Umar Hayyom ijodida ruhiy muhabbat  ( 37975 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  27 Iyun 2006, 05:22:04

Umar Hayyom nafaqat ilmiy tadqiqotlari, balki o‘zining go‘zal va nozik she’riyati bilan ham asrlar dovonidan oshib zamondoshlarimiz qalbida samimiy qiziqish va mehr uyg‘ota olgan olimdir.

Umuman olganda, uning ruboiylarida falsafiy masalalar nihoyatda sodda va inson qalbiga yaqin bo‘lgan shaklda ifodalanadi. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, Umar Hayyomning ijodi bir tekisda bo‘lmagan. Uni uch davrga ajratish mumkin.

Birinchi davrda Umar Hayyom o‘z she’rlarida hayot quvonchlari, muhabbat his-tuyg‘ulari va may keltiradigan xursandchiliklarni ifodalasa, ikkinchi davrda xursandchilik bilan bir qatorda g‘am-qayg‘u o‘rin almashinishi, bu dunyoning barcha quvonchlari ham, hasratlari ham o‘tkinchi ekanligi va hayot buyuk bir girdobni eslatishini tasvirlaydi.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:22:26

Ijodining uchinchi davrida Umar Hayyom ruhiy sokinlik va xotirjamlikka erishganini sezishimiz mumkin:

Taqdir lavhasida hukmim bo‘lg‘onda,
Maylimga yozardim, uni shu onda.
Qayg‘uni dunyodan yo‘qotib butkul,
Shodlikdan bo‘lardi boshim osmonda.


Shoir insonni o‘z hayotida taqdirning qiyinchiliklariga chidamli bo‘lishga undaydi. Uning qalbidan chiqayotgan nay sadolari gohida g‘amgin, gohida esa quvnoq tuyuladi:

Desalar mayparast, xuddi o‘sha men,
Desalar fosiq, mast, xuddi o‘sha men.
Sirtimga bunchalar qarama, dilim —
Bo‘lsa toza yo past, xuddi o‘sha men.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:22:37

Inson bu dunyoga g‘am-alam chekish uchungina emas, hayotdan xursand bo‘lish uchun ham keladi. Inson qalbi muhabbat va xursandchilik bog‘ini o‘ziga makon qilib tanlaydi. Lekin bu boqqa g‘urbat va tashvish qora ilon bo‘lib kirib oladi. Umar Hayyom fikricha, inson ruhi bu moddiy olamga quvonch uchun keladi. Ruh uchun inson tanasi zindon emas va ruh undan hazar qilmaydi, balki ular bir-biriga moyildir.

Umar Hayyomning falsafiy she’riyatida ruh materiyaga qarama-qarshi qo‘yilmagan, aksincha, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Umar Hayyomning bu fikrini to‘qqiz asrdan keyin bitilgan Fridrix Nitshening "œZardo‘sht tavallosi" asarida ham uchratishimiz mumkin. Fridrix Nitshening Zardo‘shti ham olamni u dunyo va bu dunyoga ajratmaydi. Olam yagonadir va uning gavhari — komil insondir. Xuddi shunday, Umar Hayyom ham to‘garak olam uzuk bo‘lsa, uning gavharini inson deb hisoblaydi. Insonning moddiy tanasi yerdagi barcha tog‘u toshlar va o‘simliklarda mavjuddir.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:22:52

Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,
Aylangan falak ham butun bor edi.
Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,
Bu tuproq qora ko‘z bir nigor edi.


Umar Hayyom o‘tmishni ham, kelajakni ham o‘ylamasdan, hozirgi kun bilan yashab, undagi barcha yaxshiliklardan bahramand bo‘lish kerak, deydi.

U Nizomulmulk saroyida yashagan paytidagi betashvish kunlari o‘tib ketganidan keyin, hayoti qiyinchilik va moddiy tashvishlarga botib ketadi. Shunga qaramay, shoir hayotning go‘zalligini o‘z she’rlarida kuylashda davom etadi.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:23:04

"œMavjudlikning umumiyligi" haqidagi asarida Umar Hayyom aql, jon, muhabbat haqida fikr yuritadi. U Ibn Sinoga o‘xshab aql va jonni bir necha shakllarga ajratadi. Aqlning eng yuqori shakli faol aqldir. Faol aql muhabbat yordamida jonga ta’sir etadi va u bilan birgalikda olamni harakatga keltiradi. Jon esa o‘z-o‘zini anglashga intiladi va muhabbat orqali faol aqlga yaqinlashadi. Umar Hayyom fikricha, jon va faol aqlni birlashtiruvchi kuch — bu muhabbatdir. Albatta, bu muhabbat ruhiy muhabbat bo‘lib, jon o‘z-o‘zini anglashiga yordam beradi, faol aqlning esa jon bilan birlashishiga xizmat qiladi.

Umar Hayyomning muhabbat haqidagi fikrlari tasavvufdagi qarashlarga nihoyatda yaqin bo‘lgan. So‘fiylar ta’limotida Xudo butun borliq bilan birlashib ketgan, uning nuri borliqning har bir zarrachasida, bir vujudida mavjud. Shuning uchun so‘fiylar dunyoqarashida Ollohga bo‘lgan muhabbat butun borliq bilan birlashib ketish, o‘z "œMen"ligini yengish, o‘z irodasidan voz kechishdir. Umar Hayyom fikricha, o‘z "œMen"ligidan voz kechish ancha murakkab jarayon bo‘lib, ziddiyat va qiyinchiliklarga boydir.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:23:16

Umar Hayyom, o‘z "œMen"ligidan kechish inson uchun nihoyatda murakkab jarayon va bu narsa ruhiy erkinlikni yo‘qotishga ham olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu esa, o‘z navbatida, insonni boshqalarning aksi, nusxasiga aylantirib qo‘yishi mumkin. Umar Hayyomning bu fikri olmon faylasufi Fridrix Nitshening inson komillikka o‘zining ruhiy erkinligidan, "œMen"ligidan va irodasidan voz kechmasdan o‘tishi kerak, degan fikriga hamohangdir.

Shunday qilib, Umar Hayyom fikricha, ruhiy muhabbatga ega bo‘lib inson moddiy olamning barcha go‘zalligiyu his-tuyg‘ularidan voz kechmaydi. His-tuyg‘ular, masalan, mayga va go‘zal ma’shuqaga bo‘lgan hissiyotlar ruhiy muhabbatning bir ko‘rinishi, shakli deb hisoblanadi. Umar Hayyom she’riyatida ruhiy muhabbat eng kuchli hayotiy bir quvvatdir. Inson hayoti qisqa, lekin o‘lim inson tanasidagi ruhni yenga olmaydi. Hatto, tana ham izchil hayotdan yo‘qolmaydi. U tuproqdan o‘simlikka, o‘simlikdan toshga, suvga, havoga aylanadi. Moddiy tana materiyaning aylanma harakatida tinimsiz ishtirok etadi. Ruh esa tananing o‘limidan keyin olamiy ruhga qo‘shilib ketadi. O‘lim — bu yo‘q bo‘lib ketish emas, balki bir shakldan boshqa bir shaklga o‘tishdir.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:23:36

Umar Hayyom hayotni cheksiz va bepoyon ummonga o‘xshatadi, ayrim insonlarning hayoti esa, bu ummonga qo‘shilib oqayotgan daryolardir. Uning fikricha, barcha daryolar ham dengizga qo‘shila olmaydi, bir xillari yo‘lda sayozlashib turib qolgan ko‘lmaklarga aylanib qoladi. Hayot daryosida to‘g‘ri so‘z va halol insonlar oqimga moslasha olmay cho‘kib ketishlari mumkin, ikkiyuzlamachi va nopok shaxslar esa, oqimga moslashib hayotning barcha lazzatlaridan bahramand bo‘ladilar. Hayot o‘zi katta bir tomoshaga o‘xshaydi, inson esa tomoshabinga. Bu tomoshani sahnalashtiruvchi Olloh inson tafakkuri uchun parda orqasida yashiringan ajoyib bir sirdir. Olamning bu sirini hech qanday donishmand va olim bila olmaydi.

Bizlar qo‘g‘irchog‘u, falak qo‘rchoqboz.
Bu so‘zim chin so‘zdir, emasdir majoz.
Yo‘qlik sandug‘iga bir-bir tushamiz,
Vujud palosida o‘ynagach bir oz.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:23:51

Umar Hayyom Ibn Sino falsafiy ta’limotining tarafdori bo‘lgan. Ibn Sinoning "œAsxaviya" ("œNurlanish") asarida inson joni o‘limdan keyin ma’dad olamiga qaytadi va u yerda o‘zining qilgan yaxshi va yomon ishlarining ta’sirini va kuch-qudratini his qiladi, deyilgan. Ibn Sino bu asarida tanasuh ta’limotini tan oladi va insonning ruhiy rivojlanish jarayonida uning muhim o‘rnini ko‘rsatadi. Materiya aylanma harakat jarayonida qatnashganday, ruh ham komillik darajasiga ko‘tarilmaguncha, yer va ma’ad olami o‘rtasida, abadiy qaytish jarayonida qatnashadi. Bu abadiy qaytish va aylanma harakat girdobidan ruhni faqat komillikka erishish ozod qilishi mumkin. Bu masalada Umar Hayyomning fikrlari Ibn Sinonikiga qaraganda ziddiyatliroqdir. Umar Hayyom ruhning abadiy qaytishi va tanasuhni tan olgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan bir qism ruboiylarida inson o‘limidan keyingi hayot borligiga shubha qiladi:

Do‘zaxu jannatni kim ko‘rgan, e dil,
U dunyo xabarin kim bergan, e dil.
Qo‘rquv umidimiz shulardan, ammo —
Nomu nishonasin kim bilgan, e dil.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:24:00

Umar Hayyomning bu shubhalari tasavvuf ta’limotidagi fano holatini oxirigacha qabul qila olmaganligidan dalolat beradi. Hayyom fikricha, inson o‘z "œMen"ligidan va shubhalaridan hech qachon ozod bo‘la olmaydi. Inson qalbida o‘zligiga bo‘lgan hissiyot Ollohga bo‘lgan muhabbatga joy bo‘shatib bera olmaydi. Umar Hayyomning yuqorida keltirilgan she’rini eslar ekanmiz, buyuk so‘fiy ayol Robiya Adaviyaning ham so‘zlarini eslaymiz. Robiya aytadiki, unga na jahannam, na jannat kerak. U yor visolidan boshqa hech narsani istamaydi. Robiya uchun yor — bu Ollohdir va uning butun qalbi Ollohga bo‘lgan muhabbat bilan limmo-limdir. Bunday fano holatida Robiya o‘zligini ham, shubhalarini ham unutadi va butun vujudi bilan Ollohga qo‘shilib ketadi. Ollohga bo‘lgan muhabbat orqali fano holatida inson ruhi, o‘lim ustidan tantana qiladi va mangu hayotga erishadi. Tasavvufning bu ajoyib holatini tafakkur orqali tushunib ham, tushuntirib ham bo‘lmaydi.

Umar Hayyomning "œShayx va shayton" haqidagi hikoyasida aynan shu fano holatini his qilolmaganligi va bu holatga yetisha olmaganligi ochiq va ravshan ko‘rinib turadi. Shuning uchun Umar Hayyomning ruhiy muhabbat haqidagi tasavvurlari bir-biriga qarama-qarshi va zid bo‘lgan. Umar Hayyom tasavvuf cho‘qqilariga ko‘tarila olmasa ham, ko‘pgina so‘fiylarni tanqid qilgan bo‘lsa ham, uning ruhi mangulik va ezgulikka intilar edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Iyun 2006, 05:24:55

Umar Hayyom ruboiylarida biz uning ruhiy intilishlari va bu yo‘ldagi xursandchilik va aziyatlarini his qilishimiz mumkin. XIX asrning o‘rtalarida G‘arbiy Yevropada ham Umar Hayyomning falsafiy g‘oyalarga to‘la she’riyati keng tarqaldi va qisqa vaqt ichida shuhrat qozondi. Hayyomning falsafiy qarashlariga Yevropada mashhur bo‘lgan F.Nitshe va A.Shopengauer falsafiy g‘oyalari yaqin bo‘lgan. Go‘zal she’rlari sodda badiiy timsollar shaklida berilganligi uchun muxlislarning qalbiga osonroq yetib borgan. Komillikka erisha olmagan, o‘z ruhiy erkinligini barcha narsalardan ustun qo‘ygan insonning badiiy timsolini biz Umar Hayyom she’riyatida ham, falsafiy ijodida ham topishimiz mumkin. Hayyom bizning qalbimizda hayot xursandchiliklariga, muhabbatga intilish kabi ezgulik urug‘larini sochmoqda.

Gulchehra QOBULNIYOZOVA,
falsafa fanlari nomzodi

Qayd etilgan