Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (4-jild)  ( 335944 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 90 91 92 93 94 95 96 B


AbdulAziz  29 May 2009, 01:45:26

51-bob. Olloh taolo nozil qilgan tavrot va shul kabi kitoblarni arab va boshqa tillarda tafsir qilmoq xususida

Olloh taoloning qavli: «(Ey Habibim), agar rost (so‘zlayotgan) bo‘lsangizlar, tavrotni olib kelib tilovat qilingizlar, deb aytgil!».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Abu Sufyon ibn Harb menga xabar berdiki, Rum qaysari Hirakl o‘z tarjimonini chaqiribdi, so‘ng Nabiy sallallohu alayhi va sallamning maktublarini olib kelmoqni buyuribdi. Keyin, uni o‘qittirib ko‘rsa, unda «Bismillohir rahmonir rahiymi, Olloh taoloning rasuli bo‘lmish Muhammad ibn Abdullohdan Hiraklga. Ey kitob ahli! Sizlaru bizlar o‘rtamizda barobar bo‘lgan so‘zga kelinglar!» deb yozilgan erkan».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Kitob ahli tavrotni ibroniycha o‘qib, uni islom ahliga arab tilida tafsir qilur erdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kitob ahliga ishonmangizlar ham, ularni yolg‘onchiga chiqarmangizlar ham! «Olloh taologa va ul nozil qilgan barcha narsalarga iymon keltirganmiz» deb aytingizlar!» — dedilar».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «O’zaro zino qilgan bir yahudiy erkak birlan ayolni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib kelishdi. Janob Rasululloh yahudiylarga: «Bul ikkisiga qanday jazo berursizlar?» — dedilar. Yahudiylar: «Bunday holda bizlar yuzlariga qora surtib sazoyi qilgaymiz» deyishdi. Janob Rasululloh: «Agar gapingiz rost bo‘lsa, tavrotni olib kelib, undan (shul jazo xususidagi oyatni topib) o‘qingizlar!» — dedilar. Ular tavrotni olib kelishib. o‘zlari ishongan bir yahudiyga berishdida: «Ey A’var, o‘qigil!» — deyishdi. Ul tavrotni ochib o‘qiy boshladi, keyin bir joyiga kelganda o‘qishdan to‘xtab, o‘shal joyni qo‘li birlan berkitdi. Ibn Salom: «Qo‘lingni ol!» — dedi. Ul qo‘lini olib erdi, berkitgan joyida rajm oyati (ya’ni, zinokorlarni toshbo‘ron qilmoq kerakligi haqida oyat) yozilgan erkan. Shunda yahudiy: «Ey Muhammad! Bizlar ularni rajm qilmog‘imiz kerak bo‘lsa ham buni bir birimizdan yashiramiz», — dedi. Janob Rasululloh zinokorlarni rajm qilmoqqa amr qilib erdilar, ular rajm qilindi. Shunda yahudiy erkak o‘z ma’shuqasini otilayotgan toshlardan pana qilishga harakat qilar erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:45:46

52-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Qur’on mohiri olihimmat, olijanoblar birlan birga bo‘lgay!» va «O’z ovozlaringiz birlan Qur’onga ziynat beringlar!» deganlari haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo payg‘ambarning Qur’on tilovat qilayotgandagi yoqimli ovoziga quloq solganchalik hech narsaga quloq solmagandur!» — deydilar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Tuhmatchilar menga tuhmat qilib og‘ziga kelganini aytgach, o‘zimning pokdomon erkanligimni bilsamda, Olloh taolo albatta meni o‘zi oqlab olgay, degan o‘y birlan xayol surib o‘rnimda o‘ltirib qoldim. Lekin, Olloh taolo haqi, parvardigorim mening xususimda oyat nozil qilgay deb sira o‘ylamagan erdim! Meni shul qadar hayo qamrab oldikim, Olloh taoloning o‘zi mening sha’nimga tegishli ish borasida so‘zlaganidan uyalib ketdim! O’shanda Olloh taolo azza va jalla «Tuhmat qilib kelganlar o‘zlaringizdan chiqqan bir guruh kishilardur...» degan oyati karimasini nozil qilgai erdi».

Barro (ibn Ozib) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xuftonda «Vattiyn vaz-zaytun» surasini qiroat qilganlarini eshitdim. Men biror kishining bul qadar yaxshi (chiroyli) ovoz birlan qiroat qilganimi eshitmagan erdim!».

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkada mushriklardan yashirinib yurgan kezlarida ovoz chiqarib qiroat qilsalar, mushriklar eshitib qolib Qur’onni ham, uni (Olloh taolodan) keltirganni ham haqorat qilur erdilar. Shunda Olloh taolo o‘z rasuli sallallohu alayhi va sallamga «Namozingni baland ovoz birlan ham, pichirlab ham o‘qimagil...» degan oyati karimasini nozil qildi».

Abu Sa’sa’a naql qiladilarki, Abu Sa’id al-Xudriy ul kishining otalariga: «Ko‘rdimki, sen qo‘y birlan dala-tuzni xushlar erkansan. Agar ko‘ylaringni boqishga chiqsang, yokim dala-tuzda bo‘lsang, namozga baland ovoz birlan azon aytgil! Chunkim, muazzinning ovozi qanchalik uzoqqa ketsa, shuncha ko‘p insu jinlar va boshqa narsalar eshitgayda, qiyomatda unga guvohlik bergay», — deb aytibdilar».   

Oisha onamiz rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam hayz holimda boshlarini bag‘rimga qo‘yib Qur’on tilovat qilur erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:46:05

53-bob. Olloh taoloning «Qur’ondan (o‘zingizga) oson bo‘lganlarini o‘qingizlar...» degan qavli xususida

Umar ibn al-Xattob bunday deb aytdilar: «Men Janob Rasululloh hayotlik vaqtlarida Hishom ibn Hakimning «Surai Furqon»ni o‘qiyotganini eshitib quloq soldim, ul payg‘ambarimiz menga o‘rgatganlaridan ko‘ra boshqacharoq (ko‘p harflarda) qiroat qilur erdi. G’azabimdan ustiga tashlangim keldi-yu, biroq namozini tugatib ikki yelkasiga salom bergunicha o‘zimni bosib turdim. So‘ng ridosidan mahkam ushlab: «Bul suraning qiroatini senga kim o‘rgatgan?» — dedim. Ul: «Janob Rasululloh o‘rgatganlar», — dedi. Men: «Yolg‘on aytursan, hozir sen Janob Rasululloh menga o‘rgatganlaridan ko‘ra boshqacharoq qilib o‘qiding!» — dedimda, uni yetaklab Janob Rasulullohning huzurlariga olib bordim. Keyin, Janob Rasulullohga: Yo Rasulalloh, bul odam «Surai Furqon»ni siz menga o‘rgatganingizdek qilib o‘qimayotir!» — dedim. Janob Rasululloh menga: «Uni qo‘yib yubor!» — dedilar. So‘ng, Hishomga qarab «Ey Hishom, qani o‘qigilchi!» — deb aytdilar. Hishom boya men eshitganimdek qilib o‘qidi. Janob Rasululloh: «(Bul sura) shunday nozil qilingan», — dedilar. Keyin, menga: «Ey Umar, sen ham o‘qigilchi!» — deb aytdilar. Men ul zotning o‘zlari o‘rgatganlaridek qilib o‘qib berdim. Janob Rasululloh yana: «(Bul sura) shunday nozil qilingan», — dedilarda, so‘ng: «Bul Qur’on yetti harfda nozil bo‘lgandur, ulardan qaysi biri o‘zingizga oson bo‘lsa o‘shanisini tanlab o‘qiyveringizlar!» — deb tayinladilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:46:30

54-bob. Olloh taoloning «Biz Qur’onni nasihat uchun oson qildik, bormi nasihat olguvchi?» degan qavli haqida

Imron ibn Husayn raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh! (Islom hukmlariga) amal qilguvchilar nimaga erishmoq uchun amal qiladilar?» — dedim. Janob Rasululloh: «Banda o‘zi uchun yaratilgan (taqdir qilingan narsalargagina muyassar bo‘lgay», — dedilar». Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir kishining janozasida erdilar. Shunda qo‘llariga cho‘p olib uni yerga urdilarda: «Oralaringizda jannatdagi yokim do‘zaxdag‘i o‘rni azaldan, yozib qo‘yilmagan birorta ham odam yo‘qdur!» — dedilar. Sahobalar: «Shunday erkan, tavakkal qilib yashayvermaymizmi?!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Amal qilaveringizlar, barchasi muyassar bo‘lgay!» — deb «Kimdakim xayr ehson qilib, Olloh taolodan taqvo qilsa...» degan oyatni o‘qidilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:47:10

55-bob. Olloh taoloning «Balki ul Lavhi Mahfuzda yozilgan Qur’oni Majiddur», «vat-tur va kitob mastur» degan qavli haqida

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo Odamni yaratishga kirishmog‘idan burun «Mening rahmatim g‘azabimdan ustundur!» deb Lavhi Mahfuzga yozib qo‘ydi, ul ersa, Arshi tepasidadur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:47:53

56-bob.

Olloh taoloning qavli: «Olloh taolo sizlarni yaratdi, ammo sizlar amal qilmayotirsizlar», «Darhaqiqat, biz har bir narsani kelib-ketmoq muddatini belgilab yaratdik», «Surat chizuvchilarga: «O’zlaringiz yaratgan narsaga jon ato etingizlar», — deyiladi», «Darhaqiqat, parvardigoringiz bo‘lmish Olloh osmonlar birlan yerni olti kunda yaratgandur, so‘ng Arshga chiqqandur, kecha va kunduzni bir-biri ila berkitur, biri ikkinchisining orqasidan tezda yetib kelur, oftob birla oyni yulduzlarni o‘z hukmiga tobi’ qilib yaratgandur, ogoh bo‘lingizlarki, yaratmoq va hukm qilmoq ungagina xosdur, ul buyuk barakot sohibi va olamlar parvardigoridur!» Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Amallarning qaysinisi afzaldur?» — deb so‘rashdi. Ul zot: «Olloh taologa iymon keltirmoq va Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq», — dedilarda, «Qilgan amallariga (yarasha) ajr oladilar» degan oyatni o‘qidilar. Abdulqays qabilasidan kelgan vakillar: «Yo Rasulalloh! Bizga bir qator amallarni buyuringizkim, ularni bajarib jannatga kiraylik!» — deyishdi. Janob Rasululloh ularga iymon keltirmoq, kalimai shahodat aytmoq, namoz o‘qimoq va zakot bermoqni amr qildilar va bu birlan yuqoridagilarning hammasini amal deb atadilar».   

Zahdam rivoyat qiladilar: «Jarm qabilasidan bo‘lgan mana shul mahalla ahli birlan ash’ariylar o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari mavjud erdi. Biz Abu Muso al-Ash’ariy huzurida erkanligimizda tovuq go‘shti solingan taom keltirildi. Baniy Taymulloh qabilasiga mansub bir kishi ham shul yerda bo‘lib, chamasi ozod qilingan qullardan erdi. Abu Muso uni taomga taklif qildi. Shunda boyagi odamning taom yeyishini ko‘rib, ta’bim tirriq bo‘ldi. Undan jirkanganimdan: «Taom yemagaymen!» — deb ont ichdim. Abu Muso menga: «Turgil, beri kelgil, men senga (qasam ichmoq xususidagi) bir hadisni rivoyat qilib berayin!» — dedida, quyidagi hadisni ayta ketdi: «Bir kuni men va bir guruh ash’ariylar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, ulov so‘radik. Janob Rasululloh: «Olloh haqi, menda sizlar uchun yaroqli ulov yo‘qdur!» — dedilar. Shu asnoda ul zotning huzurlariga o‘lja olingan tuyalarni yetaklab kelib qolishdi. Janob Rasululloh: «Ash’ariylar qaerdadur?» — dedilar. So‘ng beshta oq o‘rkachli tuyani bizga bermoqni amr qildilar. Biz yo‘lga tushganimizdan keyin: «Bu nima qilganimiz?! Axir, Janob Rasululloh avval bizga ulov yo‘qligini aytib qasam ichib, so‘ng bizni tuyalarga mindirib yubordilar-ku? Bizni deb Janob Rasululloh qasam ichganlarini unutib qo‘ydilar, endi sira ham omadimiz yurishmagay!» — dedikda, ortimizga qaytdik. Janob Rasulullohga: «Biz sizdan ulov so‘rab erdik ulov yo‘qligini aytib qasam ichdingiz, (endi bo‘lgaydur?)» — dedik. Janob Rasululloh: «Ulovni sizga men berganim yo‘q, Olloh taolo ato etdi. Olloh taolo haqi, men tokim avvalgi qasamimni kafforatini berib halollab olmagunimcha, biror boshqa qasamni afzal ko‘rsam, qasam ustiga qasam ichmagaymen!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:48:15

Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Janob Rasulullohning huzurlariga Abdulqays qabilasidan vakillar kelib: «Biz birlan sizning orangizda Muzar qabilasiga mansub mushriklar g‘ov bo‘lib turishibdi, shul boisdan ham urush man’ qilingan oylardagina huzuringizga kela olurmiz. Bizga shunday amallarni buyuringizkim, ularni ado etib jannatga kiraylik va uyimizda qolgan bola-chaqalarimizni ham shunga da’vat qilaylik!» — deyishdi. Janob Rasululloh bunday dedilar: «Sizlarga to‘rt narsani buyurib, to‘rt narsani man’ qilurman: «Iymon keltiringizlar! Iymon ne erkanligin bilurmisizlar? Bu — La iloha illallohu deb guvohlik bermoqdur. Namoz o‘qingizlar, zakot beringizlar va o‘ljaning beshdan birini ehson qilingizlar! Dubbo’, naqiyr, zaruf, muzaffata va xantamada ichimlik (tayyorlab) ichmangizlar!».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bul suratlarning (rasm va haykallarning) egalariga qiyomat kuni azob berilib, ularga «O’zlaringiz yaratgan narsani tiriltiringizlar!» — deyilgay» — dedilar».

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bul suratlarning egalariga qiyomat kuni azob berilib, ularga: «O’zlaringiz yaratgan narsani tiriltiringlar!» — deyilgay», — dedilar».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Olloh taolo: «Men yaratganim kabi yaratmoqqa intilganlardan ko‘ra (o‘ziga) zulm qilg‘uvchiroq odam bormikan?! Bir zarrani yokim bir dona donni yaratib ko‘ringlarchi!» — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:48:30

57-bob. Fojiru munofiqlarning qiroati, ovozu tilovatlari bo‘g‘izlardan nariga o‘tmaydi!

Abu Muso (al-Ash’ariy) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Qur’on o‘qiydirgan mo‘min utrujja (limon) yanglig‘ xushta’m va xushbo‘ydur, Qur’on o‘qimaydirgan mo‘min ersa, xurmo kabi ta’mi yaxshi bo‘lgani birlan xushbo‘y ermas, Qur’on o‘qiydirgan fojir (nopok odam) xususiga kelsak ul rayhon kabi xushbo‘y bo‘lsada, ta’mi achchiqdur. Qur’on o‘qimaydirgan fojir ersa, hanzala (achchiq tarvuz) kabi achchiq bo‘lib, hidsizdur».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bir guruh odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan kohinlar haqida so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Ular hech qanday g‘ayri tabiiy qudratga ega ermaslar», — dedilar. Odamlar: «Yo Rasulalloh! Ba’zan ularning aytgani to‘g‘ri chiqib qolgay-ku?!» — deyishdi, Janob Rasululloh «O’shal to‘g‘ri chiqib qolgan xabarni jinlar (osmonda maloikalardan) o‘g‘rincha eshitib olishgayda, unga yuzdan ortiq yolg‘onni qo‘shib, o‘zlarini musaxxar qilib olgan kohinning qulog‘iga tovuq qaqag‘lagandek qilib yetkazishgay», — dedilar».

Abu Sa’id al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Mashriq tomonda Qur’onni bo‘g‘zidan nari o‘tkazmay (ya’ni, til uchida, yurakdan ermas) o‘qiydirgan bir qavm paydo bo‘lgay. Ular kamondan otilgan o‘q yanglig‘ tez dindan chiqgaylar. Keyin, qiyomatga qadar ham dinga qaytmagaylar», — dedilar. Ularning qanday belgilari bor?» — deyishdi. Janob Rasululloh: Ular sochlarini taqir oldirib (yokim qirdirib) yurgaylar», — dedilar .

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:48:47

58-bob. Olloh taoloniig «Qiyomat kuni adolat tarozularini o‘rnaturmiz» degan qavli xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Rahmonga suyukli, tilga (aytish) oson va tarozuda og‘ir keladirgan ikki so‘z mavjud bo‘lib, ular — «Subhonalloh va bihamdihi» hamda «Subhonallohil-azim», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 May 2009, 01:49:02

IZOHLAR

Abbos ibn Abdulmuttalib — Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning amakilari, Abbosiy xalifalarning bobokaloni. Hijratdan ilgari islomga kirib, Makkani fath qilishda ishtirok etganlar. Janob payg‘ambarimizdan 35 ta xadis rivoyat qilganlar. 32-hijriy (653) yili Madinada vafot etganlar.

Abdulloh ibn Abu Bakr — sahoba. Jasorat va o‘tkir zehn sohibi bo‘lganlar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan Abu Bakr g‘orda mushriklardan berkinib yotganlarida yeb-ichgulik bilan ta’minlab turganlar. Ko‘p g‘azotlarda katnashganlar. 11-hijriy (632) yili Toifni fath qilishda yaralanib vafot etganlar.

Abdulloh ibn Busr — sahoba. To‘liq nomlari — Abdulloh ibn Busr al-Molikiy, laqablari — Abu Safvon. Janob payg‘ambarimizdan 50 ta xadis rivoyat qilganlar. 88-hijriy (607) yili 95 yoshda vafot etganlar.

Abdulloh ibn Buhayna — roviy. Buhayna binti al-Horis ibn al-Muttalib ibn Abdumanofning o‘g‘illari. Asl ismlari — Abdulloh ibn al-Qashab al-Molik al-Azdiy. O’ta takvodor va fozil kishi bo‘lib, muttasil ro‘za tutganlar. 11-xijriy (680) yili vafot etganlar.

Abdulloh ibn Vahb — shoir. To‘liq ismlari — Abdulloh ibn Vahb ibn Zam’a ibn al-Asvad al-Asadiy al-Kurashiy. Makka fathi vaqtida islomga kirganlar. Madina qamali vaqtida (xijriy 35-yil. milodiy 656-yil) shahid bo‘lganlar.

Qayd etilgan