Izzat Sulton yozadi:
"Men Qodiriydan: "O'tkan kunlar" romaningiz voqeiy asarmi, deb so'radim". "Yo'q, - dedilar u kishi, - romandagi besh-o'n foiz ayrim tarixiy voqealar, shaxslargina voqeiy. Qolganlari yozg'uvchining mahorati..."
Bu javob mening "O'tkan kunlar"ga bo'lgan e'tiqodimni juda susaytirdi. To'g'risi, shunday deb javob berganlari uchun xafa ham bo'ldim. Chunki o'sha choqqacha men "O'tkan kunlar"ni voqeiy asar deb yurardim..."
Habibullo Qodiriy:
Dadamning:
- O'zbek oyim - bu Josiyat bibing, Oftob oyim xonim bibing, Kumush esa - Oykumush opang, - deb kulganlarini xotirlayman.
Garchi Qodiriy bu so'zlarni kulib aytgan bo'lsalar ham o'ylab turib, bunga ishongiz keladi. Chunki Qodiriy ishora qilgan shaxslar nazarimda xuddi roman qahramonlariga o'xshar edi.
Josiyat bibim - dumbul, tabiatli, gapdon, bir uy xotinni o'z og'ziga qaratib o'tiruvchi, uncha-munchani pisand qilmovchi, omi bo'lsa ham donolikda hatto dadamdan o'zini yuqori tutuvchi, qiziq fe'lli ayol edi. Bibim hamma to'ylarga ham "kavshim ko'chada qolgan emas", deb boravermas, borsalar ham to'y albatta u kishining ra'iga qarab jo'nashtirilar edi. Bibim bug'doyrang, quralayko'z, cho'ziqa moyil kelishgan yuzli, baland, mutanosib qomatli edilar. U kishi, to'y, mehmonlarga borsalar, qorami, mo'kmi dakana ustidan, dika ro'mol o'rar, ko'zlariga surma qo'yar, egnilariga xonatlas ko'ylak, ustidan mursak, oyoqqa amirkon mahsi kavsh kiyar edilar. Movzin qomatlariga bu kiyimlar shunday yarashib tushardiki, chindan O'zbek oyimga aylanar edilar...
Xonim bibim - oyimning onasi, o'rta bo'y, chiroyli oq yuzli, yumshoqtabiat, mayin so'zli, mulohazali ayol edilar. Ular ba'zan biznikiga mehmon bo'lib kelsalar, uyimiz go'yo to'lib ketganday bo'lardi. Dadam bibini juda hurmat qilar, "oyi" deb atar edilar.
Oykumush opam - qo'ng'iroqdek tovushli, aql-idrok, husnda haqiqatdan Kumushni eslatuvchi edi.
Eshonguzar mahallamizda mulla Alijon ismli dadamning domlasi bo'lardi. Qodiriy bu kishini "ham ustoz, ham yetuk inson" deb nihoyatda hurmat qilardilar. Domlaning yaxshi xislati shundaki, u oqko'ngil, kibrsiz, ta'magir emas, sabr-qanoatli, kamtar, mutolaasi zo'r olim, der edilar otam. Domlaning ichki dunyosi ham nurga to'lgan kabi edi. Gapni o'ylab, bosiq, sodda, yoqimli so'zlardilar. Soz'alrida mantiqsiz ortiqcha iboralar mutlaqo bo'lmas, tinglovchi go'yo huzurlanar, yana-yana tinglasam der edi. Bunday otalar garchi ko'p uchrasa-da, negadir ayniqsa bu kishini Yusufbek hoji obraziga juda-juda o'xshataman.
Habibullo Qodiriyning "Otam haqida" kitobidan.