Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125114 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:30

 * *

Telemuxbir yo‘lovchilarni to‘xtatib, savol beryapti:
— Siz nimani yo‘qotishdan qo‘rqasiz?
Bu savolga odamlar turlicha javob berishyapti. Biri «Ota-onamni yo‘qotishdan qo‘rqaman», deydi. Bilmaydiki, qo‘rqsa-qo‘rqmasa, o‘zining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan eng aziz kishilarini ertami-kechmi baribir yo‘qotadi. Boshqa bir odam «Tinchlikni», yana biri «Oila baxtini...» dedi.
Hamma javoblar to‘g‘ri.
Lekin...
Biron bir kishi «Vijdonni yo‘qotishdan qo‘rqaman», demadi, «Iymonimni yo‘qotishdan qo‘rqaman», demadi. «E’tiqodni, diyonatni, Vatanga sadoqatni yo‘qotishdan qo‘rqaman», demadi-ya!
Mantiqan olib qaralsa, ota-onani yo‘qotishdan xoh qo‘rqing, xoh qo‘rqmang, bir kunmas bir kun ular foniy dunyoni tashlab ketishgach, armon bilan bo‘lsa-da, yashayveradi kishi. Xudo ko‘rsatmasin-u, ammo tinchlikni yo‘qotib urushga duch kelsa ham, azob bilan bo‘lsa-da, yashayveradi inson. Oila baxtini hech kim yo‘qotmasin, ammo bu hol yuz bersa yangi baxt umidi bilan hayot kechiraveradi odam.
Ammo...
Iymonni yo‘qotsa...
Vijdonni yo‘qotsa...
Yo‘qotsa e’tiqod, diyonatni ham
Vatanga sadoqatdan ayrilib qolsa...
Iymonsiz, vijdonsiz, e’tiqod-diyonatsiz, sadoqatsiz ham yashayapman, deguvchi odam yolg‘on so‘zlabdi. U o‘zini tirik deb o‘ylaydi, aslida u tirik murdadir.
Yana haqiqat shuki, birovlar ota-onalarini jisman emas, ruhan yo‘qotadilar. Bular ham tinchlikni, oila baxtini yo‘qotganlar ham bilmoqlari joizki, ular hammadan avval vijdon bilan diyonatni yo‘qotgan bo‘ladilar. qolganlari keyin o‘zi kelaveradi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:38

* * *

«Ilgari namoz ham o‘qib turardim, endi yig‘ishtirdim. Sababi...»
Shunga o‘xshagan gaplarni ba’zan eshitamiz, afsus...
O’n yilcha oldin bir tanishimdan eshitib edim: «Odamlar meni deputatlikka saylasharmikin, deb hatto masjidga ham kirib, chollar bilan namoz ham o‘qidim. Lekin baribir meni saylashmadi. Boshqa odam deputat bo‘ldi. Endi namozga balo bormi?»
Keyin yana eshitdim: meros talashib muddaoga yetolmagan, qo‘shma korxonasi rivoj topolmay «singan» odamlar namozdan yuz o‘girganlarini aytishdi...
Ajab, ajab... Umidli dunyo deymiz, sinovli dunyo deymiz, hatto «hisobli dunyo» deyilgani ham quloqqa chalinadi. Hisobli dunyo degani nima? «Ey Xudo, men senga ibodat qildim, endi menga mana buni ber!» demaklikmi? Namozdan yuz o‘girganlar dunyoni, Allohdan kutilajak ajr-mukofotni shunday tushunadilar. Hisob-kitobni mahkam ushlaydilar. Biroq dunyoda sinov, imtihon mavjudligini unutadilar. Ularning nazarlarida Yer yuzi imtihon emas, tijorat maydonidir. Bandalarning Tangridan uyalmaganlari istagan ishlarini qilaveradilar. Mayli, ular Yer yuzini tijorat maydoni, deb hisoblayversinlar, lekin bandaning qalbini nima der ekanlar? Axir qalb — baqqolning do‘koni emas-ku!
Tilimizda «umr savdosi» degani ibora ham bor. Xo‘sh, umrimizning savdosi qanday bo‘lyapti? g‘aflat va jaholat uyqusida o‘tyaptimi? Ertaga yana ham boyish, yana ham balandroq martabaga erishish... orzulari bilan o‘tayotgandir balki? O’q iziga qaytmaganiday, kun ham qaytmasdir. Umr savdosida ibodatsiz kunlar va tunlar kepak bahosida, juda arzon ketmayaptimi? Donishmand debdiki: «Mening sarmoyam umrimdan iboratdir. Chiqqan har bir nafasimning qaytib kelishi mumkin emas. Nafaslar sanoqlidir. Kamayib bormoqdadir. Shunday ekan, kunni faqat tirikchilik qayg‘usi bilan o‘tkazishdan ham katta zarar bormi?»

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:49

Afsus shuki, bu zararni fahm etmaymiz. Chunki aqlimizni moddiy boylik orzusi butkul asir etgan. Yana afsus shuki, buni o‘zimiz ham bilamiz va deymizki: «Mayli, avval shu boylikka yetishib olay, keyin tavba qilarman. Alloh rahmli, kechirguvchidir». To‘g‘ri, Alloh — Rahmondur, Rahimdur. Biroq, donishmand derki: «Ertaga tavba qilaman, solih amallar qilishni boshlayman», desang degin-u, biroq o‘limning bir oz avvalroq kelib qolishi mumkinligini ham unutma. Bugun, hatto shu onda emas, «ertaga tavba qilishim osonroq», deb o‘ylasang — xato yo‘ldasan».
Namozni tashlaganlarning qalblarida ishq yo‘q ekan. Asl niyatlari poklanish bo‘lmagan. Hisob-kitob qilish bandaning emas, Xoliqning ishi ekanini unutib qo‘yishgan. Balki ular Allohning «A’lo» surasida bayon etilgan «Darhaqiqat, kufru isyondan pok bo‘lgan va Parvardigorining nomini yod etib, namoz o‘qigan kishi najot topgaydir», degan oyati — kalimasidan xabarlari bordir va tezlikda najot topishni istagandirlar? «Bir oz namoz o‘qisam, sud otamning merosini menga xat qilib beradi», deb fikr qilgandir? Balki johilligi tufaylimikin, qiyomatdagi najotdan umid qilmas. O’zining mo‘ljalidagi merosga yetolmagach, namozni tashlashi isyon emasmikin, vallohi a’lam?
Haj surasidagi «Odamlardan Allohga bir tomonlama ibodat qiladiganlari ham bor. Agar unga yaxshilik yetsa, ko‘ngli to‘lur. Agar unga balo yetsa, yuz o‘girib ketur. U dunyoda ham, oxiratda ham ziyon ko‘rur. Ana o‘sha ochiq-oydin ziyondir», oyati-kalimasi balki o‘shanday odamlar haqidadir?
Donishmand derki: «Bir kishining tijorati oxirat tijoratiga monelik qilsa, bunday kishi badbaxt kishidir. Bechoradir. Bu bir tandir uchun bir ko‘za oltin bergan kabidir...»
Bozorda qallob sotuvchiga duch kelsak, besh-o‘n so‘mga zarar ko‘rarmiz, oradan fursat o‘tgach, bu zararning o‘rni to‘lar. Umr savdosini to‘g‘ri anglamasak, shayton boylik jilosi bilan aqlimizni olsa, buning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi. Bu yutqiziq uchun jannatdagi huzur-halovat bilan haq to‘lashimiz mumkin. Unga qadar esa, bu dunyodagi xorlik ham bor...
Alloh barchani — o‘zimizni, farzandlarimizni, to qiyomatga qadar zurriyodlarimizni bu azoblardan o‘zi asrab, o‘zi nusrat bersin. Omiyn...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:56:57

* * *

Osmon va zamin abadiydir. Buning sababi: zamin ham osmon ham o‘z manfaati uchun yashamaydi.
Avliyo ham shu kabidir. Ular o‘zlari uchun hech nima izlamaydilar. Shu bois ham amalga oshirmoqlari farz etilgan barcha ishlarni bajara oladilar.
Bularning ziddi o‘laroq yana bir toifa bor:
Insonga xos noma’qul xulqlardan biri — uning o‘z-o‘ziga muhabbat qo‘yishi, o‘zini bag‘oyat darajada izzat qilishi, o‘ziga va faqat o‘ziga yaxshiliklar tilashidir. Uning badbaxtlik saroyi aynan shu xunuk xulq poydevoriga quriladi: ya’ni u buyuk bo‘lmoqlikni istaydi, biroq ko‘radiki, u zig‘irdan kichikroq martabada ekan; u baxtiyorlik dengizida suzmoqlikni ixtiyor etadi, lekin o‘zini badbaxtlik ko‘lmagida ko‘radi; u o‘zini komillik cho‘qqisida tasavvur etadi, haqiqat ko‘zgusi esa uni tubanlikda ko‘rsatadi; u o‘zini benihoya darajada hurmat qiluvchi odamlar davrasida ko‘rmoqni xohlaydi, biroq, yomon xulqi tufayli odamlarning nafratiga yetishadi. Nurli orzulari amalga oshmagan bu inson oqibatda jinoyat yo‘lini tanlaydi: u o‘z xohishiga xilof hisoblagan har qanday haqiqatni inkor eta boshlaydi. Bu ham kamlik qilib, bora-bora nafratlanadi. Mazkur haqiqatni mahv etmoq istaydi. Istagini amalga oshirmoqqa qurbi yetmagach, qalbidagi makrini yashirib, boshqalarning ko‘zlari oldida bu haqiqatni buzib ko‘rsatish harakatiga tushadi. Buning uchun hech narsadan tap tortmaydi, faqat shu yo‘l bilan u o‘zining kamchiliklarini ham o‘z-o‘zidan, ham boshqalardan yashirgandek bo‘lib, go‘yo ko‘ngli taskin topadi.
Qalblari naqadar ojizdir bunday kimsalarning...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:05

* * *

Birodarim, mo‘‘minligingiz uchun odamlarning nafratiga uchramoqlikdan cho‘chiysizmi? Cho‘chimang aslo! Insofli va vijdonli odamlar sizdan zinhor nafratlanmaslar. O’zgalarga esa e’tibor bermang. Ular o‘zlarining buzuqlik darajalariga mos ravishda fikr yuritadilarkim, bu fikr sizga gard yuqtira olmas.
Siz yovuzlarning tajovuzidan ham qo‘rqmang. Axir pokiza qalbga kim daf qila oladi? Nimalardan hijolatdasiz, birodar?
Donishmand aytgan ekan: «Menga zarar yetkazmoqni o‘ylayotgan odamlardan kulaman. Ular mening yaxshilik va yovuzlikka bo‘lgan munosabatimdan ogoh emaslar. Ular menga hayot berayotgan kuchni tasavvur etolmaydilar, qalbimdagi pokiza ruhlarni mahv etish u yoqda tursin, hatto chertib ko‘rmoqqa ham ojiz ekanliklarini bilmaydilar».
G‘ofil bandalardir, bular... Ammo ularning uyg‘onmoqlariga umid qilmoq lozim... qiyomatdagina uyg‘onishdan o‘zi asrasin...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:14

* * *

Ruslarda bir maqol bor, tarjimasi bunday: harkim o‘z imkoniyatiga yarasha aqldan ozadi. Bu kunlarda ayrim erkagu ayollarning kiyinishlariga razm solib ularning aqldan ozish darajalarini belgilashga urinib ko‘raylikchi: erkaklarning ko‘chalarda ham kalta ishton (uni «short» deb atashar ekan) kiyib, qiyshiq va jun bosgan oyoqlarini ko‘z-ko‘z qilib yurishlarini aqldan ozishning yuqori darajasi deb belgilasak, qiz-juvonlarning tor shim kiyib, kindiklarini ochib yurishlarini undanda yuqori daraja demog‘imiz o‘rinli. Ana shu behayo libosdagi qizlarning otalari yoki erlari yoki akalari yoki ukalari beldagi belbog‘larini yechib, lozim kiysalar yarashiqli hol bo‘lar, deb o‘ylaymiz Ana shunda bu oilada tenglik hukm surarmikin...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:23

* * *

Yong‘oq daraxti savlat to‘kib, mevalarini ko‘z-ko‘z qilib, kerilib yashardi. Uning eng yaxshi ko‘rgan yumushi — ulug‘vorligini ko‘z-ko‘z qilish edi. Yong‘oq daraxti bir kuni qarasaki yonida qayrag‘och niholi paydo bo‘lib asta-asta o‘sib kelayotganmish.
— Mening yonimda ildiz otishga, menga halal berishga, mevalarimning yetilishiga xalaqit qilishga senga kim huquq berdi? — deb o‘shqiribdi yong‘oq daraxti. — Javob ber, sen kimsan o‘zing?
— Men qayrag‘ochman, — debdi nihol bir oz dovdiragan holda.
— Ha, «qayrag‘och-qayrag‘och, kunu tun qorni och-och», deb masxara qilibdi yong‘oq daraxti, — Sen qanaqasan o‘zing, mevalaring qani? Mevasiz yashashga uyalmaysanmi? Biror nafing bo‘lmagan holda boshqalarga halal berib o‘sishingni qara-ya! Bilib qo‘y: yaqinda mening mevalarim pishib yetiladilar, yerga to‘kilib, nam tuproqda o‘sib chiqadilarda seni o‘rab olib, yo‘q qilib tashlaydilar. Shunda bu atroflarda faqat mening zurriyodim yashaydi!
— Men bu yerdan o‘z xohishim bilan o‘sib chiqmadim. Taqdir ekan, na qilay? Hech foydasi yo‘q, deb kamsitmang, kimlargadir mening ham foydam tegadi. Foydam bo‘lmasa bu dunyoga kelmas edim.
Biroq, yong‘oq daraxti qayrag‘ochning gaplariga quloq osmay har kuni uni tahqirlayveribdi.
Kuz boshlanib, yong‘oq daraxti kutgan onlar kelibdi — mevalari obdon yetilibdi. Ayni shu kunlarda, ayni shu joydan bir guruh askarlar o‘tib qolishibdi. Ular yong‘oq mevalarini ko‘rib, qoqishni boshlashibdi. Yong‘oq daraxti tayoqlar zarbidan zir-zir titrabdi. Ohu-nola chekibdi, biroq uning faryodlarini birov eshitmabdi. Oqibatda uning mevalari bitta qolmay qoqilib, yig‘ishtirilib, qopchiqlarga joylanibdi. Mevalaridan judo bo‘lgan yong‘oq daraxti tayoq yeb singan, zaxa bo‘lgan shoxlarining azoblaridan ingrabdi.
Shunda yonidagi qo‘shnisi qayrag‘och unga qarab, achinibdi-da debdi:
— Bechora qo‘shnim! Sen mening o‘limimni tilagan eding, undan ko‘ra o‘zingga osoyishtalik so‘raganing ma’qul emasmidi? O’zingning boshingga tushajak ofatdan bexabar ekansan-da? Senga ikki tomonlama achinyapman: ham mevalaringdan ajralding, ham boshingga tayoq yeding.
Yong‘oq daraxti bu haqiqat oldida tili kalimaga kelolmay, azob bilan to‘lg‘onibdi, zaxalangan shoxlarini davolaguncha ancha fursat o‘tibdi.
Birovga yomonlik tilamagan, birovga hasad qilmagan qayrag‘och esa tomir otib, barg yoyib erkin ravishda o‘saveribdi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:33

* * *

O’zgaga jahannam gullari nasib bo‘lishini istagan odam o‘ziga jannat rohatini tilagani afzal emasmikin? O’zganing jahannam o‘tida kuymog‘i uning duosi bilan bo‘lmaganidek, o‘zining jannat bog‘larida sayr qilishi yaxshi niyat va amallari bilan ekanligini bilish ham bir baxtdir.

* * *

Bir uyki, havas qilasiz. Billur qandillar ko‘zni olaman, deb yonib turibdi. Boyligini ko‘z-ko‘z qilayotgan kimsa qalbida esa imon qandili yonmaydi, qalb — zim-ziyo tun...

* * *

«Alloh!» deymiz. Unga intilamiz. Allohning huzuriga boshlovchi yagona yo‘l esa — o‘limdir. Biz bundan qo‘rqamiz, qochmoqchi bo‘lamiz...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:42

* * *

Muhtarama ayollarimizni tahqirlovchi «so‘zlar yig‘indisi» mavjud. Men atayin «maqol emas», «so‘zlar yig‘indisi» deyapman. «Xotinlarning sochi uzun, aqli kalta», degan so‘zlar yig‘indisini qaysi til bilan «maqol» demoq mumkin? Maqol — hikmat demak. Kim yuqorida zikr etilganni «maqol» deb ta’riflabdi, hikmatdan uzoq kimsa ekan. Ba’zan jiddiy, ba’zan hazil aralash yuqoridagi so‘zlarni aytamiz. Kim aytibdi, demak, o‘sha kimsaning onasi, opasi, singlisi va nihoyat qizi aqlan zaif ekan, degan ma’no kelib chiqadi. Shunday emasmi?
Biz bema’ni so‘zlar yig‘indisining faqat bittasini misol tariqasida bayon qildik.
Lekin shunga o‘xshash iboralar ham borki, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri, ochiq tarzda tushunmoq ma’qul emas. Iboraning mohiyatini anglash, boshqacha aytsak, mag‘zini chaqib ko‘rish kerakmikin?
Masalan, «Xotinga sir aytma», degan iborani tahlil etib ko‘raylik: yuzaki qaralsa, bunda ham ayollar tahqirlanayotganday tuyuladi. Ya’ni: xotinlarga sir aytsang, pand yeysan, kabi. Asli mohiyatini olsak, bunda ayollarni ehtiyot qilishga urinish bor. Ya’ni: ayollarga hamma sirni aytaverib, uning tashvishini orttirma, degan ma’noni o‘qisak ham bo‘ladi. Ba’zi erkaklar xotinlarini yagona sirdosh deb bilib, barcha tashvishlarini uning qarshisida dasturxon qilib yozadilar. qarabsizki, u o‘z tashvishidan bir alam tortsa, bir «uff», desa, ahli ayoli o‘n karra ko‘p dard chekadi, yuragiga o‘n karra ko‘p zardob yig‘iladi va oqibatda bir kasalga mubtalo bo‘ladi.
Ayollarga kasallikni ravo ko‘rmay, maqolga amal qilib, sir aytmay qo‘ya qolgan ma’qulmikin?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 04:57:56

* * *

Dunyo bargga qo‘nib, titrab turgan shudring tomchisiga o‘xshaydi. Dunyo jar yoqalab ketayotgan, yo‘q, aniqrog‘i — qil ko‘prikdan o‘tayotgan kimsaga o‘xshaydi. Sal toydimi — tamom! Balki qiyomat qoyim shu birgina toyishdan boshlanar? Har holda inson bolasi esini tanigan onidan boshlab kuchlar kurashiga guvoh bo‘ladi. Guvohlik bilan cheklansa, koshki edi. Shu kurashlarning qurboni bo‘ladi.
Zamon o‘zgaraveradi, kuchlar kurashi esa turli ko‘rinishlarda qaytarilaveradi. Kuchlar kurashini hal etmoq g‘oyat murakkabday tuyuladi. Hozir bu masalani hal etmoq uchun necha o‘n minglab siyosatdonlar bosh qotirishadi. Dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga uchishadi va oqibatda... deyarli hech narsani hal etisha olishmaydi. Bu masala nahot shu darajada murakab bo‘lsa?
Roviylar derlarki, Iskandar Zulqarnayn dunyoni zabt etmoq qasdida jang safariga chiqib, necha yurtlarni egallab, Chin mamlakatiga yetdi. Jang oldidan chodir tikib o‘tirgan ekan, Chin podshosi elchi yuborganini bildirishdi. Elchi kirib gapini yolg‘iz Iskandarga aytajagini ma’lum qildi. Uning istagi vojib bo‘lib, holi qolishgach, dedi:
— Men elchi emas, Chin mamlakatining podshosiman. Behuda qon to‘kmay izingizga qaytmog‘ingiz uchun nima qilmog‘imiz mumkin?
— Uch yillik xirojni to‘lasanglar maqsadga muvofiq bo‘ladi, — dedi Iskandar Zulqarnayn. So‘ng so‘radi: — Chog‘inglar keladimi bunga?
— Uch yillik hirojni to‘lay olamiz, — dedi Chin podshosi, — ammo shu darajada qashshoqlashamizki, kichkina qabila ham bizlarni zabt etib, egalik qilmog‘i mumkin.
— Ikki yilligini to‘lasalaring-chi?
— Ahvol o‘zgarmaydi.
— Bir yillik-chi?
— Xazinamda hech vaqo qolmasligi mumkin, ammo chidab yashasa bo‘lar.
— U holda yarim yillik hirojni to‘plab ber-da, men izimga qaytay.
— Marhamatli sultonimizga jonimiz fido bo‘lsin. Erta yoki indin biz — faqirlar kulbasini tashrifingiz bilan obod qilsangiz. Mehmondorchilik adog‘ida biz hirojni ham jamlab qo‘yajakmiz.

Qayd etilgan