Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 335019 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 96 B


AbdulAziz  19 May 2008, 08:30:04

10-bob. Badaviylar (ko‘chmanchi arablar)ning e’tiqodlari haqida

Ibn Abbosdan naql qilinishicha, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir badaviy bemorni ko‘rgani kirib: «Hechqisi yo‘q! Inshoolloh, bu dard — (gunohlarni) yuvuvchi bir vositadir»,— deb aytibdilar. Shunda bemor badaviy: «Sen dardni — (gunohlarni) yuvuvchi vosita, deb aytding. Yo‘q, unday emas, bu — isitma, bezgakdir, u mendek bir keksa odamni qabr yoqasiga yetaklab turibdi-ku, axir!» - debdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Bo‘lmasa, shundoq», - deb javob qilibdilar (ya’ni, gap uqdirib bo‘lmasligini sezib, shunday deganlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:30:25

11-bob. Mushrik bemorni borib ko‘rmoq xususida

Anas ibn Molikdan naql qiladirlar: «Bir yahudiy Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga xizmat qilib yurar erdi. Bir kuni ul betob bo‘lib qolganida Janob Rasululloh ko‘rgani bordilar va uni islomga da’vat qildilar, ul islomga kirdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:30:34

12-bob. Bemorni borib ko‘rgach, uning imomligida jamoat bo‘lib namoz o‘qilgani haqida

Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Janob Rasu lulloh betob bo‘lib qolganlarida odamlar (ya’ni, sahobalar) ko‘rgani kirdilar. Shunda, Rasululloh o‘tirgan hollarida ularga imomlik qilib namoz o‘qidilar, ular esa tik turgan hollarida o‘qishdi. Janob Rasululloh ularga o‘tiringlar, deb ishora qildilar. Namoz tugagach: «Imom iqtido qilmoq uchun imom qilingandir, agar ul ruku’ qilsa, siz ham ruku’ qilingiz, ruku’dan boshini ko‘tarsa, siz ham ko‘taringiz, basharti o‘tirib o‘qisa, sizlar ham o‘tirib o‘qingiz!» — dedilar.

Imom Buxoriy bunday deydirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Imom o‘tirib o‘qisa, o‘tirib o‘qingiz!» degan so‘zlarini bundan ilgarigi betoblik paytlarida aytganlar, so‘nggi kasal bo‘lganlarida ersa, Janob Rasululloh o‘tirib namoz o‘qiganlar. Odamlar tik turib o‘qishgan, ularga o‘tirmoqni buyurmaganlar. Oxirgisi hisobga oling‘aydir, zero oxirgisi Janob Rasulullohning tabiatlariga mosdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:30:43

13-bob. Bemorning peshonasiga qo‘lni qo‘ymoq haqida

Oisha binti Sa’d rivoyat qiladirlar: «Otam (Sa’d ibn Abu Vaqqos) Makkada qattiq kasal bo‘lib qolganlarida Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rgani keldilar. Otam shunda: «Yo Nabiyyalloh, men o‘lsam, bir qadar mol-dunyo qolg‘aydir, ammo mening bir qizimdan boshqa meros oladirgan odamim yo‘q, molimning 1/3 qismini ehson qilayinmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Yo‘q»,— dedilar. Otam: «Yarmini sadaqa qilayinmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Yo‘q»,— dedilar-da, so‘ng: «1/3... 1/3 qismi ham ancha ko‘p narsadir»,— deb muborak qo‘llarini otamning peshonalariga qo‘ydilar, keyin qo‘llari birlan mening yuzim va qornimni silab turib: «E parvardigoro, Sa’dga shifo ato etg‘aysen, sahobalarimning hijratini ersa, bexatar qilg‘aysen!» — deb qo‘ydilar. O’shandan beri jigarimda ul zotning muborak qo‘llarining tafti bordek tuyuladi».

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirdim. Ul zot betob erdilar. Qo‘limni (badanlariga) tekkizib ko‘rdim-da: «Yo Rasulalloh, siz qattiq betob bo‘lib qolibsiz-ku!»—dedim. Janob Rasululloh: «Ha, shunday, men ikki kishiga ham yetadirgan dard birlan kasallandim».— dedilar. Men: «Chunki, buning evaziga sizga ikki barobar ko‘p savob berilg‘usidir»,— dedim. Janob Rasululloh: «Ha, shunday, musulmon odam biror dardga chaling‘aydir, uning gunohlari daraxt yaproqlari yanglig‘ duv-duv to‘kilg‘usidir!» — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:30:53

14-bob. Bemorga aytiladigan va bemor aytadigan so‘zlar xususida

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladirlar: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning kasallik vaqtlarida huzurlariga ko‘rgani kirdim va ul zotning badanlariga qo‘limni tekkizib: «Siz qattiq kasalsiz, chunki sizga ikki barobar ko‘p savob berilg‘usidir» — deb aytdim. Janob Rasululloh: «Ha, shunday. Musulmon odam biror dardga chalinsa, uning gunohlari daraxt yaproqlari yanglig‘ duv-duv to‘kilgusidir»,— deb aytdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:31:07

15-bob. Ulovda yoki piyoda yohud birovni eshakka mingashtirib kasal ko‘rgani bormoq haqida

Usoma ibn Zayd rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eshaklariga Usomani mingashtirib Sa’d ibn Ubodani ko‘rgani bordilar. Bu voqea Badr urushidan oldin bo‘lgan erdi. Yo‘l-yo‘lakay Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning huzurida bo‘layotgan yig‘inga kirib o‘tdilar. Bu vaqtda u hanuz islomga kirmagan erdi. Yig‘inda musulmonlar, mushriklar hamda yahuduylar ishtirok etishayotgan bo‘lib, ularning orasida Abdulloh ibn Ravoha ham bor erdi. Abdulloh ibn Ubay hayvon tuyog‘idan ko‘tarilayotgan chang-to‘zondan ridosi birla burnini to‘sib: «Hey, changitmangizlar!»—dedi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (eshaklarini) to‘xtatdilar-da, pastga tushdilar, so‘ng yig‘indagi nomusulmon kishilarni Olloh taolo yo‘liga da’vat etdilar va Qur’ondan bir oyat tilovat qildilar. Abdulloh ibn Salul: «Ey falonchi, sening aytganingni qila olmayman, gar haq gapni aytayotgan ersang-da, bizning majlisimizga xalal berma, yo‘lingdan qolma, bizdan birortamiz huzuringga borsa, ana o‘shanga rivoyat qil!»—dedi. Ibn Ravoha ersa: «Yo Rasulalloh, yig‘inimizga kelaveringiz, biz shuni istagaydirmiz!» — deb aytdi. Natijada musulmonlar, mushriklar va yahudiylar o‘zaro janjallashib qoldilar. Janob Rasululloh ularni tinchlantirdilar-da, eshaklariga minib Sa’d ibn Ubodaning uyiga ravona bo‘ldilar. Yetib borganlaridan so‘ng: «Ey Sa’d, sen Abu Hubob (ya’ni, Abdullok, ibn Ubay)ning aytgan so‘zini eshitdingmi?» — dedilar. Sa’d: «Yo Rasulalloh, uni avf etingiz! Olloh taolo sizga (payg‘ambarlikni) ato etmishdir. Abdulloh ibn Ubayni ersa, bu shaharning aholisi o‘ziga podshoh etmoqni ixtiyor aylab, boshiga toj kiydirmoq niyatida erdi. Sizga Olloh taolo yo‘llagan haqiqat (hidoyat) tufayli u bundan mahrum bo‘ldi, shu boisdan ham sizga o‘zingiz shohidi bo‘lganingizcha muomalada bo‘ldi»,— dedi».

Jobir ibn Abdulloh otalaridan eshitganlarini bunday deb rivoyat qiladirlar: «Men betob bo‘lib qolganimda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rgani keldilar, ammo xachir yokim ot minib kelganlari yo‘q erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:31:15

16-bob. Bemorning «Kasalman» yokim «Voy boshim» yohud «Dardim zo‘raydi» deb aytmog‘ining joizligi haqida va Ayyub alayhissalomning «Menga dard tegdi, ey Olloh, sen barcha rahimlilardan rahimliroqdirsan!» deb aytganlari xususida

Ka’b ibi Ujra raziyallohu anhu bunday dedilar: «Men bir kuni o‘choqqa o‘t yoqayotgan erdim, nogahon Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yonimizdan o‘tayotib: «Boshingdagi hasharotlar (bitlar) senga azob beryaptimi deyman?» — dedilar. Men: «Ha, shundoq» dedim. So‘ng, Janob Rasululloh sartaroshni chorlab, sochimni oldirdilar-da, fidya bermog‘imni amr qildilar».

Oisha onamiz raziyallohu anho: «Voy boshim!» — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar vaqti-soating tugab, ko‘zim ochiqligida vafot etsang, sening gunohlaringni Olloh taolodan tilab, istig‘for aytgumdir, ruhingga duo aylagumdir»,— dedilar. Oisha onamiz: «Voy sho‘rim, siz mening o‘limimni istag‘aydurmisiz?! Gar men vafot etgumdir, siz so‘nggi kunlaringizni boshqa xotinlaringiz birlan o‘tkazg‘aydurmisiz?!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Bunday deydirgan bo‘lsang, unda men voy boshim, deya qolay! Abu Bakr va ul kishining o‘g‘illariga odam yuborib, kishilar o‘rtasida gap-so‘zga sabab bo‘lmog‘iga hamda ko‘pchilikning da’vogar ekanligiga qaramay, xalifalikni shularga vasiyat qilsammikan? Chunkim, Olloh taolo ulardan o‘zgasini istamag‘aydir, o‘zgasini mo‘minlar ham rad etg‘aydirlar»,— dedilar».

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam betob yotganlarida huzurlariga kirdim. Qo‘limni badanlariga tekkazdim-da, «Yo Rasulalloh, siz qattiq betob bo‘lib qolibsiz-ku!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ha, shundoq, men ikki kishiga ham kifoya qiladirgan dardga chalingandirmen»,— dedilar. Men: «Ammo, buning evaziga sizga ikki barobar ko‘p savob ham berilg‘usidir!» — dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ha, shundoq, musulmon odam biror dardga mubtalo bo‘lgaydir, uning gunohlari daraxt yaproqlari kabi duv-duv to‘kilg‘usidir»,— dedilar».

Amir ibn Sa’d otalaridan eshitganlarini rivoyat qiladirlar. Ul kishi bunday degan erkanlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qattiq betob bo‘lib yotganimda ko‘rgani keldilar. Bu voqea Hajjat ul-Vido’ yilida bo‘lgan erdi. Men: «Yo Rasulalloh, ko‘rib turibsizki, men og‘ir betobman. Men badavlat kishiman, mol-dunyo birgina qizimga meros bo‘lib qolg‘ay. Boyligimning 1/3 qismini sadaqa qilayinmi?»—dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q!»— dedilar. Men: «Yarmini ehson qilayinmi?» — dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q!» — dedilar-da, so‘ng: «1/3... 1/3 qismi ham ancha ko‘p narsadir, albatta sen bolalaringni odamlardan tilanadirgan faqir qilib qoldirganingdan ko‘ra, boyroq qilib qoldirganing yaxshiroqdir. Agar sen xayru sadaqa uchun molingni sarflaydirgan bo‘lsang, albatta buning evaziga Ollohdan savob olg‘aysan, hatto xotiningning og‘ziga solib qo‘ygan luqmang uchun ham»,— deb qo‘shib qo‘ydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:31:28

17-bob. Bemorning «Meni yolg‘iz qo‘yingiz» deb aytganligi haqida   

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam g‘arg‘ara (o‘lim oldi talvasasi) holatiga tushib qolganlarida uyda bir necha kishi mavjud erdi. Janob Rasululloh ularga: «Qog‘oz-qalam keltiringiz, men sizlarga bir kitob (nasihatnoma) qoldirayki, uni o‘qib, zinhor yo‘ldan adashmag‘aysiz!» — dedilar. Hazrat Umar: «Janob Rasulullohni dard yengib qo‘ygan ko‘rinadi, sizlarning ixtiyoringizda Qur’on bordir, bizga Ollohning Kitobi kifoya qilg‘aydir»,— dedilar. Shunda u yerda mavjud kishilar orasinda ixtilof chiqib, ulardan ayrimlari: «Qog‘oz-qalam keltiringiz, Janob Rasulullohning bizga aytmoqni ixtiyor qilg‘on so‘zlarini bitib olg‘aymiz, toki ul zotdin so‘ng adashmagaysizlar» — deyishsa, ba’zilari Hazrat Umarning so‘zlarini takrorlashdi. Gap-so‘z ko‘paygach, Janob Rasululloh: «Turingizlar, ketingizlar!» — dedilar. Ubaydulloh (ibn Abdulloh)ning aytishlaricha, Ibn Abbos bunday der ekanlar: «O’shanda musibat ustiga musibat bo‘lg‘on erdi, chunkim, Janob» Rasulullohning huzurlarida bo‘lganlar o‘zlarining be’mani, bekorchi gaplari va o‘zaro tortishuvlari bilan payg‘ambarimizning aytmoqni ixtiyor qilgan nasihatlarini yozib olmoqqa mone’lik qilgan erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:31:36

18-bob. Bemor bolani (Janob Rasululloh huzurlariga) duo qilsinlar deb olib bormoq haqida

Soib ibn Yazid rivoyat qiladirlar: «Xolam meni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borib: «Yo Rasulalloh, singlimning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi», — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam boshimni siladilar va meni «Baraka topg‘il!» deb duo qildilar, keyin tahorat oldilar. Tahoratdan tushgan suvdan ichdim, keyin Janob Rasulullohning orqa tomonlariga o‘tib turdim, ikki kuraklari orasida olmadek keladigan Payg‘ambarlik muhrini ko‘rdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 May 2008, 08:31:47

19-bob. Bemorning o‘ziga o‘lim tilamog‘ining ta’qiqlanganligi haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalarga xitob qilib): «Birontangiz uzoq xastalanib yotib qolsangiz, (bezor bo‘lganingizdan) o‘zingizga o‘lim tilamangiz! Basharti shunday qilmog‘ingiz zarur bo‘lsa, «Ey parvardigoro, agar (bundan keyingi) yashamog‘imning menga nafi bo‘lsa, meni tirik qoldirg‘il, mabodo o‘lmog‘im afzal bo‘lsa, omonatingni olg‘il, deb aytingiz!» — dedilar».

Abu Hozim al-Bajliy al-Kufiy rivoyat qiladirlar: «Xabbob (ibn al-Arat) kasal bo‘lganida, ko‘rgani kirdik. (Qarasak), qornining yetti joyiga tamg‘a bosilgan erkan. U bunday dedi: «Bizning ayrim do‘stlarimiz olamdin ko‘z yumdilar. Vale, ular qilgan amali solihlari evaziga bu dunyoda ajr olmoqqa muyassar bo‘lmadilar, chunkim Olloh taolo ularga atagan ajrlarini oxiratga olib qoldi. Biz ersak, behisob mol-dunyo jamg‘arib, uni tufroqdin o‘zga nimarsaga sarf qila bilmadik. Agar Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga o‘lim tilamoqni man’ qilmaganlarida, men o‘zimga o‘lim tilagan bo‘lar erdim!». Biz Xabbobning huzuriga ikkinchi daf’a kelganimizda, u devor urayotgan erkan. Shunda bizga qarata bunday dedi: «Musulmon odam mana shu loyga sarflaganidin o‘zga barcha qilgan xayr-ehsonlari badaliga savob olg‘usidir!».

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Hech kimsa faqat toat-ibodat qilgani bilan jannatga kiravermaydi» — dedilar. Sahobalar: «Hattoki, siz hammi?»— deb so‘radilar. Janob Rasululloh: «Ha shunday, gar Olloh taolo meni o‘z fazlu rahmati og‘ushiga olmas erkan, men ham (yolg‘iz toat-ibodat birlan jannatga kira olmasmen). Shu boisdin ham to‘g‘ri yo‘ldin ozmangiz, quyushqondin chiqmangiz, o‘zingizga o‘zingiz o‘lim tilamangiz. Gar kishining qilmishi yaxshilig‘ ersa, «ajab ermaskim, yaxshilig‘lari yana ham ziyoda bo‘lsa, va gar ul yomonliqg‘a moil ersa, shoyad insofg‘a kelib, Olloh taolo rizolig‘in istab qolsa!» —dedilar.

Abbod ibn Abdulloh ibn az-Zubayrga Oisha onamiz raziyallohu anho bunday degan erkanlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga suyanib turib, «Ey parvardigoro, mening gunohlarimni afv etg‘il, mendan rahmatingni darig‘ tutmag‘il va meni rafiq ul-a’lo (maloikalar) jumlasidan qilg‘il!» — dedilar».

Qayd etilgan