18-bob. Bolaga rahmdillik qilmoq, uni o‘pib quchoqlamoq haqida
Sobit Anasdan naql qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ibrohimni qo‘llariga olib o‘pdilar, hidladilar».
Ibn Abu Nu’m rivoyat qiladilar: «Men bir kishining Ibn Umardan chivinning xuni haqida so‘raganining guvohi bo‘ldim. Ibn Umar undan: «Qaerliksan?» — deb so‘radilar. U: «Iroqlikman»,— dedi. Ibn Umar: «Manavi odamni qaranglar, mendan chivinning xuni haqida so‘rayotir! Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning o‘g‘illaridan birini o‘ldirishganda, ul zotning «Ular ikkisi bu dunyodan (jannatga rihlat etgan) ikki dasta rayhonlarim erdi!» deganlarini eshitganmen»,— deb aytdilar» («Ular ikkisi» — deganlarida vafot etgan ikki o‘g‘illarini nazarda tutyaptilar).
Nabiy sallallohu alayui va sallamning jufti halollari bo‘lmish Oisha onamiz Urva ibn az-Zubayrga bunday deb aytgan erkanlar: «Bir ayol ikki qizalog‘ini yetaklagan holda huzurimga tilamchilik qilib keldi. Uyoq-buyoqni qarab bir dona xurmodam bo‘lak hech narsa topolmadim. O’sha xurmoni unga berib erdim, o‘zi yemay ikki qizalog‘iga bo‘lib berdi. So‘ng, o‘rnidan turib chiqib ketdi. Shu asnoda Nabiy sallallohu alayhi va sallam kirib kelgan erdilar, bo‘lgan voqeani aytib berdim. Janob Rasululloh: «Kimki ana shunday qizaloqlarga muruvvat qo‘lini cho‘zg‘aydir, ular uni do‘zax otashidan parda bo‘lib to‘sib turg‘aydirlar»,— dedilar».