To‘g‘risini aytay, kitob o‘qimaydiganlar xilidan edim. Turli seriallar, filmlar, FMda kuy-qo‘shiqlar turganda kitobga yo‘l bo‘lsin, derdim. Ustiga-ustak internet, chat(chat) deganlari ham bor. Kitobiy qilib aytganda, "œhammasi "œYosh Verterning iztiroblari" (Gyote)dan boshlandi". Gyote Stendalga, Dyumaga ulandi... Jahon adabiyoti o‘z domiga tortib ketdi. Bir do‘stim mutolaani boshqa yo‘nalishdan boshlashim kerakligini aytdi. Ya’ni, o‘zbek adabiyoti menga hali begona edi. Maslahatga ko‘ra "œOtamdan qolgan dalalar" (Tog‘ay Murod) va "œO‘tkan kunlar" (Abdulla Qodiriy) romanlarini bir vaqtda o‘qiy boshladim.
"œOtamdan qolgan dalalar" — u haqda alohida gapirish kerak. Romanning ayni avj nuqtalariga kelganda kitobimni o‘g‘irlatib qo‘ydim. Rosa alam qildi. Hali ham ongimda havosiz bo‘shliq muallaq turibdi. Hali baribir topib o‘qiyman.
"œO‘tkan kunlar" roman emas, hayot ekan. Siz kitob o‘qimaysiz, kitob ichida yashaysiz. Lahm oldidagi Homid bilan jangda Otabekka aylanib qolasiz. Kumush... Uning o‘zi bir olam. Vujudingizda nurli hayajon sezasiz. Eng keskin joyiga kelganda... Kumush o‘lim to‘shagida yotganda... yuragim to‘kilib ketgandek bo‘ldi. Hozir... Kumush... bo‘ldi, buyog‘ini o‘qimayman. O‘qiy olmayman. Xuddi roman tugasa hayotim tugab qoladiganday. Go‘yo kitobning oxirini o‘qimay shu yo‘l bilan umrimni uzaytirmoq bo‘laman.
Qiyin ekan, juda qiyin ekan, sevgan qahramoningning o‘limini kutib yashasang. Har gal asarni ko‘rsam, yaram yangilanadi. Qo‘limga olgim kelaveradi. Kitobni yashirib qo‘yaman. Ammo, quyoshni bekitib bo‘larmidi?
"œO‘tkan kunlar" — mening romanim. Men haqimda yozilgan, lekin, baribir kitobning oxirini o‘qiy olmayman...
Ruslan KO‘NAROV,
Toshkent moliya instituti talabasi