bizningcha mazkur odatning ma’nosi bunday: kiyimlarni osib qo‘yish bilan deyilmoqchiki: «Ana, ko‘rib qo‘yinglar, bu inson o‘lib, o‘zi bilan hech narsa olib ketmadi. Hatto kiyimlari ham qoldi. Ko‘ringlar, shunga qarab fikr qilinglar va mol-dunyoga berilishdan tiyilinglar!»

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:54:51

* * *

Bir odam farzandlarining bemehrligidan shikoyat qilib: «Men otam o‘lganida yig‘lamadim, onam o‘lganida yig‘lamadim, ich-ichimdan ezildim. Endi shu yoshga kirib, bolalarimdan mehr ko‘rmay yig‘layapman», dedi. Balki ota-onasi bilan vidolashayotganda yig‘laganida — hozir o‘z qadriga yig‘lamasmidi...
Farzandlaridan noliydigan odamlar oz emas. Otaning farzanddan nolishiga haqqi bormi? Yo‘q. Bog‘bon shaftoli danagini ekib nihol undirsa, so‘ng boshqa nav shaftolining novdasini olib kelib, payvand qilsa, so‘ng parvarishlasa-yu, u daraxt shirin emas, achchiq yoki nordon meva tugsa. Bunga daraxt aybli bo‘ladimi yoki o‘sha mevami? Bog‘bon qanday danak ekkan edi, aniq bilarmidi? qanday novda uladi, suvdan vaqtida xabar olib turdimi, keraksiz novdachalarni kesib qo‘ydimi, daraxt barglari oftob nuridan yetarli bahra oldimi?
Farzand otaning pushti-kamaridan dunyoga kelgan bo‘lsa, uni otaning o‘zi tarbiya qilgani holda yana nolisa? Ilmiy jihatdan, irsiyat qonunlari nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ota-onaning fe’li, tabiati farzandiga o‘tadi. Mehribon odamdan bemehr bola tug‘ilmaydi. To‘g‘ri, keyinchalik atrof-muhit bola ongiga, xulqiga ta’sir qiladi. Lekin ota-ona ana shu ta’sirni ham boshqarishlari shart. Agar ota bo‘lmish o‘zining ota-onasiga, aka-ukalari, opa-singillariga mehribon bo‘lsa, shirinso‘z bo‘lsa, ularning qadriga yetsa va buni bolasi ko‘rib, bilib tursa bu farzandga ortiqcha gapning hojati yo‘q.
Biz farzandimizdan nolishdan oldin «o‘zimiz farzand bo‘lib ota-onamizga qanday hunarlar ko‘rsatgan edik?» deb o‘ylab ko‘raylik. Balki ota-onamizga qilgan qilig‘imiz endi farzandimiz vositasi bilan o‘zimizga qaytayotgandir? Balki oradan yillar o‘tib hayot ko‘zgusida o‘zimizni o‘zimiz ko‘rayotgandirmiz?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:54:59

* * *

Odamzot tanasida olti a’zo borkim, ularning uchtasi o‘ziga bo‘yinsunmaydi, uchtasi esa o‘zining hukmida. Ko‘z, quloq, burun odamga bo‘yinsunmaydi. Ko‘rgisi kelmagan narsasini ko‘rishga, eshitgisi kelmagan gaplar yoki tovushlarni tinglashga, xush yoqmaydigan islarni hidlashga majbur bo‘ladi. Oyoq, qo‘l, til esa odamning hukmida. Til bilan ilohiy kalomlarni, shirin so‘zlarni aytishi yoki aksincha buning o‘rniga tilini g‘iybat, ig‘vo, yaramas gaplar bilan band etmog‘i mumkin. qo‘llari bilan go‘zal buyumlar yaratishi yoki go‘zallik obidalarini qo‘porishi yoinki shu qo‘l bilan ehson, hadya berishi, yoki o‘zgalar mulkini o‘zlashtirib olishi o‘z ixtiyorida. Oyoqlari esa, istasa — uni ibodatga, istamasa — fohishaxonaga olib bormog‘i mumkin.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:55:07

* * *

«Allohdan qo‘rqinglar!» deb ko‘p ogohlantirishadi. Bu xususda oyati karimalar ham mavjud. Men mazkur iboraning talqini xususida ko‘p o‘ylayman. O’ylarimni bayon etmoqqa jur’at qilaman, ya Robbim, meni adashtirma.
«Allohdan qo‘rqmoqlik»ni to‘g‘ridan to‘g‘ri, aynan tushunmaslik kerak. Chunki Alloh — rahmli, shafqatli, tavbalarni qabul etib, gunohlarni kechirguvchidir. Do‘zax azoblaridan qutqaruvchi, jannat bog‘larini in’om etuvchi mehribondir. Demak, Allohning o‘zidan emas, uning g‘azabidan, ayblarimiz uchun Alloh belgilab qo‘ygan jazolarga, azoblarga mubtalo bo‘lib qolishdan qo‘rqmog‘imiz va gunoh ishlardan tiyilmog‘imiz shart.
Rivoyat qilurlarkim, Rasulilloh sallollohu alayhi vasallam sahobalari hamrohligida bir yerga ketayotganlarida sahobalar o‘zaro hazil-mutoyibalar qilishib, kulishib borayotgan edilar. Shunda Rasulilloh alayhissalom dedilarkim:
-Ey ashob, qiyomatda sizning borajak yeringiz do‘zax otashidir. Nega ko‘p kulasizlar?
Bu gapni aytishlari bilan Jabroil alayhissalom tushib keldilar va dedilarkim:
-Ya Rasulilloh! Alloh subhonahu va taolo marhamat qildiki, nimaga mening bandalarimni qo‘rqitasan, ularning gunohini mag‘firat etuvchi g‘afuru Rohiymdurman.
Alloh bandasini dabdurustdan, bekordan bekorga jazolamaydi. Siz bilan biz, hatto necha-necha ajdodlarimiz hali dunyoga kelmayoq Alloh bandalarini ogohlantirib, gunohlar uchun aniq jazolarni tayin etib qo‘ygan. Demak, biz eng avvalo o‘zimizning nafsimizdan qo‘rqishimiz, nafsning xojasi shayton alayhila’nadan va uning oyoqlarimiz ostiga tashlangan sirtmoqlaridan qo‘rqishimiz kerak. Ayni tushunchani ham to‘g‘ri anglamog‘imiz joiz. Chunki qo‘rqish — qochish yoki pisib o‘tirish demakdir. Nafs va shaytondan qo‘rqish — ular yetovida yurib, oqibatda duchor bo‘linajak qiyomat azoblaridan qo‘rqmoqlikdir. Ana shu qiyomatdagi jazodan qo‘rqish bandani nafs va uning xojasi shaytonga qarshi jihodga otlantirmog‘i lozim. Albatta, biz shaytonning yomonligidan Allohga yukinibgina panoh topamiz. Biroq, bu panohga yetmoq uchun ham kurashmoq zarur.
Xulosamiz shuki, Robbimiz, ya’ni tarbiyachimiz bo‘lgan Alloh taborak va taoloni butun qalbimiz bilan, butun jonimiz bilan va butun ongimiz bilan sevmog‘imiz shart. Shuning barobarinda o‘zgalarni ham o‘z-o‘zimizni sevganimiz darajasida sevmog‘imiz lozimdir. Chunki Alloh bandalarini, ya’ni o‘z birodarlarini sevmay turib «Allohni sevaman», deguvchilarning gaplariga inonmoq mushkul.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:55:23

* * *

Baliq, kalamush va bo‘rilarning imtiyozlari shundan iboratkim, ular talab va ehtiyoj qonuniga binoan kun ko‘radilar. Inson hayotining qonuni esa adolatdir.

* * *

Insonlar yolg‘oni va adolatsizligiga duch kelingan damlarda ham mo‘‘min bo‘lmoqlikdan charchamagan holda haqiqatni himoya qilmoq va adolat bilan ish yuritmoq — hayotdagi eng bebaho narsadir.

* * *

Ko‘p gapirgan odam kam hollarda aytgan so‘zlarini amalga oshiradi. Dono esa, aytayotganlarining amalidan oshib ketishidan qo‘rqadi. 

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:55:46

* * *

Zulmning ota-onasi - nafsdir. Nafs - go‘yo valadi zinodir. Uning oqibati - halokatdir. Zulm - o‘zganing zulmni chaqiradi, nafs - o‘zganing nafsini o‘ziga chorlaydi.
Bir sichqon jahdu jadal bilan daraxt tomirini kemira boshladi. Daraxt tilga kirib dediki:
-Ey sitamkor, nima uchun jonim rishtalarini qirqyapsan?
Sichqon uning nolayu zorlariga e’tibor bermay o‘z ishini davom ettiraverdi. Nogoh ilon paydo bo‘ldi-yu, sichqonga hamla qildi va bir damda yutib yubordi. Shu onda tipratikon kelib ilonning dumidan tishladi. Ilon jon achchig‘ida o‘zini ura boshladi, oqibatda tipratikonning tikanlarida hamma yog‘i pora-pora bo‘ldi. Tipratikon uni yedi. Bu onda tulki paydo bo‘ldi. Tipratikon boshini tikonlari orasiga yashirdi. Tulki hiyla ishlatdi: uni yotqizib, ustiga yozildi. Tipratikon «yomg‘ir yog‘yaptimikin?» deb boshini chiqargan edi, tulki shart tishlab bu boshni uzdi, so‘ng qornini yorib yedi. Nafsi qoniqmay turib yovvoyi it keldi-yu, uni poralab tashladi. It uning go‘shtlari yeb tugatmay, o‘zi qoplonga yem bo‘ldi. qoplon go‘sht lazzatidan rohatlanib turganida ovchining o‘qiga uchradi. Ovchi uning terisini shilib olib ketayotgan edi, yo‘lda bir odamga duch keldi. U odam teriga ishqiboz bo‘lib ovchi bilan urushdi va uni halok qildi. O’ljasidan quvonib ketayotgan edi, oti qoqildi-yu, o‘zi yiqilib til tortmay jon berdi...
Jonivorlarni ehtimol ayblab bo‘lmas. Ularning tirikchiligi shu. Odamlar-chi?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:55:54

* * *

Inson tili shirin so‘z aytib, o‘likni tiriltirishi yoki zaharli so‘z aytib, tirikni o‘ldirishi mumkin.
Bir odam ayiq bilan do‘stlashib qolib, uni mehmon qilibdi. Ziyofat oxirlab, ayiq ketishga izn so‘raganida u odamning mehri jo‘shib, ayiqni o‘pib xayrlashibdi-da, xotiniga ham shunday qilishni buyuribdi. Xotin ayiqqa yaqinlashgach, jonivordan taralayotgan hidga chidolmay, chetga qarab tupuribdi-da:
— Sassiq mehmonlarga tob-toqatim yo‘q, — debdi.
Ayiq indamay chiqib ketibdi. Oradan kunlar o‘tib odam do‘stini ko‘rgisi kelib yo‘lga otlanibdi. «qaytishda o‘tin kesib kelarman», deb boltasini olvolibdi. Ayiq uni quvonch bilan qarshilab, mehmon qilibdi. So‘ng «Shu boltang bilan boshimga bir urib yor», deb iltimos qilaveribdi. Ayiq yalinavergach odam uning boshini yoribdi. Og‘riqdan o‘kirgan ayiq o‘rmonga kirib g‘oyib bo‘libdi. Odam esa taajjub va afsus bilan uyiga qaytibdi. Oradan bir oy o‘tib, ayiq odamnikiga kelib debdiki:
— Boshimni urib yorgan eding, qara, yaram bitdi. Ammo xotiningning tili bilan tilingan qalbim yarasi haligacha bitmadi.
Tilga, aniqroq aytilsa, tildan uchuvchi so‘z qadri haqida aytilgan maqollar, hikmatlaru rivoyatlarning hisobi yo‘q. Barchasini bir-bir sanashga bizda imkon yo‘q, ammo ayrimlarini aytmoqqa ehtiyojimiz bor:
So‘zning xanjar bo‘lib, kishi qalbiga sanchilib, halok etmog‘i mumkinligini yoinki tiriklik suvi bo‘lib o‘likni tiriltira oluvini hazrat Navoiy baytlarida bayon etganlar. Yana donishmandlar aytishganki: «Aytgan so‘zim xojam, aytmaganim qulim». Yana hazrat Umar debdilarkim: «Jannatga olib boruvchi ham, do‘zaxga yetaklovchi ham shu tildir»...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:02

Rivoyat qilurlarkim, bir bolakay kattalarda ham tez-tez uchrovchi og‘ir xastalikka mubtalo ekan. Bu xastalikning nomi biron bir tibbiy kitobda qayd etilmagani sababli xalq bunday bemorlarga «Ezma-churuk» yoki «Shaq-shaq», yoki erkalatibroq «mahmadona» deb tashxis qo‘yar ekan. Bizning bolakayimizga ilashgan xastalikka aynan «mahmadona» demoqlik durust bo‘lar.
Kunlarning birida shu bolakayning tishlari nola qilib deyishibdiki:
— Bu til bizning boshimizga bitgan balo bo‘ldi-ku, sira ham tinchlik yo‘g‘-a, ozgina tiyila qolsa-chi?
Bu noladan g‘ashi kelgan til surbetlik bilan javob qaytaribdi:
— Men bilan nima ishlaring bor? Mening nazoratimdan o‘tgan narsalarni chaynangu, boshqa narsa bilan ishingiz bo‘lmasin. Sizlar kimsizlaru men kimman! Sizlar birin-sirin joyingizni bo‘shatib, tushib ketasiz. Men esa o‘z joyimda hukmron bo‘lib qolaveraman. Shuning uchun mening ishimga aralashishga hech kimning haq-huquqi yo‘q. Ayniqsa, sizlarning ahmoqona nasihatlaringizga sira toqat qila olmayman.
Bu tanbehdan so‘ng tishlar jim qolishibdi-ku, bolakay tushmagur o‘rnimi-o‘rnimasmi, duch kelgan yerda mahmadanalik qilaveribdi. quloqlar yetkazgan ayrim hikmatlarni ba’zan mag‘zini chaqmay, ba’zan buzgan holda katta-kichik davralarda sayrab aytaveribdi.
Mahmadanaligi shu darajaga yetibdiki, bolakay bir davrada gapira-gapira kulgiga qolibdi-da, sharmandalikdan qutulib qolmoq uchun yolg‘on gaplarni ayta boshlabdi. Ana shunda tishlarning sabr kosalari to‘lib, yolg‘onchi tilni gapirtirmaslik qasdida shart tishlashibdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:13

Til avval qizaribdi, keyin qonab ketibdi. Bolakay esa, og‘riqdanmi yoki uyatdanmi yig‘lab yuboribdi.
O’shandan beri til behuda tish hatlamas emish, bolakay ham bir gap aytmoqdan avval yetti marta o‘ylab ko‘rarmish...
Bolakay-ku, esini to‘plab olibdi. «Yoshligingda odat qilsang qariguningcha ko‘nikasan, qarilikda odat qilsang — ko‘nikkuningcha ko‘milasan», deb bekorga aytmaganlar.
Bir mamlakatda behuda, yolg‘on gaplari bilan bemaza nom chiqargan odam bor ekan. Uning yolg‘on gap topolmay qiynalgan chog‘idagina rost gapirishi mumkinligi hatto podshohga ham ayon ekan. Podshoh besh yilga mo‘ljallangan safarga otlanibdi-yu, zahar tilli odamni chaqirib:
— Besh yil ichida hech bo‘lmasa bittagina to‘g‘ri va yaxshi gap aytgin, bu xizmating uchun men senga boshdan-oyoq sarupo qilay, — debdi.
Zahar tilli odam bu gapni eshitib, bosh chayqabdi:
— Agar safardan tirik qaytmasangiz menga kim sarupo beradi? Bekorga xizmat qilib qolaveramanmi?
Podshoh g‘ijinibdi-yu, safar oldidan uni jazolagisi kelmabdi.
Oradan ikki yil o‘tib, zahar tilli odam zerikibdiyu podshohni sog‘inib, uni izlab yo‘lga chiqibdi. Oxiri topibdi ham. Uning shohona chodirga yaqinlashayotganini ko‘rgan podshoh vaziriga:
— Ana, sovuq nafas kelyapti. U baribir yolg‘on gapirib ta’bimizni xira qiladi. Shuning uchun sen undan hech nimani so‘rab-surishtirma. Faqat itimning ahvolini so‘rasang bas, — debdi.
Zahar tilli odam kirib podshohning oyoqlarini o‘pibdi. Shunda vazir:
— A’lo hazratning itlari qay ahvolda? — deb so‘rabdi.
— It bechora o‘lib qoldi, — debdi zahar tilli odam. Vazir bu gapdan ajablanib, podshohning ogohlantirishini unutib, so‘rashni davom etibdi:
— It nega o‘ldi? Ilon chaqdimi?
— Yo‘q. Podshohi olamning sevgan oq tuyalari o‘lgan edi. It ana shuning go‘shtini yeb, bo‘kib o‘libdi.
— Ie, oq tuya nimadan o‘ldi?
— Podshohi olamning qiblagohlari, ulug‘ malikamiz vafot etgan edilar. Tobutni shu tuyaga orta qolgan edik, yo‘lda chidolmadi, jonivor.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:21

Bu xabardan keyin podshohning yuragi yonib, zahar tilli odamni so‘roq qila boshlaganini o‘zi ham sezmay qoldi:
— Onam qanday xastalikdan o‘tdilar, tabiblar yaxshi qarashmadimi?
— Volidai muhtaramangiz xastalikka chalinmadilar. Rafiqangizning vafotidan kuya-kuya o‘ldilar.
— Rafiqam qanday xastalikka chalinibdi?
— Rafiqangiz ham sog‘ edilar. Ammo o‘g‘illaringiz, qizlaringiz birin-sirin chechakdan o‘ldilaru rafiqangiz bu ayriliqqa dosh berolmadilar. Yuraklari yorilib o‘ldilar, deb taxmin qilaman.
— E voh! — deb nola qilibdi podshoh — demak, xonadonimdan hech kim qolmabdi-da?
Zahar tilli odam bu savolga darrov javob bermabdi. Avval chuqur «uf» tortibdi, so‘ng ko‘ziga yosh olib:
— Bunisini aniq bilmayman, podshohim, men chiqib kelayotganimda saroy ahlining yarmidan ko‘prog‘i o‘latdan o‘lib bo‘lgan edi. Hozir qanchasi tirik — yolg‘iz Xudoga ma’lum, — debdi.
Podshoh safarini oxirlatmay iziga qaytibdi-yu, ahli baytni sog‘-omon ko‘rgach, zahar tilli odamni davolashni buyuribdi.
Zahar tilning jazosi — o‘tkir pichoq ekan.
Yaxshiki, bu bir rivoyat, afsona. Yo‘qsa, o‘tkir pichoqning ishi ko‘payib ketarmidi...

Qayd etilgan