Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 330503 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 96 B



AbdulAziz  19 May 2008, 08:27:10

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
BEMORLAR VA TIB HAQIDA KITOB

1-bob. Bemorlik kafforati va Olloh taoloning «Kimning qilmishi yomon ersa, jazo tortg‘usidir!» degan kalomi sharifi xususida


Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zavjalari Oisha onamiz raziyallohu anho bunday degan erkanlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir musibat, hattoki badanining biror yeriga kirgan tikan ham, uning gunohiga kafforat bo‘lg‘usidir!».

Abu Hurayra raziyallohu anhudan bunday deb naql qiladirlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir mashaqqat — Dard, tashvish, qayg‘u, aziyat yohud nochorlik, va hattoki (badaniga) kirgan tikan ham, Olloh taolo dargohida uning gunohlariga kafforat bo‘lg‘usidir!»

Abdulloh ibn Ka’bning otalaridan naql qilishlariga ko‘ra, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Mo‘min odam shamolda goh egilib, goh qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh monanddir, munofiq ersa, mo‘rtligi sababidan bir qattiq shamoldayoq sinib ketguvchi arz (kedr) og‘oliga o‘xshaydir!»

Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday debdirlar: «Mo‘min odam balo-qazolarga toqat etmoqlikda sabza giyoh monanddir. Chunkim, mo‘min har tarafdin shamol esganda egilib, so‘ng yana qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh yanglig‘ balo-qazolarga chidab, yengilmag‘aydir. Fojir (osiy) odam ersa, mo‘rt arz og‘ochi kabidir, Olloh taolo uni, istasa, birdaniga sindira olur!».

Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Olloh taolo qaysi bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rsa, o‘shanga biror musibatni yuborgaydir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:28:33

2-bob. Og‘ir kasallik haqida

Oisha raziyallohu anho bunday deb aytganlar: . «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdek qattiq dardga chalingan odamni ko‘rmaganman».

Abdulloh ibn Abbos bunday deydilar: «Janob Rasulullohni betob bo‘lib qolganlarida ko‘rgani bordim. Ul zot juda og‘ir dardga chalingan erdilar. Shunda men: «Siz juda og‘ir dardga chalinmishsiz, chunkim, Olloh taolo sizga (buning uchun) ikki barobar ko‘p savob ato etg‘usidir» — deb edim. «Janob Rasululloh menga javoban: «Qaysi bir musulmonning boshiga musibat tushg‘aydir, uning gunohlari daraxt yaproqlari yanglig‘ duv to‘kilg‘usidir»,— dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:28:44

3-bob. O’zgalardan ko‘ra ko‘proq jabr tortg‘uvchilar - payg‘ambarlar ekanligi haqida

Abdulloh (ibn Abbos) rivoyat qiladirlar «Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirdim, og‘ir betob bo‘lib yotgan edilar. Shunda menga: «To‘g‘ri, men betob bo‘lsam, juda og‘ir betob bo‘lg‘umdir, sizlardan ikki kishiga yetgulik dard bir o‘zimga yuborilg‘usidir»,— dedilar. Men: «Chunkim, sizga (buning evaziga) ikki barobar ko‘p savob ham berilg‘usidir»,— deb aytdim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:28:54

4-bob. Bemorning holini so‘rash xususida

Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ochlarni to‘yg‘izingiz, bemorlar holini so‘rangiz va asoratga tushib qolganlarni ozod aylangiz!» — deb aytganlar.

Barro ibn Ozib rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga yetti narsaga odat qilib, yetti narsadan hazar qilmakni buyurdilar. «Quyidagilarni odat qilingiz!» — dedilar:
1. Janozaga qatnashmoqni;   
2. Kasalni borib ko‘rmoqni;
3. Chaqirilgan joyga bormoqni;
4. Mazlumga yordam bermoqni;
5. Qasam ichsa, qasamida turmoqni;
6. Salomga alik olmoqni;
7. Aksa urgan kishi «Alhamdu lilloh» desa, unga «Yarhamukalloh» demoqni.
«Quyidagilardan hazar qilingiz!» — dedilar:
1. Kumush idish tutmoqdan;
2. Tilla uzuk taqmoqdan;
3. Ipakli kiyim kiymoqdan (erkaklar nazarda tutilgan);
4. Deboj (guldor ipakli kiyim) kiymoqdan;
5. Qasiy (dag‘al matodan tikilgan kiyim) kiymokdan;
6. Istabraq (atlasga o‘xshagan mato) kiymoqdan;   
7. (bu rivoyatda 7-nchisi tushirib qoldirilgan)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:29:06

5-bob. Behush (hushidan ketgan) bemorlar holidan xabar olmoq haqida

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu bunday deydirlar: «Men kasal bo‘lib yotgan erdim, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Bakr Siddiq birlan birga holimdan xabar olgali kirib keldilar. Mening hushimdan ketayotganimni ko‘rib, tahorat oldilar-da, tahorat suvini ustimga sochdilar. Men hushimga kelgach, qarasam tepamda Janob Rasululloh turibdirlar. Shunda men ul zotdin: «Mol-dunyomni ne qilg‘aymen?»—deb so‘radim. Rasululloh javob bermadilar. Bu masalaning (ya’ni, meros qoldirish masalasining) hukmini meros haqidagi oyat nozil bo‘lgach, bildik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:29:15

6-bob. Qorniga yel to‘planganda hushidan ketgan bemor haqida

Ato ibn Abu Raboh rivoyat qiladirlar: «Ibn Abbos: «Senga bir jannati ayolni ko‘rsataymi?»— dedi. Men: «Ha»,— dedim. Ibn Abbos: «Mana shu qora tanli ayol»,— dedi. O’sha xotin Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib: «Men goho hushimdan ketib, goho o‘zimga kelib turg‘aymen. Olloh taologa iltijo aylab, meni duo qilingiz, dardimga shifo bersin!»,— dedi. Janob Rasululloh: «Istasang, sabru toqat qilg‘il, jannatga kirursen, istasang, duo aylay, Olloh taolo senga shifo ato etg‘ay»,— deb javob qildilar. Ayol: «Yaxshisi, sabr qilg‘onim afzal durur, duo aylangiz, dardimdan forig‘ bo‘lmayin!» — deb aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam duo qildilar.

Ato ibn Abu Raboh Ibn Yazidga bunday degan erkanlar: «Men Ummu Zufarni ko‘rganman, u novcha, qora tanli ayol bo‘lib, o‘shanda Ka’baning devoriga suyanib turgan erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:29:27

7-bob. Ikki ko‘zi ojiz kishining fazilati haqida

Anas ibn Molik Janob Rasulullrodning bunday deganlarini eshitgan erkanlar: «Olloh taolo: «Agar men bandamning ikki mahbubasidan mahrum etsam-u, u bunga sabru toqat aylasa, buning badalig‘a unga jannatdin joy ato etg‘ayman!»—deydi. Ikki mahbubadin maqsad — ikki ko‘z demakdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:29:37

8-bob. Erkak bemorlarni ayollarning borib ko‘rmoqlari xususida

Ummu Dardo’ masjid ahlidan bo‘lmish bir ansoriy erkakni bemorligida holin so‘rab ko‘rgali borib erdilar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Abu Bakr bilan Bilol isitmalab qolishdi. Men ularning huzuriga kirib: «Ey padari buzrukvor (ya’ni, otalari Abu Bakrga qarata aytyaptilar)! Ahvolingiz nechukdir? Ey Bilol! O’zingizni nechuk his etmakdasiz?» — deb so‘radim. Abu Bakr isitma zo‘riqqanda: «Uyimda bo‘lsaydim jon chiqar mahal, Poyabzal ipidan yaqindir ajal»,—der erdilar. Bilol ersa, isitma bir oz pasayganda, yig‘lab:
«Taqdirim ne erur, bilmasman e voh!
Boshimga ajaldin kelurmu sipoh?
Bir kecha bo‘lsa ham, ona vodiyim,
Qo‘ynida yotsaydim, mehribon Olloh!
Qonib ichsam erdim, shaffof suvlarin,
Qaniydi, tashlasam, unga bir nigoh!»—
der erdilar. Men bu haqda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib aytib erdim, ul kishi: «Yo Olloh! Bizga Madinani Makka singari, yokimli, undan ham ortiqroq mahbub etg‘il! Yo Olloh! Uning toshu tarozisiga baraka ato etg‘il, uni (ahlini) hamisha bardamu sog‘lom qil, mana bularning bezgagini ersa, Juhfaga ko‘chirg‘il!» — dedilar (Juhfa Misrda bo‘lib, aholisi mushrik edi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:29:53

9-bob. Go‘dak bemorlarning holidan xabar olmoq haqida

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Hazrat Rasulullohning qizlari Zaynab: «O’g‘lim jon taslim qilay deyapti, ota, tezroq kelingiz!» — deb Rasulullohga odam yubordilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ersa, bunga javoban salom aytib: «Farzand beradirgan ham Olloh, uni qaytib oladirgan ham Olloh. Ollohning dargohida ularning umri aniq belgilab qo‘yilgandir. O’ziga Ollohdan sabru qanoat tilab, uning irodasiga bo‘yinsunsin!»— deb aytib yubordilar. Qizlari: «Otam albatta kelsinlar!»—deb yana odam yubordilar. Bu gapni eshitib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘rinlaridan turdilar, ul kishi birlan birga Sa’d ibn Uboda, Maoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit va bir qancha kishilar ham turib, yo‘lga tushdilar. Yetib borishgach, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bolani uzatishdi, bola g‘arg‘ara (jon berish vaqtidagi holatda) erdi. Nazarimda, bola suvi yo‘q meshdek qurigan-u, jon tanasidan chiqib ketayin, deb turgandek erdi. Buni ko‘rib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak ikki ko‘zlaridan duvullab yosh oqdi. Shunda Sa’d: «Yo Rasulalloh, bu nimasi?!» — dedi. «Bu ko‘z yoshi — Olloh taoloning bandalari qalbiga solgan rahmatidir! Olloh taolo rahmdil bandalariga rahm qilg‘aydir (ya’ni, bu dod-voy solib yig‘lagandagi ko‘z yoshi ermasdir)»,— dedilar».

Qayd etilgan