Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495509 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 ... 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 00:13:55

21-bob. Odilona hukm chiqaraman deb jon-jahdi birlan intilib to‘g‘ri yokim xato hukm chiqarib qo‘ygan hokimga tegadirgan savob haqida

Amr ibn al-Os rivoyat qiladilar: «Rasululloh, sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Odilona hukm chiqarayin deb jon-jahdi birlan intilib to‘g‘ri hukm chiqargan hokimga (astoydil intilgani va to‘g‘ri hukm chiqargani uchun) ikki savob, odilona hukm chiqarayin deb jon-jahdi birlan intilib xato hukm chiqarib qo‘ygan hokimga ersa, (astoydil intilgani uchungina) bir savob tekkaydur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:14:05

22-bob. «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ahkomlari oshkora erdi» deb aytguvchilarga hujjat. Ba’zi sahobalar doimo Janob Rasulullohning ko‘z oldilarida va islomga ta’lluqli ishlarda hozir erdilar

Ubayd ibn Umayr rivoyat qiladilar: «Abu Muso Hazrat Umarning huzurlariga kirmoqqa izn so‘rab erdi, ul kishining bir yumush birlan band erkanliklarini ko‘rib ortiga qaytdi. Hazrat Umar: «Abu Musoning ovozi qulog‘imga chalingandek bo‘ldimi? Unga ruxsat beringizlar, ichkariga kirsin!» — dedilar. Uni chaqirib kelishdi. Hazrat Umar unga: «Nechun ortingga qaytding?» — dedilar. Abu Muso: «Janob Rasululloh bizga shunday ta’lim berganlar!» — dedi. Hazrat Umar: «Bul gapingga hujjat keltir, aks holda ta’ziringni berg‘umdur!» — dedilar. Abu Muso guvoh izlab ansoriylar huzuriga bordi, ular: «Sening mazkur gapingga yosh bolalargina guvohlikka o‘tmog‘i mumkindur!» — deyishdi. Shunda ularning oralaridan Abu Sa’id al-Xudriy chiqib Abu Muso birlan birgalikda Hazrat Umarniig huzurlariga bordida: «Janob Rasululloh bizga shunday deb amr qilganlar», — dedi. Hazrat Umar: «Bundan men bexabar erkanman, demak men o‘shanda bozor shovqin-suronidan eshitmay qolgan erkanmanda!» — dedilar».

Al-A’raj rivoyat qiladilar: «Abu Hurayra bunday degan erdi: «Sizlar «Abu Hurayra Janob Rasululloh haqlarida juda ko‘p hadislar aytadi» deb ta’kidlaysizlar. Olloh taolo haqi, men bir vaqtlar Janob Rasulullohning xizmatlarini qilib qornimni to‘yg‘azib yurguvchi bir miskin kishi erdim, muhojirlar o‘shal vaqtda bozorlarda savdo-sotiq birlan, ansorlar ersa o‘z mol-hollari birlan ovora erdilar. Bir kuni men Janob Rasulullohning marhamatlariga muyassar bo‘ldim. Ul zot: «Kimki o‘z ridosini (kiyimini) yerga yozib qo‘ysa, men uning ustida turib so‘zlag‘aymen, keyin ul ridosini yig‘ishtirib olg‘ayda, mening aytganlarimni sira ham unutmaydirgan bo‘lib qolgay», — dedilar. Shunda men darhol o‘z burdamni (kiyim) yerga yozdim. Ul zotni haq payg‘ambar qilib yuborgan Olloh taolo haqi, shu-shu bo‘ldi-yu, men ul zotdan nimaiki eshitsam, sira ham unutmaydirgan bo‘ldim!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:14:27

23-bob. «Bunday qilmag‘il!» deyilganda o‘zga kishini ermas, Janob Rasulullohni dalil qilib ko‘rsatgan shaxs haqida

Muhammad ibn al-Munkadir rivoyat qiladilar: «Jobir ibn Abdulloh Olloh taoloning nomi birlan qasam ichib: «Ibn as-Soid (Ibn Sayyod) — Dajjoldur!» — dedi. Men unga: «Olloh taoloning nomi birlan qasam ichmoqqa qanday jur’at qilding!» — dedim. Ul menga: «Men Hazrat Umarning Janob Rasululloh qoshlarida shunday deb qasam ichganlarini eshitganmen, shunda ul zot unga mone’lik qilmagan erdilar», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:14:43

24-bob. Dalillar asosida tan olinadirgan hukmlar. Dalil o‘zi nima va uni qanday tushuntirmoq kerak?

Nabiy sallallohu alayhi va sallam ot va shu kabi hayvonlarning harom yokim halolligi xususida o‘z hukmlarini bayon qildilar. Keyin, odamlar eshaklar xususida savol berishib erdi, ul zot Olloh taoloning «Kimki zarracha bo‘lsa ham xayrli ish qilg‘aydur, ajru savob olg‘aydur...» degan qavlini dalil qilib keltirdilar. So‘ng, Janob Rasulullohdan kaltakesak (echkiemar) xususida so‘rashdi, shunda ul zot: «Men uning go‘shtini yemayman ham, harom deb aytmayman ham!» — dedilar. Ibn Abbos Janob Rasulullohning dasturxonga qo‘yilgan kaltakesak go‘shtini «Men yemayman, sizlar yeyaveringizlar!» deb aytganlari uchun kaltakesak go‘shti xalol erkan deb o‘zicha xulosa chiqardi.

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: "Otning uch xislati mavjud bo‘lib, bir kishiga savob keltirgay, ikkinchi bir kishining aybini yopgay, uchinchi kishiga ersa, gunoh orttirg‘aydur. Otidan savob topadirgan kishi xususiga kelsak ul o‘z otini Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq bo‘lib biror yaylov yokim boqqa bog‘lab qo‘ygan kishi bo‘lib, otining o‘shal yaylov yokim bog‘dagi o‘t-o‘lanlardan tanovul qilib hordiq chiqarmog‘iga imkon bergani uchun savob olg‘aydur, hattoki oti yechilib ketib uyoqdan buyoqqa yayrab shataloq otsa ham uning qoldirgan izlari va tezaklari yaxshilig‘ keltirg‘aydur. Agar o‘shal ot bir chashma yonidan o‘tayotib undan ichayotganda egasi mone’lik qilmasa ham savob bo‘lg‘aydur. Oti tufayli aybi (gunohi) yopiladirgan kishi shulkim, ul o‘z otini tirikchilik uchun egarlab, topayotgan rizqi ro‘zidan Olloh taolo yo‘lida ehson qilmoqni unutmaydi va bu birlan ba’zi bir gunohlarini yuvadi. Kishi maqtanish yokim riyo yuzasidan ot saqlagan ersa, bu unga gunoh bo‘lib yozilgaydur". Keyin, Janob Rasulullohdan eshak xususida so‘rashdi, shunda ul zot: «Olloh taolo bul haqda menga «Kimki zarracha bo‘lsa ham yaxshilik qilsa, ajru savob olgay va kimki zarracha bo‘lsa ham yomonlik qilsa, azobga qolgay» degan oyati karimasidan bo‘lak hech narsa nozil qilmagandur», — dedilar».

Oisha onamiz rivoyat qiladilar: «Bir ayol Janob Rasulullohning huzurlariga kelib hayzdan qanday tozalanmoq lozimligi xususida so‘radi. Janob Rasululloh unga qanday g‘usl qilmoqni aytib, so‘ng: «Atirlangan latta birlan tozalangil!» — dedilar. Ayol: «Latta birlan qanday tozalanaman?» — dedi. Janob Rasululloh: «Subhonalloh, tozalangil!» — dedilar. Shunda men ayolni yonimga tortdimda: «Qonning hidini ketkazmoq uchun atirlangan lattani o‘shal joyingga qo‘ygil!» — dedim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:14:57

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Ummu Hafid binti al-Hars ibn Xazn sariyog‘, pishloq va kaltakesak (echkiemar) go‘shti olib Janob Rasulullohni ko‘rgani bordi. Shunda Janob Rasululloh ayollarni dasturxonga taklif qildilar, ular yeb-ichishdi, ammo o‘zlari hazar qilgandek turib nari ketdilar. Agar echkiemar harom bo‘lganda ayollar Janob Rasulullohga keltirilgan dasturxondan tanovul qilmagan bo‘lur erdilar, buning ustiga ul zot uni yenglar deb ham aytmadilar».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki sarimsoq yokim piyoz yegan ersa, bizdan ham masjidimizdan ham nariroq yursin, yaxshisi uyida o‘ltirsin!» — dedilar. Bir kuni Badr Janob Rasulullohga ko‘katlardan tayyorlangan qandaydir taom keltirib erdi, ul zot undan yoqimsiz hid kelayotganini sezib, o‘zlari yemay, sahobalarga in’om qildilarda: «Men sizlar munojot qilmaydirganlar (farishtalar) birlan munojot qilg‘aymen!» — dedilar».

Muhammad ibn Jubayr otalari Jubayr ibn Mut’imdan naql qiladilar: «Bir ansoriya ayol Janob Rasulullohnimg huzurlariga kelib bir narsa haqida so‘rab erdi, ul zot ham unga nimadir dedilar. Shunda ayol: «Agar sizni topolmasamchi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Agar meni topolmasang, Abu Bakrga murojat qilg‘il!» — dedilar. Ibrohim ibn Sa’d: «O’shal ayol kelganimda vafot etgan bo‘lsangizchi?» — demoqchi erdi», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:15:33

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI

1-bob. Janob Rasulullohning «Kitob ahllaridan (yahudiylardan shariatga t’alluqli) biror narsa haqida so‘ramangizlar!» deganlari haqida


Humayd ibn Abdurrahmon rivoyat qiladilar: «Muoviya Madinada bir guruh qurayshliklarga gapirayotib Ka’b ul-Ahborni esladida: «Ul kitob ahllari haqida rivoyat qilg‘uvchilar ichida eng rostgo‘y odam bo‘lishiga qaramasdan, baribir biz uning qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri gapirayotganini sinab ko‘rar erdik», — dedi».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Ahli kitoblar (yahudiylar) tavrotni ibroniy tilda o‘qib, so‘ng uning mazmunini ahli islomga arab tilida tushuntirur erdilar. Janob Rasululloh: «Ahli kitoblarga ishonmangizlar ham, ularni yolg‘onchi demangizlar ham, yaxshisi «Olloh taologa hamda bizga va sizlarga nozil qilgan kitoblarga iymon keltirganmiz» deb aytingizlar!» — dedilar».

Ubaydulloh ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos bunday dedi: «Nechun sizlar ahli kitoblardan (yahudiylardan) shariat xususida so‘ragaysizlar? Axir, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga nozil qilingan Kitobingiz Olloh taoloning eng keyingi Kitobi-ku! Unga boshqa kitoblar matni aralashtirilmagan, buning ustiga Janob Rasululloh ahli kitoblarning Olloh taoloning kitobini (tavrotni) o‘zgartirib o‘z qo‘llari birlan yozganliklarini hamda uni Olloh taolo nozil qilgan deb da’vo qilishlarini aytganlar-ku! Bu birlan ular sizlarni o‘zingizga yo‘llangan haqiqiy ilmdan osongina chalg‘itib, o‘z taraflariga og‘dirib olmoqchidurlar. Olloh taolo haqi, biz hali ulardan biror kishining sizlarga nozil qilingan narsa xususida so‘raganini ko‘rgan ermasmiz!".

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:15:44

2-bob. Qur’on ahkomlari xususida tortishuvga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida

Jundub ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qur’onni dillaringiz do‘stona kayfiyatda bo‘lg‘onida tilovat qilingizlar, basharti (uning ahkomlari xususida) o‘rtangizda ixtilof paydo bo‘lsa, darhol tilovat qilmoqdan to‘xtangizlar!» — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis takroran keltirilgan.

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallahu alayhi va sallam Olloh taoloning dargohiga qaytmoqqa hozirlik ko‘rayotgan kezlarida uyda bir qancha kishilar bo‘lib, ularning oralarida Umar ibn al-Xattob ham bor erdilar. Shunda Janob Rasululloh ularga: «Menga qog‘oz-qalam keltiringizlar, sizlarga vasiyatimni bitib bergaymen, keyin sira yo‘ldan adashmagaysizlar!» — dedilar. Hazrat Umar: Janob Rasulullohni dard yengib qo‘ygan ko‘rinadir, axir qo‘llaringizda Qur’oni Karim borku, bizga Olloh taoloning shul Kitobi kifoya qilg‘aydur!» — dedilar. Buni eshitib uyda mavjud kishilar o‘zaro tortishib qoldilar. Ba’zilar: «Qog‘oz-qalamni tepalariga yaqinroq olib boringizlar. Sizlarga vasiyatlarini bitib bergaylar, keyin yo‘ldan adashmagaysizlar!» — desa, ba’zilar Hazrat Umarning gaplarini quvvatladi. Shul tariqa ixtilof chiqib shovqin-suron kuchaygach, Janob Rasululloh: «Huzurimdan chiqib ketingizlar!» — dedilar». Ubaydulloh aytadilarki, Ibn Abbos (tashqariga chiqqach) nuqul: «Ularning o‘zaro ixtilofu shovqin-suronlarining Janob Rasulullohga o‘z vasiyatlarini yozib qoldirmoqlariga mone’lik qilgani musibatlar musibati bo‘ldi!» — der erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:15:55

3-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallam sharoitga qarab ruxsat bersa bo‘ladirgan narsadan odamlarni butunlay mahrum qilmaslikni uqdirganlar!

Chunonchi, haj vaqtida Janob Rasululloh odamlar ehromlarini yechgach: «Xotinlaringizdan o‘z nasibangizni olingizlar!» — deb amr qilishlari birlan sharoitga qarab ruxsat bersa bo‘ladirgan narsadan odamlarni butunlay mahrum qilmaslik lozimligini uqdirganlar. Jobir raziyallohu anhu: «Shunda Janob Rasululloh ularga xotinlardan nasiba olmoqni shart qilib qo‘yganlari yo‘q, balki buni halol qildilar xolos», — deydilar. Ummu Atiyya: «Biz (ayollar) janozaga ergashmoqdan qaytarildik, ammo bu bizga shart qilib qo‘yilmadi», — deydilar.

Ato (ibn Abu Raboh) rivoyat qiladilar: «Jobir ibn Abdullohdan bunday deb eshitdim: «Biz — Janob Rasulullohning sahobalari Umra qilmay, faqat haj qilg‘aymiz deb taxlil aytgan erdik. Ammo, Janob Rasululloh Zulhijja oyining to‘rtinchi kuni erta birlan Makkaga kelganlarida ehromlarimizni yechib, xotinlarimizdan nasiba olmog‘imizga ruxsat berdilar. Shunda buni bizga shart qilib qo‘ymadilar, faqat xotinlarimiz birlan qo‘shilmog‘imizni halol qildilar, xolos. Chunkim, Janob Rasulullohga bizning «Zakarlarimizdan maziy tomib turgan holda Arafotga borg‘aymizmi?» degan gapimizni yetkazishgan erkan. Janob Rasululloh bizga: «Bilursizlarki, men Olloh taolodan hammangizdan ko‘ra ko‘proq qo‘rqurmen va unga sadoqatliroq hamda itoatkorroqmen. Ehromlaringizni yechingizlar! Bugun ne qilmog‘imni ilgariroq bilganimda kurbonlik olib kelmagan va sizlar birlan birga ehromimni yechgan bo‘lur erdim», — dedilar. Biz Janob Rasulullohga quloq osib ehromimizni yechdik».

Abdulloh ibn Almaziniy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shomdan ilgari namoz o‘qingizlar!» — dedilar. Uchinchi bor shunday deb qaytarganlarida odamlarga bu sunnat bo‘lib qolmasin degan birlan: «Xohlaganlar», — deb qo‘shib qo‘ydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:16:22

4-bob.

Olloh taolo: «Ularning ishlari o‘zaro maslahat birlan hal bo‘lg‘aydur. Sen ular birlan maslahatlashgil, chunkim biror ishga azmu qaror qilmoqdan avval maslahatlashib olmoq lozimdur!» — deydi. Olloh taolo yana: «Biror ishga azmu qaror qilsang, Olloh taologa tavakkal qilgil!» — deydi. Janob Rasululloh biror ishga azmu qaror qildilarmi, bo‘ldi, uni albatta ado etur erdilar, bul borada kimsa yo‘qkim, Olloh taolo birlan uning rasulidan o‘tib tushsa! Chunonchi, Janob Rasululloh Uhud janggi kuni jang boshlash yokim boshlamaslik xususida sahobalari birlan maslahatlashdilar, shunda ular jangga kirishganimiz ma’qul deb maslahat berishdi. Janob Rasululloh ummatlariga urush anjomlarini kiydirib, jang boshlamoqqa azm qilganlarida, ular: «To‘xtangiz!» — deyishdi. Ammo, ul zot bir ishga azm qilganlaridan so‘ng qaytmas erdilar, shul boisdan ham endi ularning gapiga e’tibor bermadilarda: Payg‘ambar o‘z ummatiga jang anjomlarini kiydirgach, to Olloh taoloning farmoni bo‘lmaguncha, yechdirmasligi lozimdur!» — dedilar.

Tuhmatchilar Oisha onamizga bo‘hton qilganlarida Janob Rasululloh Hazrat Ali va Usoma birlan maslahatlashdilar, ularning gapiga quloq soldilar. Keyin, shul xususda Qur’oni Karim oyati nozil bo‘lgach, tuhmatchilarga dara urdirdilar, ularning gap-so‘zlariga e’tibor bermay, faqat Olloh taoloning amriga itoat etdilar. Janob Rasululloh vafot etganlaridan keyin, imomlar qilinmog‘i joiz deb topilgan ishlar xususida eng ishonchli ulamolar birlan maslahatlashib, osonroq yo‘lni tanlar erdilar. Agar hal qilinmog‘i lozim bo‘lgan masala Qur’onda yokim sunnatda mavjud bo‘lsa, bulardan chetga chiqmas erdilar. Chunonchi, Abu Bakr zakot to‘lamoqdan bosh tortganlarga qarshi urush qilmoq lozim deb hisoblaganlarida, Hazrat Umarga qarshi qanday urush qilg‘aysiz? Axir, Janob Rasululloh: «Odamlar «Lo iloha illallohu» deb aytmagunlariga qadar urush qilmog‘im menga amr qilindi, agar shunday desalar, jonu mollari mendan omon qolur!» — deganlar-ku!» — dedi. Abu Bakr «Olloh taolo haqi, Janob Rasululloh ikkisi ham teng deb bilgan namoz birlan zakotni farqlagan kishilarga qarshi jang qilg‘umdur!» — dedilar. «Abu Bakr sira maslahatga yurmadi, — deydilar Hazrat Umar, — chunkim uning ilgida Janob Rasulullohning namoz birlan zakotni farqlagan hamda din uning hukmlarini o‘zgartirishga intilganlarga nisbatan chiqargan hukmlari mavjud bo‘lib, ul zot: «Kimki dilini o‘zgartirsa, uni o‘ldiringizlar!» — degan erdilar». Barcha qorilar, ular xoh keksa va xoh yosh bo‘lsln, Hazrat Umarning maslahatgo‘ylari erdilar. Hazrat Umar Olloh taolo Kitobini qattiq turib himoya qilur erdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:16:32

Ubaydulloh rivoyat qiladilar «Bo‘htonchilar Oisha raziyallohu anhoga tuhmat qilganda Janob Rasululloh Ali ibn Abu Tolib birlan Usoma ibn Zaydni xuzurlariga chaqirib, ulardan Oisha onamizning yo‘qolib qolganlari xususida surishtirib, maslahatlashdilar. Usoma Oisha onamizning pokdomon erkanliklari haqida o‘zi bilgancha so‘zladi. Hazrat Ali ersalar: «Olloh taolo hech qachon sizni ranjitmagaydir, xotiningizdan bulak ayollar ko‘p-ku, cho‘ridan so‘rab ko‘ringiz, ul tasdiqlagay!» — dedilar. Janob Rasululloh cho‘ridan: «Shubhali biror narsa ko‘rdingmi?» — dedilar. Cho‘ri: «Mening fikrimcha, Oisha juda yosh, bolalik qilib biror joyda uxlab qolgan bo‘lishi kerak ul shul qadar bo‘shangki, qo‘y kelib yeb qo‘ygan hamirga o‘xshaydir», — dedi. Shundan so‘ng, Janob Rasululloh minbarga chiqib: «Ey musulmonlar jamoasi, ayolim xususida tuhmat qilib menga ozor bergan odamning yomonlig‘iga yomonlig‘ birlan javob bermaganim uchun meni ma’zur tutgaysizlar. Olloh taolo haqi, men ayolimga xayriyatdan o‘zga narsani istamagaymen!» — dedilarda, Oisha onamizning pokdomon erkanliklarini zikr qildilar».

Oisha onamiz rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarga va’z aytdilar, so‘ng Olloh taologa munosib hamdu sanolar o‘qigach: «Nechun qavm orasidan ba’zilar menga tegizib oilamni haqorat qilurlar, men ularning biror yomonligi borligini bilmagaymen?!» — dedilar»

Urva bunday deydilar: «Tuxmatchilar ne deganlarini Oishaning o‘ziga aytishganda, ul: «Yo Rasulalloh, ijozat beringiz, ota-onam huzurlariga borib kelsam!» — dedi. Janob Rasululloh unga ruxsat berib, bir yosh bolani hamroh qilib yubordilar. Shunda ansorlardan biri: «Subhonalloh, biz bunday demasligimiz kerak erdi, subhonalloh, biz bunday demasligimiz kerak erdi, bul g‘irt bo‘htondur!» — dedi».

Qayd etilgan