Umumiy bo'lim > Islomiy kitoblar

Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)

(1/192) > >>

AbdulAziz:
ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL AL-BUXORIY
 
AL-JOMI’ AS-SAHIH
(Ishonarli to‘plam)

4
jild

Arabchadan ABDULG’ANI ABDULLOH tarjimasi
Professor NE’MATULLOH IBROHIM va shoir MIRZO KENJABEK tahriri ostida
Muharrir XOJA BAXTIYOR NABIXON O’G’LI

QOMUSLAR BOSH TAHRIRIYATI

1992 yil

Al-Jome' as-sahih. 4-jild



Muallif: Imom al-Buxoriy
Hajmi: 1,15 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

MUNDARIJA

Bemorlar va tib haqida kitob
Tib kitobi
Libos haqida kitob
Adab kitobi
Ijozat so‘ramoq kitobi
Duolar kitobi
Latif so‘zlar kitobi
Taqdir kitobi
Qasamlar va nazrlar kitobi
Qasamlar kafforatlari bobi
Faroiz (meros) kitobi
Hadd urmoq va hadd urilmog‘idan asrovchi fe’lu atvor haqida kitob
Musulmonlarga qarshi urush olib boruvchi kofirlar va dindan qaytganlar haqida kitob
Tovonlar kitobi
Murtadu munofiqlarni tavba qildirmoq va ularga qarshi kurashmoq xususida hamda Olloh taologa shirk keltirganlarning gunohlari va ularning bul dunyo birlan oxiratda tortadirgan azoblari haqida kitob
Majbur qilmoq haqida kitob   
Hiylalar haqida kitob   
Tushlar haqida
Fitnalar haqida kitob
Hukmlar kitobi
Tamanno (orzu-istak) kitobi
Kitob (Qur’on) va sunnatga qat’iy rioya qilib o‘zini gunohlardan pok tutmoq haqida kitob
Tavhid kitobi
Izohlar

AbdulAziz:
BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
BEMORLAR VA TIB HAQIDA KITOB

1-bob. Bemorlik kafforati va Olloh taoloning «Kimning qilmishi yomon ersa, jazo tortg‘usidir!» degan kalomi sharifi xususida

Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zavjalari Oisha onamiz raziyallohu anho bunday degan erkanlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir musibat, hattoki badanining biror yeriga kirgan tikan ham, uning gunohiga kafforat bo‘lg‘usidir!».

Abu Hurayra raziyallohu anhudan bunday deb naql qiladirlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir mashaqqat — Dard, tashvish, qayg‘u, aziyat yohud nochorlik, va hattoki (badaniga) kirgan tikan ham, Olloh taolo dargohida uning gunohlariga kafforat bo‘lg‘usidir!»

Abdulloh ibn Ka’bning otalaridan naql qilishlariga ko‘ra, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Mo‘min odam shamolda goh egilib, goh qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh monanddir, munofiq ersa, mo‘rtligi sababidan bir qattiq shamoldayoq sinib ketguvchi arz (kedr) og‘oliga o‘xshaydir!»

Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday debdirlar: «Mo‘min odam balo-qazolarga toqat etmoqlikda sabza giyoh monanddir. Chunkim, mo‘min har tarafdin shamol esganda egilib, so‘ng yana qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh yanglig‘ balo-qazolarga chidab, yengilmag‘aydir. Fojir (osiy) odam ersa, mo‘rt arz og‘ochi kabidir, Olloh taolo uni, istasa, birdaniga sindira olur!».

Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Olloh taolo qaysi bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rsa, o‘shanga biror musibatni yuborgaydir».

AbdulAziz:
2-bob. Og‘ir kasallik haqida

Oisha raziyallohu anho bunday deb aytganlar: . «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdek qattiq dardga chalingan odamni ko‘rmaganman».

Abdulloh ibn Abbos bunday deydilar: «Janob Rasulullohni betob bo‘lib qolganlarida ko‘rgani bordim. Ul zot juda og‘ir dardga chalingan erdilar. Shunda men: «Siz juda og‘ir dardga chalinmishsiz, chunkim, Olloh taolo sizga (buning uchun) ikki barobar ko‘p savob ato etg‘usidir» — deb edim. «Janob Rasululloh menga javoban: «Qaysi bir musulmonning boshiga musibat tushg‘aydir, uning gunohlari daraxt yaproqlari yanglig‘ duv to‘kilg‘usidir»,— dedilar.

AbdulAziz:
3-bob. O’zgalardan ko‘ra ko‘proq jabr tortg‘uvchilar - payg‘ambarlar ekanligi haqida

Abdulloh (ibn Abbos) rivoyat qiladirlar «Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirdim, og‘ir betob bo‘lib yotgan edilar. Shunda menga: «To‘g‘ri, men betob bo‘lsam, juda og‘ir betob bo‘lg‘umdir, sizlardan ikki kishiga yetgulik dard bir o‘zimga yuborilg‘usidir»,— dedilar. Men: «Chunkim, sizga (buning evaziga) ikki barobar ko‘p savob ham berilg‘usidir»,— deb aytdim.

AbdulAziz:
4-bob. Bemorning holini so‘rash xususida

Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ochlarni to‘yg‘izingiz, bemorlar holini so‘rangiz va asoratga tushib qolganlarni ozod aylangiz!» — deb aytganlar.

Barro ibn Ozib rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga yetti narsaga odat qilib, yetti narsadan hazar qilmakni buyurdilar. «Quyidagilarni odat qilingiz!» — dedilar:
1. Janozaga qatnashmoqni;   
2. Kasalni borib ko‘rmoqni;
3. Chaqirilgan joyga bormoqni;
4. Mazlumga yordam bermoqni;
5. Qasam ichsa, qasamida turmoqni;
6. Salomga alik olmoqni;
7. Aksa urgan kishi «Alhamdu lilloh» desa, unga «Yarhamukalloh» demoqni.
«Quyidagilardan hazar qilingiz!» — dedilar:
1. Kumush idish tutmoqdan;
2. Tilla uzuk taqmoqdan;
3. Ipakli kiyim kiymoqdan (erkaklar nazarda tutilgan);
4. Deboj (guldor ipakli kiyim) kiymoqdan;
5. Qasiy (dag‘al matodan tikilgan kiyim) kiymokdan;
6. Istabraq (atlasga o‘xshagan mato) kiymoqdan;   
7. (bu rivoyatda 7-nchisi tushirib qoldirilgan)».

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version