1-bob.
Olloh taolo: «Unga kim jon ato qilgan?» — deydi. Ibn Abbos: «Barcha insonlarga jon ato qilgani kabi uni nohaq o‘ldirmoqni ham man’ qilgan zotdur!»—deydilar.
Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki nohaq odam o‘ldirg‘aydur, Odam alayhissalomning (insoniyat tarixida birinchi bo‘lib odam o‘ldirgan) to‘ng‘ich o‘g‘illari (Qobilning) gunohini bo‘yniga olgan bo‘lur!»— dedilar».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mendan keyin bir-biringizning bo‘g‘zingizga tig‘ uradirgan kofir bo‘lib ketmangizlar — deb aytdilar».
Abu Zur’a rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hajjat ul-Vido’da odamlarni ogohlantirib: «Mendan keyin bir-biringizning bo‘g‘zingizga tig‘ uradirgan kofir bo‘lib ketmangizlar!» — dedilar».
Abdulloh ibn Amr rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Olloh taologa shirk keltirmoq va ota-onaga oqlik qilmoq (yokim «Yolg‘ondan qasam ichmoq» deb aytgan bo‘lishlari ham mumkin, deydilar Shu’ba) gunohi azimlardandur!» — dedilar».
Maoz bunday deydilar: «Bizga Shu’ba aytdiki, Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, yolg‘ondan qasam ichmoq, ota-onaga oqqlik qilmoq (yokim odam o‘ldirmoq, degan bo‘lishlari ham mumkin) gunohi azimlardandur!» — degan erkanlar».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taologa shirk keltirmoq, odam o‘ldirmoq, ota-onaga oqqlik qilmoq, yolg‘on guvohlik bermoq (tuhmat gap aytmoq) eng katta gunohi azimlardandur!» — dedilar.
Usoma ibn Zayd ibn Horisa rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni Juhayna qabilasining al-Huraka urug‘iga qarshi urushga jo‘natdilar. Biz tong chog‘ida hujum qilib, ularni yengdik. Men va bir ansoriy ulardan qochib ulgurgan bir kishini quvib yetganimizda «Lo iloha illallohu» deb kalima keltirdi. Shunda ansoriy unga tegmadi, men ersam nayza sanchib uni o‘ldirib qo‘ydim. Ortimizga qaytgach, bul haqda Janob Rasulullohga aytib erdik ul zot: «Lo iloha illallohu deganiga qaramay o‘ldirdingmi!» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, ul jon saqlamoq niyatida kalima keltirdi!» — dedim. Janob Rasululloh: «Lo iloha illallohu» deganiga qaramay o‘ldirdingmi!» — deb takror takror aytaverdilarki, hatto men o‘shal kundan oldin musulmon bo‘lganimga pushaymonlar yedim».
Uboda ibn as-Somit raziyallohu anhu bunday deydilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qo‘l berib Olloh taologa zarracha shirk keltirmaslikka, zino qilmaslikka, o‘g‘rilik qilmaslikka, Olloh taolo o‘ldirmoqni man’ qilgan insonni o‘ldirmaslikka, birovlarning molini talon-taroj qilmaslikka, jannatga xilof ishlarni qilmaslikka bay’at qilgan qabila oqsoqollaridan biri erdim. Bulardan birortasiga amal qilmasak Olloh taoloning o‘zi bizni jazolasin!»
Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bizga qarshi qo‘liga qurol olgan shaxs bizdan emasdur!»—dedilar».
Ahnaf ibn Qays rivoyat qiladilar: «Bir kishining yonini olib yordam bergani ketayotgan erdim, yo‘lda Abu Bakr yo‘likib: «Qaerga ketayotirsan?» — dedilar. Men: «Bir kishining yonini olib yordam bergani ketayotirman»,— dedim. Abu Bakr bunday dedilar: «Qaytg‘il, chunkim Janob Rasululloh ikki musulmon bir-biriga qarshi qilich ko‘tarsa, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxi bo‘lmog‘ini menga aytgan erdilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, o‘ldirgan-ku... tushunarli, ammo o‘lgan nega do‘zaxi bo‘lay?» — deb erdim, ul zot: «O’lgan ham raqibini o‘ldirmokqa qasd qilgandur!» — dedilar».