35-bob. Tushda falokati arib, tinch-xotirjam bo‘lganini ko‘rmoq haqida
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalari ul zotning saodatli zamonlarida tush ko‘rsalar, darhol ta’birini so‘rar erdilar, Janob Rasululloh ersalar Olloh taolo irodasiga muvofiq ta’bir qilib berur erdilar. O’shal vaqtda men bo‘ydoq yigitcha bo‘lib, yotar joyim masjid erdi. Bir kuni o‘zimga o‘zim: «Senda boshqalardagidek yaxshi fazilatlar mavjud bo‘lg‘onida erdi, ular kabi yaxshi tushlar ko‘rib Olloh taoloning bashoratidan bahramand bo‘lur erding!» — dedimda, uyquga yotayotib: «Yo Rabbano, menda biror yaxshi fazilat mavjud ersa, tushimda ayon aylag‘aysen!» — deb iltijo qildim. Qarangkim, shul kecha tush ko‘rdim, tushimda qo‘lida temir qamchi ushlab olgan ikki farishta meni jahannamga haydab ketayotgan ermish, men ersam: «Yo parvardigoro, meni qutqarg‘il!» — deb yolvorayotgan ermishmen. Shunda qo‘lida temir qamchi ushlagan yana bir farishta kelib, menga: «Ey yaxshi odam, ko‘p namoz o‘qigan ersang, sira qo‘rqmag‘il!» — dedi. Keyin, boyagi ikki farishta meni jahannam yoqasiga olib keldi. Jahannam ham quduq yanglig‘ chuqur bo‘lib, labida quduqniki singari ikki ustuni bor erkan, ulardan har birining yonida qo‘lida temir qamchi ushlagan farishtalar turibdur. Ichiga ko‘z tashlab, zanjir birlan oyoqlaridan osib qo‘yilgan odamlarni ko‘rdim. Ularning orasida quraysh qabilasiga mansub kishilar ham mavjud erdi. So‘ng, farishtalar meni jahannamning o‘ng yonidan olib o‘tib, qo‘yib yuborishdi. Bul tushimni mo‘minlar onasi bo‘lmish Hafsaga aytib erdim, ul Janob Rasulullohga hikoya qilib beribdur. Shunda ul zot: «Abdulloh solih odamdur!» — deb aytibdirlar». Nofi’: «Shu-shu bo‘ldi-yu, Abdulloh ko‘p namoz o‘qiydirgan bo‘lib qoldi», — deydilar.