Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495527 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 ... 96 B


AbdulAziz  21 May 2009, 07:36:35

13-bob. Vabo (o‘lat) chiqqan joydan hiyla qilib qochib qolmoqning makruhligi haqida

Abdullo ibn Omir ibn ar-Rabiy’a rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob Shomga safar qildilar. Sarg‘ degan manzilga kelganlarida Shomda vabo tarqalganligi haqida xabar keldi. Shunda Abdurrahmon ibn Avf: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Biror joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, ul yerga kirmangiz va agar o‘zingiz turgan joyda vabo tarqalsa, ul yerdan qochib boshqa yerga ketmangiz!» — deb aytganlarini eshitgan erdim», — dedi. Hazrat Umar buni eshitib Sarg‘dan ortlariga qaytdilar».

Usoma ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vabo xususida gapirayotib bunday dedilar: «Vabo (Olloh taolo gunohlar uchun yuboradirgan) azob bo‘lib, ba’zi ummatlar u birlan azoblangandurlar, so‘ng ulardan omon qolganlari yashashda davom etgandur. Insonlar ana shunday kelib-ketib turg‘aylar. Kimki biron yerdan vabo chiqqanlig‘in eshitsa, ul yerga kirmasin va kimki vabo tarqalgan yerda ersa, ul yerdan (xiylakorlik qilib) qochib qolmasin!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:37:46

14-bob. Hadya va shuf’a haqida

Ba’zi odamlar (ba’zi ulamolar): «Bir kishi ikkinchi bir kishiga ming dirham yokim undan ko‘proq pul hadya qilg‘on ersa-yu, keyin bir qancha yil o‘tgach, hiylakorlik qilib uni qaytarib olsa, har ikkalasiga ham (o‘shal pul uchun) zakot vojib bo‘lmag‘ay», — deydilar. Bu birlan ular Janob Rasulullohning hadya xususida aytgan hadislariga muxoliflik qilib, boyagi odamlar bo‘ynidan zakotni soqit qiladilar.

Ibn Abbos rivoyat qiladilarki, Janob Rasululloh: «O’z hadyasini qaytarib olgan odam o‘z qusug‘ini qayta yegan it yanglig‘dur, bizlar uchun bundan ortiq tubanlik yo‘qdur!» — degan erkanlar.

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har bir ko‘chmas mulkka shuf’a ta’yin qildilar (shuf’a — qo‘shnining sotuvga qo‘yilgan mulkini (uy va yerlarini) birovga sottirmay, pulini to‘lab o‘z mulkiga qo‘shib olmoq imtiyozini berguvchi huquq). Ammo, chegaralari belgilangan yerlarga va ko‘chalarga nisbatan shuf’a yo‘qdur».

Ba’zi odamlar (ba’zi ulamolar) «Qo‘shnining shuf’a huquqi mavjud» deb, keyin quyidagi gaplari birlan uni botil qiladilar: «Bir kishi hovli sotib olmoqchi ersa-yu, bo‘lajak qo‘shnisining shuf’aga binoan uni o‘z yeriga qo‘shib olmog‘idan cho‘chib avval yuzdan bir qismini, so‘ng qolganini sotib olsa va o‘shal dastlabki sotib olgan qismida qo‘shnisining shuf’asi bo‘lgan bo‘lsa, ul holda qo‘shnisining hovlining qolgan qismida haqi bo‘lmay, uni qo‘lga kiritmoq uchun hiyla ishlatmog‘i mumkindur».

Amr ibn Sharid rivoyat qiladilar: «Misvar ibn Maxrama kelib qo‘lini yelkamga qo‘ydi. Men ul birlan birga Sa’d (ibn Molik)ning huzuriga bordim. Janob Rasulullohning ozod qilgan qullari Abu Rofi’ Misvarga: «Sa’dga aytingiz, mening hovlimdagi bir uyni sotib olsin!» — dedi. Sa’d: «Unga to‘rt yuz misqoldan ortiq bermag‘aymen, shunda ham bo‘lib-bo‘lib yokim muayyan muddatdan so‘ng berg‘aymen», — dedi. Abu Rofi’: «Unga besh yuz misqol narx qo‘yg‘on erdilar, agar Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Qo‘shni qo‘shniga boshqalardan ko‘ra haqliroqdur!» deb aytmaganlarida erdi, senga sotmas erdim!» — dedi» Ba’zi odamlar: «Shuf’ani sotmoqchi bo‘lgan kishi hiyla-tadbir qilib shuf’ani bekor qilmog‘i uchun xaridorga hovlisini in’om qilib narxini aytadir, xaridor ersa unga yashirincha ming dirham beradir, shunda shuf’a huquqiga ega bo‘lgan qo‘shnisi shuf’a huquqidan mahrum bo‘ladir», — deyishadir.

Amr ibn Sharid rivoyat qiladilar: «Abu Rofi’ Sa’d (ibn Molik) birlan uyini to‘rt yuz misqolga savdolashdida: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Qo‘shni qo‘shniga haqliroqdur!» — deb aytganlarini eshitmaganimda erdi, uyimni senga sotmas erdim!» — dedi».

Ba’zi odamlar: «Agar kishi hovli sotib olsa-yu, o‘sha yerdagi qo‘shnini shul hovliga bo‘lgan shuf’a huquqidan mahrum etmoqchi bo‘lsa, uni kichik o‘g‘liga hadya qiladir. Bu unga gunoh bo‘lmag‘ay», — deyishadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:38:52

15-bob. Zakotchining hiylakorlik qilib zakotga berilgan narsalardan o‘ziga olib qolmog‘i haqida

Abu Humayd as-So’idiy rivoyat qiladplar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Banu Sulaym qabilasidan zakot yig‘ish uchun bir kishini zakotchi qilib tayinladilar, ismi — Ibnullutbiyya erdi. O’shal odam zakot yig‘ib kelgach, Janob Rasululloh hisob-kitob qildilar, Shunda ul: «Mana bular zakotga berildi, mana bular ersa menga hadya qilindi», — dedi. Janob Rasululloh: «Agar gaping rost ersa (odamlar hadya qilmog‘iga arzigulik kishi ersang), unda ota-onangning uyida o‘ltirsang ham odamlar senga hadya olib kelavermas erdimi?!» — dedilar. Keyin, Olloh taologa hamdu sanolar aytdilarda, «ammo ba’d» degach, bizga bunday deb xitob qildilar: "Men oralaringizdan bir kishini Olloh taolo menga buyurgan zakotni yig‘ib kelmoqqa tayin qilsam, ul qaytib kelib: «Mana bular sizga (zakotga) berildi, mana bular ersa, menga hadya qilindi», — deydir. Agar shunday ersa, ota-onasining uyida o‘ltirib hadya olavermaydimi?! Olloh taolo haqi, o‘la-o‘lguningizcha zig‘irdak bo‘lsa ham haqqingiz bo‘lmagan narsani olmangiz, illo qiyomat kuni nohaq olgan narsangizni ko‘targan holda Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lg‘aysiz. Shunda hech qaysingiz bir-biringizga qiyo ham boqmag‘aysiz. Nohaq olgan tuyangizni o‘kirgan holda yokim nohaq olgan sigiringizni bo‘kirgan holda yohud nohaq olgan qo‘yingizni ma’ragan holda ko‘tarib Olloh taoloning huzurig‘a kelgaysiz!». So‘ng, Janob Rasululloh ikki qo‘llarini shul qadar baland ko‘tarib fotiha qildilarkim, hatto qo‘ltiqlarining oppoqligi ko‘rinib ketdi. «Yo parvardigoro, — dedilar Janob Rasululloh, — sening amringni (ummatlarimga) tushuntira oldimmikan? Men buni o‘z ko‘zim birlan ko‘rib, qulog‘im birlan eshitganmen».

Amr ibn ash-Shariyd rivoyat qiladilar «Abu Rofi’ aytdiki, Janob Rasululloh: «Qo‘shni qo‘shniga haqliroqdur» — deb aytgan erkanlar».

Ba’zi odamlar: «Agar shuf’a huquqi bo‘lmagan bir kishi yigirma ming dirhamga sotiladirgan hovlini olmoqchi ersa, uni sotib olmog‘idan ilgari hiyla ishlatsa bo‘laveradi. O’shal odam to‘qqiz ming to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiz dirham beradir, yigirma mingdan qolganini ersa dinor hisobida to‘laydir. Agar shuf’a huquqiga ega bo‘lgan qo‘shni yigirma ming dirhamga o‘zi sotib olmog‘ini aytib, hovlini talab qilib turib olsa, ul holda sotuvchi o‘ziga to‘langan to‘qqiz ming to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiz dirhamu dinorlarni xaridorga qaytarib beradir. Chunkim, shuf’a huquqiga ega bo‘lgan qo‘shni hovlini talab qilganda dinor ustidan kelishilgan savdo buziladir. Agar shuf’a xuquqiga ega bo‘lgan qo‘shni hovlini olgach, undan ayb topib aynisa, ul holda unga yigirma ming dirham qaytarib beriladir», — deyishadir.

Imom Buxoriy: «Shunday deb ular yuqoridagi hiylakorlikni musulmonlarga ravo qilib qo‘yadirlar. Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Savdoda na illat va na xiyonat va na o‘g‘irlik bo‘lmasligi lozim!» — deb aytganlar».

Amr ibn ash-Shariyd rivoyat qiladilar: Abu Rofi’ Sa’d ibn Molik birlan o‘z uyini to‘rt yuz misqolga savdo qildida: «Agar Janob Rasululloh: «Qo‘shni qo‘shniga haqlig‘roqdur!» — demaganlarida erdi, senga sotmas erdim!» — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:43:24

Bismillohir rahmonir rahiymi

TUSHLAR HAQIDA

1-bob. Tush ta’biri hamda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kelgan dastlabki vahiyning yaxshi tush tarzida nozil bo‘lgani haqida


Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Dastlabki vahiy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uyqularida chin tush tarzida nozil bo‘lgan erdi. Ul zot tong shafag‘i yanglig‘ nurafshon tushlarnigina ko‘rar erdilar. Piravardida Hiro’ g‘origa borib bir qancha tun toat-ibodat birlan mashg‘ul bo‘ladirgan bo‘lib qoldilar. Shuning uchun o‘zlari birlan yeb-ichkulik olib ketar, yeb-ichkuliklari tugasa, Xadichaning huzuriga qaytar erdilar. Xadicha ersa har safar ul zotni yeb-ichkulik birlan ta’minlar erdilar. Nogahon, ko‘rgan tushlari ro‘yobga chiqib qoldi: ul zot Hiro’ g‘orida erkanliklarida bir farishta (Hazrat Jabroil) kelib: «Iqra’!» («O’qig‘il!») — dedi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam unga: «O’qishni bilmag‘aymen», — dedilar. «Shunda, — deydilar Janob Rasululloh, — ul meni tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida, yana «O’qig‘il!» — dedi. Men «O’qishni bilmag‘aymen!» — dedim. Ul meni ikkinchi bor tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida, yana: «O’qig‘il!» — dedi. Men: «O’qishni bilmag‘aymen», — dedim. Ul meni uchinchi bor tepamdan bosib xirillatib qo‘ydi, hatto tanamda madorim qolmadi. Keyin, qo‘yib yubordida: «Iqra’ bismi rabbikallaziy xalaqa...», — dedi («Yaratgan rabbingning ismi birlan o‘qig‘il...» («... bilmaganini o‘rgatdi» gacha)». Shundan so‘ng, Janob Rasululloh qo‘rquvdan a’zoyi badanlari titrab-qaqshab Xadichaning huzuriga kirib keldilarda: Meni o‘rab (yashirib) qo‘yinglar, meni o‘rab qo‘yinglar!» — dedilar. Ular Janob Rasulullohni qo‘rquvlari tarqalgunicha o‘rab qo‘yishdi. So‘ng, ul zot: «Yo Xadicha, menga nima bo‘lganini bilurmisen?» — deb bo‘lgan voqeani aytib berdilarda: «Men o‘zimdan xavotir oldim», — dedilar. Xadicha: «Aslo unday ermas, aksincha, xursand bo‘lingiz, Olloh taolo haqi, Olloh taolo sizni hech vaqt sharmanda qilmag‘ay, siz qarindoshlaringiz o‘rtasida mehru oqibat rishtalarini bog‘lag‘aysiz, ularni haqiqatdan xabardor etg‘aysiz, og‘irini yengil qilg‘aysiz, mehmonnavoz bo‘lg‘aysiz, haqiqat yo‘lidagi mushkilotlarning bartaraf bo‘lmog‘iga kushoyish berg‘aysiz!» — dedi. So‘ng, Xadicha Janob Rasulullohni o‘zlarining amakivachchalari bo‘lmish Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abdullohning huzuriga olib bordilar. Ul kishi johiliyat davrida nasroniylikni qabul qilgan erdi. Arabcha xat-savodi bo‘lib, Injildan Olloh taolo nasib etgancha arab yozuvida ko‘chirib olgan erdi. O’zi keksa, ko‘zi ojiz erdi. Xadicha unga: «Ey amakimning o‘g‘li, birodaringizning o‘g‘lining gapiga quloq osingiz!» — dedi. Baraka Janob Rasulullohga: «Ey birodarimning o‘g‘li, nimalarni ko‘rdingiz, aytingiz!» — dedi. Janob Rasululloh nimaiki ko‘rgan bo‘lsalar, birma-bir bayon ayladilar. Varaqa: «Bul Nomus (Jabroil) ismli farishta bo‘lib, uni Olloh taolo Muso alayhissalomga yuborgan erdi. Koshki, men yosh bo‘lsamu, sizning islom diniga da’vat etmog‘ingizda ishtirok etsam, sizni qavmingiz o‘z orasidan quvib chiqargan vaqtda men hayot bo‘lsam!" — dedi. Janob Rasululloh hayratomuz: «Meni qavmim o‘z orasidan haydag‘aymi?» — dedilar. Varaqa: «Ha, shunday. Sizga qadar ko‘p kishilar payg‘ambarlikni da’vo qilib kelgan, ammo ularning barchasi rad etilgan. Sizga Olloh taolo muyassar etg‘usi kunlar menga ham nasib etsa, katta yordam ko‘rsatg‘aymen!" — dedi. Lekin, ko‘p o‘tmay, Varaqa vafot etdi. Janob Rasulullohga bir muncha vaqt vahiy kelmay qo‘ydi. Ul zot bundan qattiq qayg‘ura boshladilar, shul qadar iztirob chekar erdilarki, xatto ba’zan o‘zlarini tog‘ cho‘qqisidan tashlagudek holga tushar erdilar. Har safar shunday qilmoqchi bo‘lganlarida Hazrat Jabroil hozir bo‘lib: «Ey Muhammad, siz darhaqiqat Olloh taoloning rasulisiz!" — der erdilar, shunda ul zot taskin topib tog‘dan qaytib tushar erdilar. Keyin, yana vahiy kelmay qo‘ysa, tog‘ tepasiga chiqib o‘zlarini tashlamoqchi bo‘lar erdilar, shunda yana Hazrat Jabroil paydo bo‘lib, o‘shal gaplarini takrorlar erdilar».

Ibn Abbos: «Tonglarni ottirguvchi — kunduzi quyosh nuri, kechasi oy yog‘dusidur!» — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:43:37

2-bob. Solih bandalarning tushlari haqida

Olloh taoloning qavli («Al-fath» surasi): «Laqad sadaqallohu rasuulahur-ru’yo bil-haqqi latadxulunnal masjidal-haroma inshoallohu ominiyna muhallikiyka ru’uusakum va muqassiriyna lo taxofuuna faalima mo lam ta’lamuu faja’ala min duuni zolika fathan qariyban». Oyatning mazmuni: Darhaqiqat, Olloh o‘z rasuliga rost tushni ko‘rsatdi. Agar Olloh xohlasa, bamaylixotir sochlaringizni batamom oldirib va qisqartirib hech narsadan qo‘rqmay Masjid ul-Haromga kirg‘aysizlar. Olloh sizlar bilmagan narsani bilg‘ay, ul bundan avval yaqin kunlarda bir fathni muyassar qildi».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Solih odamning ko‘rgan bitta yaxshi tushi payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan bir juz’idur» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:43:51

3-bob. Tush Olloh taolo tarafidan ko‘rsatilg‘ay!

Abu Qatoda rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yaxshi tush — Olloh taolo tarafidan, yomon tush — shayton tarafidan sodir qiling‘aydur», — dedilar».

Ibn Xabbob Abu Sa’id al-Xudriydan eshitib naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Birortangiz o‘zingizga yoqadirgan tush ko‘rsangiz, ul Olloh taolo tarafidan sizga marhamat qiling‘on bo‘lib, buning uchun darhol rabbingizga munosib hamdu sanolar aytingiz va ko‘rgan tushingizni (yaxshi odamlarga) so‘ylangiz, basharti ko‘nglingiz xushlamaydigan tushni ko‘rsangiz, demak ul shayton tarafidan sodir qiling‘on bo‘lib, uning yomonlig‘idan Olloh taolodan panoh tilangiz, shunda ko‘rgan yomon tushingiz sizga zarar keltira olmag‘aydur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:44:09

4-bob. Yaxshi tush payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan bir juz’idur!

Abu Salama Abu Qatodadan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yaxshi tush Olloh taolo tarafidan, yomon tush ersa shayton tarafidan sodir qiling‘aydur. Agar yomon tush ko‘rsangiz, uning yomonlig‘idan Olloh taolodan panoh tilab, chap tomoningizga tupurib qo‘yingiz, shunday qilsangiz, ko‘rgan yomom tushingiz sizga zarar keltira olmag‘ay», — dedilar».

Uboda ibn as-Somit rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mo‘min kishining tushi payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan bir juz’idur», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mo‘min kishining tushi payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan bir juz’idur», — dedilar».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yaxshi tush payg‘ambarlikning qirq olti juz’idan bir juz’idur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:44:26

5-bob. Mubashshirot (yaxshi tushlar) haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Payg‘ambarlikdan mubashshirotdan o‘zga narsa qolmadi», — dedilar. «Yo Rasulalloh, mubashshirot nedur?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Yaxshi tushlardur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:44:41

6-bob. Yusuf alayhissalomning tushlari haqida

Olloh taoloning qavli («Yusuf» surasi): Oyatlarning mazmuni: «Yusuf otasiga: «Ey otajon, tushimda o‘n bitta yulduz birlan quyosh va oyning menga sajda qilayotganlarini ko‘rdim!» — deganida, otasi: «Ey o‘g‘ilginam, tushingni birodarlaring qoshida so‘ylay ko‘rmag‘ilki, ular senga qarshi bir tadbir ko‘rmoq taraddudig‘a tushg‘aylar, shaytonning ersa, insonga dushman erkanlig‘i aniqdur, shul yo‘sinda (ko‘rgan tushing orqali) parvardigoring seni o‘z bandalari orasida mumtoz etganligini bildirur va senga tush ta’bir qilmoq ilmini o‘rgatur hamda ikki bobong bo‘lmish Ibrohim va Ishoqg‘a mo‘l in’om bergani kabi senga va Ya’qub xonadoniga ham o‘z in’omini mo‘l-ko‘l qilg‘aydur, darhaqiqat rabbing ilmli, hikmatli zotdur». «(Yusuf dedi): «Ey otajon, bul — (akalarimning menga ta’zim qilg‘onlari) ilgari ko‘rgan tushimning ta’biri bo‘lib, parvardigorim uni haqiqatga aylantirdi va shayton men birla akalarim o‘rtasiga ixtilof solganda karam qilib meni zindondan xalos qildi, sizlarni ersa sahrodan (bu yerga) keltirdi, albatta parvardigorim o‘zi xohlagan narsaga lutf qilg‘aydur, ul ilmli hikmatli zotdur. Ey rabbim, sen menga podshohlik (taxtini) ato etding va menga tush ta’bir qilmoq ilmini o‘rgatding, ey osmonlarni va yerni yaratgan zot, sen mening bul dunyoda va oxiratda homiyimsen, menga musulmon holda vafot etmog‘imni nasib aylag‘il va meni solih bandalaring qatoriga qo‘shgil».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 May 2009, 07:44:54

7-bob. Ibrohim alayhissalomning tushlari haqida

Olloh taoloning qavli («Vas-Soffoti» surasi): Oyatning mazmuni: «Ismoil Ibrohimning yonida yurib dastyorlik qila oladirgan bo‘lib qolganda, ul: «Ey o‘g‘ilginam, men tushlarimda seni qurbonlik qilayotganimni ko‘rayotirmen, bunga sen ne dersen?» — dedi. Ismoil: «Ey otajonim, sizga ne amr qiling‘on ersa, ani ado etingiz, inshoolloh, men sabr qilg‘uvchilar toifasidan bo‘lg‘aymen!» — dedi. Har ikkalalari Ollohning amrig‘a bo‘yinsunganlaridan so‘ng, ota bolasini peshonasini yerga qilib yotqizdi. Shunda biz unga nido qilib: «Ey Ibrohim, tushni chinga yo‘yding, biz ehson qilg‘uvchilarg‘a ana shundog‘ ajru savob berg‘aymiz!» — dedik» (ya’ni, «Biz solih bandalarni ana shundoq sinab ko‘rib, ajru savoblar ato etg‘aymiz!»).

Qayd etilgan