Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 495552 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 ... 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 00:16:46

Bismillohir rahmonir rahiymi

TAVHID KITOBI

1-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning o‘z ummatlarini Olloh taborak va taoloni yakkayu yagona deb e’tiqod qilmoqqa da’vat qilganlari haqida


Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Maozni Yamanga yuborayotib bunday dedilar: «Sen ahli kitob bo‘lmish bir qavm huzuriga ketayotirsen, dastlabki qiladirgan ishing shulkim, ularni Olloh taoloni yakkayu yagona deb e’tiqod qilmoqqa da’vat qilg‘il! Agar so‘zingga kirsalar, ularga Olloh taolo bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qimoqni farz qilganini aytgil! Bunga ham ko‘nsalar, aytgilki, Olloh taolo ularning mollaridan zakot olmoqni ham farz qilgan bo‘lib, bunda boylardan olib kambag‘allarga qaytarilgaydur. Agar shul aytganlaringga iqror bo‘lsalar, ulardan zakot olgil, ammo eng yaxshi mollarini olmagil!».

Maoz ibn Jabal rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Yo Maoz, bilurmisen, Olloh taoloning o‘z bandalaridagi haqi nedur?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedim. Janob Rasululloh: «Olloh taologa ibodat qilib, unga hech narsani shirk keltirmasliklaridur» — dedilar. So‘ng: «Yo Maoz, bilurmisen, bandalarning Olloh taolodagi haqlari nedur?» — dedilar. Men: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedim. Janob Rasululloh: «(Agar bandalar Olloh taoloning haqini ado etsalar), ularni azoblamasligidur», — dedilar».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Tunda bir odam ikkinchi bir odamning «Qul huvallohu ahad»ni o‘qib takrorlayotganini eshitdi. Tong otgach, ul Janob Rasulullohning huzurlariga bordi-da, shul haqda gapirib uni kamsitdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, ul sura Qur’oni Karimning naq uchdan biriga tengdur!» — dedilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bir kishini Sariyaga boshliq qilib yubordilar. Ul o‘z sheriklariga imomlik qilib o‘qigan namozini nuqul «Qul huvallohu ahad» birlan tamomlar erdi. Ular Janob Rasulullohning huzurlariga qaytib kelishgach, shul haqda aytishdi. Janob Rasululloh: «So‘rangizlarchi, nechun ul bunday qilur erkan?» — dedilar. Ular so‘rashgan erdi, ul «Chunkim «Surai ixlos» Rahmonning sifatidur, shul boisdan men uni o‘qimoqni yaxshi ko‘rurmen!» — dedi. Janob Rasululloh: «Unga aytingizlar, Olloh taolo ham uni yaxshi ko‘rg‘aydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:17:22

2-bob. Olloh taborak va taolonnng «Olloh deb da’vat qilurmisen yokim ar-Rahmon deb da’vat qilurmisen, farqi yo‘qdur, uning barcha isimlari go‘zaldur, deb aytgil» degan oyati karimasi haqida

Jarir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Odamlarga rahm qilmaydirgan kishiga Olloh taolo ham rahm qilmag‘aydur!» dedilar».

Usoma ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Janob Rasulullohning qizlari (Zaynab): «O’g‘lim jon taslim qilay deyapti, ota tezroq kelingiz!» — deb odam yubordi. Ul zot bunga javoban salom aytib: «Farzand beradirgan ham Olloh, uni qaytarib oladirgan ham Olloh, ularning umri uning dargohida aniq belgilab qo‘yilgandur. Olloh taolodan o‘ziga sabru qanoat tilab, uning irodasiga bo‘yinsunamen!» — deb aytib yubordilar. Qizlari: «Otam albatta kelsinlar!» — deb yana odam yubordi. Bul gapni eshitib Janob Rasululloh o‘rinlaridan turdilar, ul zot birlan birga Sa’d ibn Uboda, Maoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit va bir qancha kishilar ham turib yo‘lga tushdilar. Yetib borishgach, Janob Rasulullohga bolani uzatishdi, bola suvi yo‘q meshdek quriganu, jon tanasidan chiqib ketayin deb turgandek erdi. Buni ko‘rib Janob Rasulullohning muborak ikki ko‘zlaridan duvullab yosh oqdi. Shunda Sa’d: «Yo Rasulalloh, bul ne qilganingizdur?!» — dedi. Ul zot: «Ko‘z yoshi — Olloh taoloning o‘z bandalari qalbiga solgan rahmati bo‘lib, ul rahmdil bandalariga rahm qilgaydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:17:32

3-bob. Olloh taoloning «Men qudratli razzoqmen!» degan qavli xususida   

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolodan ko‘ra sabrliroq zot yo‘qdurkim, ul hatto «Ollohning bolasi bor deb da’vo qilib aziyat yetkazuvchilarga ham omonlik berib rizq ulashgaydur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:17:47

4-bob. Olloh taoloning «G’aybni bilguvchi o‘z aybini hech kimga oshkor qilmagay», «Darhaqiqat, qiyomatning qachon bo‘lmog‘ini Olloh taoloning o‘zi bilg‘ay», «Uni (Qur’onni) o‘z ilmila nozil qilgan», «Har bir ayol uning ilmila homilador bo‘lgay va tug‘gay», «Qiyomatning qachon bo‘lmog‘ini bilmoqlik unga ta’lluqlidur» degan qavllari xususida

Yahyo ibn Ziyod: «Har bir narsaning zohirligi ham, botinligi ham Olloh taoloning ilmiga bog‘liqdur», — deydilar.

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «G’ayb (Olloh taoloning o‘zigagina ma’lum narsalar)ning beshta kaliti mavjud bo‘lib, ularni Olloh taoloning o‘zigina bilgaydur: «) Bachadondagi homilaning o‘g‘il yokim qizligini Olloh taolodan o‘zga hech kim bilmagaydur. 2) Ertaga ne bo‘lmog‘i Olloh taoloning o‘zigagina ayondur, 3) Qachon yomg‘ir (yokim qor) yog‘mog‘ini Olloh taolodan boshqa xech kim bilmagaydur. 4) Kim qaerda o‘lmog‘ini Olloh taoloning o‘zigina bilgaydur. 5) Qiyomatning qachon bo‘lmog‘ini Olloh taolodan o‘zga hech kim bilmagaydur».

Masruq raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Oisha onamiz bunday dedilar: «Kimki senga: «Muhammad sallallohu alayhi va sallam Olloh taoloni ko‘rganlar» — degan bo‘lsa, yolg‘on aytibdur, chunkim Olloh taolo o‘zini (foniy) ko‘z birlan ko‘rib bo‘lmasligini (Qur’onda) aytgandur. Kimki senga: «Muhammad sallallohu alayhi va sallam g‘aybni (inson bilolmaydirgan narsalarni) bilurlar», — degan bo‘lsa, yolg‘on aytibdur, chunkim Olloh taolo o‘zidan bo‘lak hech kimsa g‘aybni bilolmasligini (Qur’onda) aytgandur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:18:50

5-bob. Olloh taolo o‘zini «Assalom ul-muninu» («O’z payg‘ambarlariga mo‘‘jiza yaratmoq qudratini ato etib, ularning haq payg‘ambarlar erkanliklarini tasdiq qilgan Assalom») degani xususida

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga iqtido qilib namoz o‘qiyotgan erdik. Tashahhudda «Assalomu alallohi» deb aytib erdik, Janob Rasululloh bizga: «Bunday demangizlar, chunkim «Assalom» Olloh taoloning ismlaridandur. Attahiyyotu lillohi vassalavotu vattayyibotu, as salomu alayka ayyuhan-nabiyyu va Rahmatullohi va barakotuhu, assalomu alayno va alo ibodillohis-solihiyn ashhadu an lo iloha illallohu vashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu» deb aytingizlar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:20:05

6-bob. Olloh taolo o‘zini «Malik un-nosi» («Insonlarning podshohi») degani xususida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Olloh taolo Qiyomat kuni yerni ezib, o‘ng qo‘li birlan (o‘z qudrati birlan) osmonlarni (dumaloq qilib) o‘rab tashlaydirda, so‘ng: «Men podshohdurmen, yerning podshohlari qani?» — deydir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:20:16

7-bob. Olloh taoloning «va ul azizu hakimdur, barcha tavsifu ta’rif qilg‘uvchi izzat sohibi bo‘lmish rabbingga shon-sharaflar bo‘lsinkim, izzat Olloh va uning rasuliga mansubdur» degan qavli xususida hamda Olloh taoloning izzati va sifatlarini tilga olib ont ichganlar haqida

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jahannam (qiyomat kuni do‘zaxiylarga to‘lib ketgach), «Izzating haqi, bo‘ldi, bo‘ldi!» deb aytadir», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Qiyomat kuni jannat birlan do‘zax oralig‘ida bir kishi qolgaydur, ul jannatga eng keyin kirguvchi bandadur. Shunda ul: «Ey parvardigoro, yuzimmi do‘zaxdan o‘girib qo‘ygil, izzating haqi, bundan bo‘lak narsani iltimos qilmagaymen!» — deydir. Shunda Olloh taolo (inoyat qilib): «Mana bul ham, bundan o‘n barobar ko‘p mana bular ham senga bo‘la qolsin!» — deydir. Boyagi banda: «Izzating haqi, barakotingga doim muhtoj erurman!» — deydir».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yakkayu yagona Olloh erkanliging hamda jinu insonlar o‘lib sen hamisha barhayot qolmoqliging haqqi-hurmati, barcha yomonliklardan meni o‘zing asragaysen!» — der erdilar».

Anas (ibn Molik) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Gunohkorlarni do‘zaxga olib kelib tashlayvergaylar, do‘zax ersa, Rabbulolamiyn unga o‘z qadamini qo‘ymaguncha «Yana bormidur» deb so‘rayvergay, keyin yumilib olgayda: «Izzatu karaming haqi, bo‘ldi, bo‘ldi!» — degay. Jannat ersa, solih bandalarga to‘lib-toshib ketsa ham qabul qilavergay, hatto Olloh taolo qo‘shimcha yana bir jannat yaratib, sig‘may qolgan solih bandalarni o‘shanga joylashtirgaydur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:20:49

8-bob. Olloh taoloning «Osmonlar birlan yerni «kun!» («vujudga kelg‘il!») degan birgina so‘zi birlan yaratgan (Ollohning) o‘zidur!» degan qavli xususida

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tunda tahajjud qilib quyidagi duoni o‘qir erdilar: Yo parvardigoro, jamiki maqtovlar senga xosdur! Yeru osmonlar va undagi borlikning yorug‘ligi sendandur, jamiki maqtovlar senga xosdur! Sen yeru osmonlarning va undagi borlikning yaratuvchisi va boshqarib turguvchisidursen, jamiki maqtovlar senga xosdur! Sen haqdursen, va’dang ham haqdur, so‘zing ham haqdur, oxiratda seni ko‘rmoq ham haqdur, jannat ham haqdur, do‘zax ham haqdur, qiyomat ham haqdur, jamiki payg‘ambarlar ham haqdur, Muhammad ham haqdur! Yo parvardigoro, senga bo‘yinsundim va senga tavakkal qildim, senga iymon keltirdim va dildan senga tavba qildim, seni deb (dushmanlaring birlan) kurashdim, ularga o‘zing jazo bergaysen, o‘tgan va kelgusi gunohlarimni, xufyona va oshkora xatolarimni o‘zing kechirgil, sen yakkayu yagonadursen, sendan bo‘lak iloh yo‘qdur!».

Sufyon (as-Savriy): «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Sen haqsen, so‘zing ham haqdur!» deb duo o‘qidilar», — deydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:20:59

9-bob. Olloh taoloning «Olloh doimo eshitib, ko‘rib turgaydur!» degan qavli haqida

Urva rivoyat qiladilar: «(Oisha raziyallohu anho Baytulloh yonida turib Janob Rasululloh birlan aytishib qoldilar. Buni eshitib, ko‘rib turgan Olloh taolo payg‘ambarimiz alayhissalomga oyat nozil qildi). Shunda Oisha raziyallohu anho: «Quloqlariga ovozlarni yetkazgan Olloh taologa shukrlar bo‘lsin! — dedilar. O’shanda Olloh taolo quyidagi oyati karimasini nozil qilgan erdi: «Olloh xotiningning sen birlan aytishib aytgan so‘zini eshitdi!».

 Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdik. Shunda har gal tepalikka ko‘tarilganimizda bor ovozimiz birlan «Ollohu akbar!» der erdik. Janob Rasululloh buni eshitib: «O’zlaringizni avaylangizlar, chunkim sizlar qulog‘i kar yokim g‘oibiy bir kimsaga ermas, balkim doimo yonginangizda eshitib va ko‘rib turguvchi Olloh taologa duo aytayotirsizlar!» — dedilar. So‘ng, ul zot, men ichimda «Lo havla va lo quvvata illo billoh!» deb turganimda, yonimga keldilarda: «Ey Abdulloh ibn Qays, «Lo havla va lo quvvata illo billoh!» deb aytgil, chunkim bul jannat xazinalaridan biridur!» — dedilar».

Abdulloh ibn Amr rivoyat qiladilar: «Abu Bakr Siddiq Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, menga namozda o‘qiydirgan bir duo o‘rgatsangiz!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Quyidagi duoni aytgil!» — dedilar: «Yo parvardigoro, darhaqiqat men (gunoh ishlar qilib) o‘zimga ko‘p zulm qildim, gunohlarni ersa, sendan bo‘lak kechguvchi zot yo‘qdur, meni kechirgil, mag‘firatingdan benasib qilmagil, menga rahm qilgil, mag‘firatli rahmdil zot o‘zing erursan!».

Urva ibn az-Zubayr Oisha onamizdan naql qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jabroil alayhissalom menga «Olloh taolo qavmingning sening so‘zingni rad qilib ne deb javob berganini eshitdi!» deb nido qildilar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 00:21:18

10-bob. Olloh taoloning «Ul qodirdur, deb aytgil!» degan qavli haqida

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga Qur’oni Kariym suralarini o‘rgatganlaridek har bir ishda istixora aytmoqni (o‘zing bilgan narsadan meni ogoh qilgaysen, deb iltijo qilmoqni) ham o‘rgatur erdilar. Ul zot bizga: «Agar bir ishga bel bog‘lasangiz, avval ikki rak’at farzsiz namoz o‘qingiz, so‘ng mana bul duoni aytingiz!» — dedilar: «Ilohi, meni ilmingdan (o‘zing bilgan narsadan) ogoh qilgil, qudrating ila bardam qilgil, cheksiz fazlu karamingdan bahramand etgil! Sen kodirdursan, men ojizdurman, sen donodursan, men nodondurman va sen barcha g‘aybdan voqifdursan! Ilohi, men bel bog‘lagan ish dinimga, xayotimga hamda kasbu korimga yaxshilik keltiradirmi, yo‘qmi, o‘zing bilgaydursan. Agar yaxshilig‘ keltiradirgan bo‘lsa, uni menga nasib aylab, oson qilgil va unga barakot ato etgil! Ilohi, men bel bog‘lagan ish dinimga, hayotimga va kasbu korimga yomonlig‘ keltiradirmi-yuqmi, o‘zing bilgaydursan. Agar yomonlig‘ keltiradirgan bo‘lsa, uni mendan, meni undan yiroq qilgil, menga yaxshilig‘ keltiradirgan ishni ravo ko‘rib, rozi qilgil!».

Qayd etilgan