21-bob. Bemor og‘zining bir chekkasidan dori tomdirish haqida
Ibn Abbos va Oisha raziyallohu anhumo rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan keyin Abu Bakr (ul zotning) yuzlaridan o‘pdilar. Oisha onamiz bunday deydilar: «Janob Rasulullohning, xastalik vaqtlarida, og‘izlarining bir chekkasidan dori tomizgan erdik, ul kishi «Bunday qilmangizlar!» degan ma’noda ishora qildilar. Biz: «Bemor odam, odatda dori iste’mol qilmoqni yoqtirmaydi»,— deb o‘yladik. Hushlariga kelganlaridan so‘ng: «Men sizlarga og‘izga dori quymangizlar, demabmidim?!» — dedilar. Biz: «Kasal, odatda dori iste’mol qilmoqni yoqtirmaydi, deb o‘yladik»,— dedik. Janob Rasululloh: «Shu uyda turganlar orasida og‘ziga dori tomizilmagan birorta ham kishi qolmaydi. Ko‘rib turibmanki, Abbos sizlarning bu qilgan ishlaringizda ishtirok etmagan»,— dedilar».
Ummu Qays rivoyat qiladilar: «O’g‘ilchamni olib Janob Rasulullohning huzurlariga kirdim, tomog‘i og‘rib, (murtagi) yiringlab ketgan erdi. «Nega bolalaringizni qiynaysizlar? Qusti hindiydan iste’mol qildiringiz, chunkim unda yetti dardga davo mavjuddir. Jumladan (qusti hindiy) zotiljamga ham davo bo‘lib, uni bemorni yon boshiga yotqizib qo‘yib, og‘ziga quyiladi»,— dedilar. Az-Zuhriydan eshitdimki, Janob Rasululloh (qusti hindiy) davo bo‘ladigan yetti darddan ikkitasini aytib, beshtasini aytmabdilar».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, dardlari og‘irlashgach, tuzalgunlaricha mening uyimda yotmoqchi ekanliklarini aytib hamma xotinlaridan ijozat so‘radilar. Ular rozi bo‘lishdi. Keyin, Janob Rasululloh ikki kishi yordamida oyoqlarini zo‘r-bazo‘r bosib mening uyimga chiqdilar. Bir qo‘ltiqlaridan Abbos va ikkinchi qo‘ltiqlaridan yana bir kishi ushlab olib chiqishdi». «Oisha onamiz aytib bergan hadisni Ibn Abbosga hikoya qilib berdim,— deydilar Ubaydulloh,— u mendan: «Oisha onamiz tilga olmagan o‘sha kishining kim ekanligini bilurmisen?» — deb so‘radi. Men: «Yo‘q»,— dedim. Abbos: «U — Ali ibn Abu Tolib erdilar»,— dedi».
Oisha onamiz bunday deydilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyga kirgach, dardlari yana ham og‘irlashdi. Shunda ul zot: «Og‘zi bog‘liq yettita meshda ustimga suv quyingiz, toki men odamlarga vasiyat qilib olay!»—deb amr qildilar. Biz Janob Rasulullohni tog‘oraga o‘tqazib, to «Bo‘ldi, yetarli!» demagunlaricha ustlaridan meshlarda suv quydik. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh odamlar huzuriga (masjidga) chiqib, birgalikda namoz o‘qidilar va amr ma’ruf qildilar».